Buloq suviday tiniq ijod
Qo'limda bundan qirq ikki yil avval boshlangan albom. Undagi turli matbuot nashrlaridan kesib olib, yopishtirilgan she'rlarning e'lon qilingan sanasiga ko'z tashlayman. O'qishga kirishaman.
Mana, shoirning Narpay tumani “Paxtakor ovozi” gazetasida chop etilgan ilk she'ri “Intilish”dan bir parcha:
Quvnoq chehralar-u, mehnatkash xalqim
Olg'a intilmoqda, men ham shoshaman.
Manzilim ko'p yiroq, yana kim bilar,
Etish uchun qancha dovon oshaman.
Albatta, har bir ko'ngil balog'at ostonasida turganda she'rga shaydo bo'lishi, qalbida sohir tuyg'ular bosh ko'tarib, tongga qadar osmonga, yulduzlarga termilib yotishi juda tabiiy.
Yuqoridagi she'riy namuna o'sha paytda endigina o'n sakkizga kirgan navqiron yigitning ilk mashqi, qoralamasi edi, xolos. Ammo ushbu soddagina bitiklardayoq muallif ijod yo'lining uzoqligi-yu yorug' manzilga yetish uchun qanchadan-qancha dovon oshishi kerakligi haqida so'z yuritmoqda. Muxtasar aytganda, bu yo'lning mashaqqatini tabiiy his etmoqda.
O'sha qoralama muallifi O'ktam Mirzayor endilikda hayotda va ijodda ancha dovonlarni oshib, katta tajribaga ega ijodkorga aylandi. Tinimsiz izlanishlar, mehnatlar evaziga ayni kunda avvalo jurnalistik faoliyatda o'z o'rni va mavqeiga ega bo'ldi. Asosiysi, u badiiy ijodni ham bir zum bo'lsa-da, unutmay, she'riyatda va nasrda ham tarozi pallasini baravar tutib kelayotir.
Shoir ijodini bir qur nazardan o'tkazsak, u kun sayin, yil sayin tadrijiy ravishda o'sib, ulg'ayib borganiga guvoh bo'lamiz. Menimcha, ijodkorning baxti ham shunda. Muallifning dastlabki “Ogoh ko'ngil” kitobiyoq she'riyatimizga yana bir o'ziga xos iste'dod kirib kelayotganidan darak bergandi. Beg'ubor bolalik, o'smirlik va yoshlikning eng jo'shqin damlari aks etgan she'rlar she'rxonni yoshlikning toza va musaffo ko'chalariga olib ketardi.
“Yaxshi kunlar quvonchi” to'plami shoir qirq yoshlardan oshganda muxlislar qo'liga yetib bordi. Kitob unchalik qalin bo'lmasa-da, ijodkor shakllanishida muhim salmoqqa ega, nazarimda.
To'qson ikki tomirimda
Jon tepadi bu tanda.
Dunyoning qay burchagida
O'zbekiston deganda.
Yoki:
Imoni but, bolajon xalq,
O'g'illiman, qizliman.
Qattiq yerdan qaqrab chiqqan
Boychechakman—o'zbekman.
“O'zbekiston deganda” nomli manzumadan olingan bu satrlar shoir shiddati-shaxti, Vatanga bo'lgan ulkan mehrini yaqqol ifodalab turibdi. “Bashoratgo'y darvesh haqida ertak”, “1919 yil. Zirabuloq”, “Aldangan qush qissasi”, “Ko'nglim tog'day yuksaldi” nomli she'rlarda uzoq va yaqin o'tmish manzaralari tasviri vositasida istibdodning xalqimiz boshiga solgan fojiasi va istiqlolning naqadar ulug' ne'mat ekani mohirona ta'kidlanadi.
O'ktam Mirzayor she'rlarida shiddat bilan birgalikda tesha tegmagan tashbehlar, metaforalar, ayniqsa, tabiatning betakror lavhalari ko'p uchraydi. Xalqona ohanglar jarangida biz shoir Samarqand baxshichilik maktabi sarchashmalaridan bahramand bo'libgina qolmay, balki shu maktab vakillariga qondosh ekanini ham his etamiz:
Chinorimsan, dedi onam,
Sen norimsan, dedi onam.
Yillar o'tib yo'lga kirdim,
Sen — orimsan, dedi onam.
Yoki:
Bu tong quvonch bo'lib porladi quyosh,
Qushlarni bag'riga chorladi quyosh,
Quvonchdan binafsha ko'zlarida yosh,
Navro'zi olamni yorladi quyosh.
Hayot insonga hamisha va hamma vaqt gul tutavermaydi. Quvonch va qayg'u mudom egizak. Zotan, umr yo'llarimizning o'zi yorug'lik va qorong'ilik, shodligu alamlardan iborat. Qalb iztiroblaridan dunyoga kelgan satrlarni o'qib, yuragingiz achishadi:
Sog'inch ko'z yoshmiding
yoki yomg'irmi?
O'lmak oson, yashash
shuncha og'irmi?
Ko'ksimda kuygan u
nima? Bag'irmi?
Alloh, bergan kuning
Endi sabrmi?
Sabrmi? Sabrmi? Sabrmi?
Keyingi yillarda O'ktam Mirzayor nasrda ham qalamini sinab ko'ra boshladi. 2012 yilda “O'zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Tuproq hidi” nomli kitobiga jamlangan qissa va hikoyalarini o'qib, ijodkorning bu yo'nalishda ham ishonch bilan qalam tebratayotganini ko'ramiz.
Kitobga kiritilgan “Voy, otam”, “Adashgan qismat” nomli qissalardagi turfa obrazlar, xarakterlar va ularda moddiyatning hamma narsadan yuqori qo'yilayotganidan tashvishlanish kitobxonni mulohaza yuritishga undaydi. Masalan, “Voy, otam”dagi Safarboy ota, Mahliyo, Sherali fermerlarga mehringiz tushib qolsa, Safarboy otaning o'g'li Nosirning xudbinligi va sayoz fikrlashidan jahlingiz chiqadi. Nochor ona-bolaga yordam berishga chog'langan Safarboy otaning xolis niyatini noto'g'ri tushungan o'g'ilning kaltafahmligi tufayli asablari dosh berolmagan Safarboy ota olamdan o'tadi. Adibning “Tuproq hidi”, “Sovrin”, “Boboylar” kabi hikoyalarida ko'tarilgan muammolar ham, asosan, insonni insonday yashashga, mehr-oqibat va imon-diyonatga da'vat etishi bilan xarakterlidir.
O'ktam akani qirq yillar nari-berisidan buyon bilaman. Talabalik yillarida yosh ijodkorlarning “Shu'la” to'garagida bo'lib o'tgan mushoiralar xuddi kechagiday esimda. To'garak doim gavjum, a'zolari ham ko'p edi. To'g'ri, uning barcha a'zolari ham adabiyotda o'z o'rnini topa olmadi, albatta. Lekin bugungi kunda o'tib ketgan iste'dodli shoirlar Chori Avaz, Ravshan Fayz, shuningdek, endilikda el tanigan shoirlar Zulfiya Mo'minova, Xol Muhammad Hasan, Chorsha'mlar ham shu to'garak a'zolari edi. Bizlar haftasiga yig'ilib she'rlar o'qir, bir-birimizni ayovsiz va qizg'in, shu bilan birga beg'araz tanqid, muhokama qilardik. Adabiy davralardagi iliq munosabatlarimiz tufaylimi yoki tuz-nasiba qo'shilgan ekanmi, 90-yillarda O'ktam aka bilan “Guliston” jurnalida va O'zbekiston Milliy axborot agentligida, so'ngra “Hurriyat” gazetasida baqamti ishlashdik.
Odamning aslini bilmoqchi bo'lsang yo birga yashab ko'r yoki u bilan uzoq safarga chiq, deyishgan mashoyixlar. Juda to'g'ri gap. Lekin bitta jamoada birga ishlashib ham insonning kimligini bilib olsa bo'lar ekan. Bir jamoada ishlagan yillarimiz mobaynida O'ktam akaning nihoyatda kamtar, insonsevar, samimiy va do'stlarga nihoyatda mehr-oqibatli odam ekaniga ko'p bora guvoh bo'ldim. Mustaqillikning ilk yillaridagi murakkabliklar, evrilishlar esimizda. Ayni shu murakkab va dolg'ali pallalarda O'ktam aka matbuotimizning eng qaynagan joyi — Milliy axborot agentligida o'n yil mobaynida g'ayrat-shijoat va halollik bilan faoliyat ko'rsatdi. Bu yillarda O'ktam aka muhim siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy-ma'naviy mavzularda dolzarb va qiziqarli maqolalar ham yozdi. Agentlik muxbirlari yozgan materiallarning tahriri va tahlili bilan ham shug'ullandi. Muxtasar aytganda, mustaqillikning sodiq bir askariday astoydil va matonat bilan Vatanga xizmat qildi. Muhimi, u bir zum ham faoliyatdan, harakatdan to'xtagani yo'q.
Taqdir taqozosi bilan O'ktam aka o'n yilga yaqin “O'zbekkino” milliy agentligida ham mas'ul vazifada xizmat qildi, so'ngra respublikamizning nufuzli nashrlaridan biri “Hurriyat” mustaqil gazetasi va “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” nashrlarida bosh muharrir lavozimida xizmat qildi.
O'ktam Mirzayor bugun ijodiy faoliyatning ayni gullab-yashnagan pallasida, qutlug' yetmish yoshni qoralab turibdi. “Guliston” jurnali bosh muharrir o'rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, zimmasidagi ishlaridan vaqt orttirib, she'riyat va nasr chashmalaridan bizlarni baravar bahramand qilyapti. Umid qilamizki, yildan-yilga bu chashmaning suvi yanada tiniqlashib, yanada totli bo'lib boraveradi va biz muxlislarning tashnaligimizni qondiraveradi.
Abdumajid AZIM.
