Navro'zoyim yoki Sangardak sharsharasi

Qadim zamonda Surxon vohasida Navro'zoyim ismli malika bo'lib, u ilmu ma'rifatda, husnu malohatda tengsiz bo'lgan ekan. Uning dovrug'i uzoq-uzoq yurtlarga tarqalibdi.

Buni eshitgan o'zga yurt podshohi malikaning husnu jamoliga g'oyibdan oshiqu beqaror bo'lib, unga sovchi yuboribdi. Malika esa taklifni rad etibdi. Bundan g'azablangan shoh malikaning yurtiga qo'shin tortib, hujum boshlabdi. Jangda shoh g'olib kelib, malikaning yurtini vayronaga aylantiribdi. Malika qirqta xos navkari bilan qochib, tog'u toshlarga berkinib omon qolibdi. So'ng Sangardak tog'lari etagida joylashgan Navro'zdara oralig'ida qo'nim topibdi.

Ammo shoh bundan xabar topib, yana lashkar jo'natibdi. Bu jangda malikaning xos navkarlari ham halok bo'lishibdi. Elidan, navkarlaridan ayrilgan malika Yaratganga tavakkal qilib, Sangardak daryosi bo'ylab, tog'u toshlar oralab qocha boshlabdi. Malika tog' oshgan sayin dara qisqarib borar, ortidagi dushman to'dasi yaqinlar edi. Shunda dushmanlardan qutulishning chorasini topolmagan malika: “Ey, Yaratgan egam men hayotda pokiza yashadim, eng so'nggi kunimda ham dargohingga pokiza ketishni istayman. Meni yovlar  changalidan xalos etgin”, deya Allohga nola qilibdi. Ko'p o'tmay Allohning qudrati ila malika qoyalar ichida dushman ko'zidan g'oyib bo'libdi…

…Keksalarning aytishicha, ulkan qoyalar bag'ridan otilib chiqqan Sangardak sharsharasi  Nav­ro'zoyimning ko'z yoshlari, qishin-yozin ko'karib turadigan sumbuttol navdalari sochining tolalari ekan…

Hozirgi kunda sharshara atrofida malikaning qabri bo'lmasa-da, uning sharafiga ramziy qabrtosh o'rnatilgan. Bu afsonalarga boy go'shani  ziyorat qilish uchun juda ko'plab mahalliy va xorijiy sayyohlar kelishadi va ulkan mo''jizaviy sharshara kamalagidan bahra oladilar.

Habibullo Saidbaqosov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =