Sizdan o'rnak olsalar…

(O'zbekiston xalq o'qituvchisi Davlatyor Rahimga)

Domulla!

Kuni kecha   Sizga qo'ng'iroq qilib,   “O'qituvchilar kitob   o'qiydilarmi?” sarlavhali maqola yozishni rejalashtirganimni aytgan edim. “Og'a, avvalgilar ko'p kitob   o'qirdilar, hozir bu gaplar   yo'q! Yozavering   maqolangizni” deganingizdan so'ng   kompyuterimni jadal ishga tushirdim.   Maqola deyarli tayyor   bo'lib qolganida ta'na-dashnom ohanglari kuchayib borayotganini ilg'adimu …   bitiklarimni o'chirib tashladim. “Boshqa mavzuga o'taman. Muammo ko'p-ku axir” dedim   ichimda.

So'ng tag'in o'yga   cho'mdim. Domulla “Qani   yozganingiz?” deya so'rab   qolsa-chi…. Birdan miyamda   g'alati fikr “yalt”   etdi: ochiq xat   yozsam-chi? Bemalol dardlarimni   to'kaveraman. Yana xat birovlarga   malol ham kelmaydi.   Xat bitganingda sendan   xafa bo'lmaydilar. Demak, XAT…

Shularni   xayoldan o'tkazib   javonimdan   “Muhammad Murod devonbegi”   nomli kitobingizni   oldim.   Muqovadagi ma'lumotnomaga qaradim.   Avval unchalik e'tibor   qilmagan ekanman: 1950   yilda tavallud topgan   ekansiz. Tarixiy shahar —Samarqandda o'qibsiz. Samarqand davlat   universitetining o'zbek va   tojik filologiyasi   fakultetida. “Feruz — shoh va   shoir qismati” (1991 yil), “Sulton Uvays”, “Ehtirom”, “Feruz”   (2011 yil) kabi kitoblarning muallifi. Hozirgi kunda   Xiva shahridagi 10-umumiy   o'rta ta'lim maktabining   direktori. O'zbekiston   Res­publikasi xalq o'qituvchisi”   deyilibdi ma'lumotnomada.

Eshitdim, 70   yillik yubileyingiz   joriy   yilning 1 aprelida   nishonlanishi rejalashtirilgan ekan. Ammo tojdor virus bois “tojdor”lar   haqida kitoblar bitib   yurgan Sizdek fidoyi   muallim (muallim —   ilm egasi demak)ning   yubileyi ortga surilibdi.

Direktorlik   qanchalik mashaqqatli lavozim   ekanligini bilaman. Chunki, rahmatlik dadam Shovot tumanidagi   “Pravda” hamda Alisher   Navoiy nomli   (o'sha   davrlarda maktablar raqam   bilan aytilmasdi) o'rta   maktablarda chorak asr   mobaynida direktorlik qilgan.   Dadam   yosh avlodga   fizika, astronomiya,   matematika fanlaridan saboq   berish barobarida badiiy   adabiyotning asl oshuftasi   edi. Mening matbuotga, ijodga   qiziqishimga ham aynan   dadam sababchi bo'lgan.   Uning shaxsiy kutubxonasi   bo'lib, yashil jovonlarga o'zbekcha, turkmancha, ruscha   kitoblar terib qo'yilardi.   Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli asarlari;   jahon adabiyotidan: “Graf Monte   Kristo”, “Bosh­siz chavandoz”, “Qo'rqinchli Tehron”, “Professor Douelning   boshi”, “Tixiy Don”… Hattoki, 1948 yilda nashr qilingan   Navoiy ijodi to'g'risidagi maqolalar   to'plami hozir ham   saqlanib turibdi. Navoiyning   1957 yilda rus   tilida chiqqan kitobi — “Leyli i Medjnun”… Aynan   shu kitobni Toshkentga   olib kelganman. Ahyon-ahyonda   hidlab, moziy iforini his   etaman. Kitobning hidi, rang-   tusi boshqacha-da!

Direktor bo'la turib   ijod bilan shug'ullanish   oson amal emas.   Kamina Feruzshoh to'g'risidagi   hammualliflikda yozgan kitoblaringizni mutolaa qilib, o'z-o'zimcha: “Qachonlardir Davlatyor   Rahim bilan tanishaman”   deb qo'ygan edim.   Farishtalar gapimga “ovmin”   debdilar shekilli,   Xorazmga   qaytib   “Quvonchbek—Mashhura” MChJ nashriyotida   faoliyatimni   boshlaganimdan   so'ng   nafaqat   yaqindan tanishdim, balki   “Olloqulixon” hamda “Anushshoh”   nomli kitoblaringizga muharrirlik   ham qildim. Siz bilan   adabiyot va tarix   bobida gurunglashib, ko'p   narsalarni o'rgandim. Uch   nafar ajdodim ( eng katta   bobom Yaxshimurod, katta   bobom Muhammad Sharif, bobom Ro'zimuhammad)   yashagan, ma'rifat yo'lida faoliyat   ko'rsatgan   Xivaga mehru   muhabbatim yanada jo'sh   urdi. O'sha davrlar zavqu   shukuhi ongu-shu­urimga muhrlanib   qoldi.

Bu ulkan shodlik   edi!

Ana endi ko'nglimni   xufton qilgan ikki   illat to'g'risida aytib o'tsam. Birinchisi, muallimlar kitobdan sovibdilar.   Ikkinchisi, maktab kutubxonalari e'tibordan soqit qilinibdi.   Xorazm Xorazm bo'lganidan   buyon bu alpoz   ko'ringan emas. Shoh Gushtasb   farmoniga binoan 12   ming mol terisiga   oltin suvlari ila   yozilgan “Avesto” Xorazmdan   yetti iqlimga “parvoz   qilmaganmi” axir? Zardusht   donishmand ajdodlari nechun   kitobdan bu qadar   sovibdilar?!

Yana   pulga qul   bo'lishdek odat o'zining   qora kurtaklarini bo'rttira boshlabdi.   Binobarin, moddiyat ma'naviyatdan yuqori qo'yilibdi. Ammo   hazrat Alisher Navoiy   aytganlariday, adab — ma'naviyat   bo'lmasa oltin jarangidan   ne naf? Hazrat   demish:

Oltin – kumush etma   kasb davlat kunidin,

Kim   tortar adab   ulusni mehnat tunidin,

Gar yo'qtur adab   ne sud oltun unidin,

Elning adabi xushroq   erur oltunidin.

Navoiyning   navosiga qarangkim, ikki   so'zni musiqaga solibdi:   oltun unidin — oltin jarang-jurungidan;   oltunidin — oltinidan. Mana   shuni asl fasohat   deydilar. Sizlar hayotini, faoliyatini har   taraflama ta'riflaganingiz —   Feruzshoh ham, uning   ustozi Ogahiy hazratlari   ham fasohatni nazm   mulkining sultoni Navoiydan   o'rganganlar.

Ming afsuski, shundoq fasohat egasining   pand-nasihatlari aksari odamlarning   bir qulog'idan kirib, ikkinchisidan chiqib   ketavergan; hikmatlar miyada   o'rnashib, qon tarkibiga qo'shilib   ketmagan. Ana shuning uchun   ham ko'pchilik moddiy   boylik deyilganida o'zini   tomdan tashlaydi-yu adab (ma'naviyat) deyilganida goho eshiklarini   ham ochmaydilar. Xususan,   o'qituvchilar… Ularning aksariyati   tirikchilikni birinchi o'ringa qo'yishmoqda, tiriklikni esa… Bu   al­pozni kitoblarning oxirgi varaqlariga yoziladigan adadlar raqamiga   qarab bilsa bo'ladi.

