Ilm va ijod dovonlarida
fizika-matematika fanlari doktori, professor Shavkat Otajonov portretiga chizgilar
Shavkat Otajonovni taniganimga ellik yildan oshdi. O'sha paytda u Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning fizika fakulteti talabasi edi. O'shanda uni nihoyatda ilmli, ko'p o'qigan va doimo izlanish, intilishda bo'lgan talaba sifatida kashf etganman. Shu bilan birgalikda o'ta kamtar, do'stlarga mehribon, suhbati mazmunli, kuchli mushohadaga asoslangan fikrlari bilan har qanday davrani o'ziga jalb eta oladigan xushchaqchaq inson sifatida ko'pchilikning e'tirofiga sazovor bo'lgan edi. Ular kichik tog'am (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) Valijon Mamajonov bilan bir sinfda o'qishgan.
Ikki “oqsoqol” hamyurt talabalarning boshini-boshiga qo'shib, turli tadbirlar, bayramlarni birga tashkil etishar, bizni yaxshi o'qish bilan birga hayotda mustaqil fikrga ega bo'lish, do'st orttirish, qiyinchiliklardan qo'rqmay, doimo olg'a intilishga chorlashardi. Ular universitet yotoqxonasida turishar edi. Ta'bir joiz bo'lsa, Shavkat aka ham fizik, ham shoirtabiat inson edi. Xonasida doimo rubob osig'liq turar, bo'sh vaqtlarida uni chalib, o'zicha xirgoyi qilardi. She'riyatni ham nihoyatda sevardi. Bayramlar, tug'ilgan kunlar bilan bog'liq mashvaratlarda bot-bot bu boradagi “mahorat”larini namoyish etardilar. Tadbirlar san'at, adabiyot, ma'naviyat haqidagi muloqotlar va hayotiy hangomalarga ulanib ketar, bu biz yoshlar qalbida juda katta havas va hayrat uyg'otgan.
Shavkat aka universitetni qizil diplom bilan tugatdi. Kelajagi porloq, umidli talabani fakultetda o'qituvchi etib ishga olib qolishdi. U talabalarga dars berish bilan birga aspiranturada o'qidi. Ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Bir necha yil o'tmay, nomzodlik ishini yozib tugatdi va muhokamaga qo'ydi.
O'sha davrda sobiq ittifoq tarkibidagi qator oliy ta'lim dargohlarida faoliyat yuritgan olimlardan ijobiy fikrlar olindi. Va himoya muvaffaqiyatli o'tdi. Yana tinimsiz mehnat, izlanish, olg'a intilish yosh olimning hayotiy tamoyiliga aylandi.
Shu o'rinda sal ortga qaytib, bir umr yodimda saqlanib qolgan voqea tafsilotini bayon etmoqchiman. Men maktabni tugatib, universitetning jurnalistika fakultetiga hujjatlarimni topshirdim. Andijonlik qadrdonim Abdujalil Mamatqulov bilan birga tog'amning xonalariga joylashib, bo'lg'usi sinovlarga hozirlik ko'ra boshladik. Tog'am va uning xonadosh kursdoshi Zohid aka o'z yurtiga amaliyot o'tagani ketishgan. Shavkat aka qabul komissiyasiga jalb qilingandi. Biz yoshlar kecha-kunduz bosh ko'tarmay kitob o'qiymiz, imtihonlarga tayyorgarlik ko'ramiz. Shu yili o'qishga har yilgidan ham ko'proq yoshlar hujjat topshirgan. Tanlov o'ta jiddiy o'tishi aniq edi.
Bir kuni tushlikdan so'ng imtihonga tayyorgarlik avj pallasida eshik taqilladi. Eshikni ochdik. Ro'paramizda uzun bo'yli, ozg'in, sochlari yelkasiga tushgan, o'sha paytda rasm bo'lgan surnay pocha shim kiygan yigit turardi. Ichkariga taklif etdik.
— Zohidjon kerak edi, — dedi u stulga o'tirib, hol-ahvol so'rashgach.
— Amaliyot o'tagani ketganlar.
— Unda Shavkat akam shu yerdamilar?
— Ular fakultetlarida, qabul komissiyasidalar. Kechroq kelib qoladi.
“Eh, bu odam vaqtimizni olyapti-ku”, degan gap ko'nglimizdan o'tdi. U esa shoshmasdi. Bizning kimligimiz, qaerga hujjat topshirganimiz, qaysi fanlardan tayyorgarlik ko'rayotganimiz bilan qiziqardi.
— Mening ismim Sherali, Zohidning do'stiman. Bu yerga tez-tez kelib turaman. Teatr institutida o'qiyman. Qo'shiq aytaman. Agar rubob bo'lganda bir qo'shiq aytib berardim.
