Tarixnavislik tarovati
Yaqinda O'zbekiston Fanlar akademiyasida Turkiya Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Otaturk madaniyat, til va tarix oliy kengashi direktori Deriya Orz, Turk tarix jamiyati raisi Yuksal O'zgen va Tarix instituti direktori Azamat Ziyo ishtirokida ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi. Mazkur ikki tomonlama hamkorlik kelishuvining imzolanishidan bosh maqsad:
— ikki ilmiy tashkilot o'rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash va kelajakda ilm-fan ravnaqi (xususan, tarix ilmi) yo'lida birgalikdagi rejalarni muhokama qilish;
— Turkiy xalqlar tarixini o'rganish va butun dunyoga yoyish yo'lida birgalikda harakat qilish;
— 18-30 sentyabr kunlari Turkiyada bo'lib o'tgan Turkiya Respublikasining Xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning Tarix instituti bilan hamkorlikdagi “Turk dunyosi yosh tarixchilarining 2-yozgi o'qishlari” masalasi va mazkur loyihaning keyingi yillarda davom etishini ta'minlashdir.
Tarix institutining Turkiya Respublikasi Xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Turk dunyosi yosh tarixchilarining yozgi o'qishlari” o'tgan yilning 15-25 iyun kunlari ilk bor tashkil etilgan bo'lib, unda Najmiddin Erbaqon universiteti hamda Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRSICA) ham mazkur loyihani qo'llab-quvvatlab, taklif bilan chiqishgan edi.
Bu yilgi “Turk dunyosi yosh tarixchilarining 2-yozgi o'qishlari”ning ochilish marosimi 18-sentyabr kuni Turkiyaning Denizli shahrida joylashgan Pamukkala universitetida bo'lib o'tdi. Mazkur universitetda turkiyalik tarixchi olimlarning Tarix instituti bilan hamkorlikdagi “Movarounnahrdan Onado'liga: tarixning chuqur ildizlari va tarixchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy yig'ini ham o'tkazilib, unda Tarix institutining 15 nafar yosh tarixchi olimi o'z ilmiy ma'ruzalari va fikr-munosabatlari bilan qatnashdi.
Xalqaro ilmiy seminarning ochilish marosimi Pamukkala universiteti Tarix fakulteti dekani professor Yasemin Bayazid so'zga chiqib, bu kabi loyihalarning davomli bo'lishi va unda barcha turk dunyosi olimlari jamlanishi kerakligi istagini bildirdi. Professor Yasemin Bayazid Cho'lpon ijodini sevib mutolaa qilishini alohida ta'kidlab, jadidlarning millatparvar bo'lganligini e'tirof etdi. Shundan so'ng, Pamukkala universiteti rektori professor Axmet Kutluxan va Turk tarixi Kurumi boshlig'i Yuksal O'zgen ham so'zga chiqib, Tarix instituti bilan hamkorlikda ikkinchi marta amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar, undan ko'zlangan maqsadlar haqida ma'lumot berdi. Shuningdek, u tarixan bir xalq bo'lgan turkiy xalqlar dunyosi tarixi va jadid namoyandalari haqida fikr bildirdi, ularning ijodlaridan namunalar ham keltirdi. Asosiy loyiha tashkilotchilaridan hisoblangan Tarix instituti direktori Azamat Ziyo ham so'zga chiqib, 150 yil davomida tarqoqlashgan turkiy dunyo xalqlari va olimlarini birlashtirishda bu tadbir muhim rol o'ynayotganligini aytdi, balki keyingi yillarda amalga oshirilishi kerak bo'lgan loyihalar haqida so'z yuritdi. Turkiy xalqlarning birlashuvida, keng ko'lamli hamkorliklarga Turkiya va O'zbekiston davlatlari tashabbuskor bo'lishini ta'kidlab o'tdi. Shuningdek, turkiyaliklarning tarixan ota yurti hisoblanadigan O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi aloqalarning hozirgi davrgacha bo'lgan munosabatlari va keyingi istiqbolli rejalar haqida fikr bildirdi. Shundan so'ng “Movarounnahrdan Onado'liga: tarixning chuqur ildizlari va tarixchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy seminarning ma'ruzalar qismi boshlandi.
Uch kun davom etgan “Movarounnahrdan Onado'liga: tarixning chuqur ildizlari va tarixchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy seminarda Turk dunyosi, umuman Tarix ilmida dunyo tan olgan xalqaro olimlar bilan bir qatorda O'zbekistondan tashrif buyurgan Tarix instituti olimlari ham o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi. Xususan, dastlab, Tarix instituti “O'rta asrlar tarixi” bo'limi boshlig'i Sherzodxon Mahmudov “Qo'qon xonligining Usmonli turklar bilan aloqalari” mavzusidagi ma'ruzasi bilan, Tarix instituti “Yangi davr tarixi” bo'limi boshlig'i To'lqin Ahmedov “O'zbekiston arxiv manbalarida Turkiya bilan aloqalar” mavzusida va “Eng yangi davr tarixi” bo'limi boshlig'i Mashhura Darmonova esa “Turk manbalarida qatag'on siyosatining yoritilishi” mavzularidagi ilmiy ma'ruzalari bilan qatnashdilar. Bundan tashqari mazkur ilmiy seminarlar davomida O'zbekistondan borgan 15 nafar yosh tarixchi olim ham mavzular doirasida o'z fikrlari va savollari bilan qatnashib, Turk dunyosi olimlari tomonidan alohida e'tirof etildilar.
“Movarounnahrdan Onado'liga: tarixning chuqur ildizlari va tarixchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy seminarning yopilish marosimida xalqaro olimlar, Turkiyaning turli universitetlaridan tashrif buyurgan professor olimlar o'z fikrlari va tavsiyalarini bildirdilar. Yopilish marosimida so'zga chiqqan O'zbekiston vakili Sherzodxon Mahmudov nafaqat Turkiya — O'zbekiston, balki umuman, Turkiy xalqlar tarix ilmi olimlarining birlashishi, turkiy xalqlar tarixini o'rganish va uni dunyoga yoyishda qilinishi lozim bo'lgan fikr va tavsiyalarini taklif sifatida bildirib o'tdi.
Uch kun davom etgan Pamukkala universitetidagi Xalqaro ilmiy yig'in yakunlangach, ikki kun davomida xalqaro ilmiy yig'inga tashrif buyurgan barcha mehmonlar ishtirokida Denizli shahrida joylashgan tarixiy arxeologik obidalar va unda amalga oshirilgan va hozirda ham davom etayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida sayohat uyushtirildi.
Dastlab Laodikiya shahriga tashrif buyurildi. Qadimgi Laodikiya shahri hozirgi Turkiyaning Denizli hududida joylashgan bo'lib, shahar juda qulay geografik nuqtada (Likoz daryosining janubida) qurilgan. Shahar nomi qadimgi manbalarda “Likoz sohilidagi Laodikiya” deb tilga olingan. Milodiy 60-yilda sodir bo'lgan juda katta zilzila shaharni vayron qildi.
Laodikiya shahridan so'ng tashrif buyurilgan, Hierapolis shahri Turkiyaning Pamukkala shahri yaqinida joylashgan bo'lib, qadimgi frigiyaliklarning diniy markazlaridan biridir. Bu yerda qadimgi teatr, nekropollar, hovuzlar (xususan, Kleopatra hovuzi), Apollon ibodatxonasi kabi ko'plab qadimgi yunon va Rim uslubidagi shahar binolari joylashgan. Shahar hududida 2016 yilda keng miqyosdagi arxeologik tadqiqotlar olib borilib, qadimgi shaharning binolari ochib o'rganilgan. Hozirgi kunda ham ushbu qadimgi shaharda qazishma ishlarini davom ettirayotgan olimlar bilan yaqindan ilmiy tajribalar almashdik.
Denizli shahridagi eng oxirgi tashrifimiz Tabe shahri bo'ldi. 2014 yildan buyon Pamukkala universiteti tomonidan o'rganilayotgan Denizli shahrining Kale tumanidagi tepalikda joylashgan Tabe shahridagi tarixiy obidalardan 1950 yillargacha foydalanishgan. Tabe so'zi “tosh” degan ma'noni anglatgan bo'lib, mazkur hudud 395 yilda Rim imperiyasi ikkiga bo'lingandan so'ng, Vizantiya tomonidan boshqarilgan. XII-XIII asrlarda turklar qo'lida bo'lgan mazkur shaharga Tabe nomi o'rniga Kale Devaz nomi berilgan. 1950 yildan so'ng Kale deb nomlangan. Hudud 1330 yilgacha Menteshe hukmronligi ostida bo'lgan. Keyinchalik Usmonli Murod II tomonidan imperiya tarkibiga kiritilgan. XIII asrga tegishli Javhar podsho (Cevher Pasa) jome masjidi, madrasa, omborxona va hammomlar o'sha davr arxitekturasini ko'rsatibgina qolmasdan, hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan. Aynan Kala yodgorligi bilan tanishayotgan vaqtimizda O'zbekistondan 15 nafar yosh tarixchi olim kelgani haqida xabar topgan hudud hokimi biz bilan yaqindan tanishish va ko'rishish maqsadida tashrif buyurdi. Shu bilan Denizli shahridagi ilmiy safarimiz o'z nihoyasiga yetib, Istanbul orqali Bursa shahrida joylashgan, dunyoning mashhur Bursa Uludag' universitetida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan ilmiy yig'inga yo'l oldik.
