Gazetalardan voz kechish qimmatga tushishi mumkin

Zamonaviy ta'lim bilim, ko'nikma, malaka bilan birga ijodiy qobiliyat (kompetentlik)ni shakllantirishni ham taqozo etadi. Bu esa bo'lajak mutaxassislarning voqelikka plyuralistik qarashlar asosida mantiqiy fikrlash, tanqidiy yondashuv, qiyosiy tahlil san'atini egallashiga xizmat qiladi.

Ilm olish, o'qish, o'rganishning o'zi qunt, sabr-chidam, mashaqqat. O'rgatish esa bu jihatlarni o'n hissa qiyinlashtiradi. Dars jarayonlarida o'qituvchi, murabbiylar yoshlarga fan doirasida bilim beradi. O'z navbatida ularni mustaqil o'qishlari, izlanishlari uchun ko'nikma hosil qilishi ham shart. Shundagina yosh avlod o'zi o'qib, izlanib, malaka oshirib boradi. Mana shu uchala komponent shakllangan insonda ijodiy qobiliyat (kompetentlik) vujudga keladi. Pirovardida ta'lim tizimida ko'zlangan maqsad yoshlarimiz voqea-hodisalarni tahlil qilib, mantiqiy fikrlab, tanqidiy yondashib, to'g'ri xulosaga keladigan salohiyatli kadrlar bo'lib yetishadilar.

Biz bugun ta'lim jarayonida maqsadni yuqori qo'yganmiz-u, lekin vazifani to'g'ri belgilay olmayapmiz, nazarimizda. Buni so'nggi yillarda maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim dargohlariga kirish test jarayonlaridagi olayotgan ballaridan ham bilsak bo'ladi. Zamonaviy testlar jamlanmasi oddiydan murakkabga, tahlillash san'atiga, mantiqiy fikrlashga asoslanganligini inobatga olsak, yoshlarimizda bu jihatlar yetishmayotganligi oydinlashadi. To'g'ri, test savollarining pala-partishligi, mantiqdan yiroqligi, “oyog'i osmondan” bo'lib yotgani ham bor gap. Bu haqda ham ko'p aytiladi. Lekin baribir oliy ta'lim dargohida o'qish uchun hujjat topshirayotgan yoshlarning aksariyati, ming afsuski, hamon alifni kaltak deb yurgani ham sir emas. Shunday ekan, yurtimizning 14 ta hududidan 9 tasida 2022-2023 o'quv yili uchun OO'Yulariga kirish testlaridan 50 foiz abiturientlar qoniqarsiz ball olganligi, 2023-2024 o'quv yilida esa 8 ta hududda bu ko'rsatkich qayd etilganligi har birimizni o'ylantirishi lozim.

Ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanish tendensiyasi gazeta va jurnallarga fuqarolarning, tashkilot va korxonalarning obuna bo'lishiga to'sqinlik qilmoqda. Albatta, axborotlar oqimi kuchaygan davr, ijtimoiy tarmoqlar orqali yangilikdan o'z vaqtida xabardor bo'lish yaxshi. Biroq odamlarimizning unga tobeligi oqibatida gazeta, jurnal, kitob o'qimay qo'yishi achinarli hol. Bu esa yoshlar dunyoqarashiga o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatib qo'ydi.

Gazetalarga obuna bo'lish qanday ijobiy samara beradi?

Kitobning inson va jamiyat hayotidagi o'rni bemisl, albatta. Biroq gazeta va jurnallarning kitobdan farqi shundaki, kitoblar muayyan muallifning fikr-mulohazalarini ifoda etadi. Gazeta va jurnallar bir vaqtda bir qancha muallif va qisqa voqeliklar, tahlillar, xabarlarni o'zida aks ettirish orqali ularni o'zaro taqqoslashga, tahlilga undaydi. Natijada inson tezkor fikr yuritish, yoritilgan ma'lumotlarni qiyosiy tahlil qilish, mulohazalarini bildirish bilan bir vaqtda turli qarashlar negizida tafakkurlash doirasi kengayib boradi. Buni barchamiz bilamiz, biroq aksariyatimiz va ayniqsa, ayrim bilimdonlar buni tushunishni xohlamayapmiz.

Taklif va tavsiyalar

Ijtimoiy muhitda aksariyat tashkilot va korxonalarning gazetalar bilan hamkorligi yaxshi yo'lga qo'yilmagan. Ular qachonki bosma nashrlarda maqola chop ettirishi lozim bo'lib qolgandagina gazetalarni eslashadi. Bo'lmasa, yo'q. Jamiyat hayotini tashkil etuvchi iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy-ma'naviy soha tashkilot va korxonalari gazeta va jurnallar obunasiga jiddiy e'tibor qaratishlari lozim. Negaki, bu sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar va xalqqa murojaatnomalar aynan gazetalar sahifalarida bosib chiqariladi. Aksariyat tashkilot va korxonalar “belgilab berilgan” nashrlargagina o'lganning kunidan obuna bo'lishadi xolos. Lekin har bir hududdagi murojaatlarga, avvalo, mahalliy nashrlar “labbay” deb javob beradi. Qachonki yuqori turuvchi rahbariyat bosma nashrlarda chiqish qilishni talab qilsa, gazetalar “kerak” bo'lib qoladi. Demak, biz ham fuqarolarimizdan shunday talab qilishimiz kerak. Lozim bo'lsa, ularga namuna bo'lishimiz, gazeta-jurnallar o'qish uchun imkoniyat, sharoit yaratib berishimiz shart.

Hozirda rahbarlar qabuliga borgan fuqarolar yoki mehmonlarga kutish joylarida qahva, choy damlab berishadi. Shu bilan birga gazeta, jurnallar qo'yilsa, bu kutgan odamlarda ham, mehmonlarda ham qiziqish uyg'otadi. Kutish asnosida yurtimizda olib borilayotgan islohotlardan yanada keng­roq xabardor bo'ladi.

Yurtimizda ko'plab sayilgohlar, dam olish maskanlari, bog'lar tashkil etilgan. Biroq aksariyat hollarda u joylarga borgan insonlarning shunchaki vaqtni o'ldirish, o'rindiqlarda bemaqsad o'tirishiga guvoh bo'lamiz. Shunday joylarda mahalliy hokimiyat organlari, tegishli tashkilotlar mutasaddilari tashabbusi bilan gazeta va jurnallar uchun maxsus joylar tashkil etish maqsadga muvofiq. Shunda fuqarolar to'laqonli madaniy hordiq chiqarishlari uchun zamin yaratiladi. Yuqoridagi qayd etilgan ishlarni amalga oshirish faqatgina tahririyat yoki mahalliy hokimlik­larning vazifasi emas. Ijtimoiy ongning yuksalishiga o'zini daxldor deb bilgan barcha odamlarga taalluqlidir. Aks holda, yildan-yilga tafakkurlashdagi evrilish progressga emas, regressga tomon harakatda davom etaveradi.

Ijtimoiy ongning rivoji uchun barchamiz birlashaylik! Shundagina “Biz bir bo'lsak, yagona xalqmiz, birlashsak, Vatanmiz” shiori amalda yanada o'z ifodasini topadi. Barchamiz xalqimizning buguni va kelajak uchun mas'ulligimizni unutmaylik.

O'ylab ko'ring!

Bahrom BOYMURODOV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − sixteen =