Mangu so'z
Taniqli shoir G'ayrat Majidning “Oppoq tabassum” kitobini o'qib…
Taniqli shoir G'ayrat Majidning “Sahhof” nashriyotida chop etilgan “Oppoq tabassum” she'rlar va dostonlar to'plami Vatanga sadoqat, millatga muhabbat, ota-ona va azaliy qadriyatlarning yuksak badiiy ifodasidir. Kitob nomidagi oppoq tabassum ramzi aslida Vatanga, insonga va zamondoshga bo'lgan beg'ubor mehr-muhabbat ziyosini anglatadi. Ushbu to'plamda eng ko'p murojaat qilingan va o'ziga xos badiiy yuk tashigan tushunchalardan biri “so'z”dir. Mumtoz adabiyotimizda va irfoniy she'riyatda “so'z” atamasi nafaqat lug'aviy birlikni, balki yonish, kuyish, otash, hasrat ma'nolarini ham ifodalaydi.
Shoir “Mangu so'z” she'rida dunyodagi barcha moddiy narsalarning o'tkinchi ekanligini tasvirlaydi. Uning fikricha, vaqti kelib, eng jo'shqin toshqin daryolar tinadi va shoshqin sabolar esmay qoladi. Hattoki eng mustahkam va azamat tog'lar qulab, yam-yashil bog'lar sarg'ayadi va so'ladi. Koinotdagi jamiki mavjudot dong qotadi. Ko'zyosh ham, oh-nolalar ham dunyoni asrab qololmaydi, hatto mag'rur porlagan quyosh ham bir kun kelib so'nadi, o'chadi. Ammo… Ammo shoir butun foniylik va yo'qlik qarshisida bitta buyuk haqiqatni e'tirof etadi:
Faqat so'z o'lmagay, mangu qolar So'z.
So'z bu shunchaki tovushlar yig'indisi emas, balki inson joniga beqiyos ziyolar bag'ishlovchi ilohiy ne'matdir.
So'zning ikkinchi ma'nosi — yonish, otashli dard va kechinmalar silsilasi shoir ijodining ichki qatlamida yashiringan. Inson bu dunyoga dard va sinovlar ichida keladi va hayot yo'lini shu otash ichida bosib o'tadi. Shoir bu teran falsafani quyidagi misra orqali juda go'zal ifodalaydi:
So'z ichra to'lg'onib, so'zga kelganmiz.
Bu yerdagi birinchi “so'z” insonning yonishi va iztirobini, ikkinchisi esa yorug' dunyoga kelib o'z so'zini aytishini anglatadi. Keksayib borayotgan va qartaygan dunyo qarshisida shoirning yashashga bo'lgan kuchli ishtiyoqi, ruhiy yonishi isyonkor bir tarzda jaranglaydi: “Aytgim kelaverar yashil-yashil so'z”. Bu “yashil so'z” aslida ko'ngil bahorining ramzi va yonib turgan pok umiddir.
G'ayrat Majid badiiy so'zni buyuk ajdodlar merosi sifatida qabul qiladi va uning mas'uliyatini chuqur his etadi. U qalamni eng toza izhor, sof iymon va ixlos mazhari deb biladi hamda uni hazrat Navoiydan qolgan meros sifatida ulug'laydi. Alisher Navoiy siymosi va uning so'z mulkidagi beqiyos o'rniga bo'lgan ehtirom to'plamning bir necha o'rinlarida yorqin aks etgan. Shoir Navoiy hazratlarini “So'z chamani ichra so'lmas daraxtim” deb ataydi va bu daraxtdan ruhiy ozuqa oladi. Chinakam so'z ma'rifatini va uning taftini (yonishini) anglamoq uchun, albatta, “so'z mulki sultoni muzofoti”ga safar qilmoq va Navoiyni anglamoq kerak bo'ladi.
Shoir “Qalam” she'rida so'zning o'zini emas, uni yaratuvchi vositani olovli bir dard bilan tasvirlaydi. Bu yerda qalam shunchaki yozuv quroli emas, balki otashli so'zning o'zidir:
Ham quvonch, ham nurli g'ussa qalamdir,
Qalam el dardini yozsa qalamdir.
Aynan shu she'rda u so'z aytish mas'uliyatini “sof iymon, ixlos” va “eng pokiza izhor, dilroz” sifatida qabul qiladi va bunga butun borlig'i bilan yonadi.
Ijodkor so'zlash jarayonini, misralarning tug'ilishini tabiat unsurlari va qizil (olov, qon) rang orqali chizadi. “Ustozim” she'ridagi mana bu misralarga e'tibor bering:
Lab ochdim, yurakdan lolalar oqdi,
Munojot, iltijo, nolalar oqdi.
Lab ochganda so'z emas, “lolalar” (ya'ni yurak qoni bilan sug'orilgan, yonib turgan, qizil otash rangli misralar) oqishi so'z ishqidagi yonishning eng yuksak tashbehlaridan biridir. Aslida, bu teran va go'zal metafora mumtoz adabiyotimizdan, xususan, hazrat Alisher Navoiy ijodidan oziqlangan. Navoiy bobomiz o'zining mashhur baytida shunday yozgan edi:
Furqatingdin za'faron uzra
to'karmen lolalar,
Lolalar ermaski, bag'rimdin
erur pargolalar.
Navoiy baytidagi yor hajrida qon yig'lash, sarg'aygan yuz (za'faron) ustiga to'kilayotgan qizil qon tomchilari (lolalar) aslida yurakning parchalari (pargolalar) ekanligi qanchalik buyuk dard va yonish bilan aytilgan bo'lsa, G'ayrat Majid misralarida ham shu ulug'vor an'ananing go'zal davomini ko'ramiz.
Shoir lab ochganda to'kilgan “lolalar” shunchaki oddiy so'zlar emas, balki munojot va iltijoga aylangan, sog'inch o'tida yongan yurakning qonli parchalaridir. Og'izdan chiqayotgan kalomning lolaga o'xshatilishi so'zning oddiy nutqdan ko'tarilib, irfoniy dardga va qalb otashiga aylanganini ko'rsatadi. Bu esa G'ayrat Majidning so'z qo'llash mahoratida Navoiy maktabiga naqadar sadoqatli ekanligini va mumtoz tashbehlarga zamonaviy she'riyatda yangicha ruh bag'ishlay olganini yorqin namoyon qiladi.
Xuddi shunday holat “Nolalarim bor” she'rida ham kuzatiladi:
Koriz suvlariday yurakkinamning
Tublarida oqar nolalarim bor.
“Ko'ngil” nomli she'rda shoir yuragining yonishini musiqiy timsollar orqali ifodalaydi:
Yonayotir yuragim,
Qalbim to'la navolar.
So'ngra bu yonishni yanada kuchaytirib, ijodkor o'z qalbini nayga mengzaydi: “Ko'ngil, nolakor naysan, Ko'p o'zingni qiynaysan”. Bu yerdagi nayning nolasi qog'ozga tushmagan, ammo vujudni yondirayotgan olovli so'zlardir.
Bu tushunchaning eng hayratlanarli cho'qqisini “Iltijo” she'rida ko'rish mumkin. Bu yerda shoir Yaratgandan bevosita “so'z berishini” yolvorib so'ramaydi, balki so'zning turli badiiy maqomlariga yetishishni istaydi: “Shul izhorim, shul rozimga meni yetkaz”; “Sellar kabi oqsin olam Ushshog'imdan, Shul navo, shul ovozimga meni yetkaz”; “Shul doston, shul bayozimga meni yetkaz”.
E'tibor qilsak, “izhor”, “roz”, “ushshoq”, “navo”, “ovoz”, “doston”, “bayoz” — bularning barchasi shoir qalbida tinimsiz yonayotgan va yuzaga chiqishga intilayotgan so'zning turli xil go'zal liboslaridir.
G'ayrat Majid ijodida so'z faqatgina lirik kechinma yoki badiiy vosita emas, balki milliy o'zlik, tarix va ijtimoiy isyon quroli sifatida ham namoyon bo'ladi. So'zning qadimiy etimologik ildizlaridan tortib, eski o'zbek tilidagi shakliy-semantik jilolarigacha bo'lgan tadrijiy tarix va jadidona ruh bu she'rlarda o'ziga xos tarzda uyg'unlashgan.
“Ona tilim” she'rida shoir tilni shunchaki aloqa vositasi emas, balki millatning genetik kodi va ruhiy tarixi sifatida talqin qiladi:
“Olis-olislardan kelgan dardlarim,
Mahmud Koshg'ariydan meros xatlarim”.
Olam aro mening shajaram, ko'rkim,
Ildizim — “Devoni lug'otit-turk”im.
Shoir bejizga Ahmad Yugnakiy, Navoiy va Ogahiylarni ketma-ket tilga olmaydi. Bu orqali u eski o'zbek va turkiy matnlarning asrlar osha uzilmagan zanjirini ko'rsatadi. Bu yerda so'z millatning yo'qolmas xotirasi sifatida isyon qiladi:
Tilga xiyonatni kechirmaydi dil,
Elga xiyonatni kechirmaydi el.
Shu bilan birga, so'z ba'zan o'tkir qurol va haqqoniyat tig'i sifatida ham gavdalanadi. “Yana til haqida” she'rida so'z o'zining mayin, lirik tabiatidan chiqib, keskin va himoyachi qiyofaga kiradi:
Bir qutlug' nasiba bug'doy so'zlarim,
Ko'ksingni ko'targay tug'day so'zlarim;
Ona tilin pisand etmaganlarning
Qalbiga sanchilsin tig'day so'zlarim.
Bu hayratlanarli metaforadir: dastlab hayot manbai bo'lgan bug'doy va milliy g'urur ramzi bo'lgan tug' shaklidagi so'z, zarurat tug'ilganda tig'ga aylanib, jaholat va loqaydlikka qarshi keskin zarba beradi.
Shoirning ijtimoiy she'rlarida so'z va haqiqat uchun jon bergan jadidlar, xususan, Usmon Nosir fojiasi kuchli isyon bilan tasvirlanadi. Haq so'z uchun dor ostiga borish “isyonkor so'z”ning eng oliy cho'qqisidir:
She'r — iymon,
Sovurmoq mumkinmas yelga;
Sen borsan,
O'limdan qo'rqmayman, Vatan,
Assalom,
Assalom, dorning og'ochi!”.
So'z bu yerda o'limni yengib o'tgan tirik vijdonga, o'ldirib bo'lmaydigan ruhga aylanadi.
“Da'vat” she'rida esa til va inson mohiyati o'rtasidagi bog'liqlik eng keskin shaklda beriladi. Tilni asramaslik insoniy qiyofadan mahrum bo'lish darajasiga olib chiqiladi:
To'ng'iz bilan bir bo'ladi odam,
Onasini asramasa.
Bu keskin va murosasiz “so'z”dir.
Shoir qalamida so'z shunchaki himoyachi yoki qurol emas, u butun insoniyatga yuzlana oladigan ilohiy mezondir. To'plamda Pushkin va Dantes fojiasiga bag'ishlangan misralarda shoir butun insoniyatga, jaholat botqog'iga botgan kimsalarga qarata o'z ohangi, o'z dardi bilan ohoriy (yangi, betakror) bir so'z aytadi:
Ey, so'zning qadriga yetmagan dunyo,
Kimga qarayapsan, ko'zing qilib lo'q…
Bu ifoda orqali shoir so'zni va ijodkorni mahv etdim deb o'ylagan johil dunyoning ustidan kuladi. U insoniyatni ogohlikka chorlar ekan, jismoniy o'lim so'zni o'ldira olmasligini, haqiqiy mag'lubiyat so'zning, ya'ni ilohiy haqiqatning qadriga yetmaslik ekanligini hayratlanarli tarzda ochib beradi. Bu murojaat faqat bir davrga emas, balki so'z va ruhiyatni moddiyatdan past ko'ruvchi barcha zamonlarga qaratilgan buyuk isyondir.
G'ayrat Majidning “Oppoq tabassum” kitobidagi so'z shunchaki muomala vositasi yoki badiiy tasvir ob'yekti emas. U ko'ngilning otashi, yurakning yonishi va ajdodlardan avlodlarga o'tib kelayotgan mangu ziyodir. U goh qalbni tilguvchi nola, goh millatning uyg'oq vijdoni, gohida esa jaholatga qarshi isyonkor tig' bo'lib maydonga chiqadi. Bu ikki ma'noning (lug'aviy so'z va irfoniy yonish) mukammal birlashuvi shoir she'riyatiga o'ziga xos harorat bag'ishlaydi va kitobxonni har bir misra qatidagi yashirin otashni his qilishga, eng muhimi, so'zning qadriga yetishga undaydi.
Abdulla O'ROZBOYEV,
filologiya fanlari doktori,
professor.
