G'ijimlangan qog'ozlardan ko'chirma

Eslayman:

— Yozganlarimizni baribir o'qishmaydi, deb qoldi qirqlardan oshgan jurnalist.

— Nega yozasiz unda? — deya peshonasini tirishtirdi sherigi. U   soddalik bilan:

— E, to'lib ketganimizdan yozamiz-da, to'lib ketganimizdan, deb javob berdi.

Hali-hali kichik bir lavha kabi ko'z oldimdan o'tib turadi bu suhbat. Men ham o'zimcha to'lib ketaman. Qog'oz qoralash payi­­ga tushib qolaman. Xayollar tarqoqlik qiladi, bilim ozlik qiladi. Suhbatdosh axtaraman…

— Nima qilish kerak-a?! Jadidlar kabi bir ko'tarilib chiqish uchun, omma­­ni xalq qilish uchun, deyman, o'zimcha.

— Foydasiz, deydi suhbatdoshim quruqqina qilib. — Nari borsa, seni jadidlar kabi ora-chora eslab-es­lab qo'yishadi, xolos. Tamom!

U xuddi bolasiga nasihat qilayotgan otadek gapiradi.

Foydasiz… Quloqlarim ostida emas, naq miyamning ichida yerga tushib ketgan sirli idishdek jaranglab ketadi bu so'z. Keyin esa Sharq didaktikasining o'zim bilgan umidsiz bo'lmaslik haqidagi pandlari quyilib kelaveradi aqlimga.

Bir payt hamxonam bo'lmish o'smir yigitning baland ovozi eshitildi:

— Yunusobod tennis kortiga borish kerak-da. Qaniydi, hozir pul bo'lsa, eh…

— Nimadir bo'larkanmi?

— Ha, konsert. Rossiyadan Jony, Elman, Androlar keladi. Faqat 400 ming, 600 ming so'mlik biletlar qolibdi.

U aytgan nomlarni eshitganim bor. Rossiyaning zamonaviy qo'shiqchilaridan. Bizning yoshlar juda sevib eshitishadi. Qo'shiqlari ma'nosini tushunishmasa-da.

Men yana o'ylarga g'arq bo'laman: Odamni odam qilgan ehtiyojlarini qondirish yo'lidagi harakatlaridir. Insonda har doim ehtiyoj bo'ladi, moddiy, ma'naviy, jismoniy va hokazo. Bir narsadan ko'ng­­li to'lmadimi, undan yaxshisiga intiladi. Masalan, zamonaviy o'zbek estradasi ma'qul bo'lmadimi, ruslarni eshitadi, inglizlarni, turklarni eshitadi yoshlar. O'zbek kino, seriallari xush kelmadimi, “Hollywood”, fors, turk kino va seriallarini tomosha qiladi. Da Vinchi, van Gog, Pikassolar chizgan suratlarning muhiblariga aylanadi… Keyin ulardan qaysi mentalitetga xos tafakkurni kutish mumkin?!

Sharta qog'oz-qalamni olaman-da, katta harflar bilan yozib qo'yaman: “Chin ma'nodagi san'atni rivoj­lantirish kerak. Uni rag'batlantirishni davlat siyosati darajasiga ko'tarish zarur. Avlod tarbiyasida ta'limning o'rni nechog'li muhim bo'lsa, san'atning ta'siri ham shu darajada”.

Oradan ikki kun o'tib, haligi hamxonam hovliqib gapirib qoldi:

— Jonylarning konsertiga 7 ming­­ga yaqin odam kiribdi. Zo'r-a!

Darrov chiptalarning narxi yodimga tushadi, 400, 600 ming so'mlik…

Ikki kun avval katta harflardagi matn yozganim qog'ozni yostig'imning ostidan sug'irib olaman-da, g'ijimlayman.

— Foydasiz, deyman pichirlab. — To'lib ketganingning alamiga qog'oz to'ldirganing foydasiz. Tepasida gerbi bor qancha-qancha qog'ozlar to'ldirilayotgani ham yetarli.

Amaliy ish bo'lmasa, hammasi besamar!

Shahzod Qahramon o'g'li

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =