Afsonaviy sharhlovchi

Axbor Imomxo'jayev o'zbek futbolining bilimdoni, jonkuyari sifatida ma'lum va mashhur kishi edi. U o'tgan asrning 50-yillari so'ngida hali yurtimizda nom-nishoni bo'lmagan sport sharhi maktabiga birinchilardan bo'lib kirib keldi. O'sha payt­dagi “Paxtakor” jamoasining o'yinlarini nafaqat Toshkent, qolaversa, sobiq Ittifoqning turli shaharlaridan radio orqali sharhlab, ming-minglab muxlislar qalbidan mustahkam o'rin oldi. Shu bilan birga Axbor aka hakamlik borasida ham o'zining iqtidorini namoyon etib, adolat, halollik mezonlariga qat'iy amal qildi. Bu unga obro'-e'tibor keltirdi. Axbor aka mamlakatimizning qaysi burchagiga bormasin el-ulus uning sohir ovozini eshitib, afsonaga aylangan fidoyi insonga hurmat bajo keltirdi.

 

Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Davrada Axbor aka futbolning bir-biridan qiziq voqealarini o'zgacha hayajon bilan hikoya qilar ekan, hakamlikdagi o'tgan asrga doir illatlarni hajv tig'iga olgan edi: yashil maydonda ikki jamoa o'rtasida o'yin davom etayapti. Murosasiz borayotgan bahsda maydon egalari g'alaba qozonish uchun jon-jahdlari bilan kurashmoqda. Biroq himoyada mustahkam raqib bunga imkon bermayapti. Shunda maydon egalari vakillaridan biri hakamga ikki barmog'ini ko'rsatib, g'alaba qozonmasak bo'lmaydi deganida bosh hakam ikki qo'lini paxsa qilgancha “O'ynanglar” deya ishora qildi. Buni eshitgan davradoshlar kulgiga olishdi. Aslida esa Axbor aka futboldagi ba'zi bir yaramas qusurlarni kulgiga olish bilan birga bu nohaqliklar ayrim bahslarning noxolis o'tishiga sabab­­chi bo'lganini o'kinch bilan ifoda etgan edi.

Ha, Axbor aka barcha sohada, futbolda ham halollik tarafdori bo'lgan. O'zbekiston futbol federatsiyasining hakamlar bilan ishlash qo'mitasida ishlagan kezlarida bu aqidaga qat'iy amal qildi. Hakamlarning yangi avlodini tanlash, tarbiyalash borasida katta ko'lamdagi ishlarda yelkadosh bo'ldi. Natijada nafaqat Toshkent shahri, qolaversa, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlardan ham iqtidorli, iste'dodli hakamlar tarbiyalandi.

Axbor Imomxo'jayev qalbi toza, keng fe'lli, shu bilan birga, yuksak madaniyat sohibi edi. U kishi kim bilan   uchrashmasin muomala madaniyatini jo­yiga qo'yar, ba'zi bir masalalarda hazil-mutoyiba bilan javob berardiki, suhbatdosh undan olam-olam taassurot olar edi.

Bir gal tanishlaridan biri u kishiga qo'ng'iroq qilib, hol-ahvol so'rashgach, gap boshlaydi. Shunda u kishi “Do'stim, avvalambor, o'zingizni tanishtiring, bo'lmasam sizga qizil kartochka”   degani hali-hamon esimda. Bu bilan Axbor aka suhbatdoshiga samimiyat bilan qaysidir ma'noda dashnom bergandi.

O'tgan asrning 70-yillari Axbor akaning turmush o'rtog'i Farida ayaning otasi Abdusamad aka bizlarnikiga mehmonga kelgan edi. Chunki otaxonning o'g'li Abdulla aka mening akam bilan ilmiy yo'nalishda hamkor bo'lib, u kishi padari buzrukvorini Qashqadaryoga sayohat qilib kelishga yuborgan edi. O'shanda otaxonning ohista so'zlashi, mendek yosh o'spirinda katta qiziqish uyg'otgandi. Shunda men otaxondan kuyovi haqida so'raganimda “Axborxon o'z kasbini sevadigan yigit. Oilani esdan chiqarmagan holda ishni ham do'ndirayapti. Hatto, xarbiy xizmatga chaqirishganida kattalar “Bizga bu yigit kerak”, deb olib qolishgan”,— deya hikoya qilgandi.

Inson hayotda hech qachon birovning mansabi, lavozimi yoki boyligiga qarab unga yaqinlashishga intilmasligi kerak. Bu yo'lda ham Axbor aka barchaga ibrat bo'ldi. Qaerda, qanday marosim yoki tadbir bo'lmasin, taklif etilsa, bajonu-dil borardi. Ikkiyuzlamachi, yolg'onchi, ishi bitguncha kishiga yaqinlashishga intilgan odamlarni xush ko'rmas edi.

Yoshlarni sportga, xususan, “charm to'pga” mehr ruhida tarbiyalar, vatan sha'ni, or-nomusi uchun munosib bo'lishga da'vat etar edi. Tengdoshlari va o'rta yoshdagi qadrdonlari bilan “Tong jamoasi”ni tashkil etib, kichik maydonda koptok ortidan yugurishlari ularning taniga rohat bag'ishlar edi. U kishidagi muntazam mashg'ulot, jismoniy chiniqishga bo'lgan astoydil harakat umrining oxirgi kunlarigacha davom etdi. Ayniqsa, tungi vaqtda dam olish oldidan toza havoda sayr etishni odat qilib olgan edi.

“Hali shunday kunlar keladi. O'zbek, O'zbekiston nomi mundial arenalarida baralla yangraydi. Chunki, biz buyuk bobokalonimiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur mirzo avlodlarimiz. Janubiy Amerika maydonlarida kuchli koptok zarbidan darvoza to'rini chilparchin qilgan afsonaviy Gennadiy Krasniskiy, Birodar Abduraimov, Mirjalol Qosimov, Vladimir Fedorov, Mixail Anni tarbiyalab dunyo arenasiga chorlagan, Vasilis Xadzipanakesdek grek o'g'lonini jahon terma jamoasi safida javlon urdirgan o'ziga bek o'zbeklarmiz”, — degan so'zlari hamisha qulog'im ostida jaranglab turadi.

Axbor aka noshirlikda ham katta adabiy meros qoldirdi. Uning o'nga yaqin o'quv darsliklari, “Maftuningman, futbol”, “Futbol quvonchim-dardim”, “O'zbekning Mirjaloli”(ikki qismdan iborat) risolalarini muxlislar iliq kutib olishdi. “Asrdagi asl qadrdonlarim” kitobi memuar asar bo'lib, yillar davomida qilingan zahmatli mehnatning mahsuli bo'ldi.

Darhaqiqat, Axbor aka ana shunday elda e'zozli, yurtda qadrli inson edi. Bir qo'lida qalam, ikkinchi qo'lida hakamlik hushtagi bilan birga mikrafon oldida olib borgan sharhlari noyob iste'dod egasining bebaho portreti sifatida qalbimizda muhrlandi. Bugun ana shu ulug' inson hayot bo'lganida 87 yoshni qarshilagan bo'lar edi.

Nachora, o'lim haq. Hamma ham ertami-kechmi bu foniy dunyo­­ni tark etadi. Faqat qoladigani yaxshilik urug'iyu ma'naviy meros, oqil farzand va shogirdlar. Piravardida ular beradigan hosil yurtimizni obod, halqimiz hayotini faravon etajak.

Husan TEMIROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 5 =