Yashil velosiped

O'rolboy QOBIL

Muallif haqida:

O'rolboy QOBIL (Qobilov) 1955 yil Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Guliston qishlog'ida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning tarix fakultetini bitirgan. Uzoq yillar maktabda o'qituvchi bo'lib ishladi. Hozir nafaqada.

Muallifning “Kechikkan karvon qo'ng'irog'i”, “Adir ortidagi qishloq”, “Ena tuproq”, “Ko'ngilga yo'l” deb nomlangan qator kitoblari chop etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Dashtdagi tumanlarning birida uchastka noziri bo'lib ishlagan Abdikarim melisa bir kuni o'zi guvoh bo'lgan qiziq voqeani so'zlab berdi.

— U paytlarda hozirgidek turli rusumdagi yengil mashinalar kamchil bo'lib, odamlar ishga yo'lovchi mashina va avtobuslarda qatnar, harakatlanishga eng qulay vositalardan yana biri velosiped sanalardi.

Kunlarning birida bozor yaqinidagi ichki ishlar bo'limiga qarashli xonamga tanishim To'ychi muallim hovliqib kirib keldi va salom-alikni ham unutib, dedi:

— Melisa aka, tez bo'ling, velosiped o'g'risini topdim!

— Qaerda ekan o'sha o'g'ri? — deya shoshilib so'radim.

— Anovi go'sht do'koni yonida, tezroq bo'ling, tag'in qochib ketmasin…

Ikkovimiz oshig'ich do'konga suyab qo'yilgan velosiped yoniga bordik.

Bizlarni ko'rgan Turdimurod qassob dedi:

— Ey, kelingizlar, katta bobolar, go'shtning “svejiy”sidan bor, ayting, qanchadan tortayin?

— Go'shtni keyin olamiz, bizga mana bu matohning egasi kerak edi, — dedim velosipedga ishora qilib.

— Ey, bumi? Salim jiyanimniki. Ana, do'kon ortida qo'y so'yishga o'g'illarimga ko'maklashyapti.

— Bo'lmasa, chaqiring jiyaningizni.

Ko'p o'tmay, yonimizga qorachadan kelgan, o'rta bo'yli, jingalak sochli yigit salom berib keldi-da, dedi:

— Menda ishlaringiz bor ekan, tog'am aytdi.

— Ha, bor. Ayt-chi, oshna, manavi velosiped senikimi? — deya so'radim.

— Ha, meniki.

— Bekor aytibsan, bu mening velosipedim. Yashil tusli edi, sen unga qizil bo'yoq surtgansan, xolos, — dedi To'ychi domla tutaqib.

— Hoy, domla, tuhmat qilmang, bu yigit o'g'rilik qiladiganlardan emas, palagi tozalardan, — deya qassob o'dag'aylab yonimizga keldi.

Tortishuv boshlandi. Bir zumda tekin tomoshabinlar ham ko'paydi. Bozorqo'm Allanazar rais ham voqeadan xabar topib, xaloyiqqa qarata:

— O'rtoqlar, tinchlik saqlansin! Dunyo bedarvoza emas, shu jumladan, bozor ham. Ana, melisa bor, men bor, barisini aniqlab, qonuniy hal qilamiz! — dedi.

Bilasiz, dasht odamlari bir-birini yaxshi taniydi, qolaversa, o'g'rilik degan hodisa kunda bo'ladigan voqea bo'lmagani va bu aylanib, or-nomusga borib taqalgani uchun to'planganlar tarqalmadi va hatto kimdir: “O'sha bachchag'ar o'g'ri kim ekan?” — deya qichqirdi.

Men sekingina To'ychi muallimga qaradim.

Muallim bamaylixotir Turdimurod qassobga:

— Jiyaningizdan so'rang-chi, velosipedni qaerdan olgan ekan? — deya savol berdi.

— Anovi raysentrdagi Rossiyaga ko'chib ketgan Anisa xolaning o'g'li Tolikdan uch oy avval sotib olganman, — dedi yigitcha yonida turgan barzangi qassob tog'asi tarafga qarab.

Turdimurod qassob To'ychi muallimga xezlanib:

— Eshitdingizmi, domla, kela solib yoshgina yigitga tuhmat qilgani uyalmaysizmi? Bilsangiz, bizning urug'dan nomdor polvonu chavandozlar chiqqan, lekin o'g'ri-kazzob chiqmagan, hali tuhmat qilganingiz uchun javob berasiz. Xudoga shukur, biz ham yerning yorig'idan chiqmaganmiz, tanish-bilish, oshna-og'aynilar yetarli…

Men “bunga nima deysiz?” degan ma'noda yana muallimga qaradim.

Og'aynilar, kitob o'qigan, maktab ko'rgan odam baribir boshqacha bo'lar ekan. To'ychi muallim cho'ntagidan pasportini chiqarib:

— Xaloyiq, meni ko'pchiligingiz taniysiz. Shunday bo'lsa-da, aytayin, familiyam Aminov, ismim To'ychi. Bundan olti oy avval o'quvchilarim viloyatda bo'lgan “Yosh rassomlar” tanlovida qatnashib, birinchi o'rinni olishgandi. Shuning uchun menga ham mukofotga velosiped sovg'a qilishuvdi. Bir oycha avval uyimdan kimdir uni o'g'irlab ketdi. Agar shu qurg'ur mukofot bo'lmaganida, izlab ovora bo'lib yurmasdim. Ammo bu — men uchun juda qadrli va aziz! Bu mening o'qituvchilik faoliyatimning e'tirofi! Shuning uchun juda xafa bo'ldim. Agar bolali sigirimni o'g'irlashganida ham bunchalik achinmas, kuyib-pishmasdim…

— Lo'lilarga o'xshab artistlik qilmasdan, jiyanimga qilayotgan da'vongizni xaloyiq oldida isbotlang. Bo'lmasa, men sizni asossiz tuhmat qilganingiz uchun sudga beraman! — dedi Turdimurod qassob battar tutaqib.

— Albatta, isbotlayman, agar bunga odamlarning oldida erishsam, unda nima bo'ladi? — dedi To'ychi muallim ham biroz achchiqlanib.

— Agar jiyanimning shunday nopok ishga qo'l urgani rost bo'lsa, sizga shu arzimas temir aravaga qo'shib, to'rtta qo'chqorning pulini hoziroq to'lab, qassobxonamni yopaman! Agar da'voyingiz asossiz bo'lsa, jiyanim va mendan kechirim so'rab, qishloqdan ko'chib ketasiz, kelishdikmi?

— Kelishdik, — deya To'ychi muallim birinchi bo'lib qassobga qo'l cho'zdi. Turdimurod qassob ham o'ylab o'tirmay “besh”ni qarsillatib tashladi.

Tortishuv avjiga chiqdi.

To'ychi muallim gumondor yigitchaga yuzlanib:

— Ayt-chi, og'ayni, velosipedingning egari, ya'ni o'rindig'i tagida nima borligini bilasanmi? — deb so'radi.

— Ha, bilaman, hech narsa yo'q!

To'ychi muallim baland ovozda odamlarga:

— Yigitchaning so'zini hamma eshitdimi? — deya murojaat qildi.

Chor tarafdan “eshitdik”, “hech narsa yo'q”, degan tovushlar eshitildi.

— Bo'lmasa, men uchastka nozirimizdan ikkita guvoh kuzatuvida velosipedning egarini yechishni iltimos qilaman!

Men ikkita guvohni chaqirib, Turdimurod qassobga qaradim. U ham: “Roziman”, — deya bosh irg'adi.

Guvohlardan biri velosiped qutisidan klyuchni olib, bir zumda egarni yechib, Allanazar raisning qo'liga berdi.

Bozorqo'm egarni avval obdan aylantirib ko'rgach, tag qismiga qaradi-yu: “Vo, ajabo!!!” — deya hayqirib yubordi va baland ovozda: “Aminov To'ychi, 2016 yil” degan yozuvni o'qigach, avval Turdimurod qassobga va uning jiyaniga, so'ngra menga va To'ychi muallimga, oxirida atrofdagilarga ko'rsatib chiqdi.

Bir zumda atrofni ajabtovur jimjitlik egalladi. Xaloyiq gap-so'zsiz tarqaldi. Turdimurod qassob esa boshini changallagancha cho'kkalab qoldi. O'g'riligi fosh bo'lgan yigit yig'lamoqdan berib bo'lib atrofga alanglar, ammo unga endi hech kim achinmas, e'tibor ham qilmasdi…

Men esa xizmat vazifamni bajarishga kirishib, o'g'ri yigit Salimni va velosiped egasi To'ychi muallimni xonamga olib kirib, tushuntirish xatini olgach, ishni tergov bo'limiga topshirdim.

Oradan bir necha oy o'tib, bu ish bo'yicha tuman sudi qaror chiqardi.

O'g'ri yigit ikki yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Keyin esa Turdimurod qassob ham do'konini yopib, bozorda ko'rinmay qo'ydi.

Ammo To'ychi muallim o'sha-o'sha… Qaytadan yashil rangga bo'yalgan velosipedi bilan maktabiga g'izillab qatnab yuraverdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 3 =