BAʼZAN YEMAGAN SOMSAGA HAM HAQ TÖLANADI
Assalomu alaykum Rahim ota Maqsudov!
Sizning sevimli gazetamizda menga yozgan maktubingiz dilimga bir nur olib kirdi (“Kaltakni yetimlar yer ekan-da… yoki Hakim Sattoriyga oçiq xat”. “Hurriyat”, 2023 yil 28 iyun). Bu gapni sidqidildan, samimiy aytayapman. Maʼlumki, baʼzan kutilmagan joydan iltifotlar yoki eʼtiborlar bölib turadi va bu holat kunduz kuni yoqilgan çiroqdek taʼsir qiladi. Yoki yalang bir joyda alang-jalang bölib, hayot nişonasini izlab turganingda bir quş sayroği yoki jonivorning ötib qolişi yaşaş ilinjini uyğotadi. Bugungi kunda “ulkan yutuqlar”ni qölga kiritayotgan jamiyatda bu sohaning (yaʼni, matbuotning) sasi pasayib qolgan, baxtiyor yurtdoşlarimiz yangi rejalar bilan tölib-toşib, “Gazeta kerak emas!” deb oçiqça şovqin solayotgan bir pallada mazkur sohaning kelajagidan bezovta bölib, bir hamkasbga “dardi-hol” qilganingiz hali tomirlarda qon gupirib oqayotganidan darak berardi. (Aslida, bu qon töxtamaydi, töxtaşi – ölim; baʼzilar “Töxtatdik” deb özini ovutadi, xolos).
Xatni öqib, Siz bilan telefonda gaplaşib, bir narsaga amin böldimki, biz – hamkasblar “öz yoğimizga özimiz qovrilib” yotgan ekanmiz. Menga ikki holat maʼlum böldi: markazda nima röy berayotganini hududlardagilar bilmaydi; joylardagi ahvol esa poytaxtda, hatto viloyat markazlarida maʼlum emas (bu hol yaxlit vujudni uzvlarga bölib taşlaşga öxşaydi, yaʼni “Bölib taşla va boşqar” degan siyosat kabi). Axir haqiqiy ahvol haqida tasavvurlar turliça bölsa, Prezidentimizning xalqimiz baxtu saodati yölida olib borayotgan saʼy-harakatlari mohiyatini hamma töla tuşunib yetmasa, turli anglaşilmovçiliklar yuzaga keladi-da. Bunday jamiyatda esa yaxlitlik, yaʼni yagona fikr bölmaydi.
Xatingizning ruhidan şuni his etdimki, Siz bilan men bir xil fikrdaman, yaʼni sohaning rivojini istaymiz. Ammo yuz berayotgan buyuk özgarişlardan bir xilda xabardor bölmaslik, qorni qora yoki qarğani oq deyişga olib kelgan. Dunyoda bir tilda sözlaşadigan odamlarning bir-birini tuşunmasligidan ortiq bedodlik bölmasa kerak. Agar aksinça bölganda edi, men “Tuman gazetasi nega yopildi?” (“Hurriyat”, 2023 yil 31 may) maqolamda keltirgan “…qaysi davlatda bölsa-da, matbuot umuminsoniy mezonlardan çekinib, öz qobiğida öralaşib qolgan ekan, bunda sohani emas, öşa soha odamlarini ayblaş lozim böladi” tarzidagi fikrlarimga keskin qarşi çiqmagan, balki mohiyatga çuqurroq razm solgan bölardingiz. Axir Abdulla Qahhor lutf qilganidek, “Yurtingni yov bossa, öğlingni sandiqqa tiqib qöyib, qöşnining öğlini çaqirmaysan-ku!” Yoki “Har kim öz boşiga yoqqan qorni özi kuraydi” deyişadi.
Bor gap – matbuotning hozirgi holatiga professional jurnalistikaning yetişmasligi sabab bölayapti! Jurnalistika faqat yaxşi yoziş emas, balki öz pozitsiyasini qatʼiy himoya qiliş, umuminsoniy qadriyatlarni uluğlaş, mustahkam eʼtiqod va toza maslak hamdir. Vaziyatga qarab egiliş, manfaat quli böliş, buyurtma bilan işlaş va boşqa uçrayotgan köplab illatlar sohani beburd qilmadimi, obrösini tökmadimi? Va şu yaramasliklarni boşqa soha odamlari matbuotga “kirib olib” amalga oşirgani yöq.
Albatta, siz masalaga öz dunyoqaraşingizdan kelib çiqib yondaşgansiz, mening eʼtirofimni tuman gazetalarining yaşab qolişi uçun jonini jabborga berib işlayotganlar mehnatiga bepisandlik, deb qaragansiz. Gazeta çiqişini taʼminlaş jamoaning töğridan-töğri vazifasi, axir mahsulot işlab çiqarmasa, korxonaning keragi bölmaydi-ku. Siz asosan faoliyat körsatgan yillarda bu yumuşni “partiya va hukumat” qoyil qilib qöyardi, talab esa boşqa nuqtada namoyon bölardi: “Aravamga çiqdingmi, qöşiğimni aytasan!”. (Mayli-da, keraksiz matoh bölgandan nimanidir minğirlab turgan holatda hayot unsuri bor emasmi?). Bozor iqtisodi şaroitida vaziyat özgargaç, göyo tahririyatning asosiy işi gazeta çiqarişni yölga qöyişdek bölib qolgan. Bu vazifani, aslida, muassis eplaşi şart, ijodiy jamoaning vazifasi esa butunlay bölak bölişi kerak. Gap şu haqda edi.
