O'zligingni baland tut, elim!

Ayrim xorijlik blogerlarning postlarini o'qib…

Ijtimoiy tarmoqda Rossiya shaharlaridan birida yo'lovchi transportida tinchgina ketib borayotgan o'zbek yigitini (bloger sharhidan) mahalliy xalq vakillaridan biri (katta yoshli ayol) “he” yo'q, “be” yo'q haqorat qila boshlagani, keyin unga yopishib urmoqchi bo'lganini… avtobusni to'ldirib o'tirgan odamlar esa birmuncha muddat bu holatni kuzatib borib, ayol juda haddidan oshib, hamyurtimizga hamla qila boshlagandan keyingina yigitning yonini olib tilga kirganlarini ko'rib… ko'pchilik qatori mening dilimdan nimalar o'tganini aytmasam ham tushunasiz: “Kuppa-kunduz kuni hammaning ko'z o'ngida ochiq-oshkor bezorilik-ku! Nima haqi bor? Anavi o'tirganlarning ko'zi ko'r, qulog'i karmi? Bunaqa paytda bezorini darrov tiyib qo'yish yoki huquq-tartibot xodimlarini chaqirish kerak-ku!” – ichimda shu gaplar tinmay aylanib, ko'z oldimdan ayolning og'ziyu qo'lidan yetayotgan zug'um-zulm qarshisida boshini egib o'tirgan yigit – o'zbek bolam surati ketmay yurgan edi…  Ijtimoiy tarmoqda bir rusiyzabon erkak yayrab-yashnab O'zbekis­ton ko'chalarida yurib: “Bu yer Krasnodarga o'xshar ekan. O'zimni xuddi Krasnodarda yurgandek his qilyapman”, deganini ko'rib, eshitib qoldim.

To'g'risi, yumshoq qilib aytganda, g'ashim keldi. Keyin u blogerning kimligiyu yurtimizda nima muddao bilan yurganini bilgim keldi. Ma'lum bo'ldiki, kasbu kori menga ma'lum bo'lgan bu o'rta yoshlardagi odam “Brodyaga s ryukzakom” (“Ryukzakli daydi”) taxallusi bilan ijtimoiy tarmoqda postlar qo'yadigan bir kimsa ekan. Ehhe, bir qator postlari chiqib keldi: “Sentr plova v Buxare”, “Skorostnыy poezd za kopeyki v Uzbekistane”, “Uzbekistan. Buxara. Unikalnыy starinnыy dom”, “Zabыtыe russkie v Uzbekistane”, “Tashkent. Obщayus s lyudmi”, “Kupil mantы s lukom. Rыnok dlya mestnыx” kabilar… Men bu postlarning nomlarini-da bekorga birma-bir keltirganim sababini hushyor qalb, nazarimda, fahmladi.

Postlarni ataylab sabr bilan ko'rib chiqdim. “Ryukzakli daydi” Toshkentning Eski shaharida, Kadishev bozorida, “Besh qozon” osh markazida, poytaxtning dehqon bozorlarida; Buxoroning “Karvon” bozorida, tilla bozorida, Salim degan eski qadrdonini topib borib uning xonadonida va mezbon shaharning tarixiy va go'zal joylariga uyushtirilgan sayru sayohatlardan og'zi qulog'ida; Buxorodan Samarqandgacha tezyurar elektropoezdda “za kopeyki” yetib olgani, Bibixonim madrasasi maydonidagi hayratlari, Siyob bozoridagi to'kinchilik… Qaerga bormasin, birinchi nav­batda narx-navoga e'tibor qaratadi, albatta ovqat olib yeydi, narxlarning o'zbek so'mida, rus rublida, AQSh dollarida qancha bo'lishini yirik harflarda yozib ko'rsatadi. “Mehmonni atoyi Xudo” deb biladigan odamlarimizdan aylanay, oy-oylab (aslida mehmon izzati — uch kun!) shaharu qishloqlarimizni kezib, arzon yashash joyi, arzon yemagu yo'l haqi, arzon xizmatlar juda yoqib qolib, o'zini tug'ilgan joyida yurgandek his eta boshlagan “Daydi” mehmonni hamma joyda chiroyli salom, izzat-ikrom bilan kutib oladilar, shirin kalomu taom bilan siylaydilar. Chaqqonu mohir sartarosh yigit uning sochini yaxshilab yuvdi, qisqartirib tekisladi, keyin yana yuvdi, bo'­yin-elkalarini yelpib-qoqib sochiga xushbo'ylar sepdi, xizmatiga 40 ming so'm oldi. Krasnodarlikning xotini ham bu pulga sochini yuvib qo'ymasa kerak. “Strijka za kopeyki” deb chiqib ketdi. Xususiy mehmonxona, sartaroshxona, sharoitlarni ipidan ignasigacha ko'rsatib, ta'riflab, narxlarini (yana takrorlayman), albatta, o'zbek so'mida, rus rublida, dollarda qancha ekanini yirik harflarda yozib qo'yyapti. Darvoqe, u bilan gaplashganlarning aksariyati rus tilida burro so'zlashdilar, bu holatdan u yanayam ochilib sayraydi. Zarracha soxtalik bo'lmagan ayni muomala-munosabatlar to'g'risida hamyurtlariga to'lib-toshib hikoya qiladi…

Ijtimoiy tarmoqning bir “odati”ni bilasiz: sizni qiziqtirgan mavzuni darrov bilib oladi-da, “talablariga binoan” qabilida o'sha mavzudagi postlarni terib tashlaydi. Men “Ryukzakli daydi”ning sarguzashtlari bilan tanishib ulgurmasimdan, yana bir qator xorijiy kimsalarning vatanimiz shaharu qish­loqlari, bozorlari, mehmonxonalari, ko'chalari, odamlari, urf-odatlari to'g'risidagi postlari saf tortib chiqib keldi. Tavba, ilgari ular bizning yurtimiz, yashash tarzimiz, mahallayu odamlarimiz bilan bu qadar qiziqib javlon urmagan edilar-ku!

“Relokatsiya Prosto” taxallusli ayol “Pereezd v Uzbekistan. Chto nujno znat?” degan pos­tida Diana ismli hamblogeri bilan suhbat qurgan. Ularni kuzatarkan, ko'zingizga bir qarashda tashlanadigan holat – O'zbekis­tonga eri bilan ko'chib kelgan ayolning ko'ngli bu yerdagi hayotidan nihoyatda to'lgan: “Kutilmaganda shoshilinch kelib qoldik, – hikoya qiladi u. — Rossiyada harbiy chaqiruv ketayotgan edi. Kelishimizdan oldin bu yerda qanday vaziyat bo'larkin, degan qattiq qo'rquvda edim. Bir narsadan hayratda qoldim: toshkentlik odamlar juda e'tiborli, yordam berishga tayyor, xushmuomala, mehmondo'st ekan. Birinchi kundanoq uyqudan xotirjam uyg'ondim”. Ayol Toshkent va toshkentliklar o'zi tasavvur etmagan darajada zamonaviy, bilimli ekanliklari; el bilan muloqotda hali biror marta qiynalmagani, hamma bilan rus tilida gaplashish mumkinligi, ijara uylar topish osonligi va ularning narxlari, transport va servis xizmatlari yaxshiligi haqida ma'lumot berib, bu yerga ko'chib kelish uchun qanday hujjatlar talab etilishi haqida tushuntiradi.

“True Store” nomi bilan post qo'ygan xorijlik ham o'zbekistonliklarning mehmondo'stlik­larini aeroportdanoq his etganini ta'kidlaydi. “Men suv sotib olmoqchi edim. Tonggi soat to'rt edi, birgina suv sotib olishim uchun do'konni ochishdi”, deb hayron qoladi u. Arzon mehmonxona, tushlikka teng bo'lgan tekin nonushta, shirin ovqatlar…

O'zbeklar rossiyaliklarni chin dildan samimiyat bilan kutib olish­lari… tavba, mehmon-bloger umrida yaxshi joy, insoniy mehr-oqibat, saxovatning bu qadar yuksak va samimiy bo'lishini birinchi marta ko'rib turgandek hayratini yashira olmaydi. Balki shundaydir ham, kim bilsin!

“Temur ragga” taxallusli blogerning otasi marhum Hayitboy Samarqandning Ishtixon tumanidan ekan. Rossiyada rus qiziga uylanib, ikki farzandli bo'lgach, ona yurtiga qaytib boshqa oila qurgan. Ikki yoshida ota-onasi bilan Ishtixonga kelib ketgan Temur yigirma yil o'tib yaqinda qarindoshlarini izlab kelibdi. “Bobomning ismu familiyasini bilardim, xolos, lekin u o'lgan. 2000 yillardan aloqamiz uzilgan. Bobomning ismini, manzilini aytgandim, Suhrob degan haydovchi uni tanidi. O'zbeklar juda jahldor, qo'rs deyishardi menga. Yo'lda “qarindosh­lar meni qanday qabul qilarkin?” degan xavotirim bor edi. Suhrob xolamning eriga “sizlarga mehmon olib ketyapman”, deb telefon qilib qo'ygan ekan. Meni shevrolet mashinada basavlat odam kutib oldi. U: “Eh, Temur priexal”, deb quchoq ochib qarshiladi. Hovlida ayollar ham  juda xursand ko'rishdilar. Singlim bor ekan. Otam, bobom va buvimning qabrlarini borib ko'rdim. Umrimda birinchi marta o'zimni bag'ri butun odamdek his qildim”.

“Chemodan na dvoix” deganlari ham Toshkentda yarim yil yashaganini aytib, xulosalarini o'rtoqlashadi: “Kvartirani 700 dollarga ijaraga oldik. Bu yerda rossiyaliklar uchun bank kartalarini ochdirish juda oson. Odamlari ajoyib, doim kulib turishadi, yordamini ayamaydi. Mening bu fikrlarimni boshqa emigrantlar ham tasdiqlashadi.  Menga joy berishdi, boqishdi, hatto elektron kartadan pul to'lamoqchi bo'lganimda, terminal ishlamay qolgandi, “Pulni keyin tashlab ketasan”, deb narsani berib yuborishdi. Dorixona, ovqatxona har qadamda topiladi. Xullas, O'zbekis­ton yashash uchun eng qulay joy”.

Yurting, o'zing, xalqing haqida aytilgan bunday fikrlar, albatta, xush yoqadi. Yana bir emas, bir qator xorijiylar terilib chiqib biri biridan o'tkazib Toshkentu Buxoro, Samarqandu Farg'onaga, qishlog'u mahallalarimiz ahliga maqtovlar aytishda kundan-kunga ilhomlari jo'shib-toshib borayotgan bo'lsa! Ammo… “kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”, deganlaridek, bu blogerlarning asl maqsadi ayrimlarining bilib-bilmay aytib yuborgan, ayrimlari esa urg'ulab o'tgan so'z-fikrlaridan “yalt” etib ko'rinib qoladi. Aytaylik, jingalaksoch Varamov deganlari bir postini “Tashkent. SSSR s uzbekskim koloritom” deb atagan. U o'zini O'zbekiston bo'yicha juda bilimdon deb hisoblaydimi, din tarixidan so'z boshladi. Keyin birdaniga o'zbek xotin-qizlarining bugungi hayoti mavzuiga o'tib, Darina Solod degani bilan suhbatda biz – o'zbek xotin-qizlarining bugungi hayotimizni chunonam “tahlil qilishdi”ki!.. Ularni tinglab, sharq ayollari haqida bundan yuz yil muqaddam varlamovlarning, darinalarning katta bobolari “to'qib” ketgan kitobu ma'ruzalar haliyam ularning ish stolida kundalik foydalaniladigan ma'lumotlar qatorida ekaniga shubha qilmaysiz.

