Maqsad aniq, harakatda hamohanglik bo'lsin

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar  agentligi, Andijon viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etgan navbatdagi mintaqaviy konferensiya “Davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzi va mavqeini oshirishda jurnalist burchi va mas'uliyati” mavzuiga bag'ishlandi.

Konferensiyaning kun tartibi davlat tilining takomillashuvida bugungi kun jurnalisti nimalarga e'tibor qaratishi lozim, ayniqsa, televidenie, internet saytlarida faoliyat olib borayotgan hamkasblarimizning o'zbek tiliga bo'lgan shaxsiy daxldorlik tuyg'usini oshirish, bu borada adabiy so'zlashuv me'yorlari, lug'atshunosligimiz oldida turgan qator masalalarga qaratildi. Zero, maqsad aniq bo'lsa, ilgari surgan vazifalarimiz ham oson yechim topadi.

Biz manzilga yetib bordik va mas'ul vakillar hamda Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan hamkasb-jurnalistlar bilan Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi sari yo'l oldik.

“Bu opa shu maktab direktori Shohistaxon Nurmatova bo'ladilar, opa bu yil davlatimiz rahbari tomonidan “Sog'lom turmush” medali bilan mukofotlandi”, — dedi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon viloyat bo'limi raisi Nazirjon Saidov. — Shohistaxon opa poytaxtdan mehmonlar kelishar ekan degan xabarni eshitgandan beri ijod maktabi o'quvchilari faollar zalida bizni kutib turishganliklarini aytib, yo'l boshladilar.

Kirishimiz bilan zalda baxru bayt boshlandi. O'quvchilar tomonidan elimizning ardoqli shoiri Muhammad Yusufning “Nechun qulluq qilmay Andijonga men…”, “Men dunyoni nima qildim, o'zing yorug' jahonim”, “Vatanim” singari she'rlar ko'tarinki ruhda o'qildi.

Ochiq suhbat jarayoni jonli kechdi. O'quvchilar o'zlarining ijodidan ham namunalar o'qishdi.

Ijod maktabida Muhammad Yusuf muzeyi, kutubxona, zamonaviy jihozlangan sinf xonalari, sport zal, faollar zali, hamda barcha qulayliklarga ega 80 o'ringa mo'ljallangan  yotoqxona, oshxona mavjud. Maktabda 10 ta fan to'garaklaridan tashqari, “Muhammad Yusuf izdoshlari”,  “Yosh qalamkashlar”, “Suxandonlar”, “Yosh dramaturglar”, “Yosh mutafakkirlar” kabi ijodiy to'garaklar faoliyat olib bormoqda.

— O'zbek she'riyatining rivojlanishiga salmoqli hissa qo'shgan nodir iste'dod sohibi, Vatan kuychisi, badiiy teran, falsafiy she'rlari bilan xalqimiz ko'nglidan chuqur joy olgan Muhammad Yusufning munosib shogirdlarini adabiyotga, Vatanga sadoqatli avlod qilib tarbiyalash maktabning asosiy maqsadlaridan biri, — dedi Shohista Nurmatova.

Bizning keyingi manzilimiz mamlakatimizda yagona deb atalayotgan, ayni kunlarda Andijon davlat universiteti hududida qurilishi davom etayotgan “Andijon lug'atshunoslik va tarjimashunoslik ilmiy-amaliy innovatsion markazi” bo'ldi. Bevosita konferensiya mavzusiga aloqador ushbu majmuaning kelgusidagi faoliyati hamda o'z oldiga qo'ygan maqsad va vazifalari bilan qiziqdik. Mazkur majmua O'zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan bo'lib, 2020-2023 yillarda qurilishi tugallanishi lozim ekan.

Ushbu majmuani qurishdan maqsad esa respublikamizdagi oliy o'quv yurtlari, ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari uchun chet tilidagi o'quv va ilmiy adabiyotlarni o'zbek tiliga tarjima qilish hamda bu jarayonni avtomatlashtirish uchun elektron matn tarjimonini yaratishdir.

Bundan tashqari, markazda “Tezkor ilmiy xabarnoma” byulletenini nashr etish, fundamental va amaliy fanlar uchun sun'iy ong platformalari asosida elektron lug'atlar, mobil ilovalar, tarjimon dasturlar yaratish bu jarayonga esa iqtidorli talabalar, yosh olimlarni jalb qilish, jahondagi yetakchi tarjimashunoslik, lug'atshunoslik markazlari bilan maqsadli hamkorlikni yo'lga qo'yish ham ko'zda tutilgan.

Asosiy tadbir viloyatga qilgan safarimizning ikkinchi kuni Andijon davlat universitetining faollar zalida boshlandi. Namangan, Farg'ona, Andijon viloyatlari OAVlarida faoliyat olib borayotgan 30 ga yaqin jurnalistlar hamda universitetning professor-o'qituvchilari,  olimlari, yosh tadqiqotchilari ishtirok etgan konferensiya ishini uyushmaning viloyat bo'limi raisi Nazirjon Saidov olib bordi.

Dastlab, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari O'tkir Shukurov anjuman ishtirokchilarini qutladi.

Shundan so'ng, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o'rinbosari Xolmurod Salimov ona tilimiz qadr-qimmatini, nufuzini oshirish, ilmiy asoslangan yangi so'z va iboralarni iste'molga kiritishda jurnalist mas'uliyati, til me'yor va qoidalariga rioya qilish kabi masalalar bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'z yuritdi. Shuningdek, Prezidentimiz farmoni bilan  21 oktyabr O'zbek tili bayrami, deb belgilandi va bu yil ilk marta  keng nishonlangani barchamizga g'urur va iftixor bag'ishladi. Davlatimiz rahbarining O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga yo'llagan bayram tabrigi hamda “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida belgilangan  vazifalar  ommaviy axborot vositalari  zimmasiga katta mas'uliyat yuklashini ham ta'kidlab o'tdi.

Konferensiyada O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mas'ul xodimi Uchqun Nazarov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar  agentligining bo'lim boshlig'i Ma'murjon Parpiyev, filologiya fanlari doktori, professor Muxtor Umarxo'jayevlar so'zga chiqishib, ona tilimizning buguni va ertasi borasida o'z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Anjuman juda qizg'in ruhda kechdi. Ochiq-oydin fikr va mulohazalar o'rtaga tashlandi.

Muhammadjon Obidov, Uyushmaning Farg'ona viloyat bo'limi raisi:

— Jurnalistlar nafaqat ona tilimizning sofligini asrash, balki o'zimiz ishlayotgan, faoliyat olib borayotgan OAVda hushyorlikni oshirishimiz ham kerak. Ma'ruzalarni tinglab o'tirib oldimda turgan “Andijonnoma” gazetasining yangi soniga ko'z yugurtirdim. Meni kechirasizlar-ku, yutuqlar o'zimizniki, shu qatori kamchiliklar ham. Mana bu sarlavhaga qarang, “Jalaquduqliklar rahbarga yolchidilar”. Bu nima degan gap?

Shu paytgacha ishlab ketgan hokimlar nima qilgan unda?.. Yaqindagina tayinlangan hokim osmonga ko'tarib maqtalmoqda, hoy baraka topgur, sabr qil, biror yil ishlasin, o'zini ko'rsatsin, nima emish aholini xatlovdan o'tkazib, futbol musobaqasi va boshqa bir qator ishlar qilibdi. Nima bunday tadbirlar boshqa joylarda qilinmayaptimi? Yozishda ham e'tibor, tahlil, uslub bo'lishi kerak, nazarimda.

Konferensiyada ishtirokchilar tomonidan davlat tilining nufuzi, bu borada qilinayotgan ishlar, matbuot, televidenie, internet saytlari hamda radioda o'zbek adabiy tili  qoidalariga to'liq rioya etish lozimligi, eng muhimi, blogerlarning bu boradagi bilim-ko'nikmalarini mustahkamlashda ustoz-jurnalistlar, filolog olimlarimiz maslahatlari doimo dasturilamal bo'lishi ta'kidlandi.

Konferensiya yakunida Namangan, Farg'ona, Andijon OAV ning bir guruh faol, tashabbuskor vakillari uyushma tomonidan taqdirlandi hamda 80 nafarga yaqin jurnalistlarga O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining yangi namunadagi guvohnomasi va ko'krak nishonlari topshirildi.

Islom ASILBEKOV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi mutaxassisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 1 =