Bobur bobomizdan olgin nur, ziyo…

To'lqin EShBEK

Muallif haqida:
To'lqin Eshbek — 1963 yili Ishtixon tumanida tug'ilgan. 1985 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Uning “Tahririyat ishini tashkil etish” (2001), “OAVda reklama san'ati” (2003), “Axborot xizmati: ishlash usullari va tamoyillari” (2009), “Mafkura maydonida axborot-psixologik xavfsizlik” (2011), “Axborot-psixologik xavfsizlik: nazariya va amaliyot” (2013) o'quv qo'llanmalari, hammualliflikda “Jahon jurnalistikasi tarixi” (2008), “Ochiq axborot tizimlarida axborot-psixologik xavfsizlik” (2013) darsliklari va “Jurnalistika, ma'naviyat, jamiyat” (2010) risolasi chop etilgan.
Adib va publitsistning “Jigarbandlar” (1992), “Shabada esgan kun” (1993), “Qishloqlik bola qissasi” (1994), “Jaydari hangomalar” (1996), “Adashgan qiz qismati” (2000), “Hayot karvonlari” (2005), “Samarqand farzandi” (2020), “Olimning beqiyos olami” (2020), “O'zbekning yomoni bo'lmaydi” (2020), “Ikki asr odami” (2022), “Korrupsiyasiz hayot zavqi” (2023), “Generalning mangu yulduzi” (2023) deb nomlangan nas­riy va she'riy to'plamlari kitobxonlar qalbidan joy olgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi. Adabiyot sohasidagi Usmon Nosir mukofoti laureati (1993), 2019 yilda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

 

BOBUR MUNOJOTI

Jonajon Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga — Uchinchi Renessans davriga qadam qo'yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o'zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Bobur Mirzoning bebaho merosini chuqur o'rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin  Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qaroridan.

“O'n ikki yoshdan keyin ramazon hayitini bir yerda ikki bor qarshi olmoq Boburga nasib etmadi – umri mudom ot ustida, jangu jadallarda, siyosat girdoblarida o'tdi”.

Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” asaridan.

 

* * *

Tole' yo'qi jonimg'a balolig' bo'ldi,

Har ishniki ayladim, xatolig' bo'ldi.

O'z yerni qo'yib, Hind sori yuzlandim,

Yo rab, netayin, ne yuz qarolig' bo'ldi?..

Zahiriddin Muhammad BOBUR.

 

Tole' yo'qi, boshimg'a bo'ldi balolig'lar,

Tanamgamas, dilimga toshti yarolig'lar.

 

Bir yon Qismat qavog'idan ursa qor ila do'l,

Ko'nglima hech rahm etmadi qoshi qarolig'lar.

 

Axsisoyda otam ila cho'kdi bolaligim,

Shu-shu unutdim ne o'zi dili orolig'lar.

 

Tag'oyilar pand berganda yetimlik holima,

Otamdan so'ng tutdim yana motamsarolig'lar.

 

Temur bobomning beshinchi avlodi bo'lsam-da,

Shoh o'g'liga taqdir ravo ko'rdi gadolig'lar.

 

Tengrimga boz shukr ayladim, sayoqni doim ham

Tayoq ila siylamayin, berdi farog'lig'lar.

 

O'z yurtimda umid topmay zarracha, Hind sori

Ot boshini burdim, qilib yuzi qarolig'lar.

 

Ikki yondan qancha mo'min-kofir qoni oqdi,

Bir-birini ko'rolmasdi qaro qarog'lig'lar.

 

Uzoq umr — uzoq gunoh dermishlaru ammo,

Oz yashab ko'p xato qildim, qilmang xudolig'lar.

 

Bir boshimga yuz bor o'lish nasib etdi, yo Rab,

Voqe'likda bir boradur jondin judolig'lar.

 

Bir qo'limda xanjaru bir qo'lga tutib qalam,

Qoldirmadim qayda, qachon qildim xatolig'lar.

