O'zlikni anglash — uyg'oq qalb ehtiyoji

O'tgan yilning 22 dekabr kuni Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ko'tarilgan masalalarni, xususan, ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat, san'at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, bu sohalar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasini jamiyatning bir ziyolisi, ma'naviyat targ'ibotchisi sifatida yuksak mas'uliyat bilan tingladik. Unda davlatimiz rahbari to'qqizta yo'nalishda o'z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Ushbu yig'ilishda ko'tarilgan masalalar ma'naviy hayotimizda yangi islohotlar davrini boshlab berishi shubhasiz.

Avvalo, ma'naviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos bo'lib xizmat qiladigan milliy g'oyani rivojlantirish bo'yicha alohida das­tur-hujjat ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.

Ta'lim tizimiga qaratilayotgan e'tibor izchil davom ettirilib, bu borada ham tenglik ta'minlanishi, xususan, qiz bolalarning o'qishi va kasb-hunar egallashi jamiyat rivojida muhim ekani alohida ta'kidlandi.

Darhaqiqat, jamiyatda yoshlar tarbiyasi har doim kunning birinchi darajali mavzularidan biri bo'lib kelgan. Ayni paytda, dunyoda globallashuv jarayoni tezlashmoqda. Dunyo xalqlari, davlatlar o'rtasida o'zaro aloqalar kuchaymoqda. Mamlakatimiz ham bundan yiroqda emas. Yoshlarimiz qadriyatlarni bir-biridan farqlashi, globallashuv jarayonida milliy qadriyatlarni yo'qotmagan holda munosabatda bo'lishlari muhimdir.

Zero, milliy o'zlikni anglash aynan ma'naviy qadriyatlarni o'zlashtirish, o'z xalqining tarixi, madaniy merosini o'rganish, bugungi holati va ertangi istiqbolini aniq tasavvur etishdan boshlanadi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, ajdodlarimiz madaniy va ma'naviy merosi, ular yaratgan so'z, xalq tilining tuganmas boyligi yosh avlodni tarbiyalashda muhim o'rin egallaydi. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yig'ilish avvalida: “Tarixdan ma'lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uyg'oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san'at namoyandalari, ma'naviyat va ma'rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o'z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g'arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, — deya ta'kidladi.

Darhaqiqat, bu borada respublikadagi barcha oliy ta'lim muassasalari qatori Urganch davlat universitetida ham qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, universitetimiz yoshlar bilan ishlash va ma'naviy-ma'rifiy faoliyatda o'z oldiga qator vazifalarni belgilab olgan.

Jumladan, birinchi navbatda yosh avlodga chuqur bilim berilishini ta'minlash, ularni ruhiy yuksaltirish, o'zlariga bo'lgan ishonch hissini orttirish, o'z qobiliyatlarini keng namoyon etishlarida ko'maklashish, talabalar hayotida sog'lom ma'naviy muhitni shakllantirish, ularning madaniyat, san'at, sport, kitobxonlik sohalariga bo'lgan qiziqishlarini yanada o'stirib borish, ijodiy qobiliyatini aniqlash va rivojlantirishga ko'maklashish, talabalarda mafkuraviy immunitetni hosil qilish, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda ularning faolligini oshirish, darsdan bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish singari vazifalar shular sirasiga kiradi.

Bularning barchasi Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasida qat'iy reja asosida tizimli amalga oshirilmoqda.

Universitetimizda yoshlar bilan ishlash 3 ta shaklda (jamoaviy, guruhli va individual shakllarda) amalga oshiriladi. Bundan tashqari, alohida reja asosida har oyda “Ma'naviyat kuni” va “Ma'naviyat haftaligi” tadbirlari ham o'tkazib kelinmoqda.

Birgina 2023 yil misolida oladigan bo'lsak, universitetda yoshlar bilan ishlash, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish bo'yicha turli yo'nalish va mavzularda ma'naviy-marifiy tadbirlar, intellektual tanlovlar, sport musobaqalari, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda seminarlar, ochiq muloqot va davra suhbatlari, uchrashuvlardan iborat jami 741 ta tadbir o'tkazilgan bo'lib, ularga 16 mingdan ortiq talaba-yoshlar jalb qilindi.

Qolaversa, universitetda talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishlari uchun jami 105 ta to'garak mavjud bo'lib, shundan 49 tasi fan, 24 tasi sport va 37 tasi ma'naviy-ma'rifiy va ijodiy klublar sanaladi. Shuningdek, har bir fakultetda talabalar teatr studiyasi (jami 9 ta) va QVZ jamoalari (jami 9 ta) tashkil etildi.

Tobora globallashayotgan zamonamizda yoshlarni turli yot g'oyalar ta'siridan asrash g'oyat muhimdir. Shu bois yoshlarning ruhan sog'lom, keng dunyoqarashli, qat'iy hayotiy pozitsiya va turli yot g'oyalarga qarshi tura oladigan xislatlarga ega bo'lishi ham ustuvor masalaga aylanmoqda. Bu borada ota-onalar va ta'lim muassasasi o'rtasida uzviy hamkorlik yo'lga qo'yilishi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shuning uchun ham universitetimizda talabalarning ota-onalari hamda oliy ta'lim maskanimiz rahbariyati o'rtasida muntazam ravishda ochiq muloqotlar o'tkazish yo'lga qo'yilgan. Bunga har yili yangi o'quv yili boshida an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan “Ota-onalar kongressi”ni misol qilib aytishimiz mumkin.

Ushbu “Ota-onalar kongress”larida universitet rahbariyati tomonidan talabalarga puxta ta'lim berish bilan birga, ularning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o'rnak bo'lishi kerakligi, shu bilan bir qatorda, universitetda talabalarga yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, ta'lim o'quv dargohi ichki tartib-qoidalari, talabalarning o'qishi, qiziqish va intilishlarini o'rganish va bu borada universitet hamda ota-onalar hamkorligi yo'lga qo'yilishi borasida muloqot qilib boriladi. Albatta, ushbu kongress bahonasida ota-onalar universitetda olib borilayotgan ta'lim tizimi va o'quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlarga sifatli bilim berish uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo'lmoqdalar.

O'z navbatida ota-onalar ham universitetdagi farzandlari uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida nafaqat o'zlarining fikrlarini, takliflarini ham bildiradilar, ta'lim jarayonlarini tashkil qilish bilan bog'liq tavsiyalar ham berib borishadi. Shu asosda, ta'lim olayotgan talabalarimizning ota-onalari bilan doimiy ravishda hamkorlikda ishlash maqsadida “Ota-onalar kengashi” tashkil qilganmiz.

Darhaqiqat, Urganch davlat universiteti nafaqat viloyatimiz, balki respub­likadagi nufuzli oliy ta'lim muassasalari qatoridan munosib o'rin egallagan. Universitetda jamiyat rivojiga hissa qo'shadigan, o'z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi. Bu borada mahalla va ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash kutilgan natijalarga erishishda muhim rol o'ynamoqda. Eng muhimi, talaba-yoshlarni vatanparvarlik, vatanga sadoqat, muhabbat ruhida tarbiyalash, yoshlar qalbida milliy qadriyatlar, an'ana va urf-odatlarga sodiqlik, hurmat tuyg'ularini singdirish, buyuk allomalar ilmiy-madaniy merosini o'rganish, tanishtirish, yoshlar orasida keng targ'ib qilish, keng mushohadali, teran dunyoqarashli, intellektual salohiyatga ega, turli yot g'oyalarga nisbatan immunitetni shakllantirish maqsadida doimiy tarzda o'tkazilib kelinayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning o'rni katta. Bu borada turli ilmiy-ma'rifiy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar, talaba-yoshlarning ma'naviyatini yuksaltirish, ularni kitobga, she'riyatga oshno qilish, mashhur adiblarimiz hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o'tkazilayotgan ko'rik-tanlovlar, Yozuvchilar uyushmasining Xorazm viloyati bo'limi bilan hamkorlikda madaniy-ma'rifiy uchrashuvlar, ajdodlar madaniy merosi bilan tanishish va o'rganish, san'atga oshno qilish maqsadida tarixiy muzeylarga, teatrlarga tashriflar va boshqa ko'plab madaniy jarayonlarda talabalarimizning faolligi, qiziqish va intilishlarini ko'rish kishini xursand qiladi. Ayniqsa, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga katta e'tibor qaratganmiz. Jumaladan, an'anaviy tarzda o'tkaziladigan 4 ta katta loyihamiz mavjud. Bular: “Kitobxon talaba”, “Navoiyxon talaba”, “She'riyat shohsupasi”, “Yosh notiqlar”.

Yaratilgan imkoniyat va sharoitlar asosida universitetimiz talaba-yoshlari ko'pgina yo'nalishlarda o'zlarining qobiliyat va intellektual salohiyatlarini namoyon etib, katta yutuqlarni qo'lga kiritmoqda.

Xususan, 2023 yilda universitetimizning sportchi talabalaridan xalqaro sport musobaqalarida 9 nafari, respub­lika sport musobaqalarida 37 nafari g'olib va sovrindor bo'ldi. Quvonchlisi, ta'lim maskanimiz mamlakat oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida o'tkaziladigan sportning 15 turi bo'yicha “Universiada” sport musobaqalarining respublika final bosqichida umumjamoa hisobida faxrli 2-o'rinni qo'lga kiritdi. Aynan ushbu “Universiada” sport musobaqalarida talabalarimiz futbol, voleybol, regbi hamda dzyudo bo'yicha chempionlikni qo'lga kiritganliklarini e'tirof etishimiz joiz.

Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining respub­lika final bosqichida faxrli 3-o'rinni egalladi.

2023 yil 26 iyun kuni “Munozara” res­publika turniri final bosqichida esa “Xorijiy o'zbeklar” jamoasi a'zolari xorijiy filologiya fakulteti talabalari Charosxon Fazilova, Shahnoza Qalandarova, Ismoiljon Jaloliddinovlar g'oliblikni qo'lga kiritib, 20 mln. so'mlik sovrin egasi bo'ldilar. Munavvara Salayeva hamda Muxtor Saidov nomidagi, shuningdek, “Rektor stipendiyasi” va universitet Kasaba uyushmasi stipendiyalari joriy etilib, talabalar tanlov asosida ishchi guruh tomonidan aniqlanadi. Faxrlanadigan yangiliklardan, yutuqlardan yana biri shundaki, universitetimizdan 22 nafar talaba O'zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomdor davlat stipendiyalarini qo'lga kiritdilar.

Shu o'rinda ma'naviy-ma'rifiy sohada universitetimiz professor-o'qituvchilarining erishgan yutuqlari ham jamoamizga faxr-iftixor bag'ishlayotganini alohida aytib o'tishni istardim.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta'lim-tarbiya tizimida alohida o'rnak ko'rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to'g'risida”gi Farmoniga binoan, dorilfununimiz Tarix kafedrasi dotsenti, universitet Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Shoira Nurullayeva “Sog'lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Yana uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib, oliygohning o'quv va ilmiy faoliyati rivojiga munosib hissa qo'shib kelayotgan faxriy ustoz, o'zbek filologiyasi fakulteti dotsenti, filologiya fanlari doktori O'razboyev Abdulla Durdiboyevich Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarining buyrug'iga asosan “Ma'naviyat fidoyisi” ko'k­rak nishoni bilan taqdirlandi.

“Ilhom” respublika tanlovining 2023 yilgi mukofoti o'zbek filologiyasi fakulteti o'zbek tili va adabiyoti kafedrasi o'qituvchisi Akbar Otaboyevga nasib qildi va u bosh sovrin — “Spark” avtomobili sohibi bo'ldi.

Aytish joizki, bizga eng katta kuch, rag'bat berayotgan omil shundaki, bu — Davlatimiz rahbari tomonidan Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar jamoamiz oldiga yanada yuksak maqsad va marralarni qo'ymoqda. Axir o'zlikni anglash hamisha uyg'oq qalb ehtiyoji bo'lib kelgan.

Universitetimizda milliy qadriyatlarimiz, an'ana va urf-odatlarimiz, ma'naviy merosimizni keng targ'ib qiladigan turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, ko'rik-tanlovlar, badiiy ko'rgazmalar, kitobxonlik kechalari va sport musobaqalarini muntazam ravishda tashkil qilib, talaba-yoshlarimizni keng jalb qila olsak, o'ylaymanki, ulardagi qiziqishni orttirishga va iste'dodlarini shakllantirgan holda, keng namoyon qilish­lariga barcha zarur  sharoitlarni yaratgan bo'lamiz. Albatta, bular amalga oshirishimiz zarur bo'lgan vazifalarimizning bir qismi xolos. Lekin eng muhim, hamisha dolzarb vazifalarimizdandir.

Bahrom ABDULLAYEV,

Urganch davlat universiteti rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − seven =