Bobom aytgan hikoya

Tush ko'rardim. Rahmatli bobom meni chaqirardi. Men bobom tomonga yeldek uchib borishni istardimu, lekin oyoqlarimni tez-tez qimirlatsam ham joyimdan siljimayotgandek tuyulardi.

“Abdulla, Abdulla bolam. Tur, tur seni uyga olib ketaman”. Ko'zimni ochsam onam yonimda, meni chaqirayotgan ekan.

Darvozaning oldidagi o'rindiqda o'tirgan bobo nursiz ko'zlarini uzoqlarga tikib, sokin dalani tomosha qiladi. Ozg'in yelkalari xuddi oppoq ko'ylagini ko'tarib turish vazifasini o'tayotganday tuyiladi. Soch va soqoli go'yo tongi qirovni eslatadi.

Kech tushyapti. Kun bo'yi quyosh taftidan qizib ketgan yerning hovuridan havoda qandaydir yoqimsiz hid kezinadi. “Assalomu alaykum, bobojon!” O'y-xayolga berilgan bobo qo'qqisdan berilgan salomdan cho'chib tushdi.

— Vaalaykum assalom, o'qishdan qaytdingmi, bolam — dedi otaxon past ovozda.

— Buva, hozir yoshlarga imtiyozli kreditlar berilyapti. Mana, do'stlarim foydalanib, ishsiz yurgan yoshlarni ishli qildi. O'zim ham ish izlab yurgan teng­qurlarimni ko'rganimda: “Qani qo'limdan kelsa, ularga ish topib bersam”, deb yurardim.

Boboning nursiz ko'zlari kechki shafag'day yaltiradi. Boyagi xayolchan nigoh endi qiziquvchanlik bilan nevaraga qadaldi.

— Jizzaximizning tog'li hududlaridagi toshlardan unumli foydalanishni o'ylayapman. Mutaxassisligim ham shu. Endi el farovonligi yo'lida hissamni qo'shsam deyman. Bilasizmi, toshlarning xususiyatini o'rgandim, undan qurilishda ishlatiladigan nihoyatda baquvvat ip va yuz yilda ham zanglamaydigan qurilish ashyolarini ishlab chiqarish mumkin. Masalan, temir buyumlar ma'lum muddat o'tgach zanglaydi. Chidamlilik xususiyatini yo'qotadi. Bizning mahsulotimiz esa yengil va zanglamaydigan xilidan.

Xayollarini jamlab olgan otaxon gap boshladi:

— Otam aytardi: “Nikalay poshshoning zamoni edi. Germon bilan o'ris urushib yotardi. 19 yoshdan 43 yoshgacha bo'lgan erkaklarni frontga oldi. Butun el-ulus qayg'uda qoldi. Ayollar yosh bolalarini boshini silab qon yig'ladi. Erkaklar norozi bo'ldi, xalq qo'zg'aldi. Jizzaxliklar orasida Abdurahmon jevachi degan polvon xalq­ni to'pladi. “Biz o'zga ellarga badarg'a qilinsak, bola-chaqamizni kim boqadi? Odamlar, biz o'z yerimizdan bir qadam jilmaymiz! Noroziligimizni ko'rsataylik! Qo'llaringga nima ilinsa, ol! Ko'chaga chiq!” — deydi.

O'shanda o'n yoshli bola edim. Otam bozorga borayotgandi. Ortidan ergashdim. Urishib berdi, so'ng: “Senga bozordan nima olib kelay?” — dedi. Men: “Miltiq olib keling, sizni urushga oladiganlarni otaman”, dedim.

Otam hadiksirab yon-atrofga qaradi, hech zog' ko'rinmadi.

“Bu sen qiladigan ish emas. Sen onang, opa va ukalaringni yonida bo'l”, dediyu yelkamga qo'lini qo'ydi, so'ng bozorga ketdi.

Kechga yaqin Anzirat xola keldi. Vahima topib keldi, nima emish qishloq oqsoqoli Xudoyorovning oldiga bir gala hunarmandlar bilan borib, “mardikor”lar ro'yxatini talab qilibdi. Ro'yxatni ko'rishsa, kambag'al oila vakillaridan tuzilgan ekan. Ular qaytadan ro'yxat tuzishni talab qilishsa, Xudoyorov ko'nmabdi, ularni rossa haqorat qilganmish. To'polon bo'libdi.

Darvozadan otam ko'rindi.

Kun o'tib otamning otishmada halok bo'lgani haqidagi xabarni oldik”.

Otaxon hikoyasini yakunladi va anchagacha jim qoldi. Erkinning eti uvishib, ichida qandaydir g'alayon ko'tarildi. Lekin buvasining yuzida har doimgidek parishonxotirlik hukmron edi. Erkin o'ylardi: “Ha, to'g'ri bobom bu gaplardan ta'sirlanmaydi, ta'sirlanib bo'lgan. Endi nima foyda?!..

Bobo yana gapida davom etdi: “Sentyabr keldi. Maktabda 10 kun ham o'qimasimizdan, paxtaga olib chiqishdi. Onam paxtaga kuzatgani chiqdi. Katta sinf bolalari mashina kuzoviga chiqib joylashishdi. Men va men tengilar avval bo'xchamizni mashinaga ortdik, orqasidan o'zimiz mashinaga mindik. Bizga bir maktabning sinfxonasidan joy berishdi. Ertalab direktor keldi.

— O'rtoqlar, — dedi u, — vaziyat yomon, terim sust ketyapti. Bu turishda “oq oltin”­imiz yog'in-sochinga qolib ketadi. Ish ko'rsatadigan vaqtimiz keldi”.

Katta sinf bolalari pichirlab gapirishdi: “Doim shundaqa, ustimizda yomg'ir bu yoqda tursin, qor yog'sa ham paxta terdiradi”.

Etakni onam o'rgatgandek taqishga qancha chiranmayin eplay olmadim. Yonimdagi katta sinf bolasiga iltimos qildim. U: “Men senga enagamanmi?” — deb ustimdan kuldi.

Bir vaqt ortimdan shitirlagan ovoz eshitildi. Xayolimga nahot ilon bo'lsa, degan o'y keldi. Sharta burilib qaradim. Maktabimiz direktori qarshimda turardi. “Nima terayapsan o'zi? Yarmi qolib ketayapti-ku, xumpar!” Tushuntirgunimcha direktorning qo'lidagi semiz bloknot boshimga kelib tushdi. Men paxta poyasi ustiga yiqildim. Paxta poyasi singanini ko'rgan direktorimizning fig'oni falakka chiqdi.

“Tur!” — gavdamni ko'tarib, endi turayotgandim tepamdagi yuzlari jahli chiqqanidan qip-qizil bo'lib ketgan kimsani ko'rib qanday yana qulab tushganimni bilmay qoldim.

Ariqning oldiga zo'rg'a yetib keldim. Onamning “ariqdan suv ichma, dorilangan bo'ladi”, degan gaplari esimdan chiqib, yutoqib-yutoqib suv ichdim. Shu-shu kasallandim. 2-3 kunlik to'shakdan so'ng, matematika o'qituvchimiz onamga xabar beribdi.

Tush ko'rardim. Rahmatli bobom meni chaqirardi. Men bobom tomonga yeldek uchib borishni istardimu, lekin oyoqlarimni tez-tez qimirlatsam ham joyimdan siljimayotgandek tuyulardi.

“Abdulla, Abdulla bolam. Tur, tur seni uyga olib ketaman”. Ko'zimni ochsam onam yonimda, meni chaqirayotgan ekan.

“Ona! — dedim sapchib turib bag'riga otilgim keldi, biroq yer meni qo'yib yubormasdi.

Keyin bilsam, onam sho'rlik to'qqizinchi farzandini dunyoga keltirgani uchun berilgan mukofot evaziga meni davolatibdi. Ana o'sha “Oltin medal” evaziga omon qolibman… Ha, bolam bizda bunday imkon bo'lmadi. Sening zamoning keldi. Mus­taqil yurtda erkin nafas olib, olg'a intilish kerak!..

Erkin jim o'tirardi. Bu jimlik qalbida kuchli olov yoqayotgan edi. Ota-bobolari bir asr davomida “ikkinchi darajali” inson kabi yashaganini bilgani zamon, u kuchli bo'lishni istardi. Asosiysi, Erkin hozir nimalar qo'lidan kelishini chuqur his qilardi.

Muqaddas Mamarasulova

Jizzax viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 1 =