Yana tarbiyachi aybdormi?

Yaqin qarindoshim Olmaliqdagi davlat maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyachi yordamchisi bo'lib ishlaydi. O'z kasbini sevgani, bolalarni yaxshi ko'rgani uchun ishini tashlab keta olmaydi. Meni bir savol juda ham qiynaydi. Uning olayotgan maoshi shunday kasbini sevib ishlashi uchun arzigulikmi? Bugun 1,5 million so'm ish haqi ro'zg'or tebratish uchun yetarlimi? Yoki ikki-uch oyda bir marta beriladigan 250 ming so'm atrofidagi rag'bat puliga hozir ikki kilo sifatli go'sht ham kelmaydi-ku!
Ijtimoiy tarmoqlarda hozirda juda ko'p bog'cha opalar bolalarni urishgan, e'tiborsiz qoldirgan lavhalar tarqalib turadi. Ba'zi bolalar shunday sho'x bo'ladiki, hatto ular o'z ota-onasining gapiga ham kirmaydi. Bog'chada esa ularga to'g'ri yo'nalish berib, oddiy tanbeh berib qo'ysa ham, ota-onalar kelib tarbiyachining ustidan shikoyat qilishadi.
To'g'ri, ayrim bog'chalarda bolalarni urib, baqirib “tarbiya” bermoqchi bo'layotgan o'z kasbiga noloyiq tarbiyachilar ham yo'q emas. Ammo besh qo'l barobar emas-ku. Yuzlab, minglab bolajon opalarning bari buning uchun “aybdor” bo'lib qolishi kerak emas.
Avvalo, bog'chaga bola nima uchun keladi? Ota-onasi ishlarini bitirib kelishini kutib o'tirish uchun mo'ljallanganmi bog'cha ularning nazarida? Bolasini olib ketgani kelgan ota yoki onani ko'rganda bola, albatta, bog'chaga o'rgangunicha yig'laydi, xarxasha qiladi. Uydagilarni sog'inadi. Yig'lab chiqqanda ularga beradigan birinchi savoli: “Nima bo'ldi, bolam, bog'cha opang urdimi seni?” Bu narsani eshitgan tarbiyachilar qanday xijolat bo'lishini tasavvur qilib ko'ring-a! Tarbiyachilar, ularning yordamchilari bolalarning tagini tozalaydi, qo'lidan ushlab ovqatlantiradi. Birinchi qalamni ham ular tutqazadi. Bola yana keyingi kun bog'chaga boradi va yana shunday ahvol takror ro'y beradi. “Kecha yig'laganimda onam erkalatdi”, deb yana yig'laydi! Yana tarbiyachi aybdormi?
Shunday ota-onalar ham bor: “Bog'cha opangni qara, bolam, senga shunday narsa chizishni o'rgatibdi?” deydigan. Tarbiyachilarni bolalariga mehribon qilib ta'riflaydi. Bunday tarbiya bolani bog'chaga tez ko'niktiradi. Ertasiga xursand bo'lib, bog'chaga o'z ixtiyori bilan kelishiga yordam bo'ladi.
Maktabgacha ta'lim muassasasidagi ishchilarga e'tibor kam bo'lishiga qaramay, ular bolalarda o'sish va rivojlanishda, hattoki tillarni o'rgatishda o'z hissasini qo'shib keladilar. Tarbiyachilar ko'proq e'tibor va taqdirlashlarni his qilsalar, ishlariga bo'lgan muhabbati ortadi, bolalarga ham yaxshiroq xizmat qiladi.
Maktabgacha ta'lim muassasalarida ish sharoitini yaxshilash, malakasini oshirish va qo'llab-quvvatlash alohida ahamiyatga ega. Faqatgina bunday yondashuv bilan biz bolalarga har tomonlama rivojlanish imkoniyatini taqdim etgan bo'lamiz. Tarbiyachilarga e'tibor bolalar kelajagi uchun sarmoyadir, deb hisoblayman. Sizning fikringiz qanday?
Nilufar BAXTIYoROVA,
O'zbekiston Milliy universiteti
2-bosqich talabasi.