«O'zligim»ni izlab…
…Gavjum poytaxtimizning xilvat go'shalaridan birida to'rt oyog'i yerga qadalgan g'ishtin minoracha bor. Uning barpo etilishiga sabab bo'lgan voqea ro'y berganiga 150 yildan oshgan. “Yodgorlik”ning yoshi ham shunga tengdir. Uni aholi “Chasovnya” deb ataydi.
O'lkamiz tarixiy obidalarga boyligi jahon jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda e'tirof etilayapti. Zero, har bir yodgorlikda teran tarix yashiringan, balki u umuminsoniy qimmatga ham ega bo'lishi mumkin. O'tgan tarixda bunday bebaho xazinaga qanday munosabatda bo'lingani hammamizga ma'lum. Endi qarashlar tubdan o'zgardi, bu yumushga davlat darajasida e'tibor berila boshlandi. Birgina respublika televideniesida “O'zbekiston tarixi” kanali tashkil etilgani qanchalik o'rinli bo'lganini qisqa vaqtda millionlab muxlislar e'tirof etayapti.
Tarix fanining otasi Herodot “Haqiqat — tarixning ko'zgusi” degan ekan. Har qanday obidani o'rganish chindan ham chang-g'uborlar ichida ko'milib yotgan hayot haqiqatining to'la yuzaga chiqishiga xizmat qilmog'i shart. Negaki, odamzod ezgulikka talpinib, uni e'zozlab kelar ekan (chunki dunyoni asrab qolishning yagona yo'li shu), tarix haqiqati ham ana shu olijanob maqsadga xizmat qilmog'i joiz. Binobarin, yodgorliklar ana shu ezgulikning timsollari bo'lgan, shuning uchun asrab-avaylangan. Hech vaqtda yovuzlikka haykal qo'yilmagan, chunki insoniyat xotirasida bunga o'rin yo'q.
Odmi gap shuki, qishloq chetida yog'och panjara bilan o'rab qo'yilgan, ko'rganda vahima qo'zg'aydigan “shayit” joylarning tarixini bilavermaymiz yoki qiziqmaymiz. Holbuki, eng chekka hududlarda ham shunday maskanlar mavjud va ular bilan bog'liq rivoyatlar, afsonalar og'izdan-og'izga o'tib yuradi. Aslida, o'sha mayda tuyulgan gap-so'zlar ham katta tariximizning bir bo'lagi. “Tomchida quyosh aks etadi” deganlaridek, uning g'ishtida yoki bir siqim tuprog'ida qancha sinoatlar yashiringan bo'lishi mumkin.
…Gavjum poytaxtimizning xilvat go'shalaridan birida to'rt oyog'i yerga qadalgan g'ishtin minoracha bor. Uning barpo etilishiga sabab bo'lgan voqea ro'y berganiga 150 yildan oshgan. “Yodgorlik”ning yoshi ham shunga tengdir. Uni aholi “Chasovnya” deb ataydi. U paytlarda bu joylar yaydoq dala bo'lgan, negaki shaharning mashhur darvozalaridan biri — Kamolondan kirib, O'rdaga yetguncha masofa anchaga cho'zilgan. Bugun u manzaralarni ham, bo'lib o'tgan gap-so'zlarni ham aynan tiklash imkoni yo'q, faqat tasavvur qilinadi, xotiralarga quloq tutiladi. Biz ham jo'yali biror gap bilish maqsadida shu atrofdagi o't-o'lanlarni tartibga solib yurgan yigitni suhbatga chorlaymiz:
— Bu minora nima uchun ko'tarilgan?
— Chernyayev qurdirgan, deyishadi. Boshqasini bilmayman.
— Ko'pdan beri yashaysizlarmi?
— Nima deganingiz? Biz boshqa joyda yashamaganmiz.
Ma'lum bo'ladiki, Ozodbek dunyoga kelganda ham shu ko'cha, qator tushgan hovlilar, jumladan, “Chasovnya” ham qad rostlab turgan. Hammasi ko'zga singishib ketgan, shu tufayli bu g'ishtin imoratning nimaga tiklangani ham hech kimni qiziqtirmay qo'ygan. Men esa o'zim bilgan chala-chulpa ma'lumotlarni tasodifiy suhbatdoshim bilan baham ko'raman:
— O'sha Chernyayev deyotganing chor Rossiyasining generali bo'lgani tarixdan ma'lum. Bir yarim asrcha avval Toshkentni qonga botirib, taslim qilgach, shahar markaziga Kamolon darvozasidan kirib bormoqchi bo'lgan. Mag'lub qavmni o'z ko'zi bilan ko'rish va ularni battar xo'rlash maqsadida yo'l chetida odamlarni tiz cho'ktirib qo'yishni buyuradi, o'zi shu izdihomdan oq otda mag'rur o'tib borishni ixtiyor qiladi. Ammo nimanidir ko'ngli sezadimi…
Shu o'rinda suhbatdoshim qo'shimcha qildi:
— Ular ham Xudo nazar qilgan odam bo'lgan-da!
— Nima bo'lganda ham, — davom etdim men, — otga ad'yutantini mindiradi. Generalning shubhalanganicha bor ekan, otliq mana shu joyga kelganda, daraxt shoxida o'rnashib olgan kamonchi unga paykon otadi. O'q sovutni ham teshib o'tib, yurakka qadaladi. Bosqinchi bir bo'kirib, otdan qulaydi va jon taslim qiladi.
Suhbatdoshim voqea shiddatidan angrayib turgan edi, oxirini eshitib, g'ururi jo'shib ketdi chog'i, hayajonlanib:
— E, azaldan bu joylarda mohir kamonchi ustalar, isirg'adan uradigan merganlar yashagan-da. “Kamolon” degani ham “kamon”dan olingan.
— Yashshang. Bor ekansiz-ku. Nega oldin qiziqmagansiz?
— Qaydam. O'ylab ko'rmagan ekanmiz. Qaerdansiz, aka?
Menimcha, u og'ziga to'g'ri kelgan gapni aytib yuborgandi, men ham og'zimga to'g'ri kelganini aytdim:
— Samarqanddanman.
— Samarqand zo'r joy, ziyoratgohlari ko'p.
Bu gapni “Maqbaralar bilan qiziqish sizlarning ishingiz. Meni bezovta qilmang”, deb tushundim. U o'z yumushiga, men o'z yo'limga ketdim.
Nima demoqchi bo'lganimizni fahmlagandirsiz. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida Oftob ko'chasi bor. Ravon tushgan uylar qatorida to'rt oyog'i yerga qadab tiklangan, bir qavatli uydan baland g'ishtin minora (suratga qarang). U o'sha o'qqa uchgan ad'yutantning xotirasiga ko'tarilgan. Bu haqda matbuotda yozilgan. Jumladan, jurnalist Baxtiyor Haydarov “O'zbekchilik” (2012 yil) kitobida jo'yali fikrlarni bayon etgan. Internet tarmoqlarida ham ma'lumotlar yetarli ekan. Hozir gap bular haqida emas. B. Haydarov masalaga munosabatini bildirar ekan, bu holni “Unutuvchanlik” deb ataydi. Izidan shunday savol keladi: nega shunday olamshumul qahramonlik unutilishi lozim? Bu o'rinda gap yovqur kamonchi haqida ketayapti.
Bir paytlar cho'pon Shiroq shunday yo'l tutgan. Uni Herodot “Tarix” kitobida muhrlab, vatanparvarlikning oliy namunasi sifatida insoniyatga tuhfa etdi. Axir, yeru osmonni titratib kelgan bosqinchining qudratidan tap tortmay, uni yo'qotishga jahd qilgan vatandoshimiz — daraxt shoxidagi kamonchi mergan ham bilib turib o'limga tik borayapti, vatan ozodligi yo'lida jonini tikayapti. Uning jasorati mohiyati jihatidan Shiroqdan kam emas. Bugun uning kimligini bilamizmi?
Shubhasiz, qasos shafqatsiz bo'lgan. Uni tilkalab tashlashgandir, hatto bundan ham battar qilishgandir, ammo u hammasiga oldindan ruhan tayyor bo'lgan. Favqulodda vaziyatlarda ilojsizlikdan ba'zan tavakkal qilinadi, biroq ongli ravishda jasorat ko'rsatish eng yuksak qahramonlikdir. Qahramonlikning asl mohiyati shu — hech qanday ta'masiz, begidir amalga oshiriladi bu faoliyat (qolgani esa shunchaki “sababi tirikchilik!”).
Ana shu bahodir bilan bog'liq xotiralar bilan qiziqdik. Shubhasiz, o'sha paytda o'zinigina emas, butun avlod-ajdodini yo'q qilib yuborganlari, nomini qirib tashlaganlari aniq. Shunday bo'lgani rost ekan, “O'sha kamonchi kim bo'lgan, bobolar biror gap aytisharmidi?” degan savolga odamlar yelka qisib, “Nahot uni eslash joiz bo'lsa?!” degandek ajabsinib qarashdi. Xullas, bu buyuk qahramonlikdan darak topilmadi. Ammo qaysidir yilnomalarda bu hodisa qayd etilgan, hech bo'lmaganda mard kamonchining ism-sharifi darj etilgandir. Faqat aniqlaganimiz shu bo'ldiki, 1992 yilda nashr etilgan “Toshkent” ensiklopediyasining shaharning bosib olinishi haqidagi maqola(321-323 betlar)sida dushmanning asosiy kuchlari Kamolon ko'chasidan kirib kelgani, xususan, Abdurahim yasovul boshchiligidagi Qiyot mahallasi aholisi mardlik ko'rsatgani, jasur mudofaachilar orasida Miryusuf Mirsulton bog'bon o'g'li, Umarxon To'raxon o'g'li, Mirsodiq Mirshodi o'g'li, Normuhammad va Mullasher Mergan (ta'kid bizniki. H. S.) kabi oddiy xalq vakillari borligi qayd etilgan. Ehtimol, shu ro'yxatning oxirida (cho'chibroq bo'lsa kerak), biroq ta'kidlab (“Mergan” so'zi bosh harfda yozilgan) ko'rsatilgan kishining kimligiga aniqlik kiritish masalani oydinlashtirar. Xullas, o'sha izdihomda o'zini yo'qotmay, dushmanga kimligini ko'rsatib qo'ygan mard insonning shaxsini aniqlash, jasorati sharafiga munosib yodgorlik tiklash adolatli ish bo'lmasmi? Shu o'rinda mulohazalarimizga yakun yasab, gapning davomini Sizga qoldiramiz, aziz vatandosh! Balki Sizda biror jo'yali taklif bordir?
Hakim Sattoriy.
Tahririyatdan: haqiqatan, mamlakatimizda ajdodlarimiz jasoratini sharaflash, ularning hayot yo'lini yosh avlodga tanitish borasida juda ko'p ezgu ishlar qilingani barobarida hali ham lozim yumushlar yetarli. Xususan, yurtimizning istalgan hududida kimligini ko'pchilik bilmaydigan, lekin vaqtida el-yurt manfaati yo'lida fidoyilik, qahramonlik ko'rsatgan ulug' zotlarni eslatib turuvchi yodgorliklar kam emas. Ularda muhrlangan tarix bundan besh yuz yil, yuz yil, hatto ellik yil oldin ro'y bergandir. Faxrli ajdodlarimizni yanada chuqurroq o'rgansak yaxshi-ku! Sizdan yuqoridagi mavzuga doir va qahramonlarimizni munosib sharaflash yuzasidan maktublar, takliflar, fikr-mulohazalar kutamiz, aziz gazetxon!