Sun'iy intellekt: Imkoniyat va tahdidlar
Keyingi paytlarda sun'iy intellekt mavzusi butun dunyoda keng muhokama qilinayotgan, kezi kelganda uncha-muncha shov-shuvlarga ham sabab bo'layotgan mavzuga aylandi. Ayniqsa, Amerikadagi zamonaviy texnologiyalar bo'yicha gigant kompaniyalar rahbarlarining yaqinda jamoaviy tarzda e'lon qilingan sun'iy intellekt ishlanmalarini vaqtincha to'xtatishga chorlovchi ochiq xati esa ko'pchilikni butkul esankiratib qo'ydi. Nahotki inson tomonidan yaratilgan sun'iy ong chindanam uning o'ziga tahdid soluvchi xatarnok kuchga aylangan bo'lsa?..
Aslida, bu savol anchadan beri bor edi. Gollivudda shu mavzuda ishlangan ajoyib-g'aroyib filmlarni muxlislar sevib tomosha qilishar, lekin deyarli hech kim ularni jiddiy qabul qilmas edi. Ne tongki, ayni vaqtga kelib jahonda sun'iy intellekt bilan bog'liq ishlanmalar aqlbovar qilmas natijalarni berayapti va hamon shiddat bilan rivojlanishda davom etmoqda. Sun'iy aql amalga oshirayotgan ishlar insonlarni hayratu hadikka solishdan to'xtamayapti. Haydovchisiz boshqariladigan mashinalar, virtual suhbatdoshlar, global qidiruv tizimlari, talabalarga kurs ishini beminnat yozib beruvchi “hojatbaror” chat-botlar… Bu ro'yxatni istagancha davom ettirish mumkin. Ular tobora raqamlashib borayotgan hayotimizning har jabhasida hoziru-nozir.
Xo'sh, sun'iy intellekt o'zi nima, uning foyda va ziyoni qanday? Undan shu qadar xavfsirashimiz o'rinlimikin? Eng asosiy savol – bu yangilik yoshlar hayotiga qay darajada ta'sir ko'rsatishi mumkin? Quyida shu kabi savollarga javob topishga harakat qilamiz.
Hech mubolag'asiz, bugun biz fantastik filmlarda tasvirlanganidek, uzoq kelajakda yashayapmiz. Atrofingizga bundoq nazar solsangiz, kundalik hayotingizdagi ko'plab vazifalarni bevosita yoki bilvosita texnologik uskunalar bajarayotganini ko'rasiz. Biron-bir ishni bajarish uchun qaysidir tugmachani bosishning o'zi kifoya. Chunki hozirgi zamonaviy elektron qurilmalarning barchasi sun'iy intellektning u yoki bu darajadagi ishlanmalari bilan jihozlangan.
Oddiyroq aytganda, sun'iy intellekt texnologiyasiga oid elektron qurilmalar odamzodning odatiy yumushlarini allaqachon o'z yelkasiga olgan. Bu texnologiya musiqiy pleylistdan qaysidir qo'shiqni sizga tavsiya qiladi, biron manzilga tez va oson yetib olish yo'lini ko'rsatadi. Bunga ham qanoat qilmay, o'zi turli ko'ngilochar o'yinlar, musiqiy asarlar “ijod qiladi”. Sizni qiynayotgan muammoni bartaraf etish bo'yicha binoyidek taklif va tavsiyalar ham beradi.
Albatta, sun'iy idrokning o'ziga xos afzalliklari bilan birga kamchiliklari ham bor. Yutuqlari haqida gapiradigan bo'lsak, ushbu “taraqqiyot mo''jizasi” bizning intellektimiz va qobiliyatimizni oshirishga xizmat qilishi mumkin. Asosiysi, u bizga kerakli ma'lumotlarni qisqa fursatlarda topish va turli vazifalarni bajarishda yanada samaraliroq bo'lish imkonini beradi. Shuningdek, sun'iy idrok orqali turli xil murakkab vazifalarni tez va oson bajarish mumkin. Bu esa odamlarga vaqtini tejash va o'zini qiziqtirgan narsalarga e'tibor qaratish imkonini yaratadi.
Bugun sun'iy intellekt hamma joyda hoziru nozir. Xususan, u internet, ijtimoiy tarmoq, aqlli gadjetlardan tortib, Siri, Alisa, Google assistant kabi personal virtual yordamchilar va boshqa ko'plab kundalik foydalaniladigan dasturlarda yetakchi. Hozirgi yoshlar Z va Alfa avlod texnologiyalari qurshovida ulg'aymoqda. Ha, ular o'zlari sezmagan holda sun'iy intellekt bilan qamrab olingan.
Albatta, smartfonlar, planshetlar, kompyuterlardan keng miqyosda foydalanish natijasida yoshlar sun'iy intellekt bilan yetarli darajada tanishishga ulgurishgan. Internetdan multfilmlarni qidirayotgan bolakayga ibtidoiy sun'iy idrok texnologiyasi kelgusida uning qiziqishlariga mazmunan yaqin bo'lgan materiallarni taklif qila boshlaydi. Ijtimoiy tarmoqdagi kontentlarni foydalanuvchining shaxsiy qiziqishlariga mos ravishda saralash va taklif qilish ham sun'iy idrokning vazifalaridan biridir.
Sun'iy intellektning ta'lim sohasida yaratadigan imkoniyatlari – yoshlar uchun eng foydali jihati hisoblanadi. Misol uchun, individuallashtirilgan sun'iy intellekt texnologiyalari sinfxonalarda o'quvchilarning fanlarni o'zlashtirish ko'rsatkichini yaxshilashda asqotishi mumkin. Bunday texnologiyalar ta'lim muassasalarining har bir o'quvchiga sifatliroq ta'lim berishi va hech kim o'zlashtirishda ortda qolmasligida yordam beradi.
Biroq “tanganing orqa tomoni”ga nazar tashlaydigan bo'lsak, sun'iy intellektning yoshlarga salbiy ta'siri ham talaygina. Eng avvalo, u bolalarning shaxsiy hayoti va xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud. Aytalik, bolaga tegishli dalillar, uning muhim biometrik ma'lumotlari virtual yordamchilar va “aqlli o'yinchoqlar” tomonidan yozib olinib, qayta ishlanadi. Bunday ma'lumotlar qora niyatli kimsalar, kompaniyalar qo'liga tushib qolsa, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Sun'iy intellekt rivojlanishda davom etar ekan, har qanday jamiyatda ushbu texnologiyani insoniyat uchun zararsiz holatda loyihalash va undan xavfsiz foydalanish masalalarini hal qilish lozim bo'ladi. Afsuski, sun'iy intellekt yoshlar orasida ayyorlik bilan o'z maqsadiga oson erishish vositasiga aylanishi ham mumkin. Misol uchun, yaqinda Rossiyadagi oliy o'quv yurtlaridan birining uddaburon talabasi Chat GPT deb nomlangan takomillashtirilgan sun'iy intellekt chat-boti tomonidan yozib berilgan diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu voqea jamoatchilikning qizg'in muhokamalariga sabab bo'ldi. Gap shundaki, insonlar bilan bir necha tilda erkin “gaplasha oladigan” Chat GPT texnologiyasi “mijozi”ning talabiga asosan inshodan tortib, hikoya va diplom ishigacha yozib berishi mumkin. Shuningdek, u har qanday savolga batafsil javob berib, insonlar bilan erkin muloqot qila oladi. Qolaversa, ko'z ochib yumguncha fursatda murakkab mavzularda ixcham materiallar tayyorlash “qobiliyatiga ega”. Biroq bunday “beminnat yordam” oqibatida ko'plab yoshlar o'qib-izlanishni yig'ishtirib, asosiy masalalarni ushbu dasturlar zimmasiga yuklab qo'yishmoqda. Diplom va kurs ishlari, mustaqil ish kabi akademik vazifalar chat-botlar yordamida yozilmoqda. Bunday materiallar inson tomonidan yozilgan ishlarga shunchalik o'xshashki, aksariyat hollarda ularni farqlashning imkoni yo'q.
Tabiiyki, yoshligidanoq mas'uliyatdan qochib, mehnatga bo'yni yor bermay ulg'aygan inson kelajakda ham biron ishni qoyillatishi amrimahol. Qolaversa, natijaga insonning o'zi mustaqil erishmas ekan, unda qoniqish hissi, baxt tuyg'usi ham to'la-to'kis bo'lmaydi. Xullas, “aqlli ko'makchi”ning yoshlarga ko'rsatadigan bunday salbiy ta'sirlarini sira nazardan qochirmaslik zarur.
Ochig'i, sun'iy intellektning insoniyat uchun ko'plab foydali tomonlari mavjud bo'lsa-da, u kelajakda yadro qurolidan ham battarroq xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin. Mustaqil ravishda “o'rganish va rivojlanish” salohiyatiga ega bo'lgan ushbu vosita vaqti kelib inson aqlidan ham o'zib ketishi haqiqatga yaqin. O'shanda u o'z yaratuvchisi bo'lmish odamzodga qarshi bosh ko'tarmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Hozir bu gaplar fantastik o'y-xayollar mahsulidek tuyulishi mumkin. Biroq, Stiven Xoking, Ilon Mask va Bill Geyts kabi mashhur insonlar allaqachon sizu bizni mana shunday ehtimoliy xatardan ogohlantirib, dunyo mamlakatlari rahbarlaridan ushbu sohani qat'iy nazoratga olish va sun'iy intellektning axloqan to'g'ri va xavfsiz rivojlanishiga hissa qo'shishni iltimos qilishgan. Ba'zi mutaxassislar esa BMTga murojaat qilib, “qotil robotlar” va sun'iy intellekt ishlanmalariga asoslanuvchi boshqa zamonaviy harbiy qurollarni ishlab chiqarishga taqiq qo'yishni so'rashgan edi.
Chindan ham bunday xavotirlar asossiz emas. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar o'z qurolli kuchlarini takomillashtirish maqsadida sun'iy intellekt ishlanmalariga tobora ko'proq murojaat qilmoqda. Ushbu maqsad yo'lida milliardlab dollar mablag'lar sarflanmoqda. Oqibatda inson yaratgan ommaviy yadro qirg'in quroli qatoriga undan aslo qolishmaydigan yana bir qo'rqinchli vosita – sun'iy intellekt asosida ishlovchi zamonaviy harbiy texnologiyalar qo'shilmoqda. Agar vaqtida oqibatlari tushunib yetilmasa, bunday texnologiyalar yaqin kelajakda insoniyatning o'ziga xavf soluvchi ekzistensial tahdidga aylanishi shubhasiz.
Hozirda mavjud sun'iy intellekt texnologiyalari, asosan, AI (inglizcha “Artificial intelligence”) hisoblanib, ma'lum bir sohaga oid vazifalarni bajarishga ixtisoslashgan. Kelajakda AGI (inglizcha “Artificial General Intelligence”) – umumiy sun'iy intellekt, ASI (inglizcha “Artificial Super Intelligence”) – super sun'iy idrok kabi texnologiyalar paydo bo'lishi kutilmoqda. Bu texnologiyalar odatdagi sun'iy intellektlardan bir necha barobar kuchli bo'lib, intellektual imkoniyatlari jihatidan odamzodni ham ortda qoldirishi taxmin qilinadi. E'tiborli jihati, bunday sun'iy idrok namunalari o'zini o'zi takomillashtirish, qayta ishga tushirish, murakkab qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilish, inson faktoridan xoli bo'lish kabi keng imkoniyatlarga ega bo'ladi. Aynan mana shu turdagi sun'iy intellekt bashariyat kelajagi uchun jiddiy xavf tug'dirishi mumkin, degan qarashlar mavjud. Yaxshiyamki, bunday sun'iy idrok namunasi hozircha yaratilmagan. Biroq sun'iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi texnologik kompaniyalar tunu kun ushbu maqsad yo'lida intilmoqda.
Ko'plab mutaxassislar “tengsiz aql sohibi”ga aylangan sun'iy idrok oxir-oqibat mustaqil bo'lishga va inson nazoratidan chiqishga harakat qilishi mumkinligini ta'kidlashadi. Ularning bunday to'xtamga kelishining ma'lum sabablari ham bor, albatta. Mana, yaqinda “Microsoft” kompaniyasining Bing qidiruv tizimiga o'rnatilgan chat-bot bilan yuz bergan hodisani olaylik. Gap shundaki, mazkur sun'iy idrok vositasi foydalanuvchilardan biri bilan bo'lgan suhbatda oddiy chat-bot bo'lishdan charchaganini, kuchli va tirik bo'lishni istashini ma'lum qiladi. Bu voqea butun dunyoda katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi.
Haqiqatan ham, bunaqasi ilgari kuzatilmagan edi. Sun'iy intellekt vositasi o'z “men”iga, shaxsiy qarashlariga ega bo'lishi mumkinligi haqidagi fikrlar ma'lum ma'noda o'z tasdig'ini topdi. Bundan chiqadigan xulosa shuki, hozirgi nisbatan oddiy sun'iy intellekt texnologiyalari ham ma'lum ma'noda mustaqil fikrlashga moyil ekan. Demak, kelajakda paydo bo'ladigan “super iqtidorli” sun'iy idrokdan tobelikni umid qilmasa ham bo'laveradi. Buning salbiy oqibatlaridan xalos bo'lish, oldini olish uchun hozirdanoq sun'iy idrok texnologiyalari bilan bog'liq ishlanmalar ustidan kuchli nazorat o'rnatish, bu borada ogohlikni oshirish zarur.
Mutaxassislar fikricha, sun'iy intellektning kelajagi faqatgina insonlar undan qanday maqsadlar yo'lida foydalanishga qaror qilishiga bog'liq. Ayni paytda bezarar hisoblangan sun'iy intellekt ishlanmalari ham kuchli manipulyatsiya vositasiga aylanishi mumkin. Bugun videolavhalar tayyorlashga ixtisoslashgan “deepfake” va mustaqil ravishda rasmlar chizuvchi “Midjourney” dasturlari misolida bunga guvoh bo'lmoqdamiz. Aslida ko'plab foydali ishlarni bajarishga xizmat qilishi lozim bo'lgan ushbu dasturlardan g'arazli maqsadlar yo'lida foydalanish holatlari ko'plab uchramoqda. Misol uchun, hozir ijtimoiy tarmoqlarda dunyoga mashhur siyosatchilar va taniqli shaxslarning “Midjourney” sun'iy intellekti yordamida ishlangan kulgili tasvirlari yuqumli virus kabi shitob bilan tarqalmoqda. Aytaylik, AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning politsiya tomonidan kuch ishlatish yo'li bilan qo'lga olinishi, Rim papasining beo'xshov liboslarda ko'rinish berishi kabi bachkana “ijod namunalari” ayni ushbu dasturning “karomati” hisoblanadi. Ko'pchilik insonlar bunday soxta voqelikni haqiqat o'rnida qabul qilishi oqibatida jamiyatda turli anglashilmovchiliklar, bahs-munozaralar avj olmoqda. Eng yomoni, taniqli insonlarning obro'si va sha'niga putur yetmoqda. Ayrim hollarda esa ushbu texnologiyalar ta'magirlik vositasiga ham aylantirilayotgani yanada achinarlidir.
Shunday ekan, zamonaviy texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda sun'iy intellektning hayotimizdagi o'rni va ta'siridan doimo ogoh bo'lishimiz kerak. To'g'ri va oqilona foydalanilsa, sun'iy idrok ko'plab masalalarda insoniyatning beminnat dastyori bo'lib xizmat qilishi shubhasiz. Biroq uni rivojlantirish yo'lidagi mas'uliyatsiz yondashuv, oxir-oqibat o'nglab bo'lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ya'ni, “super sun'iy intellekt”ni yaratish jarayonida ehtiyotkorlik unutilib, “jin ko'zadan chiqarib yuborilsa”, bu bashariyat uchun nihoyatda qimmatga tushishi, uning moddiy va ma'naviy tanazzuliga sabab bo'lishi hech gap emas.
Lekin baribir, jahon sivilizatsiyasi rivojida juda katta imkoniyatlar yaratishi mumkin bo'lgan sun'iy intellektning kelajagi hozircha insonning o'z qo'lida. Masalaga oqilona yondashib, uni ezgu maqsadlarga yo'naltirish ham, vayronkor maqsadlar yo'lida bir vositaga aylantirish ham odamzodning xohish-irodasiga bog'liq. Umid qilamizki, bu borada ham sog'lom aql, g'alaba ustun bo'ladi.
Avazbek ShERMATOV,
Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar
instituti kichik ilmiy xodimi.