Şubhasiz, şaroitdan kelib çiqib, bunday munozaralar ham kerak. Lekin şunisi borki, gazetaning çiqişidan, şunçaki çiqişidan emas, davr ruhiga mos çiqişidan uning muassisi köproq manfaatdor bölmoği lozim. Muassisning maqsadi insonparvar bölib, ommaning dunyoqaraşini maʼnaviy yuksaltirişni öylasa, maʼnaviyat va iqtisodiyotni qöşqanot bilib, taraqqiyotni şu yönalişda körsa, bu sohaga mablağni ayamasligi kerak (edi). Mabodo aksi bölsa…
Bugungi jamiyatning maʼnaviy qiyofasi haqida tasavvurlarimiz bor, bu haqda köp aytildi, yozildi. Kitobxonlikka, jumladan, matbuotga eʼtibor qaratiş talabi bugun paydo bölgani yöq. Umuminsoniy qadriyatlarga munosabat jamiyatning qiyofasini belgilaydi. Vaziyatdan körinib turibdiki, sohada böliniş va bir-birining faoliyatidan ham, muammolaridan ham bexabarlik mavjud. Bu ijobiy hol emas. Agar zimmaga yuklangan maqsadga erişiş kerak bölsa, soha yagona mexanizm sifatida işlamoği joiz. Ommaviy axborot xizmatlari (matbuot, radio, TV, internet va boşqalar) insoniyatning bosqiçma-bosqiç taraqqiyoti mahsullaridir. Jamiyat ehtiyojlari ularni yaratdi, tasdiqladi, mavqeini belgilab berdi. Hatto ularni “Törtinçi hokimiyat” deb ataş urf böldi. Şunday ekan, bu betimsol mafkuraviy qurolni umuminsoniy manfaatlar yölida işlatiş soha xodimlarining muqaddas burçi. Bu sohalarning umumeʼtirof etgan öz obrösi, mavqei, qiyofasi bor.
Gazetani kimningdir köngil daftariga aylantiriş, bir xil suratlarni bir neça gazetalarda köpaytirib tarqatiş, faqat ijobiy gaplardan söylab, yutuqlarning erişiliş manbasi, ziddiyatlar, kuraşlardan söz oçmaslik sohaga obrö olib kelmaydi. Bunday sayoz yondaşuvlarning jamiyat uçun ham, soha imidji uçun ham nafi bölmaganini hayotiy misollar tasdiqlagan. Heç qaçon alohida davrning yoki maʼlum bir mamlakatning öziga xos va mos matbuoti bölmagan va bölmaydi ham. Bu soha tibbiyot yoki kosmonavtikaga öxşaş umuminsoniy eʼtirof etilgan mezonlar va talablar asosida faoliyat yuritadi. Uni subʼyektiv omillar asosida sunʼiy qoliplarga soliş mumkin emas. Jurnalistika kimlarningdir xohişi yoki manfaati yöriğida kun köradigan mardikorlikni öziga or deb biladi. Mabodo u şu köyga tuşgan bölsa, u jurnalistika emas, u “antijurnalistika”dir!
Agar ana şunday masştablarda turib fikr yuritilsa, gazeta xodimi zimmasida qançalik masʼuliyat borligi aniq körinib qoladi. Şu asnoda hozirgi milliy matbuotning manzarasi köz oldiga keltirilsa, “Nega bunday?” degan savol köndalang tuşadi va uning birinçi javobi “Ayb soha xodimlarida emasmi!?” tarzida böladi. Har holda, menimça şunday. Çunki matbuotning hozirgi darajaga tuşib qolişida saʼy-harakatini ayamagan odamlarning aniq qiyofasini jamoatçilik yaxşi biladi. Sohaning nozik nuqtalari, “jon-joy”lari soha mutaxassislarigagina maʼlum böladi. Istiqlolning dastlabki yillarida negadir “Qalʼa içkaridan olinadi” degan gap köp takrorlanardi. Öşanda bir xavotir bor ekan-da. Keyin esa maqtovlar va hamdu sanolar hammasini boşqa izga solib yubordi çamasi.
“Barça soha, jumladan, jurnalistika rivoji ham bevosita kadrlar salohiyatiga boğliq”, deyiladi “Özbekistonda milliy jurnalistikaning rivojlanişi böyiça Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasining I milliy maʼruzasi”da. Kadrlar salohiyatiga (maʼlum, aniq kadr misolida) baho berişning birinçi mezoni esa juda oddiy: “U qanday yozadi?” Şu savolga javob soha kişisining taqdirini hal qiladi. Bu kasbga dabdababozlik, hokimiyatparastlik, “paxtakorlik” ketmaydi. Xuddi sportning yakka turidek, maydonga özi çiqadi va özi uçun — özi javob beradi. Sohaga rahbarlik, yaʼni hududiy naşrlar muharrirlari ham kasbning ustalaridan bölişi lozim. Mabodo, umrida biror maqolasini nimadan boşlab qanday tugatiş ustida “qon yutib” boş qotirmagan (deylik, kompozitsiya ustida öylamagan), heç qurisa çiroyli sarlavha iştiyoqida uyqusi buzilgan odam emas, ğirt “töra” sohaga yetakçilik qilib qolsa, urdi Xudo! Endi bu soha ismini esidan çiqarib qöygan odam holiga tuşadi, madhiyabozlikdan boşqasiga yaramaydi ham!
Siz, tabarruk yoşdagi oqsoqol, faoliyatingiz davomida sohaning jami sinoatiga duçor bölgansiz. Bu gaplar şunçaki qoidalar eskirmasligini, bizlar ham şu tamoyillar asosida iş yuritganimizni esga oliş uçun zarur böldi, deb öylayman. Töğri, hamma kasblar qatori bu soha ham tirikçilik ötkaziş manbai, har kimki uning etagini tutibdimi, “qora qozoni”ni qaynatişini ham öylaydi. Lekin jurnalistikaning bitta “noqulay” tomoni – ana şu tirikçilikni ham baʼzan orqaga taşlab qöyişni talab qiladi. Jurnalistning eʼtiqodi, maslagi, kasb odobi “qora qozon”dan ustun, bilʼaks, soha şunçaki “kun köriş” manbai, jurnalist esa oddiy isteʼmolçi bölib qoladi. Şuning uçun jurnalistika xoslar (aristokratlar) kasbi hisoblanadi va asosan, köpçilik xobbi (köngiloçar maşğulot) sifatida şuğullanadi. Qaçonki, çinakam professionalga aylangaç, “piçoği quyruq ustida”da böladi. Taassufki, bu darajaga juda kamlar yetib keladi. Jurnalistikani şaraflaşga intilganlar va şunga ulgurganlar millat tarixida qoladilar.
Jurnalistika odamlar uçun işlaydi. Bugun bizning “odamlar” nima bilan maşğul va bu royişni faqat jurnalistika özgartira oladimi? Şu örinda asosiy omil – davlatning hal qiluvçi roli bor. Ommaviy axborot vositalari vakillari uning ezgu maqsadlariga kamarbasta böla oladi xolos, u usqurtma, bazis emas! Ammo öttiz million nufusdan bugungi davr ruhini his etadigan öttiz ming odam bormi? Millat öz feʼl-atvori va xatti-harakatining oqibatini töla körişga amr etilganga öxşaydi. Zero, bu “muzlik”ni unça-bunça kuç örnidan siljita olmaydi. Qismat yozuğini köriş bosqiçi esa maʼrifatdan yiroqlaşiş (yaʼni, kitob öqimaslik) tarzida namoyon bölganga öxşaydi. Zotan, balo-ofat nuqul vayronkorliklar yoki epidemiyalar tarzida emas, balki maʼnaviy jaholatga mahkum etiliş tarzida ham kelişi mumkindek bölib tuyulayapti. Qarang, Siz kuyunçaklik bilan soha rivojini közlab murojaat qildingiz, ammo respublikada şu kasbdan kun körayotgan yuzlab odamlar bordir, lekin biri “Nima deyapsan?” tarzida ovoz bermadi-ku. Demak, öşa gap: “Özingdan çiqqan baloga, qayga borasan davoga?!”.
Jadid bobolarimiz dunyo ahli boşqa sayyoralar hayoti bilan qiziqib turganida bizning millatimiz vakillari xöroz uriştirib yurganidan ezilgandi. Bugun esa allaqaçon tan olingan ulkan yaratuvçan kuç – ommaviy axborot xizmatlarining yupun holidan iztirobga tuşayapmiz. Har holda vaziyatni önglaşdan umid bor. Köp narsa esa aslida, soha odamlarining öziga ham boğliq. Axir özini eplay olmagan kasb egasi boşqaning oğirini yengil qila oladimi, özganing koriga yaraydimi? “Öziga ugra kesolmaydi, özgaga omoç uqalaydi” deganlari şu emasmi? Men öz fikrimni izhor qilganimda, ana şularni nazarda tutgandim. Qolaversa, bir kasb odamlarining bir-birini tuşunib işlaşiga nima yetsin!
Taşqi olam qonuniyatlari içki evrilişlar bilan hisoblaşib ötirmaydi. Baribir öz hukmini öqiydi. Faqat köngilda bir iştiboh kezadi: “Baʼzi örinlarda keçikilmaydimi yoki umuman vaziyat boy berilmaydimi?” Öylaşimça, hammasi niyatga ham boğliq. Sizga, Rahim Maqsudov domla, mustahkam soğlik tilayman.
Hakim SATTORIY,
jurnalist.
