Bodil

Ulug' Navoiyning ustozi Abdurahmon Jomiyga sadoqati xususida

 

Atoqli adabiyotshunos olim, akademik Azizxon Qayumov maqtovga, biror insoniy fazilatlari e'tirof etilishiga rag'batlari yo'q kishi edi. Shunday payt­larda rahmatli atay gapni ilmiy munosabatga burardilar. O'zlari ham ustozlari, zamondosh hamkasblari haqidagi maqolalarida ularning faqat ilmdagi yutuqlarinigina e'tirof etganlar. Keling, rahmatli ustozni “ilm tili”da xotirlasak — siz aziz mushtariylarimizga bir ilmiy-tarixiy xarakterdagi asarlariga oid maqolani havola etsak.

Aziz Qayumov Jomiyga bag'ishlangan “Nazm va tafakkur quyoshi” kitobida “Tuhfat ul – ahror” asari tahlili davomida serzavq kitobxonga nisbatan “bedil”ga qiyo­san “bodil”so'zini ishlatadi. Olim demoqchiki, A.Jomiy va uning izdoshlari qatori ularning ijodiy olamiga yaqinlasha olgan, undan bahra ola bilganlar ham bodildirlar.

Risolaning ilk maqolasi “Yangi asar” deb nomlangan. Bu nom Jomiyning “Tuhfat ul-ahror” (“Erkinlarga tortiq”) asariga ham, Navoiyning “Hayrat ul-abror” (“Yaxshilarning hayrati”) dostoniga ham daxldor.

Ulug' Jomiy benazir shogirdiga o'qib, fikr bildirishi uchun asarini bergan. Navoiy uni o'qib shunday ta'sirlanadiki, u asosda doston yozadi. Olim kuzatuvida Jomiyning ulug'vorligi Navoiy nazdida yanada yuksaklikka ko'tariladi: “Kichik bir tom ostida butun bir jahon berkingan, uning oti Jomiy” yoki “Gulning yaqin hamrohi tikan emasmi? Yuksak osmonda quyosh paydo bo'lgach, uning nurlari hammadan oldin tuproq ustiga tushmaydimi?”.

Navoiy ustozi Jomiyni gul, o'zini esa uning yonidagi tikan hamda ustozini — Quyosh o'zini esa uning nurlari tushgan tup­roqqa o'xshatgani aytiladi.

Akademik A.Qayumov tahlillari ham ikki alloma shoirning bir-birlariga ijodiy ta'sirlari doirasida amalga oshiriladi: masalan, Jomiyning “Yusuf va Zulayho” dostonidagi Yusuf akalarining zulmidan emas, o'smirligida o'z husniga mahliyo bo'lganligi uchun Yaratgan uni obdon sinaydi. Zulayho ham eriga nisbatan xiyonatkor emas. U Yusuf egallashi kerak bo'lgan — cho'qqi. Navoiy ham “Yusuf va Zulayho” dostonida ana shu g'oyaga suyangan. Ustoz va shogirdning xalq tili va yozma adabiyotida mavjud syujet asosida yozgan asarlari shu jihati bilan boshqa yozma adabiy nusxalardan ajralib turishi asos­lab beriladi.

“Nazm va tafakkur quyoshi”da shunday ma'lumotlar borki, olim ko'zlagan mavzusini yoritish uchun har safar Navoiy asarlarini qayta varaqlab chiqqanligi ko'rinadi. Ya'ni, u Navoiyning olti asari — “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayratda qoldiruvchilar”), “Xamsa”, “Majolis un-nafois”, “Nasoyil ul-muhabbat”, “Munshaot”, “Mahbub ul-qulub”da Jomiyga daxldor ma'lumotlar borligini aniq ko'rsatadi.