 

Har tovbamga Robbim birni hazor qilgan kibi,

Shirin-shirin farzandlarni qildi atolig'lar.

 

Bu dunyoning moliga dil bog'lamangkim zinhor,

Kim ko'rubdi shod bo'lganin molu matolig'lar?

 

Men o'ttiz qiloyin derdim, Xudo qilar to'qqiz,

Bir chatog'liq orqasidan chiqar chatog'lig'lar.

 

Amuning bo'yiga bir bor bormoq orzum bo'ldi,

Aroliqda Hindikushdek yastangan tog'lig'lar.

 

Har ishning o'z muddati bor ekan-da, ey rafiq,

Bir muddat – azo, bir muddat – kayfi taroqlig'lar.

 

Turib-turib, shunga hayron bo'lmishmanki, menga

Nasib etmish, vodarig'okim, dili dog'liqlar.

 

Armon bo'ldi Andijonning yulduzli osmoni,

Yulduz sanash ishi bo'lgay dili firog'lig'lar.

 

To'q odamning qanchalar ham ishi bor och bilan,

Chiroqsiz holin na bilsun uyi chirog'lig'lar?!

 

Tengriga tavakkul ila ko'p ishga erishdum,

Uyidan chiqmay o'tirsin “ammo, biroq”lig'lar.

 

Har kim o'zi uchun ekan oliy bir oqlovchi,

Tengrining oldida hamma birday so'roqlig'lar.

 

Bu dunyoni qilich ila obod qilmoq xayol,

Obod etar uni faqat ketmon, o'roqlig'lar.

 

Rizoyi Haq deya suvvor har bitta rahbarkim

Elu yurt xizmatida tun-kun beli bog'lig'lar.

 

Qiyomatga tamal qo'ygay irqu din yovligi,

Faqat mehr ila yaqin bo'lgay yiroqlig'lar.

 

Dini islom quvvatiga qildek qo'shing hissa,

Mulki arab, Shom ila Rum, Turon, iroqlig'lar.

 

Har kasb rivojini bersun Ul Tengri Taolo,

O'z kuniga omon bo'lsun nari-beroqlig'lar.

 

* * *

Yana sahni chaman bo'ldi munaqqash rang gullardin,

Magarkim sun'ning naqqoshig'a rang imtihonidur.

 

* * *

Qayg'ungni cheka-cheka qaribdur Bobur,

Rahm aylaki, o'zidin boribdur Bobur,

Noranj yubordi sangakim bilgaysen,

Ya'niki, bu nav' sarg'aribdur Bobur.

Zahiriddin Muhammad BOBUR

 

“…Bobur Dehlining tungi osmoniga tikilib, bolaligida ko'rgan Andijonning yulduzli shomlariga qiyosladi. Andijon osmoni nafarmon duxobadek, yulduzlar esa katta-kichik gavharlarga o'xshardi. Dehli osmoni esa nilu rangda, qop-qora, yulduzlar esa ko'zyoshlarga o'xshaydi. Balki adashayotgandirman, deb o'yladi Bobur, bolalikda beg'am edim, hozir esa o'ylarimning o'zi qop-qora – kelajak mavhum, har yonda dushman hind rojalari o'rab olgan, faqat Afg'oniston tomongina ochiq. Ammo bu degani, vaziyat xavfli bo'lgan zahoti orqaga chekinishni anglatmasligi kerak. Endi ortga yo'l yo'q!”

Pirimqul Qodirovning

“Yulduzli tunlar” romanidan.

 

Bolalik ranglari zangori, pushti,

Boburga kelganda qora rang tushti.

 

O'n ikki yoshida atodin judo,

Ul murg'ak jonga rahm etmadi Xudo.

 

Bul nimjon kiftiga taxt g'amin uydi,

Bobur baxt rangini yo'qotib qo'ydi.

 

Qanday tusi bo'lgay aslida baxtning?

Qandayin farqi bor nasya va naqdning?

 

Davlatmand oila charog'i erdi,

Erkalik bir na'vi yarog'i erdi.

 

Hali bola edi – varrakboz joni,

Shodlik edi shundoq jonu jahoni.

 

Atosi Umarshayx esa – kaptarboz,

Ikki bola – orada yillar bor, xolos.

 

Baland kaptarxona tomida ota,

Yayrar kaptarlarni samoga ota.

 

Kaptarlar osmonda urganida charx,

Ota va bolada yo'qday edi farq.

 

Bir payti zabtiga oldi zilzila,

Ota yerga uchdi qo'rg'oni ila.

 

Pastda Axsi soyi oqar edi mast,

Shu kun tole' keldi Umarshayxga past.

 

Hali azadorlik neligin bilmay,

Hali bu qayg'uni nazarga ilmay,

 

Boburning dilida ilinj – sher edi,

“Otam o'lmagan, u qaytar!” – der edi.

 

O, bola xayoli, bola xayoli,

Hali biror qaro ranglardan xoli!

 

Hali ne-ne kunlar oldinda yukli,

Birin urgung kelar, biri – suyukli…

 

Hayotidan ketdi sukunat badar,

Katta oilaga u endi padar.

 

Yosh boshiga ilm, nafsu taxt jangi:

Qandog' o'zi, ayting, sukutning rangi?

 

Katta bir o'lkaning u endi xoni,

Hali juda mo'rtdir murg'ak iymoni.

 

Uni solmoq mumkin istagan yo'lga,

“Gah!” deya qo'ndirsa bo'ladi qo'lga!

 

Ammo, nigahbondur Tengri yetimga!

Bunday payt ishonib bo'lurdi kimga?!

 

Avvaling xor bo'lsin, oxiring – a'lo,

Qo'llasin har qachon Tengri Taolo!

 

* * *

Goh zabun, goh ustun o'tdi kunlari,

Ba'zan kundan yorug' o'tdi tunlari.

 

Yoshlik zaxirasi – umid va orzu,

Posangisi o'ynab turgan tarozu!

 

Oy o'n beshi qaro, o'n beshi yorug',

O'n beshda uylanib, g'amlardan forug'.

 

Dam gashti dasht bo'ldi rangin Navro'zi,

Arg'ivon bodani izlaydi ko'zi.

 

Yigitlik avoni – ishrat zamoni,

O'q otar bexato tarang kamoni!

 

Ichsa ham totlidur choyu yovg'oni,

Bobo yurti – Surxon, G'azni, Afg'oni.

 

Ammo bek bo'lsang-da, o'zga bunda bosh,

Musofir bo'ri ham tortarkan yuvosh.

 

Ammo u – bo'rimas, Boburdir nomi,

Sherning qudratiga to'liqdir komi.

 

U sherdir, shunchaki zanjirband bir sher,

Vaziyatga ko'ra etmas – alaf yer!

 

Pastlab borayotir qudrat-posangi:

Ayting, qandoq bo'lur qudratning rangi?

 

* * *

Hinddan chopar keldi: turkiy elat xor,

Hind shohi soliqlar solganmish qator.

 

Musulmon solig'i, masjid solig'i,

Ularga yoqmasmish olam Xoliqi.

 

Turkiycha so'zlashga taqiq bor emish,

Majburlab qilarmish cho'chqani yemish.

 

Turkiy birodarlar tuban, xor emish,

Dovyurak darg'aga ular zor emish.

 

Bo'lsa edi biror sheryurak xoqon,

Ularni boshlabon ketsa jang tomon!

 

“Mana mening galim, mana shu dovim!

Hind sori burgayman otim jilovin!”

 

Yigirma besh yoshli Bobur qildi ahd:

“Turonda tegmagay menga zarra taxt!

