«Odamlarga kerak bo'lsang — baxt» yoki nima uchun tuman Kengashi deputati “kattaroq lavozim”ni rad etdi?
Soatmo'minning bolalik yillarini eslasam, negadir xayolimga rus shoiri Sergey Yeseninning: “Go'daklikda ma'lum har odam, Bola boshdan degan gap to'g'ri”, degan satrlari kelaveradi.
Oq-sarg'ishdan kelgan kelishgan bola edi u. Jimgina yurar, hatto biron sho'xlik ham qilmas, ayniqsa, maktabdagi darslarda odob bilan qatnashar, o'qituvchilari ham uni o'quvchilarga namuna qilib maqtashardi. Ammo u doskaga chiqqanida, go'yoki ilhomi jo'shgan shoirga o'xshab, hech tutilmay so'zlardi.
Soatmo'min bolalik yillari haqida eslarkan, gapini maktabda o'qiyotganida bir gal adabiyot o'qituvchisi Matluba opa sinfga o'zgacha quvonch bilan kirib kelganidan boshladi. Uning ko'zlarida bamisli yulduz porlagandi o'shanda. Qo'lidagi kitob-daftarlarini stol ustiga qo'yar ekan, o'quvchilar bilan salomlashgach, shunday degan:
— Hurmatli o'quvchilar, bugun sizlar sinfdoshingiz Soatmo'min Jumayevni chin yurakdan tabriklasangiz bo'ladi.
U shunday deya qo'lidagi gazetani o'quvchilarga ko'rsatarkan:
— Chunki bugun tumanimiz gazetasi “Oltinsoy tongi”da Soatmo'minning she'ri chiqibdi. Juda yaxshi, juda chiroyli she'r. Buni qarangki, shunday she'r yozish san'ati bo'lsa-da, bu o'quvchim menga ham aytmabdi, hatto men ham bexabar ekanman. Hozir shu she'rni sizlarga o'qib beraman:
Enajonim, ena yurt,
Qadding ko'tar, qadding tut.
Sen ichmagan og'u yo'q,
Sen chekmagan qayg'u yo'q.
U kunlar zaxmin unut,
Enajonim, ena yurt…
Ana o'shanda sinfdoshlarining yuzi qizillanib o'tirgan Soatmo'minga bir boshqacha havas, mehr bilan qarashlarini bir ko'rsangiz edi.
O'qituvchi shu kuni adabiyot darsini unutdi. Zero, uning bugun aytayotganlari, o'tgan darslarining zo'ri, maftunkori, samarasi edi.
Matluba G'afforova so'zida yana davom etib:
— O'quvchilar, bizning Mo'minqul qishlog'i ijodkorlar yurti, shoirlar qishlog'i, desa bo'ladi. Shoirlar Qo'chqor Norqobil, Abdi Parda, Tojiniso Eshonqulova, Botir Doniyorov, Oliya Ortiqova, Sayfullo Tog'aylar shu qishloq farzandlari bo'lib, ular ham mana shu sizlar o'qiyotgan maktabda o'qishgan.
Buni qarangki, Soatmo'min o'qituvchisining o'shanda aytgan ishonch to'la gaplarini bugun oqlayapti. U 15 ta katta-kichik nazmiy va nasriy kitoblar muallifi.
* * *
Ijodkorlarga havasi va mehri zo'r bo'lgan Xolboy Jumayev “Ena yurt” she'ridan so'ng o'g'li Soatmo'minni mehrlanib “Shoir o'g'lim”, deb chaqiradigan bo'ldi. Ota bu so'zni g'oyat bo'lakcha, hayajon bilan og'iz to'ldirib aytardi. Shunda dili, dimog'i yayrab ketardi. Ammo bir voqea kun sayin mehrlanib, lovullab borayotgan olov ustiga kutilmaganda bir chelak sovuq suvni sepib yuborganday bo'ldi.
O'sha kuni Xolboy fermer odatdagidek ertalabdan hovlilari etagidagi tokzorga o'tish niyatida eshik ochsa, eshik tagida sutrang “Neksiya” avtomashinasi turibdi.
Mashinadan qadrdon do'sti Akbarxon eshon tushayotir. Qo'lida qandaydir gazeta. Ammo yuzi odatdagidan ko'ra tund ko'rinadi. Fermer uni birinchi bor shunday ahvolda ko'rishi edi.
Uy egasining “Keling-e, oshna. Allag'aytib bir yo'qlay debsiz-da”, degan mulozamatlaridan ham uning chehrasi yorishmadi.
— Tinchlikmi, kayfiyatingiz ancha chatoq ko'rinadi?
— Tinchlik emas-da…
— Nima bo'ldi?
— Buni yozuvchi ulingiz Soatmo'mindan so'rang. U meni sharmanda qildi, el ichida yuruvsiz qildi. Hali gazetadagi manovi felyetonni o'qimagan ko'rinasiz.
Xolboy fermer ming bir xavotirda gazetani qo'lga oldi. Salkam yarim sahifalik joyda “Beega bozor” degan shapaloqday maqola turardi.
Voqeani fahmlagan fermer baland ovozda hovliga qarab baqirdi.
— Shoir, ho shoir, deyman.
Hovlida Soatmo'min ko'rindi.
— Bu nima qiliq? Lo'lidan battar bo'psan-ku. Bilasanmi, lo'li ham o'z guzariga tosh otmaydi!
— Assalomu alaykum. Amaki, mol bozori yomon ahvolda. Oddiy taroziga odamlar talash. Bundan ham yomoni mol bozorida chek berilmaydi. Haliyam rais boboning sizga oshna ekanligini o'yladim. Bo'lmasa…
Xolboy fermer tutaqib ketdi:
— Ket, nari ket, deyapman. Nima balo, sen o'zi esingni yeb qo'ydingmi? Bugundan boshlab shoir-poirligingni yig'ishtirasan. Unday zo'r bo'lsang, mening dalamga chiqib o't yul, ketmon chop.
* * *
Shundan so'ng u bir umr traktor haydab, besh olti yildan beri fermerlik nonini yeb kelayotgan otasining gaplarida bir hikmat sezdi. Yaxshilarni yozadigan bo'ldi. Denov tumanidagi 1-maktab va uning fidoyi direktori Xosiyat Qorayeva haqida eshitdiyu, oromini yo'qotdi. 2004 yilning mart oyida uni izlab Yurchi qo'rg'oniga bordi. Maktab hovlisiga kirishi bilan turli gullarga to'la bog' bag'rida qoldi. Hovli tugul, maktab ichkarisida ham rango-rang gullar, ular barq urib, ochilib yotibdi. Katta-katta derazalar taxida gul. Yo'laklarda gul. Buning ustiga, yo'laklarga ham gulday qirmizi gilamlar to'shalgan.
Xodima uni eshik tepasiga “Direktor” deb yozib qo'yilgan xonaga boshlab bordi. Direktorni ko'rdiyu, hayratlari to'fonladi. “Nahotki, shu maskanga shu odmigina kiyingan, soddagina ayol rahbar bo'lsa”, o'yladi u. U shu kuni kechgacha maktabda qoldi. Sinflarga kirdi. Fan kabinetlarini kuzatdi. Barchasi o'zgacha, barisi hayratlanarli. Ayniqsa, 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramiga bag'ishlangan tantanada qatnashishi uning dilini yayratdi. Direktor yonida o'tirib, o'quvchilar o'qiyotgan she'rlarni eshitib, ko'ngli ilhomlandi.
Taassurotlarining bari-barisini u o'zining “Saidaga o'xshatdim” ocherkiga to'kdi. Ocherkda muallif maktab direktorida Abdulla Qahhorning mashhur qissasi “Sinchalak”dagi Saidaga o'xshash hayrat va fidoyilik topa olgandi. “Janub vaqti” viloyat gazetasida chiqqan bu ocherk yaqin orada Surxondaryo viloyatidagi matbuot nashrlarida e'lon qilingan ocherklarning eng yaxshisi, badiiy pishiq va puxtasi deb baholandi. Tahririyatning mukofotini oldi.
* * *
Soatmo'minda yaxshi bir odat bor. U ota-ona maslahatisiz biror ishga qo'l urmaydi — haddi sig'maydi.
2007 yilning kuz oyi, u “Adolat” gazetasining Surxondaryo viloyati bo'yicha muxbiri sifatida faoliyat yuritar edi. U otasi oldida odob bilan o'tirdi.
— Ota, agar yo'q demasangiz to'y qilaman, “Kitob to'yi” qilaman.
Xolboy fermer o'g'liga hayron tikildi:
— Kitob to'yi deysanmi? “Sunnat to'y”, “qiz to'y”, “uy to'y” degan gaplarni eshitgandim. Ammo “kitob to'yi” degan gapni eshitmabman.
— Bugun ustozim Jo'ra Qodirov birinchi kitobi “Umr to'fonlari”ga to'y qildi. Zo'r to'y bo'ldi. Termizdan mashina-mashina bo'lib, mehmonlar keldi. Ularning ko'pi shoir va jurnalistlar. Davrani shoir Shafoat Rahmatulla Termiziy boshqardi.
— Unday bo'lsa to'y qil. Havaslaringning zavqini sur.
Shunday qilib Soatmo'min Jumayev birinchi kitobi — “Vaxshivor etaklarida”ga to'y berdi. To'ydan uning qalbi qondi. Viloyat gazetasining ko'p xodimlari mehmon bo'lib keldi. Ayniqsa, Toshkentdan taniqli shoirlarning tashrif buyurishi uni behad shodlantirib yubordi.
* * *
O'tgan yilning oxirgi kuni edi. Hamma xonadonlar Yangi yil bayrami hayajoni nafasida edi.
Ertalab u kutilmaganda ustozi Jo'ra Qodirovning uyiga kirib keldi.
Qizg'in salom-alikdan so'ng dedi:
— Ustoz, kiyining, ish bor.
Hamisha yaxshi ishlar tashvishida yuradigan Soatmo'min yana bir xayrli yumushni boshlagan edi.
— Tinchlikmi? Topishmoqlamay dangal aytaversang-chi, — dedi Jo'ra aka.
— Tinchlik. Bayram munosabati bilan mahalladagi besh-olti xonadonga kirib chiqsak, hamroh bo'lsangiz. Qariyalardan, kasalmandi bor oilalardan hol so'rasak degan niyatda edim. Shu munosabat bilan sovg'a-salom tayyorlaganman.
— Zo'r gap. Aqlingdan aylanay, — dedi ustozi quvonganidan. — Dunyoning ziynati, obodligi savobda, savob ishda.
Ular eng avval 92 yoshli Po'lat Shaymanovning uy eshigini ochishdi. Po'lat bobo Shaymanovning duosini olishdi.
So'ng ko'p yillardan beri og'ir xastalik tufayli to'shaklanib qolgan yigit Hasan Ibragimovning hovlisiga ro'para bo'lishdi. E'tibordan ko'ngli tog'day ko'tarilgan yigit duoga qo'l ochdi:
— Ukam, bolalar olib kelgan gazetalardan o'qib, sendan mag'rurlanib yotaman. Toshkentday joyda ko'p ishlading. Turli markaziy nashrlarda muxbir bo'lding. Hozir “Huquq press” jurnali va “Taraqqiyot va strategiya” gazetasining bosh muharririsan. Omon bo'l. Omadingni bersin.
* * *
34 yoshli yigitning el-yurtda yuksak obro'-e'tibor to'playotganiga odamning havasi keladi. Soatmo'min o'tgan yilgi saylovda O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan xalq deputatlari Oltinsoy tuman Kengashi deputatligiga 19-“Mo'minqul” saylov okrugidan nomzodini qo'ydi.
Bu xabarni eshitgan otasi Xolboy Jumayevning yana paytavasiga qurt tushganday bo'ldi. Tezlik bilan o'g'lini huzuriga chaqirtirdi.
— Nega buncha beo'ylov, o'zboshimcha bo'lib ketayapsan-a? Yo ozroq obro'-e'tiboring ham ko'plik qilayaptimi? Shu okrugdan sendan boshqa nomzodini qo'yganlar bilan hazillashma. Ularning hammasi puldor, mansabdor, og'ayindor odamlar. Tag'in eng yoshi sensan shularning ichida. Bir o'ylab ko'rdingmi shularni?
— Ota, — dedi Soatmo'min hamishagidek odob bilan. — Bilaman, ularning hammasi zo'r. Uzr, shu ishni men Sizdan ilk bor so'ramadim. Bu mening hayotdagi birinchi aybim, chunki rozilik bermasdingiz. Ularning hammasi dadil odamlar. Men ham bir omadimni sinab ko'rsam, nima qilipti. Birovi hokimga muovin, birovi eshon bo'lsa, o'z yo'liga.
Xo'sh, saylov nima bo'ldi deysizmi? Yosh yigitning eldoshlariga ishonganicha bor ekan. Boshqa nomzodlarga qaraganda ikki uch hissa ko'p ovoz olib g'olib bo'ldi! El dardi, yurt tashvishi bilan yashayotgan yosh deputat shitob bilan ishga kirishdi.
19-saylov okrugi hududida 1200dan oshiq oila bor. Deputat Soatmo'min Jumayev o'tgan yarim yillikda 30 marta saylovchilari bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan bildirilgan muammolarni bartaraf etish yo'lida o'ziga chora-tadbirlarni belgilab oldi. Dastlab, u “Mo'minqul”, “Obshir” mahallalaridan 100 nafardan oshiq fuqarolarga kredit olishda ko'maklashdi. 20 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlarini bepul tarqatilishiga bosh-qosh bo'ldi. “Obshir” mahallasida 3 kilometr yo'lga shag'alli tosh to'ktirdi. Qishloq qabristoniga olib boradigan yo'l 36 mashina shag'al tosh to'kilgach, ravon yo'lga aylandi. Deputat tashabbusi bilan 40 nafar keksa Termiz shahriga sayohatga ham borib kelishdi. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash maqsadida 150 xonadonga 43 million so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Muhimi, 19-“Mo'minqul” saylov okrugidagi aholi bugun deputatidan mamnun. Ular quvonchini yashirolmay, biz saylovda kimga ovoz berishni endi o'rgandik, deyishmoqda.
* * *
Bugungi kunda tuman kengashi deputati sifatida o'zining saylovoldi dasturlariga monand turli tashabbuslarning boshida turgan qahramonimiz, tumandagi turli xayrli ishlarning markazida bo'ldi. Tuman hokimi Alisher Jumayev bilan suhbatlashganimizda, S.Jumayev haqida u shunday dedi:
— Soatmo'min Jumayev tumanimizda o'z fikrlarini dadil ayta oladigan, xalqimizni qiynab kelayotgan muammolarni ro'y-rost gapiradigan, eng muhimi, aholining ma'naviyatini, ma'rifatini yuksaltirishda amaliy yordamni qog'ozda emas, balki fidoyi mehnati bilan bajarayotgan yosh noiblarimizdan biri. Uning ishlaridan barchamiz mamnunmiz. U tumandagi oqsoq sohalarni oyoqqa turg'azishda muammolarni ko'ra oladigan va o'z yordamini ayamaydigan mard va g'ayratli deputat hisoblanadi.
Ayniqsa, mahallalarni obod qilishda olib borayotgan ishlarini alohida ta'kidlash zarur. Ikkita mahalla fuqarolar yig'ini idorasini qurib, shinam guzarga aylantirilishida, “Obshir” qishlog'idagi 21-sonli maktabda zamonaviy sinfxona va qorovulxonani barpo etilishida chinakam jonbozlik ko'rsatdi. Biz bunday saxovatli yurtdoshlarimiz borligidan faxrlanamiz.
* * *
O'sha kuni saylovning ertasi edi. Kutilmaganda ularning uyiga choshgoh chog'i Soliya Ortiqova kirib keldi. Soatmo'minda muvaffaqiyat harorati deyarli sezilmas, hamishagidek edi. Bundan tuman hokimining xotin-qizlar bo'yicha o'rinbosari Soliya Ortiqovaning hayrati oshdi. Bu hayratini esa o'g'li tengi yigitdan yashirolmadi.
— Qoyil-e, chindan ham qoyil! Hech narsa ko'rmagandaysan-a? Sening o'rningda tumanning uch dovruqli odamini saylovda dog'da qoldirib, g'oliblik shohsupasiga bemalolgina ko'tarilib olgan odam shunday paytlar uyida to'y qilib yotgan bo'larmidi. Saylovda men tugul shu atrofda dongdor bo'lgan eshonga ham o'xshatib “chil” berding-a? Qahramonlik qilib tan olay: men ozroq uyalganday, izza bo'lganday bo'ldim. Chunki oz emas, ko'p emas mendan qariyb uch hissa ko'p ovoz olding-a! Tabriklayman, chin dildan tabriklayman.
— Ustoz, shunday bo'libdi. O'zim Toshkentda edim. Haligina keldim. Eshitib, to'g'risi quvondim.
Soatmo'minning hovli eshigi ko'ngliday hamisha ochiq, hamma bemalol kirib kelaveradi.
— Bu nima turish, domla. Ichkariga kiring.
Tuman hokimi o'rinbosarining shu tobda maktabda matematikadan dars bergan sobiq o'quvchisi bilan suhbatlashish ishtiyoqi bor edi. Odati bo'yicha uy sohibi, kamtarlik bilan kulimsirab jimgina o'tirar, mehmon esa chiroyi ochilib gurung berar edi:
— O'zi shunday olijanob yigit bo'lishingni, o'qituvchilik yillarimdayoq payqardim. Sinfda tashabbuskor eding, qaerdagi yo'q narsalarni boshlab, qo'zg'ab yurarding. Respublikada ham gazeta, ham jurnal chiqarish osonmas. Eng muhimi, shu jurnal, gazeta orqali el-yurtga juda katta nafing tegayotir.
— Rahmat opa, rahmat.
— O'tgan yilgi tumandagi bir yig'ilishdan rosa quvondim. Buni o'zingga ham aytgandim, shekilli. “Taraqqiyot va strategiya” gazetangda tuman xalq ta'limi bo'limi mudirini “Oydan tushgan mudir” deya boplab, lekin haqchil tanqid qilding. Shu maqolani viloyatimizning sobiq hokimi Erkinjon Turdimov tumanimizdagi katta bir yig'ilishda mudirga pesh qilib:
— Sizning aftu basharangizni shu maqoladan anglab oldim. Ishni tuzatsangiz tuzatasiz, bo'lmasa siz bilan xayrlashishga to'g'ri keladi, — degandi.
— Domla, shu maqoladan keyin Erkin aka Turdimov meni ham yo'qlagandi, hatto tabrikladi. “Gazetangizda shunday maqolalarni ko'paytiring”, dedi.
Soatmo'minning sevikli umr yo'ldoshi Nigora Turdiyeva choy keltirib, shiringina dasturxon tuzadi. Qizg'in suhbat esa davom etdi.
— Soat, Soatjon, — deya mehr ila davom etdi hokim o'rinbosari. — Yuraging katta, qo'rqmas jasur yigitsan. Buni xo-ov o'sha “Beega bozor” felyetoningdayoq sezganman. Shu fe'linga sodiq qolib, ko'pdan-ko'p ishlarni qilding, qilayapsan. Shu saylovda hatto o'zimizning tuman hokimligini ham ayab o'tirmading…
Ha, yosh ijodkor, tinib-tinchimas inson, xalq deputatlari Oltinsoy tuman Kengashi deputati Soatmo'min Jumayev bugun o'z hamqishloqlari, tumandagilarning katta-kichik muammolari bilan band. U ana shu yo'lda ba'zan kimlargadir yomon ko'rinib, talashib-tortishib deputatlik so'rovlarini yo'llamoqda, tuman sessiyalarida so'z olib bor kamchiligu muammolarni mutasaddilarning oldiga ko'ndalang qo'ymoqda.
— Bir necha bor viloyatimiz hokimi To'ra Abdiyevich Bobolovning qabulida bo'ldim. U kishi gaplarimni, konkret takliflarimni eshitib: “Rahmat sizga, menga sizdek intiluvchan, ishlaydigan odamlar kerak. Xo'p desangiz, Sizni viloyatdagi biror kattaroq vazifaga tayinlaymiz”, dedi.
Men viloyatimiz rahbariga bunday ishonch uchun minnatdorlik bildirdim. Ammo gap katta vazifa, lavozimda emas-ku! Shu bois, “kattaroq vazifa”ni rad etdim. Muhimi, qishloqdoshlarim, tumanimiz ahli menga ishonch bildirishgan. Shu ishonchni oqlasam, ularga kerak bo'lsam, shuning o'zi katta baxt, — deydi u.
Toshtemir TURDIYEV,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.
Hikmatullo QODIROV,
“Hurriyat” muxbiri