Shuningdek, A.Qayumov Jomiyning “Sibhat ul-ahror”, “Tuhfat ul-ahror” asarlari nafaqat syujet qurilishi jihatdan tasavvuf tarannumi bilan ham bir-biriga yaqin turishini isbotlab berarkan, nazariy fikrlarini Jomiy asarlarida keltirgan hikoyat va rivoyatlar bilan jonlantirib boradi. Chunonchi, olim saxovat tamadan tamomila xoli bo'lishi haqdagi mulohazalarini shunday hikoyat orqali bildiradi: “Bir mo'min mo''tabar deb bilgan kishilarni tuya so'yib mehmon qiladi. Bir muddat ish bilan chiqib qayt­­sa, mehmonlar ketish taraddudida. Qarasa, xontaxta ustida tilla tanga to'la hamyon. Mezbonning jahli chiqadi. Dildan chiqqan mehmondorchiligiga javoban savdogarlarcha munosabatda bo'lganlarning oldiga hamyonni uloqtiradi”. Hasad avvalo insonning o'zini kemiruvchi qumursqa hissiyot ekanligi, bunday illat egalariga qarshi chiqish ularga o'zingni tenglashtirishday gap, mazmunidagi mulohazasini asoslovchi masal keltiradi: “Toshbaqa suv qushlari bilan do'stlashadi. Qushlar bosh­­qa yurtga uchib ketishayotganda yaqinlaridan ajralgisi kelmay, o'zini birga olib ketish­larini so'raydi. Ikki qush bir cho'pning ikki chetidan, toshbaqa esa cho'pning o'rtasidan tishlagan holda uchib ketishayotganda, kimdir pastda “Qaranglar, toshbaqa qushlar bilan juftlashibdi” deya ularning ustidan kuladi. Shunda toshbaqaning jahli chiqib, jahonda hosid ko'r bo'lsin, degan ekan, pastga tushib ketadi”. Odam bolasi barcha yutuqlarga o'zi erishishi kerakligi, eng avval o'ziga ishonib bir ishga qo'l urishi lozimligi haqdagi fikrdan so'ng quyidagi rivoyatni keltiradi: “Bir hokimning o'g'li otasining baland martabasidan mag'rurlanib yurarkan. Bir kuni ularning hududidan yaqinlari qurshovida savlat va dabdaba bilan podshoh o'tib qolibdi. Buni ko'rgan haligi bola otasiga, shon – shuhrat shunaqa bo'ladigan bo'lsa, bizning oddiy fuqarodan farqimiz yo'q ekan -da, debdi”. Befarosat, laqmalar haqdagi munosabati shunday hikoyat bilan to'ldiriladi: “Befahm, laqma musofir ro'paro'sidagi do'kon ichida turgan xontaxtada nonni ko'rib, kirib nonni yeb oladi-da choponini yechib xontaxta ustiga cho'zilib yotadi. Kelib qolgan do'kon egasining ensasi qotib, bu yerda uxlama, hademay soqchilar kelib qolishadi, ular tentirab yurgan eshaklarni yig'ib, olib ketayaptilar, ularga og'ir yuklar ortib, kuni bilan ishlatishadi, seni ham olib ketish­lari mumkin, deydi. Lafziy istehzoni ang­lamagan laqma do'konni tark etadi. Borib shahar minorasiga berkinadi. Bir vaqt tashqarida shovqin eshitiladi. U, haligilar eshaklarni olib ketishayapti, deb o'ylaydi. Va shovqin kelgan tomonga qarab baqiradi: “Men bu yerda yo'qman!”.

Inson hayotini qamrab olgan murakkab­lik oldida haddan tashqari soddalik ham bechoralik ekanligi haqda ham olim o'ziga xos fikrlarni bayon etadi va bir hikoyatni keltiradi: “Sahroyi, nihoyatda sodda odam shaharga tushadi. Tiqilinch, shovqin-suronli bozorda esankirab qoladi. To'polonda o'zimni yo'qotib qo'ymog'im hech gap emas, deb qopidan bir qovoqni olib oyog'iga bog'laydi va bir xoli joyda uyquga ketadi. Qovoq o'zligining belgisi edi. Bir hazilkash qovoqni uning oyog'idan yechib olib o'zinikiga bog'lab qo'yadi va uning yoniga cho'ziladi. Sahroyi uyg'onsa, oyog'iga bog'langan qovoq yo'q. U boshqanikida osilib turibdi. Shunda sahroyi uning oldiga borib so'raydi: “Sen menmisan?!”. Hazilkash ma'qullab bosh silkitibdi. Sahroyi bundan ajablanib degan ekan: “Unda men kimman?”.

Ustoz Aziz Qayumov fikrini asoslash uchun Jomiy keltirgan hikoyat va rivoyatlardan foydalanganligining sababi, risolaning ma'rifiy ahamiyatini oshirish hamda Navoiy va Jomiy asarlarining bu jihatdan ham farqini ko'rsatish bo'lgan.

Risoladagi “Lutfiyning vasiyati” maqolasini o'qib, avvaliga olim nega bosh­­qa mavzuga o'tib ketdi, deb o'ylaysiz. Keyin bu ham ilmiy asosga ega ekanligini bilasiz. Ya'ni, Navoiy Jomiyni ustoz sifatida qanchalik e'zozlagan bo'lsa, vaqtida Jomiy ham Lutfiyni shu darajada hurmat qilganligiga ishora qilarkan, odam bolasi duo olsagina duo qiladigan darajaga yetishishi mukin, degan g'oyani ilgari suradi. A.Qayumovning bayon qilishicha, Lutfiy shogirdlarining biriga g'azalining bir matlai (birinchi bayt)ni yozganligi, qariligi pand berayotganligi tufayli uni Jomiy davom ettirishi kerakligini tayinlaydi. Baytning ma'nosi: oshiq ishqi shunday badfe'l, mehrsizga tushgandan ko'ra, Chin kofiriga tushgani yaxshiroqdir.

Jomiy bayt asosida go'zal g'azal yozadi va uni o'z devoniga kiritadi. Unda shunday durdona fikrlar mujassam: quyosh turgan yerga o'ralashaverma, o'shanday balandlikdan yerga tushgani hayf ketmasin, egma qosh­laring biz uchun huzur mehrobi bo'ldi, ular bizning xatolarimizni ko'zda tutib chimriladilar…

Umuman, A. Qayumovning “Nazm va tafakkur quyoshi” risolasi ilmiy-ommaviy, madaniy-ma'rifiy yo'nalishda mustaqilligimizning dastlabki yillaridan bosh­lab kitobxonlarga ma'naviyat eshiklarini ochib keladi.

Ilhom AHROR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × one =