Ko'ngil bitiklari

Taniqli shoira va publitsist Zamira Ro'ziyevaning

“Kul bosgan cho'g'lar” va “Gavhar yanglig' go'shalar” kitoblarini o'qib…

Ijod, ilhom Yaratganning insonga bergan eng bebaho ne'matlaridan biri. Kimdir uni yuraklarga yetib boruvchi misralarga tizsa, kimdir hikmatlarga joylaydi, yana kimdir katta asarlar bilan qalblarga yetkazishga intiladi.

Andijonning suyukli shoirasi Zamira Ro'ziyevaning bir-biridan jozibali, mazmundor she'rlarini o'qiganingizda, so'zni erkalatib ishlatuvchi ijodkor, degan fikrga kelasiz. Chunki siz yoki men uchun oddiy tuyilgan so'zlardan shirin titroq beruvchi go'zal ash'orlar bitadi. Ayniqsa, Vatanni madh etuvchi she'rlarida buni yaqqol ko'ramiz:

 

Kurtak ko'rdim namchil yog'och yoriqlarda,

Ruhim qo'shiq simiradi ariqlarda.

Sir yashaydi bobom kiygan choriqlarda,

O'xshashing yo'q, ey, ona yurt,

ona tuproq.

 

Shoiramiz asli ijod olamiga jurnalistika orqali kirib kelgani bois, eng birinchi SO'Zni mana shu kasbiga yo'naltirgan va hamon ana shu ahdiga sodiq. Buni uning mamlakat miqyosidagi ko'plab vaqtli matbuot nashrlari orqali yoritib kelayotgan publitsistik maqolalarida ko'ramiz. Boshqacha aytganda, Zamira Ro'ziyeva shoira bo'lish barobarida yaxshigina yozuvchi hamdir. Bunga misol uning 2025 yilda “Ijod nashr” tomonidan chop etilgan “Kul bosgan cho'g'lar” asari.

Ushbu asarning e'tiborli jihati — to'plamning ota-onasiga bag'ishlanganligi. Zero, har birimiz bu hayotda nimadir topgan, nimagadir erishgan bo'lsak, mo''tabar, mehribon, jon fido ota-onalarimiz tufaylidir. Ularga qancha ehtirom, e'zoz ko'rsatsak, shuncha oz, tashbehiga so'z kam.

Shu ma'noda Zamira Ro'ziyeva ota-onasi xotirasi oldida farzandlik burchini bajarishi barobarida, ijodkor sifatida ularning hayotini qalamga olib, asarga aylantira olgan.

Asar sizni uzoq tarixga yetaklab, uning insonlar taqdiridagi achchiq haqiqatlari — uqubat, sarsongarchilik, ayriliq, sog'inch, diydorga tashnalik, yolg'on va xiyonatli siyosatning qurbonlariga achinish, hamdardlik hissiyotlariga g'arq qiladi.

E'tiborlisi, nafaqat Zamira Ro'ziyevaning, balki ko'plab yurtdoshlarimizning yaqinlari o'tgan asrning qatag'on davrlarida mana shunday achchiq qismatga ro'para bo'ldilar, kimgadir yashash baxti nasib etmadi, kimdir surgunda, kimdir qamoqda va yana kimdir qochqinda… Bular bizning kechagi qonli tariximiz. Va afsuski, Zamira Ro'ziyevaning bobo-buvisi, ota-onasi ana shu hayotning ishtirokchilari bo'lib yashashga mahkum edilar.

Muallif qissa boshidanoq o'quvchini o'sha davr ruhiyatiga olib kiradi. Beixtiyor sahifadan sahifaga o'tgan sari goh Qori dadaga aylanib, goh kichkina Boqiyaxon, gohida esa Abdulaziz bo'lib yashay boshlaysiz. Xavotir qalbingizni to'ldiradi. Ularni himoya qilgingiz, ayanchli qismatlardan olib qochgingiz keladi.

Bir muddat “tut qoqdi” marosimi bilan ko'nglingiz yumshab, qo'ni-qo'shnilarga aylanib, shodlanasiz. Shunday go'zal udum ishtirokchisi bo'lgingiz keladi. Ammo… bir lahzalik quvonch chekinib, yana g'amginlik qalbingizga cho'kadi.

Muallif ota-onasi qismatini ochib berish barobarida, o'sha davr siyosatining chirkin tomonlarini ham ustalik bilan singdirib ketadi.

“Rossiyaga “o'z ixtiyori” bilan qo'shilgan paytda O'zbekiston aholisining bor-yo'g'i ikki foizigina savodli edi, xolos”. Bu gap — O'zbekistonga yil sari emas, kun sayin oyog'i o'rnashib borayotgan sho'rolar hukumatining yolg'on matoga o'ralgan axboroti edi.

Birgina ijodkor emas, hammamiz to mustaqillikkacha tarixning mana shunday ma'lumotlariga ishonib kelganmiz. Aslida esa butun dunyoga Sharq uyg'onish davrini taqdim etgan bizning ulug' ajdodlarimiz edi, ularning avlodlari savodsiz bo'lishlari mumkinmi? Bizning zamin — sof islom ta'limotininggina emas, algebra, astronomiya, adabiyot, san'at, madaniyat, ma'rifatning o'chog'i bo'lgan.

Zamira Ro'ziyeva mana shu haqiqatni qissada urg'ulab, ham armon, ham g'urur bilan bayon qiladi.

Voqeiy qissaning yakuni xushxabarlar bilan ko'ngildagi mahzunlikni tarqatadi. Ya'ni yillar o'tib, o'z yurtidan qochib, o'zga yurtlarda, aniqrog'i, Saudiya Arabistonida qo'nim topgan musofirlarning avlodlari va nihoyat, mustaqillik sharofati va mamlakatimizda diniy bag'rikenglik ne'matlari tufayli Makkayu Madinaga bordi-keldilar orqali topishadi, uchrashuvlar har ikki yurtdagi qarindoshlar rishtasini bog'laydi. Demak, ajdodlarning ruhi ham shod bo'lgani haqiqat.

Ushbu to'plamdagi “Daryodil muallimim” essesi muxlislarda yana boshqacha bir taassurot qoldiradi. Sababi, Zamira Ro'ziyeva o'zi haqidagi kamchiligu nuqsonlarni ochiq-oydin, ro'yirost bayon qilish orqali qaynonasi haqida judayam chiroyli ta'riflarni ishlatgan. Shuning uchun ham esse o'qishli, qiziqarli, ibratli chiqqan. Ayniqsa, har voqeadan keyin “daryomidingiz, osmonmidingiz, noyob fazilatli muallimim?” deya Chamanxon buvini ta'riflashi yosh kelinlargagina emas, hatto qaynonalarga ham namuna, o'rnak. Ijodkor rahmatli qaynonasini bu tarzda eslab, xotirlab, asariga qahramon saylash bilan qalbidagi jami minnatdorlik tuyg'ularini go'zal ochib bera olgani nihoyatda ahamiyatli. Qolaversa, o'sha davr onalarining bag'rikeng, qo'li ochiq, rahmdil, mehribon, oqibatli ekanini Chamanxon ona timsolida ko'rsatar ekan, biz tengi muxlislar shirin entikish bilan xotiraga beriladi. Chunki bizning onalarimiz ham ana shunday keng fe'lli, dasturxoniyu darvozasi hamisha ochiq, mehmondo'st, qo'shnini qarindoshday qadrlaydigan insonlar edi. Shu ma'noda esseni o'qish barobarida shirin sog'inish tuyg'ulari ham bosh ko'targani bor haqiqat. Bu shoira-adiba va albatta, “qarqara kelin” Zamira Ro'ziyeva qalamining kuchidir.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira, shirinso'z voiz, elning sevimli farzandi Tursunoy Sodiqova haqidagi “Jondo'stim edilar” xotiranomasi ham dilni entiktiradi. Negaki, Tursunoy Sodiqova ustozimiz, shoiramiz, maslahatdoshimiz va opamiz edi. Bu jihatdan Zamira Ro'ziyeva o'zi ta'riflaganidek, rostdan ham “omadliroq shogird, do'st” bo'la olgan ekan.

Xotira boshidagi muallifning Oyisha buvisi aytgan ibora o'zgacha ta'sir qildi, ya'ni “do'stning xili ko'p, kim shondo'st, kim nondo'st, kim jondo'st bo'ladi”. Qarang, qariyalarimiz qanchalar dono, aqlli bo'lishgan. Zamira Ro'ziyeva mahorati aynan mana shu kabi inson ruhiyatiga tezda ta'sir qiladigan iboralar, misralar, naql va o'gitlarni asarlarida o'rnida ishlata olgani. “Jondo'st” deb ustozni o'zgacha ehtirom bilan e'zozlashi xotiraning yanada o'qishli chiqishini ta'minlagan.

Ozgina va sozgina yozilgan ushbu xotirada har ikki ijodkorning shoiraligi va adibaligi, notiqligiyu targ'ibotchiligi uyg'unlashib, ustoz-shogird tandemining muvaffaqiyatli davom etgani akslanadi. Ya'ni garchi Tursunoy Sodiqova bugun oramizda bo'lmasa-da, uning o'gitlari, tajribalarini o'zlashtirib ulgurgan, “qaerda, qanday minbarda qaysi so'z yoki she'rni aytish” hadisini olgan Zamira Ro'ziyevani hozirgi vaqtda tadbirlarda dam shoira, dam vatanparvarlikka ruhlantiruvchi fidoyi yurtdosh, dam yaxshilarning yaxshiliklarini ulashuvchi voiza sifatida ko'ramiz, faxrlanamiz.

Bugina emas, Zamira Ro'ziyeva “Saodat”dek mamlakat xotin-qizlarining bosh jurnalida katta ustoz ijodkorlar Zulfiyaxonim, Oydin Hojiyeva va ko'plab taniqli ijodkorlarning maktabidan ta'lim olgani uchun ham bugun so'zi butun, she'rlari ta'sirli, yozganlari e'tiborli.

“Saodat” jurnali baxtimning boshlanishi bo'lgan” maqolasi Zamira Ro'ziyeva faoliyatini yaxshi bilmagan ayrim o'quvchilar uchun juda qiziqarli chiqqan. O'z davrining eng mashhur insoni, O'zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim nazariga tushish, ularning yordami bilan Toshkentda qolish va eng katta ijod dargohi — “Saodat”da ishlash har kimga ham nasib qilmagani bor gap. Bu borada Zamira Ro'ziyeva omadli bo'lgan, desak, mubolag'a emas. Buning birgina sababi esa Qalam va So'z. Demakki, Zamira Ro'ziyeva talabalik davridanoq ustozlar e'tiborini torta oladigan, xalqqa manzur maqola, ustozlar va muxlislar ko'nglini qitiqlay oladigan she'rlar yoza olgan. Aynan shuning uchun ham katta darg'alarning nazariga tushgan. Ular yosh niholning o'sishiga bag'rikenglik bilan qo'l cho'zgan va Zamira Ro'ziyeva bu ishonchni ijodi bilan oqlay olgan.

Katta maktabning munosib o'quvchisi, ayniqsa, Zulfiyaxonimni shifoxonaga ko'rgani borgani haqidagi sarguzashtini o'qib, muallifning soddaligi va albatta, Zulfiyaxonimning nihoyatda ziyrak, kuzatuvchan, yoshlar hayotini yaxshi biladigan va tushunadigan, kibrsiz, samimiy, kishi ko'ngliga tegmaydigan tarzda unga yelka tuta oladigan ULUG' USTOZ bo'lganiga tasanno, degingiz keladi. Zamira Ro'ziyeva ijod yo'lini “Saodat” bilan boshlanishini “baxtim” deya juda to'g'ri ta'riflagan. Qolaversa, u o'z xotirasi orqali Zulfiyaxonimning fazilatlarini go'zal tarzda ochib bera olgan.

Umuman olganda, ushbu to'plam Zamira Ro'ziyevaning ko'ngil bitiklari desak, adashmaymiz. Chunki tilga olingan qissa va esselarning qahramoni o'zi, shaxsiy xotiralarini sizu biz bilan baham ko'rgan.

To'plamning yakunidagi “Zamonamiz qahramoni” maqolasi muallifning ikkinchi kitobiga zamin bo'lgan, degan fikrdaman. Sababi, 2025 yilning kuz oyida uning “Gavhar yanglig' go'shalar” kitobi nashrdan chiqdi. Unda o'ttizdan ziyod piru badavlat oila sohiblari — zamondoshlarimizning hayotlaridan juda go'zal hikoyalarni taqdim etadi. To'plam Zamira Ro'ziyevaning qalami hamon yozishdan to'xtamayotgani, e'tiborlisi, Respublika “Nuroniy” jamg'armasi muassisligida chiqadigan “Nuroniy” gazetasining muxbiri sifatida mamlakatimizning barcha hududlaridan “durlar” terib, sahifalarni boyitib kelayotganidan dalolat.

Kitobning nomiyoq kayfiyatingizni ko'taradi, shoirona atama ila Andijondan Qoraqalpoqqacha, Toshkentdan Surxonu Qashqadaryo, Xorazmgacha, Sirdaryodan oshib Jizzax, undan Samarqandu Buxoro sari qalamini yetkaza olgani, ibratli oilalar haqida qiziqarli maqolalar — o'zi ulug' yoshda bo'lsa-da, shijoat bilan ijod qilayotganiga misol.

 

Siz bor, ko'ngil yarim emas,

Mulk, davlatim, tillo, zarim,

Rizqu fayzga to'liqlarim,

Siz nuroniy — ulug'larim!

 

deya alqaydi piru badavlat otaxonu onaxonlarni. Men esa ushbu satrlar ijodkorning o'ziga ham mosligini alohida ta'kidlashni istardim.

Qahramonlar hayotini o'qir ekansiz, har biridan o'ziga xos tartib-qoida, oila an'analari, farzand tarbiyasidagi uslublaridan xabardor bo'lish, qaysidir biridan muomala, qaysidir biridan esa bag'rikenglik, saxovatlilik, oqibat rishtalarini mustahkamlash sirlarini o'rganasiz. Hayot maktabining katta ustozlari bo'lgan bu hamyurtlarimizni Zamira Ro'ziyeva maqolasiga bejiz tanlamaganiga iqror bo'lasiz. Ulug'norlik Qodirjon aka, yakkabog'lik Muxtorjon ota, arnasoylik tarixchi Nizom bobo, qoraqalpoqlik Ismoil ota, xovoslik Huriniso ona, xullas, har bir oila sohib va sohibalarining hayot tarzlari havas qilishga arziydi. Albatta, har oila o'ziga xos makon. Ammo atrofni kuzatib, boshqalardan o'rganib, kamini to'ldirish hamisha foydalidir. Shu ma'noda ikkinchi kitob ham haqiqiy ma'noda “gavhar yanglig' go'shalar” tarovatini Yangi O'zbekiston uzra taratib, ularning safini yanada ko'paytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo'lishiga ishonamiz.

Va serqirra, sermahsul ijodkor, publitsist sifatida Zamira Ro'ziyeva kelgusida yana ko'plab oilalarning mehmoni bo'lib, ularni yangi asarlariga qahramon saylashlariga tilakdoshmiz.

Muxtasar aytganda, Zamira Ro'ziyevaning har ikki kitobi nafaqat kutubxonalardan, balki insonlar qalbidan joy oladigan ijod mahsullari bo'lgani bilan e'tibor topadi.

Salimaxon MIRZAYEVA,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi,

filologiya fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − 1 =