Varlamovning xulosalarini qarang: “O'zbekiston ayollar huquqlari himoyalangan davlat, deb targ'ib qilinadi. Amalda esa O'zbekistonda ishlaydigan ayollarga haliyam (!) erkaklarga to'lanadigan ish haqining 61 foizi to'lanadi. Qishloqlarda hamon qizlarni o'z ixtiyoriga qaramay turmushga uzatadilar. Yaqinda Samarqandda ayollar cho'milish kiyimida raqsga tushganliklari uchun odamlar norozi bo'ldi (darvoqe, bu jingalaksochning o'zi  Rossiyada bo'lib o'tgan, xalq va hukumatning nafratiga uchragan “yalang'ochlar shou”sining qatnashchilaridan biri. – Izoh bizniki). Hattoki Dubayda ham shortikli, ochiq-sochiq kiyingan qizlarga bag'rikenglik bilan munosabatda bo'lyaptilar. XXI asr arafasida arab­lar ham pul bosh­­qa narsalardan muhim ekanini anglab yetdilar…” – Varlamovning shunga o'xshagan xulosalari, gaplarining har biriga javob – tariximiz, milliy mentalitetimiz, bugungi hayot tarzimiz, O'zbekiston xalqi o'z Prezidenti boshchiligida keyingi yillarda qanday maqsadu rejalar bilan yashab mehnat qilayotgani, bu sa'y-harakatlarning natijalarini dunyoning yaxshi niyatli, xayrixoh ahli ko'rib, bilib, tan olib, baholab turibdi. Lekin bu jingalaksoch “dono” ayni haqiqatlarni peshonasiga ilib qo'ysang ham, o'qimasa kerak. Chunki uning maqsadi, menimcha, yaxshiliklarga begona, niyati… keling, uning yuqorida keltirilganlarga qo'shimcha mana bu gaplariga ham o'zingiz izohu baho bering: “O'zbekiston dunyoviy davlat deyilsa ham, bu yerda diniylik kuchayib boryapti. Nima qilinsa, odamlar dini, millati, irqidan qat'i nazar tinch-xotirjam, bexavotir yashashi mumkin? Vaziyat haqiqatan ham murakkab”. Ayni gap­larni tomog'ingizga tosh tiqilganday bo'lib o'qirkan, “bu internet degani yolg'onchi, tuhmatchi, fitnachi, subutsizlar uchun xo'pam qo'l keldi-da!” degan xayol o'tadi ko'ngildan. Yana Varlamovning: “O'zbekiston qishloqlaridagi uylar loydan qurilgan, yoqilg'isi mol tappisidan”, degan gapini eshitib… to'g'risi, keyingi yillarda rossiyalik ayrim kaslarning o'z vatandoshlari hozirgi kunda yashab turgan: huvillab yotgan, zamondan ortda qolib ketgan, bir qarashda odam bolasi kun o'tkazishiga ishonging kelmaydigan joylar va ularning aholisi to'g'risidagi postlarini ko'rib, “Endi maydoni ham, aholisi ham juda katta bo'lgan bu mamlakatning qay bir uzoq manzillarida bir-ikkita shunday mas­kanlar bo'lsa kerak”, deb o'ylardim. Ha, o'ziga tuppa kesolmagan beorlar birovga ugra kesmoqchi bo'larkan-da! Alam qiladigan yana bir jihati: Varlamov qaerga borsa, o'zini mehmonnavozlik bilan kutib olgan, tinch-osoyishta va bag'rikenglikda xotirjam, yaxshi kayfiyat bilan ishlab yurgan, uni patirnon, tandirgo'shtu kaboblar bilan samimiy siylagan odamlarni, bozoru ko'chalarda bir-biriga oqibatu hurmat bilan yurgan erkagu ayollarimizni ko'rib turib shunday fikrlar bildir­yapti. Bu iddaolaridan maqsadi Varlamovning “Tak chto, v Uzbekistane yest yeщyo nad chem porabotat” degan xulosasiga “ko'milgan” emasmikin?

Mixail deganlari bo'lsa Toshkentda bir oy yashab, bu yerdagi hayotning o'z nazdida 10 ta ijobiy, 10 ta salbiy deb topgan tomonini sanab, gaplariga surbetlarcha: “Bu kamchilik­lar turistlarning tashrifi, rossiya­liklar bu yerga ko'chib kelishi natijasida tuzaladi, deb o'ylayman”, deya yakun yasagan…

Albatta, bular ijtimoiy tarmoqda ko'rgan-eshitganlarimdan muxtasar taassurotlarim. Yana tanishmaganlarim qancha! Biri adras libos kiyib, biri guldor ko'ylakda, biri yelkasiga zarchopon tashlab olib (va h.) O'zbekiston sha'niga balandparvoz izohu sarlavhalar bilan  chiqayotgan rossiyalik barcha bloger-emigrantlarning postlarini ko'rishga, birinchidan, vaqtim, ikkinchidan, toqatim yetmadi.

