Ustozlik saodati
Sirdaryolik tilshunos olim Jumanazar Abdullayev haqida so'z
O'tgan yilning oktyabr oyi o'rtalari edi. Xizmat telefonim jiringlab qoldi.
— Assalomu alaykum, “Hurriyat” gazetasi tahririyatimi?
— Ha, tahririyat.
— Men Guliston davlat universiteti yoshlar yetakchisi Yorqinjon Hayitboyev bo'laman.
— E, siz haqingizda eshitganman, kitobxonlik tanlovida g'olib bo'lib, Prezident sovg'asi sifatida avtomobil olganingizda havas qilganmiz.
— E'tibor uchun rahmat, ustoz, — dedi u samimiy ohangda. — Universitetimiz jamoasi bu yil ham “Hurriyat” gazetasiga obuna bo'lganmiz. Juda o'qishli gazeta. Sizni bir iltimos bilan bezovta qilayotgan edim. Ustozimiz Jumanazar Abdullayev O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan yozgan “Yasha, o'zbek tilim, onajon tilim!” degan she'rini gazetaga chiqarmoqchi ekan.
— Mayli, telefonim-telegram raqamimizni yozib oling, she'rlarini jo'natsinlar, tanishaylik-chi.
O'sha kunlari O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tahririyatga kelgan she'rlar ko'payib ketib, domlaning she'ridan foydalana olmadik. Uzrimni aytib qo'yay deb Jumanazar Abdullayevga qo'ng'iroq qildim. Ancha suhbatlashdik, keng fikrlaydigan, gap-so'zlaridan samimiyat sezilib turadigan ma'rifatli inson ekan. Qiziqib, domlaning yoshini so'radim. Oltmish to'qqizga kiribdi. O'zimga xos odatim bor, ko'nglimga yoqib tushgan insonlar haqida nimadir yozishni istayman.
Bor-yo'g'i tafsilotimiz shu. Jumanazar aka Navro'z bayrami bilan tabriklab, telefon qilib qoldi. Eski qadrdonlar kabi ancha gurunglashdik. O'tgan yilgi niyatim yodimga tushdi. Unga yaqin kunlarda fursat topib, Gulistonga borishimni aytdim.
Gulistonga ancha yillardan buyon kelmagandim. Zamonaviy inshootlar, keng va ravon yo'llar. Shahar obod bo'lib, tamoman o'zgarib ketibdi. Jumanazar aka bilan Guliston davlat universiteti ma'naviyat va ma'rifat markazida ko'rishdik. Domla borayotganimdan xabar topgach, o'zini yaxshi bilgan bir necha kishini u yerga taklif qilib qo'ygan ekan.
— Kishining yoshi teng bo'lmasa ham dunyoqarashlari mos kelsa, tezda do'stlashib ketadi, — deydi Abdulla aka Adilov. — Jumanazar ukam Mamirjon bilan do'st edi. Tez-tez uyimizga borib turardi. Ukalarimning bolalik quvonchlariga guvoh bo'lganman. U mendan olti yosh kichik bo'lsa-da, maktabda a'loga o'qiganligi sababli havas qilardim. Taqdir taqozosi bilan qo'shni ham bo'lib qoldik. Shaxmatga ishqibozligimiz baland. Tongotargacha shaxmat o'ynagan kunlarimiz bo'ladi. Jumanazar shaxmatda yutsa, ayrimlarga o'xshab hovliqib ketmaydi, raqibini kamsitmaydi, “yaxshi o'ynadingiz, bu gal bo'lmasa keyingi safar yutasiz” deya ko'nglini ko'taradi. U bilan adabiyotdan, san'atdan gaplashib zerikmayman, ruhim yengil tortib, rohat olaman. Otasi — rahmatli Xudoyberdi tog'amiz dong'i ketgan bog'bon bo'lgan. Katta bog'i bor edi. Bolalarni yaxshi ko'rardi. Bizlarga uzum, olmalarining eng sarasini berardi. Jumanazar ham otasiga o'xshab ko'ngliyam, qo'liyam ochiq. Rostgo'y, bor gapni aytadi. Yordam kerak bo'lsa, tayyor turadi. Ota-onalarimiz boshqa bo'lsa-da, xuddi tug'ishgan jigardek bir-birimizga yaqin bo'lib ketganmiz. Xursandchilik kunlarda ham, tashvishli damlarda ham doimo birgamiz.
— Xotira umr yo'llaridan qayta yurib, o'tmishni eslatadi, Jumanazar mening bolalik do'stim, — dedi Buolma opa Soatova. — Mahallada to'rtta uy naridagi qo'shnimiz bo'lgan. Hali maktabga bormasimizdan, to'rt-besh yoshimizdan birga katta bo'lganmiz. Yalangoyoq, tizzagacha tuproq kechib, mahallada o'ynab yurardik. Ariqda cho'milardik. Hecham esimdan chiqmaydi. Juma kuni bo'lishini kutardik. Mahallamizdan Hojiakbar bobo degan oqsoqol aravasida machitga borardi. Qaytayotganida biz bolalarga yong'oq, parvarda va turli xil shirinliklar ulashardi. Bir safar menga parvarda yetmay qolganida Jumanazar o'zinikini bergandi. U saxiy bola bo'lgan. Hojiakbar bobo “maktabga borganda yaxshi o'qinglar” deb biz bolalarga ko'p marta tayinlab, bizni duo qilardi. Jumanazar bilan bir sinfda o'qidik, maktabni bitirgach, universitetda ham kursdosh bo'ldik. Biz bitta-ikkita fanni yaxshi bilsak, u hamma fandan a'lo baholarga o'qigan. Ayniqsa, matematikadan zo'r edi. Ko'pchiligimiz undan ko'chirib olardik. Do'stlik ota-onalardan farzandlarga meros qoladi degan gap bor. Buni hayotimizda ko'rdik. Chunki bizlarning ota-onalarimiz ham juda inoq bo'lishgan. U o'n ikki yoshida otasidan yetim qolgan. Onasi katta qilib o'qitdi. Bir umr mehnatda katta bo'ldi.
— Buolma opamiz ham katta yutuqlarga erishgan, — deya Jumanazar aka suhbatimizga qo'shildi. — Qirq yil bitta maktabda ishladi, shundan yigirma sakkiz yil o'quv ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari bo'ldi. Prezidentimiz farmoni bilan 2009 yili “Do'stlik”, 2017 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Biz tengdoshlar doimo undan faxrlanib yuramiz.
— Jumanazar umr bo'yi ilmga intilib yashayotgan olim, irodasi kuchli, o'ta intizomli, halol, to'g'riso'z va qobil inson, — deya Buolma opa suhbatni davom ettiradi. — Lo'nda aytganda, unda biror-bir yomon xislat yo'q.
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Jumanazar Abdullayevning ilmiy faoliyati haqidagi ma'lumotlar bilan tanishdik. U 1977 yili G'afur G'ulom nomidagi Sirdaryo davlat pedagogika instituti (hozirgi Guliston davlat universiteti)ning o'zbek filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlab, mehnat faoliyatini o'zi tug'ilib o'sgan Mirzaobod tumanidagi Dehqonobod qishlog'idagi o'rta maktabda o'qituvchilikdan boshladi. Oradan uch yil o'tgach, institutdagi ustozi — taniqli filolog olim Qarshiboy Samadovning taklifi bilan oliy ta'lim o'chog'ining o'zbek filologiyasi fakultetiga ishga keldi. Oliy dargohda o'zbek adabiyoti kafedrasida laborant bo'lib ish boshladi. “O'zbek xalq topishmoqlarining leksik-semantik xususiyatlari” mavzusidagi fan nomzodligi dissertatsiyasini yoqlagunicha katta laborant, tadqiqotchi, o'qituvchi, aspirant bo'lib faoliyat ko'rsatgan. U xalq og'zaki ijodi asarlarining til xususiyatlarini o'rganish yo'lida ilmiy izlanishlar olib bordi. Xalq tili bilan aytganda, igna bilan quduq qazidi.
Jumanazar Abdullayev 2006-2011 yillari Guliston davlat universitetining o'zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri lavozimida samarali faoliyat ko'rsatdi. Keyingi olti yildan buyon yangi tashkil etilgan “O'zbek tilshunosligi” kafedrasida dotsent lavozimida bakalavriat va magistratura talabalariga “Hozirgi o'zbek adabiy tili”, “Sistem tilshunoslik”, “O'zbek tili orfografiyasi va punktuatsiyasi”, “Lingvopragmatika”, “Kognitiv tilshunoslik” kabi zamonaviy o'zbek tilshunosligi va umumiy tilshunoslik fanlaridan dars berib kelmoqda. Olim tomonidan yaratilgan o'quv-uslubiy qo'llanmalar ilm-fan va o'quv jarayonlarida foydalanib kelinayotgani ahamiyatlidir. U yosh olimlarga filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) ishiga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Lingvistika (o'zbek tili) bo'yicha magistrlikni himoya qilayotgan shogirdlari orasida o'z iste'dodi bilan alohida ajralib turgan Nilufar Oxunjonovani suhbatga chorladik.
— Birinchi bosqich talabaligimdan boshlab domladan tilshunoslik sirlarini o'rganib kelmoqdaman, — dedi u. — Aslida, magistraturani Toshkentda davom ettirish niyatim bor edi. Shunday qomusiy ilmga ega bo'lgan ustoz Jumanazar Abdullayev tufayli ilmiy ishimni Guliston davlat universitetida qilyapman. Ustoz har qanday savolimizga to'liq javob berib, bizlarni hayron qoldiradi. Tartib-intizomga qattiq qaraydi, haqiqatni qo'llab-quvvatlaydi. Domlaning dunyoqarashi ham keng, ko'p asarlar o'qiydi. She'rlarni tahlil qiladi. Eng muhimi, shogirdlarining imkoniyatlarini yaxshi biladi, garchi rahbar bo'lmasa ham so'rab kelgan talabalarga beminnat yordam beradi. “Jamiyat va ta'limdagi muammolar haqida maqolalar yozinglar”, deydi. Bag'rikeng ustozimizni otamdek ko'raman.
Shogirdining ustozi haqidagi bunday samimiy dil so'zlarini tinglab, olim bo'lsa shunday bo'lsin, deyish mumkin.
Universitetdan qaytar chog'i Jumanazar Abdullayevning shogirdlaridan biri Guliston davlat universiteti rektorining ilmiy ishlar bo'yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Fazliddin Sharipov bilan uchrashdik.
— Jumanazar aka ustozlarimning sarasi, — dedi Fazliddin Sharipov. — Domla o'qituvchilik kasbini e'zozlab, ulug'lik maqomiga erishgan muallimdir. Tilshunoslik ilmining bilimdoni. Xalq mehrini qozonishni undan o'rganganman. Fanga yuz yillarga tatigulik xizmat qilib qo'ygan ustozimizning ilmiy tahlillarga asoslangan o'nlab darslik va o'quv qo'llanmalari maktab, akademik litsey va oliy o'quv yurtlarida o'qitilmoqda.
O'sha kuni domlaning turmush o'rtog'i Saodat opa Abdullayeva bilan ham uchrashdik. U ham o'qituvchilikdan baxt topgan ayollardan ekan.
— Bir-birimiz bilan universitetda tanishganmiz, — dedi Saodat opa miyig'ida kulib. — Qo'shganimiz bilan qo'sha qarib, qirq to'rt yildan buyon turmushning achchiq-chuchugini baham ko'rib hayot kechirmoqdamiz. Uchta o'g'limiz kelinlarimiz bilan ahil oila bo'lib yashayotganidan baxtiyormiz. Turmush o'rtog'im to'g'riso'z. Ko'nglimga qaraydi. Farzandlarim kamoli uchun bor-budini ayamadi. Ko'p vaqtini ilmga sarflaydi. O'rganib ham ketdik. Qush uyasida ko'rganini qilar ekan. Surmaxon qaynonam rahmatli xushchaqchaq, dilkash ayol edi. Meni Zulfiya, o'g'lini Hamid Olimjon derdi. O'zi o'qimagan bo'lsa ham kitobga, ilmga muhabbati kuchli edi. Bolalarini yolg'iz qo'l bilan boqsa-da, ilmni qadrlab, o'qimishli qilgan. Asli Farg'onaning Quvasidan bo'lgan qaynonam halima ayol bo'lgan. O'g'illarining baxtidan shunday xursand bo'lardi. Hatto televizorda ham bunday dilbar ayolni ko'rmaganman. Uyga kirganni hecham quruq qaytarmasdi. O'ta pazanda, qo'li barakali edi. She'rlar yozardi. Urishish u yoqda tursin, biror marta yuziga tik boqmaganman. Agar kimdir uni ranjitsa, “Ha, Xudo rahm aylab ketsin-a”, deb qo'yardi. O'zim ham kelinlarimga muomalada qaynonamga o'xshashga harakat qilaman.
— Nabiralaringizdan qaynonangizga o'xshaydigani bormi?
— O'zim ham nevaram Asalxonning qaynonamga o'xshashini aytmoqchi bo'lib turuvdim, — deb hikoyasini davom ettirdi Saodat opa. — Yuzlari ham, ranglari ham bir xil. O'n yashar bo'lsa-da, hamma narsaga kattalardek aqli yetadi, juda qobiliyatli. Oddiy sabzavotlardan rayhon, jambil qo'shib shirin ovqatlar tayyorlaydi.
Shunday oilaga kelin bo'lib tushganim uchun, shunday ajoyib insonga umr yo'ldosh bo'lganim uchun Allohga shukur deyman.
Saodat opaning dil so'zlarini tinglab, Jumanazar Abdullayevning naqadar baxti kulgan oila sohibi ekanligiga amin bo'ldik…
— Aslida, yoshlikda yaxshi o'qish, yaxshi orzu-niyatlar qilish kerak ekan, — dedi qahramonimiz Jumanazar aka. — O'tmishda ham odamlar olimlarga, ulamolarga suyanib yashashgan. Hayotda ilm-fan, ma'rifat hech qachon o'z ahamiyatini yo'qotmaydi. Muallimlarga, ilmga mehr qo'ygan sari zehning ochilib boraveradi. Bahodir aka Roziqov, Ra'no opa Roziqova, Qarshiboy Samadov singari fidoyi, jonkuyar ustozlarimizni ko'p eslayman. Bizga o'z saboqlari bilan ilm eshiklarini ochib berishgan ustozlarni unutib bo'lmaydi.
Suhbatlashib o'tirganimizda, Jumanazar aka to'rt yoshli Shirina ismli nabirasi haqida aytib qoldi. Ertalab Shirina bobosiga: “Men ham sizday ustoz bo'laman”, deb mana bu yodlagan she'rini aytib beribdi:
Stulchada o'tirsam,
bobom kelib qoldilar,
Qo'llariga suv quysam,
“balli, qizim” dedilar.
Quyosh chiqib tana kuysa,
soya bo'lgan bizlarga,
Bo'ron bo'lib, qumlar uchsa,
qoya bo'lgan bizlarga.
O'zi bemor, o'zi darmon,
tabib bo'lgan bizlarga,
Suyanchig'im tog'im mening,
bobojonim, bobojon!
To'g'risi, umrini ilmga baxsh etgan, kamtarlik bilan kamol topgan, insoniy fazilatlari-yu yaxshiliklari bilan el nazariga tushgan odamlarga ro'baro' kelib, ular haqida yozayotganimda jurnalistlik kasbimdan faxrlanib ketaman.
Shunday, ustozlik saodatiga erishgan mo''tabar insonlardan biri Jumanazar akani olimlarning obidiga qiyoslagim keldi.
Muhammad KENJA,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