Bursa Uludag' universitetidagi ilmiy yig'inlar boshlanishida universitet rektori, professor Feridun Yilmaz Tarix institutidan tashrif buyurgan 15 nafar yosh tarixchi olim bilan yaqindan tanishish va o'zbekistonlik yosh tadqiqotchilarning kelajakdagi ilmiy tadqiqotlarini universitet bilan bog'lash maqsadida yaqindan suhbat o'tkazdi. Uchrashuv so'ngida rektor Feridun Yilmazga o'zbek milliy hunarmandlari tomonidan tayyorlangan esdalik sovg'alari topshirildi (Ma'lumot uchun, Bursa Uludag' universiteti Turkiyadagi oliy ta'lim muassasalari milliy reytingida 4-o'rinda turadi). Bursa Uludag' universitetidagi ilmiy yig'inlar ikki kun davom etib, unda nafaqat mazkur universitetning, balki tarix ilmida dunyoga mashhur hisoblangan olimlar, professor, doktor Kafer Chiftchi “Tarixiy nazariyalar va tadqiqot usullari” mavzusida, professor, doktor Mehmet Tezkan “Islomdan oldingi turk tarixi” mavzusida, professor doktor Hasan Basri O'jalan “Islom tarixida tadqiqot va manba usullari” mavzusida va doktor Sezay Sevim “Usmonli davlatining tashkil topishi va Bursa” mavzularida mahorat darslari o'tishdi, fikrlar almashildi. Universitetda tarix ilmi bilan shug'ullanayotgan barcha olimlar, O'zbekistondan tashrif buyurgan har bir olimning ilmiy tadqiqot mavzulari bilan yaqindan tanishib, maslahatlar berishdi va o'zlarida mavjud bo'lgan adabiyot yoki ularning elektron nusxalarini ulashishdi. Bursa shahrida ikki kun davom etgan ilmiy yig'inlar doirasida kunning ikkinchi qismida shaharda joylashgan tarixiy binolar, muzeylar bilan ham yaqindan tanishdik. Unda doktor Sezay Sevim Bursadagi har bir tarixiy obidaning kim tomonidan va qachon qurilganligi bilan bog'liq barcha ma'lumotlarni aytib o'tdi.
Bursa shahridagi uch kunlik safarimizdan so'ng Istanbul shahriga yo'l oldik. Istanbul shahridagi dastlabki ilmiy safarimiz Istanbul universitetida bo'lib, ikki kun davom etishi rejalashtirilgan xalqaro “IV turk – mo'g'ul tarixi” ilmiy yig'inning ochilish marosimida qatnashib, chet ellik olimlarning ilmiy ma'ruzalaridagi ilmiy yangiliklar bilan tanishdik. Shundan so'ng, universitetning tarix fakulteti olimlari bilan ilmiy davra suhbati uyushtirilib, o'zbekistonlik yosh olimlar bilan fikr almashildi va har ikkala tomon uchun ham manfaatli bo'lgan tarix ilmiga oid yangi adabiyotlar hadya qilindi.
Istanbul shahridagi ilmiy safarimizning ikkinchi kunida xalqaro tashkilot – “IRSICA” (Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi) bilan hamkorligimiz doirasida mazkur tashkilotga tashrif buyurdik. Dastlab, “IRSICA” bosh direktorining ilmiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari, professor Jengij Tomat va “IRSICA” bosh direktorining Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor (o'zbekistonlik) Ashirbek Mo'minov yosh tarixchilar bilan yaqindan tanishish va ularning ilmiy faoliyatiga yordam berish maqsadida suhbat o'tkazdi. Shundan so'ng, “IRSICA” tashkilotining bosh direktori, professor Maxmud Erol Kilich Tarix institutidan tashrif buyurgan yosh tarixchilar bilan yaqindan tanishib, mazkur loyihaning har yili davom etishi uchun qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Ayniqsa, ushbu loyiha faqatgina Turkiya bilan cheklanibgina qolmasdan, barcha turkiy davlatlar, Oksford, Kembirdj singari universitetlarda, ilmiy tadqiqot institutlarida dunyo tan olgan olimlar faoliyat yuritadigan dargohlarda ham tashkil etilishi kerakligini ta'kidlab o'tdi. Xullas, anjumanlar samarali kechdi.
Zavqibek MAHMUDOV,
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi.