Umrning bir sahifasi
qutlug' 80 yoshni qarshilayotgan taniqli fotojurnalist Hakim Solihov hayotidan bir lavha
Yoz kunlarining tuni qisqa, kipriklaringni yumib ochguningcha tong otganini ham sezmay qolasan. Saharda yangraydigan azon tovushi yoki sharqirab oqayotgan suv bo'yidagi ko'kka bo'y cho'zgan qayrag'och shoxlarida sayrayotgan qushchaning ovozidan ko'zlaring “yarq” etib ochilib ketadi. Bunday holat, ayniqsa, “qush uyqusi” bo'lib qolgan keksalar uchun odatga aylanadi. Qani endi qayta uxlay olsang. Uyqu qayoqda, aksincha, xayol tulporlari xotira qanotlarida parvoz qilib, umr sahifalarini varaqlay boshlaydi…
Bunday vaqtlarda Hakim ota ortiq yota olmaydi. Yuz-qo'lini yuvib, kiyinadi-da, umrguzaronlik qilayotgan ko'p qavatli uyining poyida oqayotgan Qichqiriq kanali sohiliga tushib boradi. Qirg'oqlari beton bilan mustahkamlangan suv bo'yidagi o'rindiqqa joylashib olib, mavjlanib oqayotgan to'lqinlardan ko'z uzmay xotiralar ummoniga g'arq bo'ladi…
…Ikkinchi Jahon urushi g'alaba bilan tugaganiga o'n yildan oshgan bo'lsa ham xalqning ahvoli haminqadar. Poytaxt aholisi uchun ham qozonga o't yoqish, qishda uylarni isitish uchun o'tin va ko'mir g'amlash odatiy holga aylangan. Durkun gavdali, o'n ikki yoshlar atrofidagi Hakim farzandlarning kattasi bo'lganidan oilasiga qo'lidan kelganicha yordamlashish uchun tinim bilmaydi. Boshqa iloji ham yo'q. Otasi – Asil aka qurilishda g'isht teruvchi bo'lib ishlaydi, onasi – Karomat opa esa uy bekasi, uch farzand tarbiyasi bilan andarmon.
Yoz kunlarining birida Hakim Anhor kanali bo'yidagi qurib qolgan daraxt shoxlarini sindirib, chilvir bilan bog'lab, ko'tarib ketishga kuchi yetmaganidan uyiga sudrab keta boshladi. Shox-shabbalardan to'kilib qolayotgan barglar yo'l bo'ylab sochilib, chor-atrofni iflos qilayotganini ham sezmasdi. Chilvirni yelkasidan o'tkazib, yerdan ko'z uzmay bor kuchi bilan o'tin sudrab borayotgan bolakay bexosdan qarshisidan chiqib qolgan ikki kishini ko'rib, qo'rqib ketdi. O'g'rilik ustida qo'lga tushgandek vujudida titroq qo'zg'alib, ko'zlari yerga qadaldi. Anhor kanali bo'yida chor-atrofni ko'zdan kechirib, nima haqdadir suhbatlashib kelayotganlar chehrasida norozilik ifodasi yaqqol sezilib turardi. Ulardan biri – tik gavdali, sochi orqaga silliq qilib taralgan, oq ko'ylak-shim kiygan, nigohlari o'tkir kishi Hakimni so'roqqa tutdi:
— Kimning farzandisan?
— Asil akaning o'g'liman, – dedi Hakim eshitilar-eshitilmas ohangda ko'zini yerdan uza olmay.
— Qaerda turasan?
Savol berayotgan kishining ovozi muloyimlashganidan ancha o'zini tutib olgan Hakim dona-dona javob qaytardi:
— Ko'prikning narigi betida, Stroitelniy ko'chadagi 2-uyda, — dedi-yu, notanish kishining sherigi yon daftariga nimalarnidir tez-tez yozib olayotganiga ko'zi tushdi. Ammo nima uchun yozib olayotganiga tushunmadi.
Hakim aytgan manzil davlat idoralari joylashgan Qizil maydonni ajratib turuvchi Anhor kanalining narigi betida joylashgandi. Qiyot nomi bilan ataluvchi mahalla uylarining aksariyati paxsa, xom g'isht yoki guvala bilan tiklangan, sharoitlar ham shunga yarasha edi.
— To'kilgan barglarni supurib qo'yaman, – deb pichirladi Hakim jazodan qutulib qolish umidida.
Uni so'roqqa tutgan kishi bir oz o'ylanib turdi-da, sherigiga nimalarnidir tushuntirgancha yo'llarida davom etdilar.
Savol-javobning oqibati nima bo'lishiga aqli yetmay, uyiga terlab-pishib yetib kelgan Hakim bo'lib o'tgan voqeani onasiga so'zlab berdi. Uning gaplarini eshitib, Karomat opani vahima bosdi. “Endi nima bo'ladi? Nahot o'g'lini qamab qo'yishsa… Unda nima qilaman?” Bir necha kun yurak o'ynog'ida yurgan ona yana bir muammoga duch keldi.
Shunday kunlarning birida notanish shofyor uylarining eshigi tagiga bir mashina saksovul keltirib to'kdi-da, qandaydir hujjatga qo'l qo'yib berishlarini so'radi. Birovning ninasiga ham xiyonat qilmaydigan Karomat opa osmondan yog'ilgandek ostonasiga to'kilgan o'tinlarni harchand rad qilmasin, foydasi bo'lmadi.
— Menga shu manzilga yetkazishni buyurishgan, saksovulni olganingiz haqidagi hujjatni olib borib ko'rsatishimiz kerak, – deb oyoq tirab turib olganidan so'ng, noiloj imzo chekib berdi…
Hakim ota suvning qirg'oqqa shaloplab urilganidan cho'chib tushib, xayollarini yig'ib oldi. Bolaligida notanish kishilar bilan bo'lib o'tgan kutilmagan uchrashuv taassurotlari uni yana beg'ubor bolaligiga qaytargandek bo'lgandi. O'sha vaqtda o'zi bilan savol-javob qilgan saxovatli inson – O'zbekiston Kommunistik Partiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Sharof Rashidov ekanligi yetti uxlab tushiga ham kirmagan edi…
Hakim ota sokin oqib yotgan suvdan nigohini uzmay o'tirar ekan, “Umr — oqar suv”, degan gap bejiz aytilmasligi yodiga tushdi. Kechagina edi ko'chada tuproq changitib, tengqurlari bilan futbol o'ynab yurganlari, yoshligida ustozi Abduhamid Usmonovdan fotoapparatda rasm olish sirlarini o'rgangani. Keyinchalik Vatan oldidagi farzandlik burchini bajarib, harbiy xizmatni o'tab qaytgach, umrini shu kasbga bag'ishlab kam bo'lgani yo'q. Moskvada “Pravda” gazetasi nashriyotida bir yil o'qib, malaka oshirib qaytdi. Respublikada chop etiladigan “Toshkent oqshomi”, “Komsomoles Uzbekistana”, “Teatr”, “Filmz” kabi gazeta va jurnallarda fotomuxbir bo'lib xizmat qildi. Bir qator taniqli davlat va jamoat arboblarining suratlarini, yurtimizda yuz berayotgan yangiliklarni tarixga muhrladi. Turmush o'rtog'i Xolida opa Mahmudova bilan to'rt nafar farzandni tarbiyalab, oliy ma'lumotli, oilali qildi. O'g'li Zafarning umri qisqa ekan, yuragining bir parchasini uzib ketdi. Ammo uning farzandlarini ko'rib, ko'ngli bir oz taskin topgandek bo'ladi. Hozir Nargis, Yulduz, Shahnoza ismli qizlari, biri-biridan shirin nevara-chevaralari ardog'ida. Ularning quvnoq chehralariga nigohi tushar ekan, beixtiyor yana bolaligini eslaydi. Ba'zan Anhor kanali yoqasidagi asfalt yo'lda o'tin sudrab kelayotgani ko'z oldida jonlanib, saxovatli inson bilan bo'lib o'tgan uchrashuv, savol-javoblar xotirasida qayta-qayta tiklanadi. Darvoqe, Hakim ota kasb taqozosi bilan bag'ri keng u inson bilan yana ikki marta yuzma-yuz suhbatlashish baxtiga muyassar bo'lgandi…
Mavridi kelsa, bu haqda keksalik gashtini surayotgan respublikada taniqli fotomuxbir, sakson yoshni qoralayotgan Hakim ota Solihov umrining navbatdagi sahifalarida so'z yuritamiz…
G'ayrat RAHMATULLAYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.