Deylik, monoqlik faxriy muallim   Ortiqboy Mangliboyev qalamiga   mansub “Nurjon botir”   nomli kitobni 100   (yuz) nusxada nashr   ettirdik; ushbu kitob   taqdimoti Shovot tumanidagi   bolalar musiqa maktabida   o'tkazildi. Anjumanda tuman muallimlari, madaniyat jabhasi   faollari qatnashdilar. Shovot   tumanining sobiq birinchi   rahbari yig'ilganlarga   toshovuzlik   nasrnavisning   “Ajdodlar so'qmog'i” nomli   kitobini tarqatdi. Rahbarlar,   muallimlar kitob va   kitobxonlik xususida ko'b   va xo'b gapirdilar. Ana o'shanda   kamina “Nurjon botir”   risolasini   ko'proq nusxada   chop ettirib, kompaniya moshinida   anjumanga olib kelmaganimga afsuslana boshladim.

Oradan ancha haftalar   o'tgach, “Agarda o'qituvchilar talab   qiladigan bo'lsalar yoki   homiy topilsa — kitobingizni qayta   chop qilamiz”, desam, Ortiqboy aka: “Tanish-bilishlarimga tarqatdim. O'qidilar. Ammo hali talab yo'q” dedi siniqqina jilmayib. Taklif ko'pu   talab oz. Muallif   kitobini o'z hisobidan nashr   ettirib, bepul tarqatdi. Mana, adabning ahvoli…

Darvoqe, Ortiqboy   muallim Sizdan usul   o'rganibdi. “Nurjon botir”   kitobiga “Muhammad Murod   devonbegi” nomli asaringizdan iqtiboslar olibdi. Kamina ham “Hurriyat” gazetasida chiqqan   “Gurvak kurmakka aylanmasin yoki   Vamberi maqtagan Xorazm   qovunlari qani?” sarlavhali   maqolamda “Feruz” nomli   kitoblaringiz faktlaridan unumli   foydalanganman. Telefondagi suhbatimizda shu haqda ham   gapirdim-ku?   “Og'a, “Hurriyat”ni   qaerdan topamiz endi?”   dedingiz. Bir ajab zamon   bo'libdikim, hatto “O'zbekiston   adabiyoti va san'ati”,   “Hurriyat” kabi muallimlar   saviyasini o'stiradigan gazetalar   maktab kutubxonalariga yetib bormasa?

Ha, mayli…   Jasoratdan so'zlaylik. Adib   Boboxon Muhammad Sharif   jur'atlaringiz xususida shularni   yozibdi: “Adabiyotimiz va   tariximizning jonkuyarlari bo'lgan   Davlatyor Rahim va   Shixnazar Matrasullarning ushbu   kitobining birinchi qismi   Feruz haqida hatto   biron iliq so'z   aytishga hech kim   botinmagan bir davrda, hali qizil imperiya hukmron   bo'lgan vaqtda yozilgan   edi” (Davlatyor Rahim, Shixnazar Matrasul. “Feruz”. Toshkent, 2011. 8-bet).

Chindan ham shundoq   bo'lgan. Yodimda, Istiqlol   arafasigacha   Xiva xonlarining   portretlari (Feruz, Isfandiyorxon, Said Abdullaxon) Xiva muzey- qo'riqxonasiga tegishli   torgina xonada “qamoqda”   saqlanardi. “Yoshlik” jurnali   tahririyatidan endi bo'shab   kelgan kunlarim… Imom- xatib   Hamro Pirmuhammad va   fotomuxbir Bekmat akalar   bilan birgalikda   hujjatimni   ko'rsatib, o'sha xona qulfini   ochtirganmiz. Ichonqal'a muzey- qo'riqxonasi rahbari bizga   izn   bergan. Ana o'shanda   ilk marotaba Feruz   fotosuratini ko'rganman. Ul zot   xuddi tirikdek   nigoh   tashlab turar, qiyofasida donishmandlik nuri jilvalanardi.

Bilasiz, Xiva shahridan   Jumaniyoz Sharipov degan   nasrnavis chiqqan. O'sha   adibning “Xorazm” nomli   uch jilddan iborat   kitobini qiziqib o'qiganman.   Kitobda Xorazm tarixi   butunlay teskari yoritilganini keyinroq bildim. Deylik, Xiva xonligining eng boy kishilaridan   biri sanalmish Yusuf   mo'ltang irodasiz, bo'shang, qo'rqoq, betayin kimsa sifatida tasvirlangan. Bu inson momom   Rahima Norboy qizining amakisi   bo'lgan. Momom u   haqda hayotiy hikoyalardan   so'z ochardi. Yusuf   mo'ltangning ikki yuz   navkarlik qo'shini bo'lib, bolshavoylarga qarshi   mardonavor kurashgan ekan.   Kuchi yetmagan. Uni va   yaqin odamlarini tutib, bir   novvoyxonaga qamaganlar. “Besh- olti   kun saqladilar. Yettinchi kuni   novvoyxona eshigini ochdilar. Yusuf amakim safdoshlari bilan   birga boshyalang chiqib   keldi. Ular novvoyxonani iflos etmak gunoh, deb   cho'girmalariga bo'shangan ekanlar.   Cho'girmalari qo'llarida… Bolshavoylar bularni qumga olib   ketdilar. Bizlar   xavotirlanib   ularning izlaridan   yugurdik. Qatorlashtirib   qo'ydilar. To o'q tegib   yiqilgunlariga qadar Qur'on   tilovat   qilib turdilar”   deya momom yig'lar   va “Laylum (Leninni   momom “Laylum” der   edi) do'zaxiy, do'zaxda   har-har yonib yotibdi”   deguvchi edi.

Shuningdek,   Jumaniyoz Sharipov Nurjon   botir hamda   Shommi   kal orasidagi janglarni   ham jo'ngina talqin qilibdi.   Qachonlardir   muallif bilan   uchrashsam   haqiqatni yuziga   aytaman, deya niyat qilgan   edim. Bir tanishim dissertatsiya himoya   qildi. Ziyofatida Jumaniyoz ota   bilan yonma-yon o'tirib   qoldik. Ana o'shanda   otaxonga o'zimni tanishtirdim. “Kunduz sarhadlari” nomli   kitobimga dastxat yozib   berdim. “Ota, “Xorazm” nomli romaningizni o'qiganman. Tarixni buzib aks   ettiribsiz.   Bobokalonlarimdan biri Yusuf   mo'ltangni masxara qilibsiz”   dedim. U   kipriklarini pirpiratib,   hayron bo'lib o'tirdi. So'ng esa: “Aytganlaring to'g'ri, bolam. Ammo men haqiqatni   yozsam, kitoblarimni bosmas   edilar” dedi.

Bilasiz, o'sha uch   jildlik “Xorazm” romani   Toshkentda va Moskvada   minglab nusxalarda chop   qilingan. O'tmishning soxta   tasvirlari hali allaqaysi   burchaklarda yotibdi; ko'pchilikni   chalg'itgan o'sha kitoblar…   Endilikda Sizga o'xshagan tarixnavislar yosh avlod ruhiyatida   ulug' ajdodlar tarixiga   nisbatan mehru muhabbat   uyg'otmoqdalar. Bu esa   ayni vatanparvarlikning, millatparvarlikning o'zidir.

Keyingi   vaqtlarda negadir   Muhammad   Murod devonbegining o'g'li, buyuk   sarkarda Shayxnazarboy obrazini   qora ranglarda   tasvirlash   alpoz­lari ko'zga tashlana   boshlandi. Jumladan, toshovuzlik   nasrnavis   Abdulvohid Sayidmuhammad   qalamiga mansub “Ajdodlar   so'qmog'i” nomli romanda   qu­yidagi satrlarni o'qidim:   “… Kechirimli xon   esa yana uni ayadi. Balki buni bir necha   o'n yillab davlat   ishlarini o'zi bilan   teng tortishgan Matmurod devonbegining   xotirasi   uchun qilgandir, balki rahm- shafqat tuyg'usi ustun kelib,   umrining oxirida bir   botirning uvoliga qolishni   istamagandir. Nima bo'lsa   ham xon o'z   joniga qasd uyushtirgan   Shayxnazarni o'limga buyurmadi. Buning o'rniga yana uzoq   muddatli zindonga hukm   etdi” ­­(Abdulvohid   Sayidmuhammad. “Ajdodlar so'qmog'i”. Toshkent, 2019. 143 – bet).

Ajabo, muallif   bu gaplarni qaysi   tarixiy dalillarga asoslanib   yozgan ekan?   Shoir, tarixnavis   Bobojon Tarroh — Xodim Shayxnazarboyni (U   Shunosiy taxallusida she'rlar   yozgan) quyidagicha   ta'riflagan: “… Shoir   Shayxnazarg'a Muhammad Rahim   Ikkinchi davrida yasavulboshiliq va ham Xorazmda   askarboshiliq mansabi berilgan   edi. Bu Shayxnazarni   o'zi o'taketgan botir   ham chumchuqni ko'zini   uradurg'on mergan edi”   (Bobojon Tarroh-Xodim. “Xorazm shoir va navozandalari”. Toshkent, 2011. 77 –bet). Shoir, tarixnavis   Laffasiy ham “Tazkirai   shuaro” nomli asarida   Shayxnazarboyning   jasurligini ta'riflagan. Sizning   talqiningizda: “… Shayxnazarboyning harbiy tajribasi osha   boradi. Uning zakovati, mardligi va jasoratini ko'rgan Muhammad   Rahimxon Shayxnazarni Ko'hna   Urganchga hokim qilib   jo'natadi” (Davlatyor Rahim. “Muhammad Murod devonbegi”, Toshkent, 2016. 111-bet). Biron   manbada Shayxnazarboyning nojoiz   ishlari tas­virlanganini ko'rmadik.   Feruzshoh uni hamisha   e'zozlagan. Isfandiyorxon esa   Shayxnazar obro'- e'tibori kuchayib   borayotganidan xavfsirab, uni zindonband qildiradi.   1918 yilda esa   “Isfandiyor Shinosiyg'a zahri   qotil beradur” (Laffasiy).

Tarixni   buzmaslik joiz. Og'zaki   ma'lumotlar esa tarixnavisni chalg'itib yuboradi. Bir-biriga   zid ma'lumotlarni olim   inson mantiq tarozisiga   qo'yib, og'ir tosh   bosganini tanlab, sharhlaydi.   Men barcha kitoblaringizda   ana shundoq mantiqiy   xulosalarga duch keldim.   Moziy hodisotini oqilona   sharhlash amali fazilatdir.

Hammualliflikda   yaratilgan   “Feruz” nomli   kitobingizdagi usulni yakka   tartibda yozganlaringiz — “Muhammad Murod devonbegi”,   “Olloqulixon”, “Anushshoh” nomli   kitoblaringizda ham sayqal   toptirganingiz     o'qituvchilik fe'lidan xabar berib   turibdi. Siz go'yoki   kitobxonlarga dars o'tayotgan   alpozda ko'rinasiz. Akademik Baxtiyor   Nazarov Feruzshoh haqidagi   birinchi kitoblaringizni shunday   baholagan ekan: “Ehtimol, bu kitobni “asar” deb atash   shartli ravishda to'g'ri   bo'lar. Zero, mualliflarning o'zlari bu   da'voga talabgor ham   emaslar. Chunki, kitob izchil   ravishdagi tadqiqot ham   emas, badiiy asar ham   emas. U asosan, aniq tarixiy manbalarga   suyangan, xotiralardan   unumli foydalangan va   kezi kelganda tarixiy   haqiqatga zid kelmagan   ravishda jinday badiiy   mushohadaga erk berilgan lavhalardan   iborat”. Mazkur talqin Sizning   uslubingizga haqqoniy tavsifnomadir. Menimcha, Siz yaratgan asarlar — qo'llanma. Xorazm   tarixini o'rganish bobida   muallimlar ham, o'quvchilar   ham qo'llanmalarni astoydil   o'qisalar Xiva xonligi   xususida muayyan tasavvurga   ega bo'ladilar. Sana   nuqtai nazaridan baholasak, Siz chingiziy-xorazmiy hukmdorlar   — shoh va shoir, tarixnavis Abulg'ozi   Bahodirxon, uning vatanparvar, bunyodkor o'g'li Anushaxon obrazlarini gavdalantirdingiz. Yana   hazrat Ogahiydek   buyuk shoir ijodining   ro'yobga chiqishida bosh-qosh bo'lgan shoirtabiat hukmdor Olloqulixon   obrazini shakllantirdingiz. Feruzshoh hamda ul zotning harbiy   ilm sohasidagi ustozi Muhammad Murod devonbegi bobidagi   ishlaringiz maqtovlarga arzigulik.   Qaniydi xorazmlik muallimlar   loaqal o'sha kitoblarni   o'qisalar va shogirdlari   ruhiya­tida ajdodlariga nisbatan   hurmat tuyg'ularini uyg'ota   bilsalar. Boshqa ijodkorlar   ham Sizdan o'rnak   olsalar.

Manbalarda   yozilishicha, padari   buzrukvoringiz Rahim Nazariy 1935-1940 yillarda Samarqand davlat universitetida tahsil   ko'rgan ekan. U inson universitetda Sadriddin   Ayniy, Abdurahmon Sa'diy   kabi allomalar ma'ruzalarini tinglabdi. Shundan so'ng   esa yosh avlodga ellik olti   yil mobaynida dars   beribdi. Sizning yuragingizdagi ishtiyoq ana o'sha   nuqtalardan bosh­langani oydinlashadi. Toshkentga   qaytish tadorigini   ko'rayotganimda: “Og'a, bir   maktabda o'ttiz bir   yil davomida direktorlik   qildim. Yosh yetmishga   qarab ketmoqda. Endi lavozimni   boshqa   kishiga topshirib, ijodga sho'ng'imoqchiman.   Muhammad Aminxon haqida   kitob yozmoqchiman” degandingiz. Shunda men: “Kitobingizga “Kalta   Minor afsonasi” degan   nom qo'ying. Shunda xorij   sayyohlari ham   qiziqadilar. Ingliz tiliga   tarjima qildiramiz” dedim.   Eshitishimcha, o'z xohishingizga ko'ra rahbarlikdan bo'shab,   direktor o'rinbosari vazifasida   ishlayotgan ekansiz. “Ijod   ummoni tublariga” g'ovvos   yanglig' sho'ng'ibsiz. Ollohning o'zi   qalamingizga quvvat bersin!

Yana bir gap.   Bizga ma'lumki, Samarqand, Farg'ona viloyatlarining   ayrim tumanlarida direktorlar   maktab tarixini yozib, nashr   ettirish tashabbusi bilan   chiqqanlar. Siz shu   ishni Xorazmda qanot   yozdiring: 10-umumta'lim maktabi   tarixini yozing! O'quvchilar   ham shod bo'lur,   muallimlar ham. Kamina   “Quvonchbek- Mashhura” MChJ   nashriyoti bosh muharriri   vazifasidan ketganimdan keyin   Xorazmda yana ikki   nashriyot ochilibdi. Har holda,   shu gap qulog'imga yetdi. Viloyatda   endilikda to'rt nashriyot   mavjud. Noshirlar ayni   davrda asosan maktablarga   nigohlarini qaratib, mo'ltirab   o'tiribdilar. Agarda kimda-kim   maktab kutubxonalariga kitoblar   hadya qilurman, deya maydonga chiqsa,   bu ayni qahramonlik   tarzida ko'rinadi. Xorazmiylar   Shayx Najmiddin Kubro,   Pahlavon Mahmud, Shermuhammad   Munis, Muhammad Rizo   Ogahiy, Feruzshoh, Avaz   O'tar, Matnazar Abdulhakim   kabi   MA'NAVIYaT JARChILARIning vorislari-ku axir?!

Maktubim   nihoyasida Sizni yetmish   yoshingiz bilan ( kechroq bo'lsa-da)   qutlayman. Muallimlar bayrami   kayfiyatingizni yanada a'lo   qilsin!

Ehtirom ila:

Bahrom Ro'zimuhammad.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 9 =