 

Bu yo'lda yo'q bo'lgum, yo qolgum omon,

Go'yoki ikkinchi Ismoil Somon!

 

Shiddatu shahd ila yechilgay mushkul,

Ollohim, o'zingga qilgum tavakkul!”

* * *

Oldinda turardi Panipat jangi,

Ayting, qandoq bo'lur tavakkul rangi?!

 

Rosti, go'zal emas – qondir qirmizi,

Har bitta vujudda jarohat izi…

 

Olov tusi qorish qarg'ishlar bilan,

Qora aralashar sarg'ishlar bilan.

 

Fillar o'kiradi, bo'kirar – teva,

Urush solmoqdadir g'ujg'ujlab meva:

 

O'liklar, o'liklar… Kim – shahid, kim – xor,

Ajal farishtasi chaqqon xaridor.

 

Jon narxi – suvtekin, har yon – qon isi,

Aqli but kimsadan qochadi esi.

 

Bobur uchun yo'l yo'q zarra ortiga:

“Ollohim, butunlik bergin yortiga!”

 

* * *

Dehli yotar edi Bobur poyida:

G'oliblik aralash ichar choyida!

 

Solmoq mumkin yangi shohlikka asos,

Hali bilmas edi – yo'q bo'lmas qasos!

 

Diliga qo'nmasdi shubhalar changi:

Ayting, qandoq bo'lur qasosning rangi?!

 

Yaxshilikka qaytmas yaxshilik doim:

“Bolalarim asra, O'zing, Xudoyim!”

 

Bir o'zi bo'lganda nechun xavotir,

“Bir boshga – bir o'lim!”– deydi har botir.

 

Ammo, endi uning farzandlari bor,

Yana yurtdoshlari ortida qator.

 

Yana turkiy el bor bu yerda o'troq,

Dini islom ham kuch yo'qotgan – mo'rtroq.

 

Hindu diniga ham e'tibor lozim,

Xullasi, shohmas u – elga mulozim!

 

* * *

Ammo, qasos og'u soldi-ku pinhon,

Asrab yurgan ekan qo'ynida ilon.

 

Jangda qurbon bo'lgan Ibrohim Lodi

Onasi – keksayib qolgan bir bodi.

 

Rahm qilib, Bobur xizmatiga oldi.

Ona-chi, oshiga joduni soldi.

 

Boburning dilida yo'q shubha changi:

Ayting, qandoq bo'lur qasosning rangi?!

 

Uch kun zahar ila olishdi Bobur,

Ko'rinmas yov bilan solishdi Bobur.

 

Atrofda a'yonlar sir chiqmasin der:

Jondorlar shod bo'lur, magar o'lsa sher…

 

Pinjida qurolin saqlaganlar bor,

Qo'shni hind ellari shaylangan qator:

 

“Hindning o'ndan birin oldi kelgindi!”

Sherday Hindiston ham vazmin silkindi:

 

“Ko'ramiz, bormaydi bu hol uzoqqa!

Kimki bunga kelsa – tushgay tuzoqqa!

 

Mahmud G'aznaviy ham, Amir Temur ham,

Bitta choy ichish-la topdilar barham!

 

Avvalo, issiqdir bizning zo'r qurol,

Tongdan o'zing asrab, soya joyga ol!

 

Bu yerdir zaharli ilonlar koni,

Aftini ko'rgan on chiqadur joni!

 

Qanchalab bedavo xastaliklar bor,

Hademay hammasi qirilar qator!

 

Bobur o'lib bersa… Safardir yakun,

Nog'ora chalgancha o'ynaymiz, akun!”

 

* * *

Bobur zahr ustidan qozondi zafar,

Davomi bor chiqdi, olismi safar?!

 

Naq uch yuz yil chiqdi sulola umri,

Shoirlar madh etdi misoli qumri.

 

Shoir Mirzo Bedil, Zebunisolar,

Tasavvuf ilmidan ilhomin olar.

 

O'g'li Humoyunda shon chindan balqdi,

Birlashib do'st bo'ldi hind, turkiy xalqi.

 

Bobur nevarasi – Akbar bo'ylandi,

Ilk bor u hind malikaga uylandi.

 

Shoh Jahondan meros qoldi Toj Mahal,

Nevara Zebidan bir olam g'azal.

 

Dong'i chiqsin, faqat chiqmasdan changi,

Ayting, qandoq bo'lur saltanat rangi?!

 

Bu borada tinmas ekan toki bahs,

Neruning so'zlari: “Bobur – dilbar shaxs!”

 

Temur bobosidan o'zdi avlodi:

Bitta “Boburnoma” – o'lmas ijodi!

 

Ey avlod, ajdodga bo'lgin munosib,

Sherbachcha ulg'aysin sher izin bosib.

 

Turli shoqollarga ergashma, toki

Ketmagay el aro birlikning choki!

 

Bobur bobomizdan olgin nur, ziyo,

Haqiga o'qiylik tuganmas duo…

 

VAFO VA JAFO

 

Har kimki vafo qilsa vafo topqusidir,

Har kimki jafo qilsa jafo topqusidir.

Yaxshi kishi ko'rmag'ay yomonlig' hargiz,

Har kimki yomon bo'lsa jazo topqusidir.

Zahiriddin Muhammad Bobur

 

* * *

“…Shohruh mirzo jami' Movarounnahr viloyatini ulug' o'g'li Ulug'bek mirzog'a berib edi. Ulug'bek mirzodin o'g'li Abdullatif mirzo oldi. Besh kunlik o'tar dunyo uchun andoq donishmand va qari otasini shahid qildi.

Agarchi o'zi ham besh-olti oy saltanat qilmadi, bu bayt mashhurdirkim:

Padarkush podshohero nashoyad,

Agar shoyad ba shash mohash nanoyad”.

“Boburnoma”dan

(Bayt mazmuni: “Padarkush shoh bo'la olmaydi, shoh bo'lganida ham olti oyga bormaydi”. Bu qayg'uli voqealar 1450-51 yil orasida bo'lib o'tdi. – Muallif)

 

* * *

“Ushbu yili Sulton Husayn mirzo bila Badiuzzamon mirzo orasidag'i niqorlar urushg'a tortti. Tafsili budurkim, o'tgan yil Balxni va Astrobodni Badiuzzamon mirzog'a va Muzaffar mirzog'a berib, yukundurib edilarkim, nechuk mazkur bo'ldi, o'shul muddatdin bu muddatqacha g'alaba elchilari bordilar va keldilar.

Oxiri Alisherbek ham elchilikka keldi. Harchand sa'y qildilar, Astrobodni inisiga bermakka rozi bo'lmadi. Dedikim, mening o'g'lum Muhammad Mo'min mirzoni xatna qilg'onda mirzo anga bog'ishlabtur.

Bir kun Alisherbek bila mirzoning orasida bir suhbate o'ttikim, mirzoning tez fahmlig'ig'a va Alisherbekning riqqati qalbig'a doldur. Alisherbek sirriy so'zlarni mirzog'a go'shaki g'alaba aytti. Dag'i dedikim:

– Bu so'zlarni unuting.

Mirzo filhol ayttikim:

– Qaysi so'zlarni?

– Alisherbek bisyor mutaasir bo'lub ko'p yig'ladi”.

“Boburnoma”dan

(To'qqiz yuz ikkinchi (1496-97) yillar voqealari).

 

(Sulton Husayn mirzo to'ng'ich o'g'li Badiuzzamon va kichik o'g'li Muzaffar mirzoga Balx va Astrobodni boshqarishni topshirgandi. Muzaffar mirzo akasi Badiuzzamon to'ng'ich o'g'li Muhammad Mo'min mirzoga sunnat to'yi qilganida o'ziga boshqarish uchun topshirilgan Astrobodni jiyaniga og'izda to'yona qilgan ekan. Badiuzzamon mirzo ana shu og'zaki so'zga asoslanib, o'n ikki yoshlardagi o'g'li Mo'min mirzoni Astrobod hokimi etib tayinlaydi. Bundan katta malika Xadichabegim tarbiyasini olgan Muzaffar mirzo norozi bo'ladi va Astrobodga qo'shin tortib, jiyani Mo'min Mirzoni asirga olib, Ixtiyoriddin qal'asiga qamab qo'yadi. Bundan g'azablangan Badiuzzamon jang bilan o'g'lini qutqarib olishga tayyorgarlik ko'rayotganida, Sulton Husayn mirzo Alisher Navoiyni elchilikka yuboradi. Navoiy har qancha urinib ham Badiuzzamonni niyatidan qaytara olmay, ota-bola shohlar arosidan oqibat ko'tarilgani sababli achchiq-achchiq yig'laydi.

Navoiy afsus ila Balxdan Hirotga qaytganida, boshqa bir fojia kutib turgan chiqadi. Xadichabegim Sulton Husayn mirzo mastlig'idan foydalanib, Mo'min mirzo qatli uchun farmon chiqarturg'on va shoh uzugidagi muhrni bostirib olgan, hamda qatl­­ni zudlik bilan ijro ettirgan ekan.

Sulton Husayn mirzo bundan xabardor bo'lganida vaqt o'tgan edi. Ota va valiahd Badiuzzamon orasida urush boshlanadi. Bundan iztirobga tushgan Alisher Navoiy ular ishiga boshqa aralashmay, uzlatga chekinadi va og'ir xastalanib, 1501 yili bandalikni bajo keltiradi. – muallif).

 

* * *

Vafo va jafodan so'z ochmak mushkul,

Biri olov esa, biri sovuq kul.

 

Biri – Obi hayot, boshqasi – mamot,

Aylanar shu ikki tegrada hayot.

 

Oy Yerga vafodor, yulduzlar – mubham,

Vafodir qiynovchi, o'rtovchi shubham.

 

Vafodormi do'stlar, yoru farzandlar?

Mustahkammi oqibat atalgan bandlar?

 

Iymonim solimmi va yokim sustmi?

Sizda ham savollar ustama-ustmi?

 

Odamzodni qiynar shu mavzu azal,

Qancha she'r yozildi, qanchalab g'azal…

 

Bobur siymosiga qilsam murojaat,

Topmadim birorta rizolikdan xat:

 

“Charxning men ko'rmagan jabru jafosi qoldimu?

Xasta ko'nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?

 

…Ey ko'ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb,

Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?”

 

* * *

Bir manzildan chiqqanlar yetishgay o'zga manzilga,

Kunlar – hafta, haftalar – oy,

oylar-chi yetishgay yilga.

 

Bobur esa g'am uyidan suvvora bo'lsa-da doim,

Yana g'am uyiga yetgan va bo'lgan taqdirga qoyim.

 

Unga dars o'ringa o'tmish necha o'tgan vaqoyilar,

Zulm bobida bo'lsa-da dahr Hotami Toyilar.

 

O'ziga ustozi avval bilib she'rda Navoiyni,

Joyiga qo'ymoqg'a jahd etti she'r ila ruboyini.

 

Navoiydan yana jur'at sifotin ancha o'rgandi,

Nafs sherini yoshlikdan eturdi g'ullara bandi.

 

Ki o'zni Sulton Husayniy kibi shohlikka chog'lardi,

Alisherbek kabi sarkori bo'lmog'ini xohlardi.

 

Taqozo etsa taqdir – shohdek amr etsin kerak oni,

Shoh, magar tan esa, oqil vazirdir bebaho joni!

 

Vafo timsoli – Navoiy, vafo doim qadr topmas,

Vafodor it tilab nonni ko'chada darbadar chopmas.

