Izlanishlarda davr nafasi
Publitsist va shoir Ashurali BOYMURODning
“Navoiydan navo topdim” kitobini o'qib…
Hech bir mubolag'asiz aytish mumkinki, publitsistika bugun adabiyotning, jurnalistika sohasining muhim janrlaridan biriga aylanib qoldi. Zotan, har bir ijodkor o'z fikrini, voqea va hodisalarning asl mohiyatini ishonarli va yorqin ifodalab bera olishi uchun ham publitsistikaning ahamiyati katta. Chindan ham so'nggi yillarda nafaqat jurnalistlarimiz, balki shoir va adiblarimiz ham matbuotda dolzarb va salmoqli maqolalarni e'lon qilayotganligi quvonarli hol.
O'zining yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida 20 dan ortiq she'riy va publitsistik kitoblari bilan o'quvchilarga yaxshi tanilgan shoir va publitsist Ashurali Boymurod o'zining navbatdagi kitobini “Navoiydan navo topdim” deb nomlabdi. Ijodkor o'zi tug'ilib o'sgan makon tarixini chuqur o'rgangan. Toshkent viloyati, Bekobod va qadimiy Dalvarzin tarixi mo''jizalarini tarixiy faktlar, qiziqarli hikoyalar asosida badiiy tasvirlagan. Xususan, “Tepalikdagi qo'rg'on mo''jizalari” nomli tarixiy maqolasida arxeolog olimlar olib borgan tadqiqotlarga tayanadi, Dalvarzin tepaliklari va u bilan bog'liq bo'lgan makon manzaralarini yangicha kashf etgandek bo'ladi. Maqolada xalqimizning asrlar bo'yi suv to'g'risida orzu qilib kelganligini ulug' Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni misolida yana bir bor ta'kidlab, afsonaviy Shirinsoy, Farhod qoyalari haqidagi xalqimiz yaratgan rivoyatlarni ishonarli tarzda bayon qilgan. Maqoladagi “Iskandar bilan yuzma-yuz”, “Bobur qadamjolari” kabi kichik bo'limlar ham o'quvchiga qiziqarli ma'lumotlar bera oladi.
Bulardan tashqari, kitobda o'zi tug'ilib o'sgan zamin bilan bog'liq tarixiy obidalar, ziyoratgohlar ham e'tibordan chetda qolmagan. Jumladan, “Buzruk bobo ziyoratgohida” maqolasida aynan hozirgi kunlarimizga mos bo'lib, islomiy bilimlarni targ'ib qilishda, ma'naviy qadriyatlarimizni, milliy g'ururimizni yuksaltirishda muhim manba bo'lishi shubhasiz. Hozirgi kunda Bekobod tumanidagi ushbu ziyoratgoh zamonaviy uslubda qayta ta'mirlanib, sayyohlar uchun ajoyib bir maskanga aylanib borayotganligi e'tiborga molik.
Kitobda ulug' mutafakkir bobolarimiz Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga oid tahliliy maqolalarni ham e'lon qilganki, ularni o'qib, buyuk ajdodlarimizning turfa dunyosi, ma'rifiy-axloqiy qarashlari ko'z oldingizda yaqqol namoyon bo'ladi. Ayniqsa, vatanparvarlik, Vatanni sevish va ulug'lash g'oyalari hamisha ustuvor bo'lib kelganligini alohida ta'kidlaydi. Navoiy va Boburning boy ijodiy merosi zamonamiz yoshlarining yuksak ma'naviy kamolotga erishishida muhim manba ekanligini uqtiradi.
Ayniqsa, “Amir Temur va Yangi O'zbekiston” maqolasi kitobda alohida o'rin egallaydi. Maqolada ta'kidlanganidek, mamlakatimizda kechayotgan bugungi o'zgarishlar, katta bunyodkorlik ishlari aynan Temur bobomiz qilgan ishlarning uzviy davomidek ko'rinadi. Xuddi Amir Temur bobomiz ta'kidlaganidek, agarda qudratimizga shubha-gumoningiz bo'lsa, keling, biz qurgan binolarga boqing.
Tasanno aytgayman millatimizga,
Shak-shubha qolmadi qudratimizga, —
deya shoir yurakdan g'urur ila kuylaydi. Bu hayqiriqlar millatning dardi, orzu-istaklari, quvonchu tashvishlari bilan uyg'unlashib ketgandek go'yo. Shu o'rinda ta'kidlashni istardikki, shoirning ushbu maqolasi “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2024 yilgi 5 aprel sonida chop etildi. Ushbu maqola Xalqaro Amir Temur jamoat fondi tomonidan ingliz tilida nashr etilgan “AMIR TEMUR’S LEGACY OF WISDOM” kitobiga kiritilganligi ham bejiz emas.
Muallifning publitsistika sohasida tobora qalami charxlanib borayotganligini uning “Jahon minbarida jaranglayver, ona tilim!”, “Qo'lingga kitob ol!”, “Uchinchi uyg'onish mas'uliyati”, “Po'lat shunday toblandi”, “Bu dargohdan hech kim norizo ketmasin”, “Adiblar xiyobonida” singari qator maqolalarini o'qib, yaqqol his etasiz. Bu kitobga kirgan ocherk va maqolalarda shoir uzoq tarix manzaralarini jonlantirishga harakat qiladi. Yoshlarni Vatanni sevishga, uning munosib farzandi bo'lishga da'vat etish barobarida milliy o'zligimizni, millatimizga xos fazilatlarni, qadriyatlarni aslo yo'qotmaslik muhimligini ta'kidlaydi. “Qo'lingga kitob ol” maqolasida shunday satrlar bor:
Mudroq bosma, bolajon, uyg'on!
Haq yo'lini ko'rsatar har on,
Agar so'zim kelmasa malol,
Qo'lingga kitob ol!
“Navoiydan navo topdim” nomli to'plamni o'qib chiqish asnosida shu narsaga amin bo'ldimki, unga kiritilgan har bir maqolada yurtparvarlik, vatanparvarlik, o'zi tug'ilib o'sgan makonga daxldorlik tuyg'usi ustuvordir. Qaysi bir maqolani olib qaramaylik, albatta, unda yurak, qalb harorati, mehr-muhabbat rishtalari ana shu tuyg'u bilan uyg'unlashib ketadi. Shoir o'z ustozlari haqida salmoqli maqolalar yozishga ham ulgurdi. Ana shu jihatdan olib qaraganda, O'zbekiston xalq yozuvchilari Pirimqul Qodirov va Muhammad Ali ijodlariga bag'ishlab yozgan “Mumtozlik cho'qqisini zabt etgan adib” hamda “Millat tarixini ulug'lagan qalb” nomli maqolalari alohida e'tirofga sazovor.
Ijodkorning ko'plab she'riy kitoblari borligini ko'pchilik yaxshi biladi. Ammo fikrni publitsistikada bayon etish butunlay boshqacha. Shu jihatdan kitobdan o'rin olgan “Uchinchi uyg'onish mas'uliyati” nomli maqola ham alohida diqqat-e'tiborimni tortdi. Yurtimiz boy ma'naviy tarixga ega. Turkiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar Abu Rayhon Beruniy, ibn Sino, al-Xorazmiy, Mirzo Ulug'bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Mirzo Boburning jahon madaniyatiga qo'shgan hissasi beqiyos. Aynan ana shunday ulug' bobolarimiz tufayligina Turkiston va Movarounnahrda dastlabki ikki Renessans yuzaga kelganligi insoniyatga yaxshi ma'lum. Maqolada bu haqda atroflicha fikr yuritiladi. Muallifning she'riy kitoblaridan biriga kiritilgan ushbu satrlar yuqoridagi maqolaga ham ko'chib o'tgan:
Moziydan boqib turar
minnatdor og'alaring,
Quyosh sening bilandir,
ko'ksingga bos osmonni…
Yuksaltirar Vatanni sadoqat, vafolaring,
Botirlaring qurgaydir
Yangi O'zbekistonni!
