Farişta supurgan söqmoq

Rasuljon KAMOLOV

 

Muallif haqida:

Rasul KAMOL (Rasuljon Kamolov) — 1965 yil Rişton tumanida tuğilgan. 1990 yil ToşDU (hozirgi ÖzMU)ning jurnalis­tika fakultetini tamomlagan. “Yigit ori” hikoyalar töplami çop etilgan.

Bugungi kunda “Yangi Özbekiston” gazetasining Farğona viloyati böyiça muxbiri bölib işlaydi.

 

Farişta supurgan söqmoq

Bir ot arava siğarli söqmoq yöl enamning hovlisiga olib boradi. Yonğoq yoğoçidan yasalgan bir tabaqli eşik oldida hovuz, tarvaqaylab   ösgan baqaterak kun böyi hovliga soya taşlaydi.

Doimo ozoda, suvlar sepilgan söqmoq yölni kim qaçon, supurib-sidirib qöyişini heç körmaganman. Sababini enamdan sörasam, “Fariştalar supurib, suv sepib ketişgandir-da”, derdi.

Yalang oyoq yursam, mayin qum zarralari tanamga rohat bağişlaydi. Taʼtil böldi degunça enamning yoniga, oddiy, lekin juda fariştali uyiga oşiqaman.

Zebuniso enamning parilar, fariştalar haqidagi afsonalari, ertaklari köp. Aytişiça farişta-parilar faqat eng pok inson, xonadon va yurtlarni yöqlab borar ekan.

— Eng pokiza, beğubor kişilar, yurtlar qayerda, — deya enamga yuzlanaman.

— Öz farzandlarini   mehr berib alqayotgan, odil kişilar yaşayotgan maskan-da.

— Farişta – parilar qayerda yaşaydi?

— Hovuz böyida. Oy nuriga hamohang tunda suv yoqalaydi, öynab hordiq olişadi. Qalbi pok insonlargina uni his qiladi, köra oladi.

— Odamlardan qörqişmaydimi?

— Qörqişadi, ularni çöçitib yubormaslik kerak. Hadiksirab qolişsa kelmay qöyadi. Qörqitgan odamdan farişta ariydi.

— Siz körganmisiz?

— Körganman.

— Qörqmaganmisiz?

— Yöq.

— Sizga nima degan?

— Tila – tilagingni, deyişgan.

— Nimani tilagansiz?

— Yurtimiz tinçligi, sendek öğil-qizlarimni, soğ-salomat ulğayişini söraganman?

— Boşqa heç nima söramaganmisiz?

— Söramapman-da.

— Söragan narsalarni beradimi?

— Beradi.

— Men bölganimda juda köp narsalarni sörardim.

— Sörayver bolam, tilaklaring ijobat bölsin, ilohim. Mana şunday farovon, tökin-soçin kunlarda yaşayotganimizga köz tegmasin, Ollohga şukur.

Enamning tutumiga hayron bölib, uyqu axtarayotgan xiyol yumuq közlariga termulaman. Axir fariştalar nima tilasa ijobat qilayotgan bir payt­­da nega özi uçun heç narsa söramadi ekan, deya öylayman. Enam ustimga körpaça tortadi.

— Odamlarga, parranda-yu darrandalarga ozor bermasdan, yaxşi qöşniçilik qilgan, avlod-ajdodlari ruhini şod etganlarga ham fariştalar körinadi, — deya ohista yelkamga qoqadi. Uning pinjiga surilaman, közimga uyqu ilinadi. Har oqşom şu alpozda uxlab, farişta, parilarni köriş ilinji bilan tongni qarşi olaman…

Yillar ötdi. Endi biroz ulğaydim. Enam esa tobora qartayib, daraxt şoxidek egilib borardi. Uy yumuşlariga yordamlaşaman. Suv olib keliş, ekinlar tagini yumşatiş işlari mening zimmamda.

Har oqşom uyquga ketganida hovli çetidagi hovuz böyiga çiqaman. Qişloqda suv biroz taqçil. Şu bois ham suv hovuzlaridan foydalaniladi. Katta soy suvi, haftada bir marta mahallaga beriladi. Öşanda oqib kelgan mayda qum zarralari aralaşib biroz loyqalangan suv hovuzga jamlangaç, tiniqlaşadi, ammo doim muzdek. Hovuzning tört tomonida suv oliş uçun maxsus pillapoyalar qilingan, yoş bolalar ham undan suv olişga, içişga qiynalmaydi.

Oqşom çökkanida hovuz suvlari yanada mavjlanib, tiniqlaşib ketgandek körinadi. Kökda balqigan tölin oy   unga nigoh taşlab hovuz sathini yoritadi. Suv betida töp-töp bölib uçib yurgan “suv yuvğiç” çivinlar uni jimirlatib turfa manzaralar yasaydi. Oqşom epkini suv yuzini asta silabsiypalab suv betiga tuşgan yaproqlarni bir çetga tortqilaydi.

Ana şunday sokin kunlarning biri edi. Suvga keluvçilarning oyoği tindi. Osmonda oy tölibdi. Biram- yoruğ, biram yoruğ. Tun xuddi kunduzdek yorişib ketgandi. Atrof jim-jit. Asta hovuz sathiga keldim va hayrat, hayajon bilan unga termulib qoldim. Suv yuzida soçlari oltindek tovlangan oy yuzli jimittek pari-paykarlar sayr qilib kezinardi. Oy nurida yal-yal tovlangan bu xilqatlar tobora çiroy oçib, kattalaşib borardi.

Daraxt panasiga yaşirindim. Ular payqaşmadi, bemalol uçib kelib suvga qöndi. Dastlab bir-ikkitasi kelib suv sathida sayr qildi. Keyin köpayib ketişdi. Oy yoğdusi ularga misoli narvon edi. Kimdir pastga tuşsa, boşqa biri tepaga kötarilardi. Egnilariga taşlangan harir matolarga qanot misol osilib bir-birlarini tortqilab öynaşardi. Bittasi kelin misoli boşiga oq çimmat taşlab çiqdi…

Hammasi çiroyli, lobar edi.   Yalpiz ötlar bilan burkangan hovuz böyini undan-da yoqimli, muattar anbarlar tutib ketdi. Men ajib manzara, huşböy, yoqimli hid iforlariga mast edim.

Tong yorişib, xöroz qiçqirganida uyğonib ketdim. Ammo körganlarim tuş yoki öngimda röy berganmi anglab yetolmasdim. Atrofda heç kim yöq. Baqaterak   yaproqlari şitirlab, asta tin oldi. Jarangdor kulgi sadolari hanuz quloqlarim ostida jaranglab asta-sekin uzoqlaşib borardi. Nigohimni suvga qadadim. Hovuz suvi yanada tiniqlaşib qolganini his etib özgaça haya­jon bilan ortga qaytdim.

Odatdagidek yölaklar ozoda, suvlar sepilgan edi. Ohista enam yotgan hujraga böylandim va hayrat,   hayajonda lol qoldim. Tunda dimoğlarimga ingan muattar, musaffo, yoqimli anbar şu xonadan kelardi. Enam egnidagi   köylakning harir gullari, tundagi kiçkina fariştalar egnidagi nafis gullardek tovlanib közimni qamaştirdi. Men ularni çöçitib yubormaslik ilinjida ohista ortga çekindim…

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan