“Jurnalist bo'lishni orzu qilganman”

– dedi mingbuloqlik taniqli shifokor Ergashali Musayev

Hayotda kamtarin insonlar bilan ro'baro' kelganimda, xalq shoiri Erkin Vohidovning quyidagi she'ri yodimga kelaveradi:

 

Garchi shuncha mag'rur tursa ham

Piyolaga egilar choynak,

Shunday ekan, manmanlik nechun,

Kibru havo nimaga kerak?

 

Kamtarin bo'l, hatto bir qadam

O'tma g'urur ostonasidan.

Piyolani inson shuning-chun

O'par doim peshonasidan.

 

Mingbuloqlik taniqli shifokor Ergashali Musayev ham o'zining kamtarinligi va samimiyati bilan el nazariga tushgan. Uning nomi tilga olinganida “juda kamtarin inson-da” degan e'tirofni eshitasiz. Nazarimda, ushbu maqolaning yozilishiga ham uning shu fazilati sababchi bo'ldi.

O'sha kuni Namanganda taniqli jurnalist, Mingbuloq tumani gazetasi bosh muharriri Qosimjon Akbarov bilan Ergashali akani yo'qlab, xonadoniga bordik. Hamrohimni ko'rib, Ergashali aka xursand bo'lib ketdi.

— Toshkentdan eski qadrdoningizni olib keldim, — dedi Qosimjon aka xonadon sohibiga yuzlanib.

— Jurnalist ukamizni olib kelib, ulug' ish qilibsiz, keyingi paytlarda yozayotgan ocherklarini o'qib, maza qilyapmiz, — dedi Ergashali aka. — Yoshing bir joyga borganida gapi gapiga qovushadigan insonlarning xumori tutib turarkan. Sizday ijodkorlar bilan suhbatlashishning zavqi boshqacha bo'ladi.

— Eng shirin xotiralar bolalik davrlaridan qoladi, gurungimizni yoshligingiz o'tgan kunlardan boshlasak, — deb Ergashali akaga qarayman.

— Bolaligimiz bolalikday o'tmagan desam ham bo'laveradi, — dedi u. — U paytlarda hozirgidek farovonlik, to'kin-sokinchilik qayda. Suyagimiz mehnatda qotdi. Maktabni jurnalist bo'lish orzusi bilan bitirayotgan 1967 yili edi. Chunki adabiyot fanini juda yaxshi ko'rardim. Doim kitob va gazetalarni o'qib borardim. Sinf rahbarimiz Abdulaziz Norqulov domla: “Qaysi o'qishga borasan?” deb so'rab qoldi. “Jurnalist bo'lmoqchiman”, dedim. “Jurnalistlik obro'li kasb, ammo qishlog'imizda birorta do'xtir yo'q, tibbiyot institutida o'qisang yaxshi bo'lardi, do'xtirlik savob ish”, dedi. Fizika fanidan dars beradigan rahmatli Abdulaziz muallimimiz ko'pni ko'rgan, aqlli inson. Gapini ikki qilmay, Andijon davlat meditsina institutiga o'qishga kirmoqchi bo'ldim. Ammo pulim yo'q edi. Kolxozda ishlagan oyligimni “o'qishga ketsa, yaxshi ishchidan ayrilib qolaman”, degan, shekilli, tabelchimiz ataylab yozib bermadi. Otam esa o'shanda bor-yo'g'i o'n ikki so'm pensiya olardi. Bir oy kuniga besh so'mdan mardikorchilik qilib, 150 so'm to'plab, Andijonga bordim. O'qishga kirdim.

Studentlikning birinchi yili og'ir kechdi. 1968 yili 26 dekabr kuni katta qor yog'ib, kvartiramizning devori ag'darilib tushdi. Baxtimizga, devor tashqari tomonga qulabdi. To'rtta talaba ertalabgacha devori yiqilib ochilib qolgan uyda sovuq qotib tong ottirdik. Ko'rpalarimizni ko'tarib, boshqa joy qidirib ketdik. Beshta uyga kirdik. Joy yo'q. Oltinchi uydan bir kampir chiqib, meni mahkam quchoqlab: “Tirikmisan, o'g'lim!” deb yig'lab yubordi. O'zi ham, ovozi ham onamga o'xshar ekan, onam tirilib kelibdi, deb men ham yig'lab yubordim. Shu tarzda qancha turdik, bilmadim. O'g'li olamdan o'tgan ekan. Aytishicha, men unga judayam o'xshar ekanman. Mening onam ham beshinchi sinfda o'qiyotganimda fojia sababli olamdan o'tgan edi. Ona qadrini onasidan erta ajraganlar yaxshi biladi. Tasodifmi, mo''jizami, Xudoning karomatimi, bilmadim, shunday qilib, qish chiqqunicha o'sha onaxonnikida yashadik. Shundan keyin ham uni tez-tez yo'qlab turdim…

Bir kuni cho'ntagimda 30 tiyin pulim qolibdi. Oshxonada och bo'lsam-da, non-choy ichib, ovqat yemay o'tirgandim. Narigi stolda koreys kishi meni kuzatib turgan ekan. “Qaerliksan, nega ovqat yemayapsan?” deb so'rab qoldi. Mingbuloqning “Gigant” kolxozidan ekanimni aytdim. “30 tiyinim qolibdi, stipendiyam chiqishiga hali yetti kun bor, uni ham yeb qo'ysam, keyin nima qilaman, deb o'ylanib o'tiribman”, dedim. U menga ovqat olib berdi. Ovqatlanib bo'lgach: “Orqamdan yur”, deb uyiga boshlab bordi. Menga o'n so'm pul berib, bir paytlar Mingbuloqning “Gigant” kolxozida yashaganini, u yerliklardan ko'p yaxshiliklar ko'rganini aytdi. Pulni olgach, yo'q desa ham unamay, hovlisini supurib berdim.

Allohning mehribonchiligini qarang, Ten Vladimir Andijondagi Gidroliz zavodining bosh injeneri bo'lib ishlar ekan. Meni kechqurungi smenada ishlaydigan brigadir qilib ishga oldi. Oyiga ikki yuz so'mdan oylik olib, bir zumda boy studentga aylandim. Otamga ham pul berib turadigan bo'ldim. Hamqishloqlarimning yaxshiliklari tufayli yaxshilik ko'rdim. “Yaxshilikning mukofoti yaxshilik” degan hikmat ijobatini hayotimda ko'rdim. Institutni bitirgunimcha o'sha yerda ishladim. Zoriqib qolgan kursdoshlarimga ham yordam berib yurdim.

Xullas, institutni a'loga bitirdim. Domlalarimiz institutda qolib, ilmiy ish qilishimni taklif qilishdi. Ammo ilojim yo'q edi. Mingbuloqda keksa otam yolg'iz edi, ularga qarashim kerak edi. To'g'ri qilgan ekanman. “Ota rozi — Xudo rozi” degani haq gap ekan. Shunday taqdir bergani uchun Allohga shukur. Otamning duolari tufayli shu kunlarga yetdim.

O'qishni bitirib, kasalxonada ish boshladim, — deya Ergashali aka hikoyasini davom ettirdi. — Sakson yoshida otamni mashina urib ketib, kasalxonaga tushib qoldi. Har kuni holidan xabar olgani kasalxonaga boraman. Hoshim aka degan yaxshi bir inson bilan bir palatada yotgandi. U kishi otamning ahvolini ko'rib: “Tezroq uylangin”, deb menga nasihat qildi. Moliyaviy ahvolimiz og'irligini sezgan, shekilli: “Pul berib turaman, uylanvolasan”, deb jiddiy gapirdi. Ertasi kuni ikki ming rubl pul uzatib: “Topganingda berasan, bermasang ham roziman”, dedi. Bu nochor ota-bolaga Allohimning inoyati, Hoshim akaning katta muruvvati bo'lgandi. U paytda ikki ming katta pul edi. O'sha pulga to'y qilib, Nasibaxonga uylanganman. Peshonamga shunday ajoyib turmush o'rtog'i yozgani uchun Allohga shukur deyman. Bir yil o'tmasidanoq qarzdan qutulib oldim.

Onadan erta yetim qolganim uchunmi, oilamizda ayol kishiga ehtiyojimiz kuchli edi. Nasibaxonning qadami qutlug' kelib, ishlarimiz yurishib ketdi. Birin-ketin to'rtta qiz farzandli bo'ldik. Oilamizga qut-baraka kirdi. Ammo hayot bir tekis ketavermas ekan. Og'ir sinovlar ham bor ekan. Ming to'qqiz yuz saksoninchi yili kutilmaganda og'ir dardga duchor bo'ldim. Qayg'uga botib qoldim. Oyoq-belim og'rig'idan jonim chiqib ketay derdi. Bu azobni boshidan kechirgan his qila oladi. Qaerda tuzukroq do'xtir bor desa, o'sha yoqqa bordik. Insonning bardoshi metindek mustahkam bo'lar ekan. To'xtovsiz og'riqlarga chidadim. Andijondagi klinikaning mashhur vrachlari ham “orqa miya rakining so'nggi bosqichiga kelgan, uzog'i bilan ikki oy umri qolgan” deb meni kasalxonaga qabul qilishmadi.

Bir tomonda og'riq, bir tomonda to'rt qiz bilan xotinimning yolg'iz qolib ketishi tinchlik bermasdi. Kechalari Xudoga iltijo qilib, dardimga shifo so'rardim.

Farg'onada xitoylik do'xtir igna bilan davolayotganini eshitib, umid bilan u joyga bordim…

Suhbatimiz shu joyga kelganida, Nasiba aya xonaga choy olib kirib qoldi. Yuzlaridan iymon nuri, xotirjamlik halovati ufurib turgan bu ikki insonga nigoh tashlayman. Qo'sha qarish baxti shunday bo'lsa kerak.

— Ancha ilgari bir guruh xitoylik shifokorlar O'rta Osiyoga kelib ignaterapiya usuli bilan davolashni yo'lga qo'yishgan ekan. Shunday shifokorlardan biri Sun Sun Mun Farg'onada qolib ketgan ekan. Bir-ikki marta igna muolajasini olgach, og'riq susayib, dunyo ko'zimga chiroyliroq ko'rina boshladi, — deb Ergashali aka hikoyasini davom ettirdi. — Doktor bo'lganim uchunmi, Alloh diliga soldimi, bilmadim, menga mehr qo'yib qoldi. U bilan tezda til topishib qoldik. Meni o'ziga yordamchi qilib oldi, davolash usullarini o'rgatdi. Uch oy deganda batamom tuzalib ketdim. Pok Parvardigor g'ayriy xazinasidan shifo bergani, Sun Sun Mun degan ajoyib ustozni tortiq qilgani uchun beadad shukur deyman.

Shu tobda bir voqea yodimga tushib ketdi. 2000 yili ustozim Sun Sun Munni Moskvaga Xitoy elchixonasiga chaqirishdi. Ketayotganida u ikkita qovun yuborishimni iltimos qildi. U Moskvada qovunni Xitoydan kelgan mehmonlarga so'yib beribdi. Azal-azaldan Mingbuloq qovunlari juda shirin bo'ladi. Shirasi tilni yoradigan qovunning birini yeb bo'lishgach, yana biriga qarab, shunday mazali ne'matni yetishtirgan dehqon hurmati uchun ular qovunga ta'zim qilishgan ekan. Insoniylikni, ne'matga shukur qilishni qarang, qoyil qolasan-da, kishi…

Mana, ellik yilga yaqin vaqt davomida ustozdan o'rgangan igna bilan davolash usulini qo'llash orqasidan nasibador bo'ldim, nom qozondim. Bugungi kunda nafaqat respublikamiz viloyatlaridan, qo'shni respublikalardan ham bemorlar dardiga shifo izlab kelishmoqda.

Otam rahmatli hamisha: “Odamlarga yaxshilik qilinglar, birovning haqini yemanglar, haromdan uzoq yuringlar, boriga shukur qilib, yo'g'ida qanoat qilib yashanglar”, deb nasihat qilardi. Otajonim aytganlariga amal qilib, kam bo'lmadim. Tibbiy davolash xizmatlarim uchun doimo boshqalarnikidan arzon narx belgilayman. O'zimizda bor yaxshi narsalarni boshqalarga ilinishni o'rganganman. Yetim-esirlar, keksa nuroniylardan, nogironlardan pul olmayman. Bemorlarning duosida gap ko'p. Hayotda tasdig'ining ko'p guvohi bo'lganman.

— Ergashali aka kasbidan halol rizq topgan, qobil farzandlar tarbiyalagan, oilani muqaddas bilgan nuroniylarimizdan, — deya Qosimjon aka suhbatga qo'r tashladi. — Bugun o'g'illari Ulug'bek va Umidjonlar ota kasbini davom ettirib, tibbiyot sohasida katta yutuqlarga erishib, obro'-e'tibor topishmoqda. To'rt nafar qizlarining hammasi oliy ma'lumotli o'qituvchi. Hamma havas qiladigan oila.

— Ota uchun farzandining yutug'i katta baxt ekan, — dedi Ergashali aka. — O'sha kun hecham yodimdan chiqmaydi. O'tgan yili oyog'im og'rib, yura olmay yotgan edim. Ostonada Ulug'bek kostyum-shimda, ko'kragida deputatlik znachogi va medal taqib turibdi. Ko'zimga quyoshdek bo'lib ko'rindi. Qanday o'rnimdan turib ketganimni bilmay qolibman. Mahkam bag'rimga bosib, uzoq turdim. Xursandligimdan oyog'im tuzalib qolibdi. Ko'zimga yosh keldi. O'g'lim Ulug'bek Prezidentimiz farmoni bilan “Shuhrat” medali olgandi.

Suhbatdoshimga havas bilan qarab turib, har bir otaga farzandlarining kamolini ko'rish nasib etsin degan ulug' niyatlar dilimdan aylandi.

— Sizni bilganlar ko'p kitob o'qishingizni aytishadi?

— Ha, yoshligimdan kitobsevarman, — dedi u. — O'qigan kitoblarimning sanog'i yo'q. Kitob o'qigan kishi odamlarning obidi bo'ladi degan hikmatga amal qildim. Qachon diqqat bo'lib qolsam, “Qur'on” o'qiyman. Qur'on nuri bilan ko'nglim yorishadi. Hozir Akmal Miravaz o'g'lining “Musulmon uchun zarur bilimlar”, Adham Ibrohimning “Eng komil inson” asarlarini qayta-qayta o'qishga odatlandim. So'z gavhariga xaridormiz. Kitobni yaxshi ko'rishimni bilib, farzandlarim, nabiralarim kitob sovg'a qilishadi. Ulardan ham o'qigan kitoblari haqida so'rab turaman. Ijodkor bo'lish orzusida balog'atga yetganim uchun bo'lsa kerak, she'r yozib turaman. “Hali ko'p yashaysiz”, “Shifokorlik tuyg'ularim”, “Farzandlarga yetti nasihat” nomli to'plamlarim chiqqan.

Ergashali aka Musayev bilan suhbatlashib, ruhimiz yengil tortdi, ma'rifatdan, ma'naviyatdan dars olgandek bo'ldik…

Dilmurod Qirg'izboyev,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × four =