Dastlab g'alati qarama-qarshilikka duch kelgandek bo'ldim: ya'ni Rossiya Federatsiyasi markazida taniqli jurnalistlar, deputatlar, “tarixchi”lar O'zbekistonga “katta akalik” da'vosi bilan mustaqilligimizga ola qarash qilib, o'zbekning tarixiga tuhmatu ig'vo yog'dirayotgan bir paytda ros­siyalik blogerlar nima uchun yurtimiz tinch-osoyishtaligi, shaharlarimiz obodligi, odamlarning fazilatlari haqida “kukushka” bo'lib sayrashyapti? Balki… qay biri o'z issiq joyidan quvilgandek chiqib ketishga, qay biri jon saqlash umidida qochib kelgan emigrant-blogerlarni tushunish kerakdir, ular shu yerda qo'nim topib, tinch hayot kechirish, xotirjam tirikchilik qilish uchun mahalliy odamlarning qalbiga yo'l topmoqchidir? Unda nega ular moskovlik “ulug'”larining fikrlari o'zlari ko'rib-bilib turgan voqeliklarga zid ekani haqida lom-mim demaydilar?

Beozorgina, yengil-elpigina tuyulgan postlar ichiga sekin-asta ta'sir etuvchi zahardek singdirilgan “Tak chto, v Uzbekistane yest yeщyo nad chem porabotat”, “Bu kamchiliklar turist­larning tashrifi, rossiyalik­lar bu yerga ko'chib kelishi natijasida tuzaladi, deb o'ylayman”, kabi gaplar bilan baliqboshilarining tili, rejasi bittaligini dalillaydi, adashmasam. Yuqoridagilari o'z xalqiga: “Bizning falon joylarni qo'shib, bosib olishga haqimiz bor. Chunki ular tarixi, davlatchiligi bo'lmagan odamlar” degan fikrni aholisiga singdirish bilan boshqa davlatlaru xalqlarning haqqi-haddiga tahdid solguvchi xatti-harakatlarini o'z fuqarolari  qo'llab-quvvatlashini ko'zlab; yugurdak kimsalari esa bizning soddadilligimiz, ishonuvchanligimiz, andishayu betgachopar emasligimizdan foydalanib, ularga uylarimiz, bag'rimizni keng ochib berishimiz uchun g'oyaviy kurashni boshlab yuborgandek.

To'g'ri, xalqimizda “Gumon imondan ayiradi” degan gap ham bor. Yuqoridagi fikrlarim — shaxsiy qarashlarim, albatta. Aytmoqchimanki, yurtimizga to'g'ri niyatda kelayotgan va o'zining xolis taassurotlarini bildirayotganlar ham kam emas. Ammo keyingi paytlarda turli xorijiy telekanallar, xorij matbuot nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali g'arazli maqsadlarda chiqish qilayotganlar, ochiqdan-ochiq yurtimiz o'zligiga, erkiga, tarixiga kurakda turmaydigan  so'zlarni aytishdan uyalmaydiganlar ko'payib bormoqda. Shunday ekan, har qanday vaziyatda ham donolarning “Aqlli odam bir kavakdan chiqib chaqqan ilonning o'zini ikkinchi marta chaqishiga yo'l qo'ymaydi”, “Egilganga egilgin boshing yerga tekkuncha, kekkayganga kekkaygin boshing ko'kka yetguncha”, “O'zingga ehtiyot bo'l…”  degan o'git-maslahatlarini esdan chiqarmaslik kerak degan fikrdaman. Zero, bugun yer yuzining ayrim davlatlarida bo'layotgan mudhish voqealar qalblarimizni uyg'oqlikka, hushyorlikka da'vat etib turibdi.

Muhtarama ULUG'OVA,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarining

davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + 18 =