Asl kitob hikmati
Ochig'i, epik prozaga, jajji hikoyalarga ishtiyoqmandligimdan «Urush va tinchlik»ni qayta-qayta o'qishim mumkin, menga Vil'yam Shekspir yoki Antonio Kalderon asarlari sun'iy tafakkurdek, yasama maydondek tuyulsa-da, teatr — til yashab qolishi va boyishi maydoni. Qadimgi yunonlar aynan teatr va amfiteatr barpo etgani uchun tili va madaniyatini mukammal asrab qoldi. Abduqahhor Ibrohimovni ham aynan shu maydonda ko'ramiz.
U «Uyqu kelmas kechalar» romanini yozdi… Epik tafakkur sohibi ekanligini namoyon etdi. Toshkentdan, o'zbek tili mo''tadil, shevalar va lahjalardan yiroqligi bois, Abdulla Qodiriy, Oybek, O'lmas Umarbekov, O'tkir Hoshimov, Farhod Musajonov, Xurshid Do'stmuhammad singari zabardast nosirlar yetishib chiqdi. Menimcha, Abduqahhor Ibrohimovning bosh kitobi, baribir, «Bizkim, o'zbeklar…» bo'ldi. Ma'naviyat haqidagi esselari bo'ldi…
Bu kitob dunyoga kelishida yosh muharrir bo'lishimga qaramasdan ancha qattiqqo'llik qilganman… «Bizkim, o'zbeklar…» besh marta qayta nashr etildi. To'ldirildi, takomillashtirildi.
Abduqahhor Ibrohimov qarshisida ming yillardan beri davlatchiligini taraqqiy ettirib kelgan, yuksalish va turli talotumlarni boshdan kechirgan o'zbek xalqi turardi. O'zbeklar nihoyatda rang-barang etnos. Musiqa, qo'shiq va raqsda Toshkent — Farg'ona, Samarqand — Jizzax, Xorazm yo'llari kabi Buxoro — Qashqadaryo — Surxondaryo singari daryolar mavjud.
Toshkent yoki Buxoro shahrida voyaga yetgan bolakay baxshichilik haqida tasavvurga ega bo'lmasligi mumkin, ammo ayni chog'da tafakkurida mumtoz adabiyot timsollari yashaydi. Abduqahhor Ibrohimov boshqalar qatorida o'zbek xalqi «konglamerant», ya'ni bir qancha rang-barang so'zlashuv uslublari va tafakkur yo'llari sohibi ekanligini namoyon etdi. Ayni chog'da o'zbek xalqi Yer yuziga sochilgan etnos. Markaziy Osiyo, Afg'oniston, Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkiyadan tashqari Yevropa mamlakatlariga ham sochilgan katta xalq ekanligini kerakli faktlar bilan isbotlab berdi.
Mustaqil milliy davlat — hudud, aholi, til asosida bunyod bo'ladi. Istiqlol tufayli o'zbek tili va adabiyoti yangi taraqqiyot bosqichiga qadam ko'ydi. Davlat idoralaridan tortib Qurolli Kuchlargacha, nashriyotlardan boshlab bozorlargacha o'zbek tilida ish yuritiladigan bo'ldi. Ayniqsa, islomiy meros keng nashr etilishi, xususiy nashriyotlar ko'payishi Davlat tili butun mamlakatni qamrashiga asos yaratdi. O'zbek adabiy tili mintaqamiz miqyosida qardosh mamlakatlarda, madaniyat muassasalarida o'zaro kelishuv asosida keng ishlatilmoqda. Ayni mahalda 130 dan ziyod Milliy-madaniy markazlar — mustaqil tillar va madaniyat markazlari faoliyati tufayli boshqa tillarni asrash va boyitishga ham davlat rahnamolik qilmoqda.
Navoiy, Bobur ensiklopediyasi va lug'atlari tayyorlandi. Ishonchim komilki, O'zbek folklori lug'ati, O'zbek me'morchiligi lug'ati, O'zbek kashtachiligi, pazandachiligi lug'ati va yana yuzlab lug'atlar tayyorlanadi.
Globallashuv va ommaviy madaniyat… Ko'pchilik globallashuv yangi hodisa deydi. Bu, to'g'ri emas. Globallashuv o'zbeklarning ajdodlari Xunlar, Ko'kturklar, Kushonlar, Qoraxoniylar, Chingiziylar, Temuriylar, Shayboniylar, Boburiylar yirik-yirik saltanatlar tuzganda, Aleksandr Makedonskiy yoki Arab xalifalari qo'shinlari, Rossiya imperiyasi batalonlari Turkistonga bostirib kirganda ro'y bergan. Turkiylar dunyoga harbiy san'atni, boshqa xalqlar esa madaniyat, din va ilmni singdirdi. Bir mahallar «madrasa», «masjid» kabi istilohlar begona bo'lgan bo'lsa, keyinchalik «kazarma», «sirk», «teatr», «gimnaziya», «universitet» yetti yotdek ko'ringan. Ommaviy madaniyat tufayli parkka, ekskursiyaga, turistlikka boramiz. Ommaviy madaniyat va globallashuv tufayli o'zbek bolasi ingliz yo xitoy tilini o'rganadi. Bu masalada, menimcha, globallashuv va ommaviy madaniyat axloqi haqida so'z yuritilsa to'g'riroq bo'ladi. Vatanimiz qadimiy qadamjolaridan biri Nurota muhitida voyaga yetganimizdan boshqa joylarda bolalar nega bizdagidek notanish kimsalarga salom berishmaydi deya hayron bo'lardik. Bugun muazzam Toshkentda bolakaylar deyarli hammaga salom beradi.
Vatan va xalq haqida alohida kitob yozishning ajoyib bir natijasi bor ekan. Shimoliy Kavkazda Rasul Hamzatov asari Dog'istonni yangi davr g'ulg'ulalaridan asragan bir vosita bo'lsa, Imant Ziedonis, O'ljas Sulaymonov, Abduqahhor Ibrohimov esseistik asarlari o'zlari mansub respublikalarda til tevaragida mamlakat va xalqni birlashtirib turguvchi kuchlardan biriga aylandi. Ommaviy talotum va o'pirilishlar ro'y bermadi. O'zbekiston, Litva, Qozog'iston yigirma birinchi asrga katta yo'qotishsizlarsiz qadam qo'ydi. O'z tarixi va o'zligini anglashga intilish kuchaydi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Asl kitob hikmati ham shunda.
Barnobek Eshpo'latov,
«Sharq» NMAK bosh tahririyatining
etakchi muharriri.