 

Taloq so'rdi tag'o qizi ketar paytida xorijga,

Emasdi hech bu asno mos axir “san-man”ga borishga.

 

Ki ovga hech yararmidi tozi, bog'liqda gar bo'yni,

Ki yayrarmi o'zin begonadek tutganda yor, qo'yni?!

 

Kishi netibki o'rgatgay o'ziga sarv qomatni?

Netib o'ziga bog'latgay daromad hamda omadni?

 

Sadoqat bog'ini qaysi mirishkor aylagay bunyod?

Ne zohidlikki Tengri shukrini aylagay har kun yod?

 

Bu olam moyasida yo'q azaldan hech vafo rangi,

Chashmni tark etar nuri, soqolning-chi chiqar changi.

 

To emmak qayg'usi borlar yurur anosi yonida,

Inin tark aylagay burgut qanoti qotgan onida.

 

Jahon moliga shaydoda quruq qo'l ila qars bo'lgay,

Ilmga qo'yganing ko'ngil vafosizlarga dars bo'lgay.

 

* * *

Eron shohi bo'lgan Xusravi Parvez,

Orzu qilar ekan sharob ichgan kez:

 

“Qaniydi toj-taxtda bo'lsaydi vafo,

Uni deb, bunchalar chekmasdim jafo!”

 

Xusravning ayoli – malika Shirin

Tashlabdi kinoya ila ko'z qirin:

 

“Uzr, so'zlaringiz g'alati, biram,

Toju taxtda vafo bo'lsaydi, to'ram,

 

Otangizdan sizga o'tarmi edi?”

Xom gapirgan podshoh pishiq pand yedi!

 

Shohlar xatosi ham bo'lg'usi ulkan,

Sham shu'lasi qayda, qaydadir gulxan!

 

Yomonlik, xiyonat birga yurarmish,

Birin boshqasiga kasri urarmish.

 

Biridan boshqasi bo'larmish paydo,

Samonni “Zar!” – deya qilarmish shaydo.

 

Taxt deb o'g'il qoni boshiga urdi,

Abdullatif bir on dovdirab turdi:

 

“Tortib olsang magar otang taxtini,

Ravo ko'rgay taqdir Jamshid baxtini!”

 

“Otang dini islom yo'lini buzdi,

Yurt qolib, samovot jadvalin tuzdi!”

 

“Taxtga ukang emas, sen chin munosib,

Sening shoning oliy, ukang – bir kosib!”

 

Shu hol to'ng'ich o'g'il bo'ldi padarkush,

Kutgan oliy nishon tarqaldi naq tush.

 

O'zi ham aylandi yerga ozuqqa,

Nima deysiz endi bunday yozuqqa?!

 

Xadichabegim ham ekkanin o'rdi,

Axir kecha-kunduz nafsini qo'rdi!

 

Shahzodalar aro soldi nizolar,

Tengri kuttirmadi ko'p ham jazolar.

 

Bu kabi nifoqqa to'la taxt girdi,

Tinchgina kunlarni bersaydi erdi.

 

Ko'pingga toqatu, ozingga sabr

Qilolsang, o'zingga qilmaysan jabr!

 

Ammo yurtda ko'pdir kutganlar pora,

Nafs quli ul – bechoradan bechora.

 

Namakob kabi ul oshirar chanqoq,

Porasiz qolganda – xayoli tarqoq.

 

Oz ishlab, ko'p topsam deganlar qancha,

Xalq mulkin kappalab yeganlar qancha!

 

Ribo ko'lmagiga cho'kkanlar talay,

Rahbarlik obro'sin to'kkanlar talay!

 

O'z kasbiga fido, xalqiga sodiq,

Xayollari teran, vazmin va bosiq,

 

Zamondoshlar ila yashnar bu bo'ston,

Fidoying bo'lgaymiz, Hur O'zbekiston!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − three =