Haqiqiy do'st elektron bo'lmaydi

Aslida barcha kasb egalari kitob o'qiydi. Shunga majbur. Ammo qanday kitob, sa­viyasi qanaqa? Muammo shunda… Aytaylik, o'qituvchi o'quvchilarga yuqori saviyada, sifatli ta'lim-tarbiya berish uchun ilm-fandagi yangiliklarni, qo'shimcha darsliklarni o'qiydi, har bir darsga alohida tayyorgarlik ko'radi, chunki bugungi o'quvchi kechagi sodda, go'l, ishonuvchan emas. Yildan-yilga talab kuchaymoqda…

Qonun himoyachilari ham, o'z kasbida uzoq ishlay desa, yangi qonunlarni, amaldagi qonunlarga kiritilgan o'zgartirishlarni o'qib borishga majbur. Salomatlik posbonlari yoki iqtisodchilar, moliyachilar, hatto arxitektorlar ham zamonaviy bilimlarini oshirib borishi kerak. To'g'ri, aytishingiz mumkin, aytilgan narsalar internetda bor-ku, deb. Ammo internetda e'lon qilingan andazalar dunyoni umumlashtirishga xizmat qiladi. O'zini bilgan millat vakillari undan nusxa olib, o'z milliy an'analariga moslashtiradi. Ana o'shanda har bir millatning o'zligi namoyon bo'ladi. Buni hammamiz bilamiz.

Shunday ekan, har qanday mutaxassisga millatga xos bo'lgan an'analar haqida atrof­licha tushuncha beradigan kitoblarni o'qish ham foydali, ham o'ta zarurdir. Shukur­lar bo'lsinki, mamlakatimizda minglab ilmiy va badiiy adabiyotlarni o'zida jamlagan kitob do'konlari, kutubxonalar soni ortib bormoqda.

Shu bilan birga, internet tizimida elektron hamda audio tizimida millatimizga mos kitob­larni topib o'qish imkoniyati ham yaratilgani kitobsevarlar uchun katta qulaylik bo'ldi.

Ammo shu o'rinda bir muammo bor, biz kabi talaba-yoshlar, qolaversa, oliygohlarga kirish uchun tayyorgarlik ko'rayotgan abiturientlar ayrim qo'llanmalarni kitob do'konlaridan topishi mushkul, topilganda ham narxi balandligidan sotib olish qiyin. Nashriyotlar yoshlar uchun chiqaradigan kitoblarni arzon qilsa bo'lmasmikin. Davlatimiz, hukumatimiz shu masalaga ham e'tibor qaratsa, ya'ni moddiy tomondan qo'llab-quvvatlasa yaxshi bo'lardi…

Universitetimizda mutolaa madaniyati degan fan o'tiladi. Unda talabalar o'zi yaxshi ko'rib o'qigan, ijobiy taassurot qoldirgan asarni taqdimot qiladi, ya'ni slayd orqali boshqa talabalarga tanishtirib, o'qishni tavsiya qiladi. Bir kuni kursdoshimiz Diyorbek amerikalik adib Mario Pyuzoning “Cho'qintirgan ota“ yoki “Mafiya sardori“ romani haqida tayyorlagan taqdimotini namoyish etib, barchamizni qiziqtirdi. Asardagi voqealarni shunchalik berilib gapirdiki, albatta, uni topib o'qishni maqsad qildik. O'sha kuniyoq do'stim Fazliddin bilan kitob do'koniga bordik. Kitob narxi qirq besh ming so'm ekan. Afsus, pulim yetmagani tufayli ololmadim.

Qizig'i, nega aynan mafiyaga taalluqli kitoblarni yoshlar o'qiy boshladi? Bu asarlardan nima olish mumkin?

Shunday bo'lsa-da, qo'l telefonimga yuklab, ixlos bilan mutolaaga kirishdim. Biroq haqiqiy kitob bilan elektron kitobni o'qishda ancha farq bor ekan. Qanchalik berilib o'qimay fikrimni yig'ishim qiyin bo'ldi, voqealar rivojini kuzatishda chalkashliklarga uchrayverdim. Ikki hafta ichida besh-olti marta qayta-qayta boshdan boshlab o'qiyverib hafsalam pir bo'ldi.

Eng yomoni, pul, boylik deb bir-birining umriga tajovuz qilish, otib o'ldirish, birovning mol-mulkini zo'ravonlik bilan tortib olish, har narsadan shaxsiy manfaat ustunligi avj olgan voqealar yoritilgan asarlar yosh kitobxonga qanchalik manfaat keltiradi?! Ketgan vaqtimga achindim, ammo…

Aslida aytmoqchi bo'lganim, kitobning asl nusxasini o'qish kerakmi yo elektron nusxasinimi? — edi. Kitob muxlisni aslo tashlab ketmaydigan, xiyonatni bilmaydigan do'st, deb tariflashadi. Ammo uning ekrandagi nusxasi odamni tashlab ketishi mumkin ekan. Nima bo'lganda ham haqiqiy kitobni qo'l bilan ushlab, sahifalarini mehr bilan varaqlashga nima yetsin! Kitobning ham o'z isi bo'ladi. Xuddi mana shu ifor o'quvchini asarda tasvirlangan yangi olamga olib kiradi, voqealarni bo'y-basti bilan ko'z oldida gavdalantiradi.

Esimda, oilamizdagilar bilan ibratli, mulohazali kitoblar, davriy nashrda chiqqan maqolalarni ilinib, qo'lma-qo'l qilib o'qirdik. O'shanda bilgandim: telefondagi suhbat bilan asl diydorning farqi boshqacha ekanligini anglab yetgandim.

Siz-chi muhtaram muxlis, siz qanday kitob o'qish tarafdorisiz? Asarni qo'lingizda tutib, unda tasvirlangan voqealarni his qilib o'qishnimi, yo hissiyotdan yiroq programmalashtirilgan internetdagisinimi?

Kamoliddin RO'ZIMATOV,

O'zJOKU talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 11 =