E'tiborlisi, Ashurali Boymurodning ushbu kitobiga kiritilgan bitiklarning deyarli barchasi respublika markaziy matbuoti sahifalarida chop etilgan. Albatta, bu yaxshi holat. Chunki maqolalarni yig'ib, bitta kitob holiga keltirish xayrli ishdir.
Muallif tarixiy-badiiy publitsistika bilan birgalikda ulug' bobolarimiz Navoiy, Bobur, Ahmad Yassaviy singari zotlarning ijodini o'rganib, o'sha buyuk allomalarimizga e'tiqod ramzi sifatida o'z fikr-mulohazalarini bayon eta olganligi yaxshi ish bo'lgan. Hatto ulug' shoirlar ijodidan ta'sirlanib yozgan she'r va g'azallari ham kitobning mazmun-mohiyatini boyitgan. Maqolalar bilan she'riy ohanglarning bir-biri bilan bog'lanib ketganligi esa shoir aytmoqchi bo'lgan fikrlarning bardavomligini ko'rsatadi. Qolaversa, bu ikki janr bir-birini yanada to'ldirib boradi.
Shoir o'z publitsistik maqolalarida bugungi davr nafasini, zamonamiz qahramonlari hayotini badiiy mahorat bilan tasvirlashga, ularning o'y va kechinmalarini, orzu-istaklarini imkon qadar chuqurroq yoritishga harakat qilgan. Zamonaviylik mavzusidagi maqolalarga to'xtaladigan bo'lsak, bunga misol tariqasida kitobdan o'rin olgan “Po'lat shunday toblandi” yoki “Yer bilan tillashib…” singari maqolalarni alohida ta'kidlab o'tish joizdir. “Po'lat shunday toblandi” maqolasida muallif oddiy bir ishchi — po'lat quyuvchi hayoti va faoliyati misolida katta bir kombinatning olovqalb metallurglari mehnatini, ularning ibratli fazilatlarini yorqin bo'yoqlarda aks ettira olgan.
Maqoladagi quyidagi so'zlar beixtiyor kishi diqqatini tortadi: “Mening birinchi ustozim otamdir, — dedi faxr bilan Inomjon. — Rahmatli padari buzrukvorimning bir so'zi sira yodimdan chiqmaydi. Otam shunday degan edilar: “Po'lat erituvchining mehnati oshpazning mehnatiga o'xshab ketadi, bolam. Oshpaz qozonga qanday nigoh tashlasa, sen ham xuddi oshpaz singari yonayotgan pechga mehr bilan nigoh tashlaysan. Hech bir narsa nazardan chetda qolmasligi kerak. Masalliqlar, ya'ni metall mahsulotlari bir maromda qizdiriladi, tobga keltiriladi. Mazali “palov” — sifatli po'lat eritmasi ana shunday olinadi. Eng muhimi, yuraging, qalbing toza va beg'ubor bo'lsin!” Men hamisha otamning ana shu o'gitlariga amal qilib yashadim va kam bo'lmadim”.
“Yer bilan tillashib…” maqolasida esa tinimsiz mehnat va izlanishlar natijasida katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan Begmatovlar sulolasining qishloq xo'jaligi sohasida qo'lga kiritayotgan yutuqlari, fermerlik harakatidagi yangilik va o'zgarishlar, an'analarga sadoqatlilik mahorat bilan qalamga olingan. Umuman olganda, tarixiy mavzudagi maqolalar bilan zamonaviy yo'nalishdagi har bir bitiklarning sodda va ravon tilda, o'ziga xos uslubda yozilganligi quvonarlidir.
Shoir va publitsist Ashurali Boymurodning “Navoiydan navo topdim” nomli yangi kitobi ko'p yillik ijodiy izlanishlarning yaxshigina samarasi bo'libdi. Agar siz ham mazkur kitob mutolaasiga kirishsangiz, shubhasiz, fikrimizga qo'shilasiz, degan umiddamiz.
Muhammad KENJA.