— Afsuski, yo'q, vaqt ham ziq, — dedik u kishining tezroq ketishini kutib.
— Shavkat akaning xonasida bor-ku, olib chiqinglar, biroz dam olasizlar. Tinimsiz o'qish ham odamni charchatadi, ukalar, — dedi u beparvolik bilan.
— U kishi yo'q, dedik-ku.
— Xonalarida kimdir bordir?
— Mayli, chiqib kelaman, — dedim nihoyat. Boshqa iloj ham yo'q edi. Mehmonning niyati qat'iy edi. Shavkat akaning xonalaridan rubobni olib chiqdim.
— Men sizlarga o'zim yaratgan qo'shiqlardan aytib beraman, tinglab, baho berasizlar.
U ikkita qo'shiqni birdaniga aytib berdi.
— Qalay, yoqdimi? — dedi peshonasidagi ter tomchilarini ro'molchasi bilan artarkan.
— Yaxshi, o'ziga xos yaratibsiz, — deya javob berdik, to'g'risi, xayolimiz bu odam ijro etgan kuy-qo'shiqda bo'lmasa ham.
— Yakshanba kuni O'zbekiston radiosining “Qishloq xo'jaligi xodimlari uchun” eshittirishida men haqimda lavha beriladi va shu qo'shiqlar efirga uzatiladi, albatta, eshitinglar. Sizlarga imtihonlarda omad tilayman, biz yana ko'rishamiz, — deb qo'limizni siqib xayrlashdi u.
“Xayriyat-ey!” deb yubordik. Shunday qilib, biroz chalg'igandan so'ng yana dars tayyorlashga kirishib ketdik. “So'zlari rostmikan, haqiqatan ham radioda uning qo'shiqlarini berisharmikan?”
Oradan uch kun o'tib, yakshanba kuni ham keldi. Soat 14:00 da o'qishni bir chetga yig'ishtirib, beixtiyor radioga quloq tutdik. Qishloq xo'jaligi xodimlari uchun berilgan eshittirish oxirlab qolganda “Dam olish sahifasi”ga navbat berildi. Andijon viloyati, Asaka tumanida voyaga yetgan umidli, havaskor xonanda Sherali Jo'rayevning san'atga oshufta hayoti, ijodi haqida ma'lumot berildi hamda bizga tanish bo'lgan ikkita qo'shig'i efirga uzatildi.
Mehmonning gaplari to'g'ri ekan, u chindan ham qobiliyatli hofiz ekan, deya xulosa qildik.
Oradan vaqt o'tib, bu voqeani unuta boshlagandik. Bir kuni Shavkat aka bizdan kim kelganini so'rab qoldi. O'shanda bo'lgan voqeani so'zlab berdik.
— Sheralidan yaxshi hofiz chiqadi, hali ko'rasizlar. Biz anchadan beri tanishmiz. Yaxshi she'rlarni tanlab, o'zi kuyga soladi, bu ancha murakkab jarayon, — dedi Shavkat aka.
Ko'p o'tmay imtihonlarimiz ham boshlandi. Sinovlardan o'tib, ikkimiz ham talaba bo'ldik. Har birimiz o'z tashvishimiz bilan bandmiz, o'qish, leksiyalar tinglash, oqshomlari yana dars tayyorlash, kutubxonada imtihonlarga hozirlik ko'rish…
Kunlar kunlarni quvib o'tardi. O'sha kezlari talabalar yotoqxonalari derazasidagi magnitofonlardan, asosan, mashhur hofiz Dadaxon Hasanov qo'shiqlari taralardi. Ayniqsa, uning “Laylo” qo'shig'i juda mashhur bo'lib ketgandi. Yillar o'tib, uning yoniga yosh hofiz Sherali Jo'rayev taronalari ham qo'shildi. U kishi bizning “eski tanishimiz” ekanligidan faxrlanib yurdik, o'zimizcha. Oradan qancha suvlar oqib o'tdi. Lekin Shavkat aka bilan muloqotlarimizda o'sha voqeani ham bot-bot yodga olamiz.
Keyinchalik Shavkat Otajonov o'z oldiga yanada katta maqsad qo'yib, doktorlik ilmiy ishini yozishga kirishdi. Shu orada tarixiy voqea yuz berdi. Mamlakatimiz istiqlolga erishdi. Oliy ta'lim tizimida ham yangi, mustaqil attestatsiya komissiyasi tashkil topdi. Ushbu tashkilot faoliyatini boshlagandan so'ng yurtimizda aniq fanlar bo'yicha birinchilardan bo'lib doktorlik dissertatsiyasini Shavkat Otajonov yoqladi. Taniqli olim va jamoat arbobi Po'lat Habibullayev rahbarligida optik fizikaning muhim xossalarini tadqiq etishga bag'ishlangan izlanishlar natijasi himoyadan muvaffaqiyatli o'tdi. Mamlakat istiqloli davridagi ilk doktorlik ishi himoyasi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Jumladan, O'zbekiston televideniesi “Axborot” dasturida mazkur voqea haqida maxsus reportaj berildi.
Shavkat Otajonovni ham fizik, ham shoirtabiat deb bejiz aytmadik. Chunki u kishi olim, jurnalist sifatida ham elga tanilgan. Bo'sh vaqtlarida she'r va hikoyalar mashq qilardilar. Ijodkor olim O'zbekiston televideniesida uzoq yillar “Fan ufqlari” ilmiy-ommabop ko'rsatuvini tayyorladi va efirda olib bordi. Ko'rsatuv orqali mamlakatda ilm-fan sohasida qo'lga kiritilgan yutuqlar, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi bilan bog'liq samarali izlanishlarni targ'ib-tashviq qildi. E'tiborga molik kashfiyotlar yaratgan olimlar, ixtirochilar haqida lavha va reportajlar tayyorlanib, muntazam efirga uzatildi. Ko'rsatuv o'zining ko'p sonli muxlislariga ega bo'ldi. Olim-jurnalist hozir ham televidenie ijodkorlari bilan izchil hamkorlikni davom ettirmoqda.
Shu bilan birga u tadqiqotchi sifatida qator ilmiy risolalar, monografiyalar yaratdi. Ko'plab shogirdlar tayyorladiki, bugun ular ham yoshlarga ustozlik qilib, Vatanimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo'shib kelmoqdalar. Shavkat Otajonov uzoq vaqt O'zbekiston Milliy universitetining ilmiy ishlar bo'yicha prorektori lavozimida samarali faoliyat yuritdi. Professor-o'qituvchilar ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ta'lim-tarbiya jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish, yoshlarni ilmiy tadqiqot sohasiga keng jalb etish, ularning qobiliyatlarini to'laroq yuzaga chiqarish hamda qo'llab-quvvatlashdek xayrli ishlarga bosh-qosh bo'ldi.
Professor Shavkat Otajonov tavalludining 70 yilligi O'zbekiston Milliy universitetida keng nishonlangani, unda ko'plab nom qozongan olimlar bilan birga jurnalistlar, shoir va yozuvchilar ishtirok etgani hamon yodimda. Xususan, O'zbekiston xalq shoiri, O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov Shavkat Otajonovni nafaqat taniqli fizik olim, balki qobiliyatli ijodkor sifatida ham hurmat qilishini ta'kidlab, unga bag'ishlangan she'rini o'qib bergan edi.
Haqiqiy olim va ijodkorlarning hayotini yer bag'ridan qaynab chiqqan, mazali suvi bilan minglab insonlar tashnaligini qondiradigan chashmaga qiyoslashadi. Zero ular ijodi, yaratgan tadqiqotlaridan ko'plab insonlar, shu sohaga mehr qo'ygan ixlosmandlar bahramand bo'lishadi. Chashma esa yana qaynab, tashna yuraklarga “obihayot” ulashishda davom etadi.
Shu kunlarda taniqli olim va iqtidorli ijodkor Shavkat Otajonov yana bir ulkan dovonni zabt etdi. Qutlug' 80 yoshini qarshi oldi. Muborak yoshda bo'lishiga qaramay, hamisha tetik, yuragi g'ayrat va ilhomga, yangi-yangi g'oyalarga to'la. Jonajon fizika fakultetida talabalarga saboq berish barobarida, ular qalbiga ilm-fanga muhabbat, vatanparvarlik g'oyalarini joylashdek xayrli amalini davom ettirmoqda. Ularni fan sirlarini puxta egallashga, Vatanni sevishga, mamlakat ilm-fan salohiyatini bundan-da yuksaltirish, xalqaro miqyosda namoyish etishga undaydi. Shu bilan birga ko'plab izlanuvchi yoshlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qiladi. Vaqti-vaqti bilan do'stlar davrasidagi muloqotlarga ham fursat topadi.
Shavkat aka bilan muloqotlarimiz shunchaki ko'ngil yozishdan iborat bo'lmaydi, balki ilm-fan, adabiyot, san'at va ma'naviyat haqida kechadi. Barchaning qalbiga zavqu shavq, quvonch ulashadi. Yaxshi insonlar bilan muloqot dillarga surur bag'ishlaydi, ma'naviy ozuqa beradi. Umringiz uzoq, rizqingiz baland bo'lsin, ustoz!
Komiljon KARIMJONOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
jurnalist.
