Tibbiyotdagi “o'yin”lar

“Ko'za kunda emas, kunida sinadi”, deganlari rost. Samarqand viloyati Perinatal markazi shifokorining nav­batdagi hiylasi ish bermadi. Fuqaro Sh.ni jarrohlik yo'li bilan tug'dirish evaziga 500 ming so'm talab qilib oldi. Ammo qilmishining oqibatini o'ylamagan shifokor ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yurtboshimiz tomonidan tibbiyot sohasini isloh qilishga alohida e'tibor qaratilayotgani zamirida shak-shubhasiz fuqarolarning sihat-salomatligini saqlash, jamiyatda sog'lom turmush tarzini yuksaltirishga qaratilgan insoniy ezgu tamoyillar mujassam.

Amalda esa ayrim mansabdor tibbiyot xodimlarining nohalolligi sababli tibbiyot sohasiga e'tibor qanchalik kuchaygani sayin, shunchalik korrupsiya urchiyotgani kuzatilmoqda.

Bu haqda aholi manfaatiga mutlaqo zid bo'lgan salbiy fakt va raqamlar Bosh prokuraturada o'tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Respublika idoralararo komissiyasi yig'ilishida ham aytib o'tildi.

Poliklinika, shifoxona va sog'lomlashtirish muassasalaridagi mayda ta'magirlik unchalik ko'zga tashlanmasa-da, aholining shifokor qabulidan norozi bo'lib chiqayotgani, bunga sabab amaldagi to'lovdan tashqari, qo'shimcha “haq” borligi, qo'yilgan tashxis aniq emasligi va buyurilgan dori vositalari amalda yordam bermayotgani haqida ommaviy axborot vositalari va internet  tarmoqlarida tez-tez aytilayotgani bejiz emas. Odamlar besabab norozi bo'lishmaydi aslida…

Buni qarangki, nafs balosiga uchragan “O'zmedimpeks”ning mansabdor shaxslari so'nggi ikki yilda xorijdan “ampitsillin”, “sefazolin”, “seftriakson” singari dori vositalarini bir necha barobar qimmat narxda sotib olib, mamlakatimiz ichkarisiga olib kirishi va uning savdosini majburiy tashkil etishi natijasida 9,3 million dollar va 4 milliard so'm byudjet mablag'ini o'marishgan.

2019 yilda “O'zmedimpeks” korxonasi tomonidan, umuman mamlakatimizda bunga talab va ehtiyoj bo'lmasa-da, buning ustiga, yaroqlilik muddati bir yilda tugaydigan 40 milliard so'mlik 719 ming dona dori vositasi olib kelingan. O'ylab qolasan, nahotki bularning o'zi yoki oilasi, qarindoshlari kasal bo'lmasa? Kutilmaganda o'zlari keltirgan dori vositasini biror shifokor oilasi a'zosiga buyursa va u iste'mol qilsa, holi nima kecharkin? Axir, bu hayotda hamma narsa bo'lishi mumkin-ku! Yoki bu “farishta”lar o'zlariga maxsus tibbiy xizmat joriy etishganmikin? Shunday bo'lgan taqdirda ham, bular qaysi davlatning manfaatlari uchun xizmat qilishgan?

Nafs balosi — imon o'g'risi

Mamlakatimizda ayrim turdagi og'ir kasalliklar uchun zarur bo'lgan dori-darmonlarni yetkazib berish bugungi kunda muammo bo'lib turgan bir paytda, shaxsiy manfaatini aholi ehtiyojidan ustun qo'ygan, vijdonini pulga sotgan ayrim mansabdorlar byudjet mablag'larini behuda sarf­layotganini hech narsa bilan oqlab bo'lmaydi. Tekshiruvlarga qaraganda, shu yilning 8 oyi mobaynida respublika bo'yicha olingan 464 million so'mlik 538 turdagi dori vositalariga umuman aholida ehtiyoj bo'lmagan, yaroqlilik muddati o'tgach esa shunchaki kishi bilmas qabilida yo'q qilingan xolos. Byudjet mablag'lari aholidan olinadigan soliq tushumidan to'ldirib boriladi. Shunday ekan, essiz odamlarning peshona teri bilan topilgan, bir korrupsionerning jig'ildoniga sarflangan pullar, deging keladi.

Ma'lum bo'lishicha, ba'zi shifokorlar bemorlarga “ferveks”, “elevit”, “vitrum”, “azimak”, “aktovegin”, “flunol” kabi dorilarni buyurish uchun tadbirkorlardan doimiy ravishda haq olishgan, oddiygina insoniylik tuyg'ularini bu qadar unutish uchun odam qanday darajada bo'lishi kerak?..

Yaxshiyamki, prokuratura organi xodimlari tomonidan tibbiyot sohasida tekshiruvlar o'tkazilib, kamchiliklar, biroz kech bo'lsa-da, aniqlanmoqda, yo'q-sa, sog'lom odamni kasal qiladigan, kasalni to'shakka “mixlab” qo'yadigan ehtiyojdan tashqaridagi dori vositalarini kelasi yil uchun ham yana milliardlab mablag' evaziga xorijdan keltirilarmidi…

Tahririyatga shikoyat bilan kelgan bir yurtdoshimizning aytishicha, nafaqadagi bir onaxonning qo'shnisi oilaviy poliklinikada shifokor bo'lib ishlarkan, ko'rgilikni qarangki, kutilmaganda onaxonning yuziga toshma toshibdi. Shoshib qolgan nafaqadagi fuqaro qo'shnisiga ko'rsatgani poliklinikaga borsa, avval 69 000 (oltmish to'qqiz ming) so'm to'lov kiritishini, so'ng tibbiy rezina qo'lqop va shunga o'xshash tibbiyot jihozlariga ham to'lov qilishini, undan keyin tashxis qo'yishini aytibdi. Bunisi yetmaganidek, aniq tashxis qo'yish uchun topshirishi lozim bo'lgan yana 5 ta qog'oz yozib beribdi.

Onaxon arzimagan pensiya olarkan, uyga keta turib, yo'l-yo'lakay, dorixonaga kiribdi. Sotuvchi toshmani ko'rib: “Ey, bu arzimagan yara-chaqa-ku, men sizga 29 ming so'mlik surtma dori beraman, bir ishlating, mana ko'rasiz, albatta, tuzalib ketasiz”, debdi. Qo'shni shifokorning omadi chopmabdimi, yo o'ylagani amalga oshmabdimi, buni qarangki, o'sha surtma dori onaxonning toshmasiga shifo bo'lgan ekan. “Eh attang, yana bu yaqin qo'shnim edi-ya…”, debdi onaxon nolib. Nima ham derdik, odamlar orasidan oqibat ko'tarilayotgani bor gap. Ammo, bu ketishda imon, insof degan tushunchalarning qadri nima bo'larkin?

14 Haftalik homila abort qilingan

Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi mansabdor shaxslari ham 1,8 milliard so'mlik dori vositalarini qimmat narxda xarid qilib, byudjet mablag'larini talon-toroj qilishgan. Ochiqlik-erkinlik degani bu — nazorat qilinmaydi degani emas-ku! Erkinlikni suiiste'mol qilish ham evi bilan-da!

— Talon-torojlik va suiis­te'molchilik holatlarining asl sabablaridan biri — dori vositalariga ehtiyojni shakllantirish bo'yicha biron ish qilinmagan. Buning sababi, vazirlik mutasaddilari bundan umuman manfaatdor emasligida, — deydi Respublika Bosh prokurori Nig'matilla Yo'ldoshev yaqinda Bosh prokuraturada o'tkazilgan yig'ilishda. — Oqibatda, ko'ra-bila turib dori-darmonlarga talabni haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib belgilash o'rniga, ayrim dori vositalarini asossiz ravishda, ehtiyojdan bir necha barobar ortiq xarid qilib, tibbiyot muassasalariga qabul qildirish orqali byudjet mablag'larini sovurishga sharoit yaratilgan.

“Ko'za kunda emas, kunida sinadi”, deganlari rost. Samarqand viloyati Perinatal markazi shifokorining nav­batdagi hiylasi ish bermadi. Fuqaro Sh.ni jarrohlik yo'li bilan tug'dirish evaziga 500 ming so'm talab qilib oldi. Ammo qilmishining oqibatini o'ylamagan shifokor ashyoviy dalillar bilan ushlandi. U ta'magirligi evaziga jazosini olar, ortida qoladigan bolalari-chi, ularning aybi nimada? “Otasi ta'magir”, degan gapni eshitish qanchalik og'ir bo'lsa, tuppa-tuzuk oilada ma'lum vaqt otasiz o'sish o'ksigan ko'ngilni battar o'ksitadi, albatta.

Keyingi paytlarda “ko'cha qizlari”ni tartibga olish ishlari tezkorlikda tashkil etilishiga qaramay, ba'zan kimlardandir orttirgan bolasini oldirib tashlash holatlari hali ham uchrayotgani achinarli. Toshkent shahar 4-tug'uruqxona shifokori 300 dollar pora evaziga fuqaro X.ning 14 haftalik homilasini abort qilish yo'li bilan olib tashlagani tekshiruv natijasida aniqlangan.

Insoniylikning hech bir aqidasiga to'g'ri kelmaydigan bunday holatlar tirik bandani xavotirga solishi tabiiy. Ilohiy nikoh orti dunyoga keladigan pokiza go'daklar asosan tug'uruqxonalarda tug'iladi. Nafaqat tibbiy jihatdan, balki ma'naviy jihatdan pok saqlanmog'i kerak bo'lgan tug'uruqxonadagi ahvol jamiyatning ayrim a'zolari tubanlik botqog'iga botib qolganini ko'rsatadi.

Respublika Bosh prokurori Nig'matilla Yo'ldoshev tug'uruqxonalardagi holatlar afsuslanarli ekanligini, ushbu yo'nalishda korrupsiya “palak” otib ketganini tanqid ostiga oldi.

Bu illat homilador ayolni ro'yxatga olishdan boshlab, farzand tug'ilib, uni oyoqqa qo'ygungacha ko'rsatiladigan barcha tibbiy xizmat jarayonlarini keng qamrab olganiga isbot sifatida sohada faoliyat olib borayotgan 69 nafar tibbiyot xodimi tamagirlik va boshqa suiiste'molchiliklarga yo'l qo'ygani uchun jinoiy javobgarlikka tortilganini aniq dalil sifatida keltiradi.

Avvalo, sog'lom odam shifokorga murojaat qilmaydi. Yana bir gap, xalqimizda sabr­lilik kuchli, kasallik avj ola boshlasagina do'xtirga boradi. Bunday paytda, shifoga muhtoj bo'lgan bemorga nisbatan shifokor insoniylik yuzasidan, ichgan qasamini yoddan chiqarmagan holda, halol yo'l bilan o'z vazifasiga yondashsa, kam bo'lmaydi.

To'g'ri, tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari kam edi. Hozir bosqichma-bosqich oshirilyapti. Lekin hozir imkoniyatni ishga solib bir necha joylarda ishlayotgan shifokorlar, hamshiralar kam emas. Zero, bu halol ish. Endilikda bemordan manfaat kutmay o'z kasbiga sadoqat bilan yondashishni bugungi yangilanish, shaffoflik davri taqozo etmoqda.

Yusuf Jo'rayev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × four =