Buyuk Bobur
Yangiboy QÖÇQOROV
Muallif haqida:
Yangiboy QÖÇQOROV — 1958 yili Qoraqalpoğiston Respublikasining Beruniy tumanida tuğilgan. ToşDU (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan.
Muallifning “Kökminorga qöngan quş”, “Burgutga boş egmagan bars” romanlari, bir neça dostonlar, şeʼriy, publitsistik töplamlar, jami 40 ga yaqin kitoblari çop etilgan. Ya.Qöçqorov tarjimasida Nobel mukofoti laureati S.Aleksiyeviçning “Uruşning ayolga yot qiyofasi” romani, V.Suminning “Sönggi va birinçi subhidam” (özbek razvedkaçisi haqida) romani, “Navoiydan savod oçdim” (qoraqalpoq şoirlarining şeʼrlari), Abay Qönonboy öğlining “Közimning qorasi”, “Qozoqning qirq oqinidan qirq ölan”, “Oqquv qanotiga qöngan ohanglar” (qozoq şoirlarining şeʼrlari) kitoblari naşr etilgan. Oşiq Erkin bilan birga 2 jildlik “Alişer Navoiy ğazallariga muxammaslar” kitobini naşrdan çiqargan. “Oy tegrasida yulduzlar” (Zulfiya haqida), “Kumuş çöqqi yoğdulari” (E.Vohidov haqida), “Doniş şoir dunyosi” (O.Pölat haqida), “Muattar mehr”(F.Usmon haqida) kabi esse kitoblari çiqqan.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi, Qoraqalpoğiston Yozuvçilar uyuşmasi raisi örinbosari, Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining Qoraqalpoğiston Respublikasi böyiça mintaqaviy bölimi rahbari.
Muallifdan:
Jahon tarixiga buyuk hukmdor va buyuk şoir sifatida kirgan Zahiriddin Muhammad Bobur töğrisida önlab badiiy, yuzlab ilmiy asarlar yozilgan. Şoh va şoir siymosining olmos qirralari oçib berilgan “Yulduzli tunlar” romani muallifi, ustoz adib Pirimqul Qodirov öz asarining töldirilgan naşriga 1999 yili yozgan sözboşisida “Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday çeksiz. Bu ummonda önlab, yuzlab adabiy kemalar suzişi mumkin.” , deb yozgan edi.
Yaşiradigan joyi yöq: bu muhim mavzu ummonida yana bir adabiy kema yelkan kötarmoqda. “Kökminorga qöngan quş” romanimda Olloqulixon davridagi yuksalişni, “Burgutga boş egmagan bars” romanimda qizil saltanat talvasasini tasvirlaganimdan keyin şoh va şoir siymosi köz oldimdan ketmay qoldi. Qolaversa Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining fidoyi rahbari Zokirjon Maşrabov har uçraşganimizda meni uşbu mavzuga undayverdi. Öylab qarasam, Pirimqul ustoz şöro zamonida öz romaniga “Bobur” deb nom ham qöya olmagan, asar çiqqaç taʼqibu tazyiqlarga uçragan, ammo boşqa jahongirlar haqidagi “Buyuk” nomi bilan atalgan romanlar ona tilimizda qayta-qayta bosilgan ekan. Beadad iftixor bilan “Buyuk Bobur” deb atagan asarimda şoh va şoirni öz zamonasining jöğrosiyosiy qiyofasi bilan uyğun tarzda tasvirlaşga harakat qildim. Romanda nafaqat temuriylar va ularning davomçisi bölgan Bobur hazratlari, balki ön oltinçi asrdagi boşqa saltanatlar taqdiri orqali öşa davr diplomatiyasining nozik qirralarini oçib berişga urindim. Asarning öziga xosligi şundaki, u bundan oldin şu mavzuda yozilgan birorta romanga öxşamaydi. Hali asar oxiriga yetgani yöq. Ammo buyuk davlat arbobi va buyuk şoirning tavallud kuni arafasida muştariylarni uning bir bobi bilan taniştirişga jazm etyapmiz.
Buyuk Bobur
(şu nomdagi tarixiy romandan parça)
Hijriy 934, melodiy 1527 yil oxirlab borayotgan, iliq qişning saxiy quyoşi Agra va uning atroflarini hayotbaxş nurlari bilan siylayotgan kez. Hindistonning uçinçi, oromijon faslidagi ajoyib kunlarning biri. Ibrohim Lödiyning Panipat jangidagi muqarrar mağlubiyatidan keyin Bobur mirzoga tik boqadigan hukmdor yo laşkarboşi qolmadi bu mintaqada. Sulton Ibrohimga çorak asr dorussaltanat bölgan Agra endi Buyuk Temurning evarasi Bobur podşohning poytaxti. Ön ikki yoşidan toj kiyib, ne-ne jangu jadallar, ne-ne maşaqqatlarni körgan Bobur mirzo Agraga qutluğ qadamini qöyişi bilan öziga va mulozimlari oldiga beş muhim vazifa qöydi. Birinçisi Agraning poytaxt maqomiga yaraşa muhtaşam va muazzam bölişini topşirdi. Ammo hukmdorga oltin saroy quriş barobarida oddiy xalqning taqdiri, usti but, qorni töq, turar joyi şinam bölişi közda tutilsin, dedi. Hukmdor ovozini baland qöyib aytdiki, şu yurtda yaşaydigan har bir fuqaro, qaysi millat, qaysi mazhabga mansub bölişidan qatʼiy nazar bizning jigarimizdur, jigarga esa mehru muruvvat körsatmoq, yiqilganni turğazmoq, boquvçisi yöqning boşini silamoq şart. Ikkinçi muhim vazifa deb zilol, musaffo obihayot yaʼni oğiz hamda oqar suvni möl qilişni belgiladilar. Buning uçun Jamna daryosiga ulkan çarxpalaklar örnattirdi. Uçinçi vazifa beqiyos boğlar yaratişdan iborat böldi. Bobur mirzoning özi qarorgohi oldiga eng noyob mevali va manzarali daraxtlarning köçatlarini ötqazdi. Köçatlarga suv quyar ekan, uluğ Xöja Ahror Valiyning karomatli sözlarini esladi. Suv köpaysin deb zulhijja oyining öninçi kunida qurbonlikka tuya söydirdi. Xoja Kalon “Sigir söyaylik!” degan edi. Lekin podşoh uning taklifini rad etdi. Xoja Kalonning Hindistonni xuş körmay qolganini sezgan edi. Törtinçi topşiriq ilmni har tomonlama rivojlantirişni közda tutiş böldi. Hukmdor xazinaning bir qismini maktab va madrasalarga sarflaşni buyurdi. U yurtda mavjud saltanatlar hukmdorlaridan köpçiligi musulmon edilar. Beşinçi yeçim tijoratçilarga keng yöl oçib beriş böldi. Albatta harb işlari, kemasozlik işlari hukmdorning diqqat markazidan foriğ bölmadi. Maşvarat çoği hukmdor: “Saltanat va jahongirlikka qurol-yaroğ va aslaha-anjomsiz erişib bölmaydi. Podşohlik va amirlik navkar va mulksiz mavjud bölolmaydi. Neça yillar harakat qilib, maşaqqatlar çekib, uzoq yerlarni bosib ötib, laşkar tortib, özimizni va laşkarni jang va ölim xatariga soldik. Tangrining marhamati bilan şunça köp duşmanni yengib, bunday katta mamlakatni egalladik. Endi esa qanday kuç va zaruriyat munçalar jon tortib olgan yerlarimizni heç bir sababsiz taşlab ketişga majbur qilmoqda. Kim bizga xayrxoh bölsa, bundan keyin bu kabi sözlarni aytmasin, kimki toqat qilolmay ketişni niyat qilgan bölsa, ketsin, ketgaç, qaytib kelmasin!” Xoja Kalon Ğaznaga jönadi. Köp ötmay unga qisqa fursat içinda Agra, Dehli eli şod, xurram, Hindiston obod, körkam bölganini aytdilar. U yana öjarlik bilan “Siyohröy şavam, gar havoi Hind kunam” yaʼni “Hindistonni qayta havas qilsam, yuzim qaro bölsin!” deb javob qaytardi.
Hukmdorning beşinçi amri köplar qatori agralik örtahol tijoratçi Xavin Niruga qöl keldi. Bobosidan meros qolgan kiçik karvonsaroyni taʼmirlab, oddiygina, lekin saranjom-sarişta mehmonxonaga aylantirdi. Barça asl agraliklar kabi bir quloği kemtik Xavin Niru ham aqrabdan keyingi iliq quyoşni xuş körardi. Kim Agrada yaşayotgan yoinki Hindistonning bu gözal şahriga köp qatnab yurgan bölsa yaxşi biladi: hutdan keyin qirq darajadan oşgan issiq may oyida eng yuqori “çöqqisi”ga çiqadi, iyun bilan iyulda ham jazirama zabtidan tuşmaydi. Asad va sunbulada issiq susaygani bilan qattiq musson şamoli essa bormi, oxirzamon keldi, deyavering. Bu dunyoning betakror behiştida közingizni oçolmay qolasiz. Bol tomib turgan boğlar tözon bilan töladi. Axir bu boğlarda oğzingizda erib ketadigan anjirlar, pişloq taʼmini beradigan nöni, bodringga öxşaş, ammo şirin quruba, qizil qalampirni eslatadigan, ammo mazali çampu, ajoyib keyla(banan), mağzi totli noranj (apelsin), olçaga öxşaş paniyala ösadi. Xurmoni-ku aytmasa ham böladi. Öşa Hind zaminini juda yomon körgan Xoja Kalon bir noranj daraxtida yetti ming meva sanagan ekan. Hukmdorning kindik qoni tomgan “zodi budi” — Andijonni mustasno qilganda bundayin jannat yurt yana qayda bor?
Yilning oxiri — Agrada jonning rohati, tanning faroğati. Bugun Yaratganning xuddi şunday gözal kuni. Karvonsaroyning egasi Xavin Niru tuşlik qilgaç töygunça “lassi” içimligidan isteʼmol qilgaç (Quyoş va olov bayrami “Divali” bayramidan buyon bunday totli içimlik simirmagan edi), olam taşvişlarini unutgança oftobröyaga qöyilgan örindiqda orom olardi. Uning şirin uyqusini şahar yaqinidagi örmondan eşitilgan arslonning oç ökirigi buzdi. U erinib közlarini oçdi-da, xizmatkori Onnopuriga uç mehmonga tegişli tulporlarning tuyoqlarini tuşovlab, otxonaning eşigiga mustahkam tamba urişni buyurdi. Agraning uy hayvonlari sotiladigan bozorida bir uçqur tulporni puliga fil xarid qilsa böladi. Öğri qarisa yolğonçiga, burgut qarisa siçqonçi yaʼni yapaloqquşga aylanişi mumkin-da.
— Uç mehmon ham bozorga ketdimi? – söradi Niru özidan boşqa har qanday odamning oldida gung va soqovga aylanadigan Onnopuridan. Onnopuri özini gungga solib, soqov körsatib karvonsaroydagi, mahalladagi va bozor rastalaridagi savdogaru xaridorlarning oğzini poylar, Xavin Niruga yetkazgan xabarlari uçun alohida maoş olar edi. — Qani, gapir, bu şovvozlar qayerdan keldi, qayerga boradi, maqsadi nedur?
— Çağoniyondan keldim, degan mehmon, aslo u yerlik ermas. Men çağoniyonliklarning zabonini yaxşi bilurmen. U asli andijonlik. Bozorga ketganidan keyin laş-luşlarini tintib körsam, bir tugunda oğir narsa bor ekan. Beş marta öralgan bu oltin emas Andijon qovuni erkan. Men Andijon qovunini yaxşi bilamen. Uç marta yeb körganmen. Demak u yangi podşohning huzuriga kirmoqçi. Ikkinçi mehmon Karbalodanman, deb töğri aytibdi. Kiyimi ham, talaffuzi ham, karbaloliklarga öxşaydi. Söziga şeʼriy misra qöşadi. Esingizdami, yangi podşohning holi tang bölganida fors şohi joniga oro kirgan, degan erdingiz. Ul hukmdor şeʼr yozmasmidi?
— Yozardi. Şoh Ismoil bizni bosib olgan temuriy hukmdorni qattiq qöllab, uning ota duşmani bölgan Şayboniyxonni öldirib, boş suyagiga oltin qoplatib may içgan. Şayboniyxon qança podşohni mağlub etgan edi. Lekin Ismoilning atalasidan çiqqan suyak uning tişini sindirdi. Şoh Ismoil haqiqatan ham şoir ekan. Devonlari bor ermiş. Lekin bir-ikki yil oldin u vafot etdi. Örnida hozir öğli şoh ermiş. Xöş, bisotinda qölyozmalar bormi?
— Şundoq. Balki bu öşa eron şohining bizdagi temuriyga maktublaridir. Siz juda qalin döst bölişgan dedingiz-ku!
— Siyosatda qalin döst böliş mumkin emas. Faqat saltanat manfaatlarini öylamoq lozim. Ularni umumiy duşman birlaştirdi. Totli suv toşdan çiqadi. Agra sultonligini hozirgi temuriydan oldin ön bir podşoh boşqardi. Dehliga ön, Gujarotga ön ikki sulton egalik qildi. Ayrilganni ayiq yeb har qaysisi öz yölidan ketgaç, mana, kamoni yöqning oldidan çiqqan kiyikdek yot podşohga qaram bölib ötiribmiz. Sulton Ibrohimning yuz ming askarini temuriy podşohning ön ming navkari yer bilan teng qilsa-ya. Aybini bilgan avliyo deydilar. Ön askarimiz bir andijonlikka bas kelolmaganimi bu? Tentaklar tuqqan yerini tanimagani emasmi bu? Arpa yemagan ot ajriqqa zor böladi. Arslon kuçdan qolsa yumronqoziqning ini köziga koşona bölib körinar ekan. Özimizning mehmon ne maqsadda Agraga kelibdi?
— Keça hujrasiga taom olib kirganimda hozirgi podşohimizni rosa qoraladi. Meni gung deb öylab, “Akamning öçini olaman. Köksiga xanjar sançmasam, Dudu otimni boşqa qöyaman!” deb qasam içdi. Menimça qurol-yaroğ sotib olgani ketdi-yov. Balki bozordan töppa-töğri podşoh saroyiga boradimi?
— Senga qatʼiy topşiriq bor, — dedi quti uçib ketgan Xavin Niru. – Yerning tagidan bölsa ham öşa ahmoqni topib keltir. Podşoh saroyiga borsa, u qasoskorning boşi ketadi. Sening xabaring yöq: bir neça oy avval temuriy podşohni zaharlaşgan, ölim töşagida yotgan edi. Şundan buyon xavfsizlik çoralari kuçaytirilgan. Har bir teşikka soqçilar qöyilgan. Yerli xalq ham dasturxonida non köpaygani uçun podşohga moyil bölib bormoqda. Zulm va zöravonlikka çek qöyilmoqda. Şu bois u galvarsning qölga tuşişi aniq. Qölga tuşsa meni ham, seni ham, qayerda tunaganini ham aytib beradi. Boşimiz baloga qoladi. Bilasan, Jamnaning u sohilidan uy qurib boşlaganman. Özimga emas, yakka-yu yagona öğlimga. Men yoşimni yaşab, oşimni oşadim. Bolning tagi, sutning yuzi şirin ekanini unutma. Inson bu dunyoga kelib özidan farzand, imorat, boğ qoldirişi kerak ekan. Uy bitsa ikkimiz boğ ekamiz. Törtinçi meros kitoblar ekan. Temuriy podşoh kitob yozar ekan. Bozorda eşitdim bu gapni. Bir boqqol podşohning:
Bud çande maqomi Çanderiy,
Pur zi kufforu dorulharbiyu zarb.
Fath kardam ba harb qalʼai ö,
Gaşt taʼrix: “Fathi dorulharb” degan şeʼrini yodlagan ekan. Men ham yozib, olib yodladim. Toğ toğ bilan uçraşmaydi. Ammo odam u podşohmi, gadoymi, bir-biri bilan uçraşişi mumkin. Bir kuni temuriy podşoh bilan yuzma-yuz kelsam, mana bu şeʼringizni bilaman, deb yoddan öqib beraman. Maʼnosini tuşundingmi?
— Tuşunmay ölibmanmi? Çanderiy siz bilan menga öxşagan kofirlarga maskan edi. Men ularni tor-mor qilib, qalʼasini qölga oldim, deyapti. Siz uni maqtayapsizmi?
— Yöq, şunçaki huşyor bölişimiz kerak, dedim, Onnopuri. Kerak kezda kallani işlatmasang, kallangdan ayrilib qolişing mumkin. Oçiğini aytsam, avvalgi podşoh davrida ham yeganimiz şinni bölgani yöq. Boj-xirojdan qaddimiz bukilib qolgan edi. Mana, unning narxi, göştning narxi tuşdi. Bizni zab etgani haq. Lekin u faqat özini öylayotgani yöq. Yonidagi eng işonçli badavlat kişilarni Agra qurilişiga sarmoya berişga köndiribdi. Biz eng, avvalo, özimizni öylaylik. Tuyani şamol uçirsa eçkini osmonda kör, deydilar. Xullasi kalom boşimiz baloga qolmasin, karvonsaroyimiz kuyib kul bölmasin, desang, oyoğingni qölingga olib bozorga çop. Qasoskorni topib kel. Uning qasosi bizga qimmatga tuşişi mumkin. Yugur, baraka topkur!
Yuz berişi mumkin bölgan suiqasddan qörqib qolgan Xavin Niru öta ayyor odam edi. U Agrada yuz bergan köp voqealardan boxabar bölib, xizmatkori Onnopuriga aytgan hukmdorni zaharlaş voqeasi haqiqatan ham hijriy 933 yilning rabi ul-avval oyi ön oltinçi yaʼni juma kuni, melodiy 1526 yilning 16 dekabrida Panipat jangida tor-mor etilgan Ibrohim Lödiyning onasi Buʼa tomonidan taşkil etildi. Bu voqeada Bobur mirzo hazratlarining nihoyatda köngli toza inson bölgani öz isbotini topdi. Zero, podşoh sobiq sultonning köplab oşpazlari orasidan törttasini tanlab asl hind taomlari buyurdi. Qasoskor Buʼa oşpazlar nazoratçisi Ahmad çoşnigir(sardor maʼnosida)ni qölga olib, zahar beribdi. Juma kuni keçqurun asr namozidan söng quyon göştidan tayyorlangan tansiq taomni podşoh dasturxoniga tortdilar. Hukmdor iştaha bilan taom yedi. Taomning qaylasini maqtadi. Ammo köngli behuzur bölib, qusa boşladi. Hukmdorga Alloh noyob aql va idrok bergan edi. Uning amri bilan qusgan çoği tuşgan quyon göşti burdalarini itga taşlatdi. It behuş böldi. Darhol xoin oşpaz şafqatsizlarça jazolandi. Qasoskor ayol Abdurahim şiğovulga topşirildi. Buyuk Bobur şu qadar olijanob, keçirimli hukmdorki, zahar bergan kampirning nevarasi, Ibrohim Lödiyning öğliga şikast yetkazmasdan Agrada uşlab turgan edi. Zahar voqeasidan keyin “Meni zaharlagan şafqatsiz ayolning nevarasini köz oldimda uşlab turişimga bardoşim yetmaydi” deb sultonning öğlini Mullo Sarson orqali Komron mirzo huzuriga jönatdi. Mullo Sarson yaxşi odam bölib, Komron mirzoning mulozimlaridan biri edi. Hukmdorning öz huzurida ham ismiga Mullo sözi qöşilguvçi mulozimlar oz emas. Mullo Alixon şoh yozgan şeʼrlarni tinglab, fikrlarini aytadi. Mullo Abdurahmon islom taʼlimotidan söz yuritadi. Mullo Dovud degan navkar köp bor hukmdorga sodiqligini amalda körsatgan. Mullo Abdulloh ersa podşohga kitob tanlab beradi. Mirzo Mullo Yorakdan musiqa sirlarini tinglaydi. Mullo Murşid esa Bobur mirzo tomonidan bir neça hukmdorlarga elçi qilib yuborildi. Juda köp hollarda u oqil elçi ekanligini isbotladi. Lohurda Davlatxon bilan öta ustalik bilan muzokaralar olib bordi. Albatta, bu hol Davlatxonga yoqmagaç, uni Dehliga ötkazmadi. Balki Mullo Murşid öşanda Ibrohim Lödiyga Bobur mirzoning xatlarini olib borganida, baʼzi siyosiy voqealar boşqaça tus olgan bölurmidi?
Xavin Niru omi odam emas edi. Biharlik toğasi Madxavan Sumati öta zukko, bilimli tarixçi bölib, bir neça marta andijonlik podşoh haqida gapirib bergan, toj egasi otasi Sulton Umarşayx mirzo, bobosi Sulton Abusaʼid mirzo, katta bobosi Sulton Muhammad mirzo hamda bobokaloni Mironşoh Mirzo orqali Buyuk Sohibqiron Amir Temur hazratlariga kabirai arjumand, ona tomondan çingiziy xonlarga tuğişgan jiyan ekanligini, 12 yoşida otasi olamdan ötgaç Farğona hukmdorligini, bir neça marta temuriylar taxtini qölga olganligini aytib bergan edi. “Siyosiy iroda borasida Zahiriddin ibn Umarşayx podşohga teng keladigan hukmdor yer yuzida barmoq bilan sanarlikdur, — degan edi Madxavan Sumati. — Amir Temurning buyukligi şundaki, u dunyoning qariyb yarmini egallab, öz saltanatini metindan qattiq muşti, zulfiqor qiliçi va beqiyos bilimi, ham amaldorlarni, ham avomni qöllaşi bilan oqilona boşqardi. Albatta, sen hurmatli jiyanim, “Nega endi şunday uluğ saltanat tez parçalanib ketdi?” deb sörarsen. Amir Temur olamdan ötgaç, uning saltanati 14 podşohlikka bölinib ketdi. Ön tört podşohdan biri Umarşayx erdi. Yana takror eturmen: Zahiriddin öz bobolari va otasi kabi davlatçilik tizginin yuksak siyosiy iroda birla qölga olişi, harb sanʼatindagi yuqori salohiyati, xalq farovonligini taʼminlaşdagi ezgu amallari, adabiyot, fan, sanʼat va meʼmorçilik taraqqiyotiga berayotgan eʼtibori, davlatlararo munosabatlardagi oqilona tadbirlari bilan yuqori obrö qozondi. Uning şoh Ismoil Safaviy bilan tuzgan ittifoqi uning özini ham, temuriylar saltanatini ham muqarrar halokatdan saqlab qoldi. Zero, Şayboniyxon bu buyuk saltanat ustiga quyundek bostirib kirgan erdi. Tasodifni qaragin, jiyan: Şayboniy ham, şoh Ismoil ham, podşoh Zahiriddin ham iqtidorli şoirlardur. Şoirlik bilan qalʼani zabt etib bölmaydi, ammo qalblarga yöl topiş mumkin. Zahiriddin harbiy taʼlim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini yaxşi biladi, köplab tarixiy va adabiy asarlarni mutolaa qilgan. Hind falsafasiga qiziqyapti, deb eşitdim. Ilm-fanga, şeʼriyatga mukkasidan ketgan şaxs. Dovyurakligi va jasurligi, yölbars ovlagani uçun u yoşligidan “Bobur” (“Şer”) laqabini olgandur. Uning boş maqsadi bobokaloni Amir Temurning poytaxti Samarqandni egallaş, Movarounnahrda markazlaşgan kuçli davlatni saqlaş, mustahkamlaş hamda ulkan saltanatni qayta tiklaş erdi. Ul bunga erişa olmadi va nigohini avval Ğazna va Kobul yeriga, söng bizning Hindistonga qaratdi. Kobulda bajarilgan bunyodkorlik işlariga, bunyod etilgan boğ-roğlarga havas qilmaslikning iloji yöq. Albatta, jiyanim öz yerimiz, öz tuproğimiz bizga jondan ham aziz. Lekin bu podşohning buyukligiga şubha bilan qaraş ham gödaklik xulosasi bölgan bölar erdi. Haqiqatning köziga tik boqişimiz lozim. Qaragin, bizning qudratli, boy Hindiston neça bölakka bölinib ketgan? Har bir roja özini Iskandar Maqduniy hisoblaydur. Ammo Bobur burgutning oldida ayrimlari oddiy çumçuq ham bölolmas. Eng muhimi, tinçlik bölsin. Uruş kulfat yomğiridur. U şohning ham, gadoning ham boşiga musibat toşlarini yoğdiradir!”.
Xavin Niru köp narsani bilardi. Ayni çoğda köp narsadan bexabar edi. Vale Yaratgan Egam muqaddas Qurʼoni Karimda bir oyatiga “Ey bandam sen keçasi şirin uyquga ketursen. Ammo tongda uyğonganingda ne bölişini bir men bilurmen” degan mazmunni singdirgan. Onnopuri xavfli mehmonni topib keladimi, keçasi ne voqealar yuz beradi, ertaga nimalar böladi? Bir rupiyasini ikki qiliş ilinjida yurgan Xavin Niruning boşiga ne savdolar tuşur? Buni faqat Parvardigor bilur. Alhamdulillahi rabil alamin!
