Umr nega beriladi?

Ammo o'sha siz bilgan, siz tanigan, hamkasb bo'lgan do'stu davradosh yurgan, kun bo'yi bitta xonada ishlaydigan, bitta tovoqdan osh yeydigan qadrdoningizni bir olam o'y-tashvishlari, bir olam orzu-maqsadlari, siru asrorlari bor. Aytmaydi, yorilmaydi, diydiyo qilmaydi — ichiga yutadi.

Yangi yil kelyapti. O'z nomi bilan Yangi yil. Hash-pash deguncha umrimizning bir yili o'tib ketdi. Albatta duoda aytilganidek, shu lahzalarda Sizga uzoq umr tilagim keldi, umr haqida so'zlagim keldi. Bir kun yashasang ham umr, yuz yil yashasang ham umr, deyishadi. Inson umri tez o'tib ketar ekan. Nihoyatda tez. Biz bilib-bilmay, e'tibor qilib-qilmay qolar ekanmiz bunga. Bugun borsan, ertani Alloh biladi. Borligimizga, yashayotganimizga shukr.

Aziz zamondosh, yurtdosh, eng muhimi, biz — tirikmiz, biz — yashayapmiz! Ha, daryolar uyg'oq — «obi hayot» sharqirab oqmoqda. Bobo Quyosh o'sha-o'sha: zaminni nurga chulg'amoqda.  Oy-yu yulduzlar ko'kda porlab, oppoq tonglarni uyg'otmoqda. Soat millari «sakrab» kunni, kun haftalarni, hafta oylarni, oy yillarni, yil esa asrlarni, zamonlarni quvmoqda.

Demakki, umr o'tmoqda, umr!

Ana shu talato'p zamonda, hayotda Inson borki, umr sarhisobini qilyapti, umr daftariga nimanidir, nimalarnidir yozyapti. Yaxshining ham, yomonning ham umri o'tyapti. Ha, buni umr deydilar, hayot deydilar!

O'zingizga bir savol berib ko'ring-da: «Bu hayotda eng tinch, xotirjam yashayotgan odam kim?».

Bir so'z bilan aytganda, barcha, hamma deyishingiz mumkin. Bir qarashda balkim shundaydir.

Ammo o'sha siz bilgan, siz tanigan, hamkasb bo'lgan do'stu davradosh yurgan, kun bo'yi bitta xonada ishlaydigan, bitta tovoqdan osh yeydigan qadrdoningizni bir olam o'y-tashvishlari, bir olam orzu-maqsadlari, siru asrorlari bor. Aytmaydi, yorilmaydi, diydiyo qilmaydi — ichiga yutadi.

Bunday odamlar:

— umrini SABRga beradi;

— umrini QANOATga bag'ishlaydi;

— umrini UMIDga bergisi keladi;

— umriga DUO bilan umr qo'shadi;

— umrini ZIKR bilan bo­yitadi.

Birovga qarz bermagan, birovdan qarz olmagan odam bu — eng tinch, xotirjam yashayotgan odamdir.

Birovga yolg'on gapirmagan, birovni fisqu fasod, hech kimga hasad qilmagan odam bu — umriga umr qo'shayotgan odamdir, balkim.

Balki birovning dilini og'ritmagan, birovning haq­qini yemagan odam hayotdan nolimaydigan odamdir.

Birovni g'iybat qilmagan, birovga xushomad qilmagan, birovdan manfaat kutmagan odam bu — nafsi to'q odamdir.

Zamona zaylidan, hayotidan nolib, alamzada yashayotgan odamlar qanchalar baxil, ziqna, tor, xasis, mijg'ov odamdir. Ko'ngli xiralik, hijillik, qoralik, zardobu mag'zavalik ular xobbisi. Go'yoki osmonning ustuni, oshpichoqning qini, ko'rpachaning yengi, hovuzning qopqog'i menda, menda bor, deb xushomad qiladi undaylar.

Esimga tushib qoldi, Saudiya Arabistoniga borganimizda Madina bilan Makka shahri orasi 300-350 km. ekan. Sahro, dashtu biyobon. Shunday katta masofaning qoq o'rtasida yo'l chetiga o'rnatilgan pannoda arabcha yozilgan shior har qanday yo'lovchi diqqatini o'ziga tortadi: «SABR, ZIKR, DUO».

Zero, mavridi kelganda hazrat Alisher Navoiyning cho'g' satrlari beixtiyor dilimizga jo bo'ladi:

«Sabr — achchiq, ammo foyda beruvchi…

Sabr — shodliklar kalitidir, bandlarni yechuvchidir.

Sabr — o'rtoqdir, suhbati zeriktirarli, ammo maqsadga olib boruvchi.

Sabr — ulfatdir, uzoqni ko'zlagan, ammo oxirida istakka yetkazuvchi.

Sabr — ulovdir, sekin yuradigan, ammo manzilga eltguvchidir.

Sabr — tuyadir, og'ir qadam, lekin bekatga olib boruvchidir».

Aytishlaricha, payg'ambarlardan biri juda uzoq umr ko'ribdi — 950 yil.

Holbuki, ul zotning atigi bir kulbasi bo'lgan ekan, xolos. O'zi zo'rg'a sig'adigan. Eng achinarlisi, bu ulug' zot shunday degan ekanlar: «Agar men shunchalik qisqa umr ko'rishimni bilganimda mana shu kulbamni qurmagan bo'lar edim, hojati yo'q ekan».

Biz nega dang'illama uylar qurishda poyga, musobaqa o'ynayapmiz? Kimo'zarga o'zimizni ko'rsatishga, manmanlikka mukkasidan ketgan ayrim kishilar o'zini o'tga-cho'qqa urib, umrini qirqib qo'ymayaptimikin? O'zingiz o'ylab ko'ring, qo'ni-qo'shni bahs boylashib, 3-4 yil oldin qurilgan bir yaxshi uyi­ning tomini buzib, tomini 1-1,5-2 metrga balandlatishdan nima naf bor?! Yoki sendan men balandman, ustunman deganimi bu?!

O'zi insof bersin, o'zi zikr bersin!..

Sobir Dadaxo'jayev

Farg'ona tumani.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − ten =