Zariflik

Gapirayotganda va yozayotganda tilimizga kirib kelgan ko'p-ko'p arabcha so'zlarni ishlatamiz-u, uncha-munchaga lug'at ko'rib, ma'nolarining tagiga yetib o'tirmaymiz. “Zarofat” va “zarif” kalimalariga munosabatimiz ham shunday.

“Zarofat” so'zi ot hisoblanadi. Lug'atlarda u “ziyraklik”, “fahmi yuqori”, “hozirjavoblik” yoki “hazilkashlik”, “mutoyiba”, “latifa” ma'nolarini anglatishi qayd etiladi. Ko'pligi “zurafo” bo'ladi. “Zarif” esa sifat bo'ladi. U nozikta'b, tezfahm, ziyrak, hozirjavob, xushsuhbat, latifago'y, hazilkash kishiga nisbatan ishlatiladi. Masalan, “zarif shoir” tarzida. Bu so'zning ko'pligi “zaroif” bo'ladi.

Zariflik — qalam ahliga xos fazilat. Ayniqsa, o'zbeklarimiz hazil-mutoyiba, askiyaga o'ch bo'lgani uchun ahli ijod orasida ko'p-ko'p zarif suhbatlar bo'lib o'tadi. Ammo bularning hammasini ham yozib olmaymiz. Yo erinamiz, yo bunga pastroq nazar bilan qaraymiz, yo har ikkisi ham.

Holbuki, buyuk Alisher Navoiy mansub davralardagi qanchadan-qancha zarifliklar zamondoshlari qalami orqali bizgacha yetib kelgan. Ulardan ayrimlarini Xondamir, Vosifiy, hatto Zahiriddin Muhammad Bobur ham yozib qoldirgan. Shunday ekan, nega biz yozmasligimiz kerak?!

…1991 yil O'zbekistonimizda “Navoiy yili” deb e'lon qilindi. Radioda har kuni sahar chog'i shoir g'azallaridan namunalar o'qiladigan bo'ldi. Yetti kun yetti suxandonga bo'lib berilgan. Dushanba kuni Qodir Maxsumov o'qigan g'azallar beriladi. Keyin navbati bilan Yoqub Ahmedov, Saidkomil Umarov, Farziddin Fayozov, Mirzohid Rahimov, Rahmat Jumayev, Rahimboy Jumaniyozovlar o'qishadi. Kamina bu g'azallarni yozib olishda ilmiy maslahatchi bo'lganman. Rejissyor Rahmat Jumayev bilan studiyada o'tiramiz. Vazn buzilgan yerida tugmachani bosib, suxandonni to'xtatamiz. Qanday o'qish kerakligini aytamiz. Shu tariqa qayta-qayta yozamiz.

Keyin shu tajribalar asosida “G'azal o'qishni bilasizmi?” sarlavhasi bilan bir maqola yozib, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga berdim. Bir kuni o'sha vaqtlari  gazetaning mas'ul kotibi bo'lib ishlayotgan, rahmatli Sa'dulla Hakim akamiz qo'ng'iroq qilib qoldilar.

— Ertagi sonda maqolangiz chiqyapti, — dedilar. — Faqat sarlavhasini o'zgartirdik.

— Qanday sarlavha qo'yildi? — dedim.

“G'azaldan bu kabi zavq olmagan kim? G'azalning zo'rini yozdi Sa'dulla Hakim” degan sarlavha qo'ydik.

— Ma'qul, aka, haq gap, — dedim men ham hazilga javoban bo'sh kelmay. Kulishdik.

O'rni kelgani uchun jurnalistikaga oid bir gapni qistirib o'tay. “Evrostandart” gapning po'stkallasini shartta-shartta, aniq-lo'nda, nishonga xatosiz tegadigan o'qday qilib yozishni xush ko'radi. Sirni oshkor qilsam, kamina, garchi musulmon Sharqi mumtoz she'riyati tadqiqotchisi bo'lsa ham, yozganda ko'proq ana shu “Evrostandart”ga moslashishga harakat qiladi. “Osiyostandart” esa balandparvozroq, pardozlanganroq, tamsiliyroq, qog'ozga o'rab aytilganroq so'zni xush ko'radi. Aslida, she'riy satrlarni sarlavhaga aylantirish — jurnalistikaning dushmani. Sa'dulla Hakim ham, shoir emasmi edilar, maqolada Izzat Sulton va Uyg'un qalamiga mansub “Alisher Navoiy” dramasidan keltirilgan Guli Navoiyga aytgan:

G'azaldan bu kabi zavq olmagan kim? ‒

degan satrni sarlavhaga chiqarganlar. Yoqmasa ham, ko'nasiz-da. Axir maqola e'lon qilinishi kerak-ku.

Lekin hozir gap bu haqda emas. Axir shu sarlavha tanlanmaganida, bu zarif hazilga imkon qolmas edi-da.

Ertasiga maqola bosilib chiqib, tarqadi. U zamonlarda juma kuni peshingacha “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”ni o'qimagan qalamkash o'zini hayotdan ortda qolgan, ba'zan hatto xo'rlangan hisoblar edi. O'qiganlardan biri — filologiya fanlari nomzodi Rahim Jumaniyozov zang urib qoldi:

— Aka, tabrik, maqolangizni o'qidim.

Men ham o'zimni bilmaslikka solib:

— Qaysi maqolamni? — deb so'radim.

“G'azaldan bu kabi zavq olmagan kim? G'azalning zo'rini o'qidi Jumaniyoz Rahim” degan maqolangizni…

Qo'limdagi telefon go'shagini stol ustiga qo'yib, beixtiyor qarsak chalib yubordim:

— Ana, tavorud-u, mana, tavorud!

Darvoqe, “tavorud” nima?

Ikki ijodkor bir-biridan mutlaqo bexabar holda bir xil misra, bayt bitib qo'ysa, shuni “tavorud” de­yishadi.

Bir maqola sarlavhasi bahonasida Sa'dulla Hakim akamiz bilan Rahim Jumaniyoz ukamizning ko'ngillarida bir xil zariflik paydo bo'lgani ham tavorudning yorqin namunasi edi, albatta.

Demak, eski tilimizda bor-u, biz unutayozgan so'zlarni eslatib turish ham o'ziga xos bir savob. Axir:

 

Bir maqola bitsa faqir-fuqaro,

Zariflar qilishsa shuncha zurafo.

Bunday zarofatlar bo'lsa urafo,

Zavqlansa, quvnasa, kulsa shuaro.

 

Zerikib qolmadingizmi?

Ozgina ma'rifat bo'lsin, dedik-da.

Hazrat Alidan meros qolgan mana bu ajoyib hikmat yodga tushdi-da:

Toat ko'pidin ma'rifat ozi yaxshi!

Hazrat Navoiy buni arabchadan o'zbekchaga qotirib tarjima qilganlar-da. To'g'rimi?

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari doktori,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − five =