E'tirof, ishonch, rag'bat
Shu kunlarda yurtimiz bo'ylab ulug' ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami shukuhi kezmoqda. Mazkur qutlug' sana munosabati bilan mamlakatimizning har bir go'shasida turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, konsertlar, festival va ko'rik-tanlovlar o'tkazilyapti.
Shuningdek, har yili Istiqlol shodiyonasi kunlari oldidan jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar, san'at hamda kinoijodkorlar o'rtasida o'tkazib kelinadigan “Eng ulug', eng aziz” tanlovi ham an'anaviy tadbirlardan biriga aylangan. Mustaqilligimizning 32 yilligiga bag'ishlab “Yangi hayot uchun, Yangi O'zbekiston uchun!” shiori bilan o'tkazilgan “Eng ulug', eng aziz” ko'rik-tanlovining Respublika bosqichida ijodkorlar faol bo'lishdi.
Kecha Yoshlar ishlari agentligining anjumanlar zalida bo'lib o'tgan tantanali tadbirda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, san'at, madaniyat, kinoijodkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirni “Eng ulug', eng aziz” an'anaviy ko'rik-tanlovi tashkiliy qo'mitasi raisi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi X.Salimov ochdi va tanlov natijalari haqida qisqacha ma'lumot berdi.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 27 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli majlis bayoni ijrosi doirasida o'tkazilgan mazkur tadbir O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, O'zbekiston Milliy media birlashmasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, O'zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgani uning salmog'i yildan-yilga ortib borayotganidan dalolat bo'ladi, — dedi X.Salimov.
Biz tanlov g'oliblarining ayrimlari dil so'zlarini yozib oldik.
Nazira MAMBETShERIPOVA, “O'zbekiston 24” telekanali muharriri. “Televidenie va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari” nominatsiyasi bo'yicha birinchi o'rin sohibi:
– Davlatimiz rahbari bot-bot takrorlayotgan “Men jurnalistni qo'llab-quvvatlayman. Men ularning ortida turibman”, degan so'zlari shunchaki balandparvoz gaplar emas.
Bu so'zlar bizlarni yanada ruhlantirib, ochiqlik, oshkoralikni ta'minlashimiz, voqeliklarga xolisona yondashuvimizda dalda bo'lyapti. Demak, yelkamizda katta mas'uliyat bor. Shu katta vazifani, katta mas'uliyatni bajarishimiz kerak. Bu mukofot ana shu yo'nalishda bizga yanada kuch bo'ladi.
Guljamal BAYTURAYEVA, “Nurlы jol” gazetasining bo'lim muxbiri. “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” nominatsiyasi bo'yicha uchinchi o'rin sohibi:
– So'z va fikr erkinligi bugun o'z kuchini ko'rsatmoqda. Davlat rahbari doim so'z qadrini ulug'lovchi biz–jurnalistlarni qo'llab-quvvatlaydi. Bunday yuksak ishonch jurnalistga faqat va faqat qanot beradi. Tanlovda Millatlararo totuvlik va ijtimoiy mavzudagi maqolalarim va Respublikamizda bo'layotgan ulkan o'zgarishlar va yangilanishlar tahliliga bag'ishlangan publitsistik materiallarim bilan ishtirok etdim. G'oliblik esa butun jamoamizga ikki karra mas'uliyat yuklaydi.
Maxsudjon KASIMOV,“Tasviriy san'at, foto va dizayn ishlari” nominatsiyasi bo'yicha birinchi o'rin sohibi:
– “Eng ulug', eng aziz” an'anaviy tanlovi biz kabi foto, tasviriy san'at vakillari uchun ham sinov maydoni bo'ldi. Tanlovda o'zimning bugungi zamondosh qahramonlarning faoliyatlarini aks ettirgan tasviriy san'at asarlari bilan ishtirok etdim. Bilasizmi, ijodkor uchun yutuqning katta-kichigi bo'lmaydi. Eng katta e'tirof esa albatta ona xalqimizning bahosi. Tinchlik, hurlik zamonida yashayapmiz. Shogirdlarimga doim aytaman, bunday tabarruk zaminda tug'ilish baxt, ijod qilish va ana shu ijodingning munosib e'tirofi esa ulkan baxtdir.
Feruza XAYRULLAYEVA, “Oyina.uz” portali muharriri. “Internet-jurnalistikasi” nominatsiyasi bo'yicha ikkinchi o'rin sohibi:
— Mazkur tanlovda bu yil ilk marta ishtirok etdim. Hamkasblar undovi bilan ijodiy ishlarimni topshirgandim. Natija esa quvonarli bo'ldi. Bizning saytimizda keyingi bir yil ichida tanqidiy-tahliliy mavzular keng yoritildi. Ijodiy jamoamizning har bir vakili dolzarb mavzularni yoritishga intiladi. Aytish mumkinki, mazkur g'oliblik men orqali butun jamoamizga berilgan rag'batdir. Zero, islohot ham, o'zgarish ham insonga e'tibordan boshlanadi.
Bu yilgi tanlovning respublika bosqichiga 7 nominatsiya bo'yicha 345 nafar ijodkordan, ya'ni jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar, kino san'ati, tasviriy san'at, foto va dizayn ishlari bo'yicha ijodkorlardan 1700 ga yaqin ijodiy ishlar taqdim etilgan. Hakamlar hay'ati a'zolari ana shu ijodiy ishlarni besh ballik tizim bo'yicha mavzuning dolzarbligi, tahlili, asarning badiiyligi, mustaqillik g'oyasining ifodasi, talqinning o'ziga xosligi kabi mezonlar asosida baholagan. Hakamlar hay'atining ma'lum qilishicha, g'oliblarni aniqlashda tanqidiy-tahliliy ruhdagi materiallarga alohida jiddiy e'tibor qaratildi.
Ma'lumotlarga qaraganda, “Eng ulug', eng aziz” ko'rik-tanlovining “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” nominatsiyasida 74 nafar jurnalist o'zining 359 ta ijodiy ishi bilan qatnashdi. E'tiborli jihati, tanlovda qatnashchilar soni oshishi bilan birga, ularning ijodiy ishlari sifati ham oshgan. G'oliblikka nomzodlarning ko'pligi hakamlar hay'ati a'zolariga eng munosiblarni tanlashda oson bo'lmagani alohida ta'kidlandi.
Badiiy publitsistika jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy jarayonlarga, dunyo mintaqalarida yuz berayotgan, odamlar ong-shuuriga, dunyoqarashi va turmush tarziga ta'sir ko'rsatayotgan voqea-hodisalarga hozirjavoblik bilan munosabat bildiruvchi ijodiy tafakkur mahsulidir. Bu janrda davrning ijtimoiy, ma'naviy-axloqiy qiyofasini, yutuq va muammolarini, jamiyat oldida turgan muhim vazifalarni, bu vazifalarni hal etish yo'llarini aniq-ravshan ko'rish mumkin.
Tanlovning “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” nominatsiyasiga bu yil o'tgan yilgiga nisbatan ko'p – 30 nafarga yaqin ijodkorlar o'z kitoblarini taqdim etgani, “Televidenie va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari” nominatsiyasi bo'yicha esa 56 nafar ijodkordan 300 ga yaqin ijodiy ishlar kelib tushgani, eng muhimi, taqdim etilgan materiallar shaklan va mazmunan rang-barang bo'lib, ularda islohotlar natijasi, hududlardagi yangilanishlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, “Inson qadri uchun” degan g'oyaning hayotiy ifodasi aniq misollar asosida ochib berishga harakat qilinganini e'tirof etish joiz.
Hayajonli onlarga boy bo'lgan ma'rosimda “Eng ulug', eng aziz” ko'rik-tanlovining g'oliblari nomi e'lon qilinib, ularga diplom hamda esdalik sovg'alari topshirildi. Bir guruh ustoz ijodkorlar so'zga chiqib, bugungi kunda matbuot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Vatanimiz taraqqiyotiga o'z hissasini qo'shib kelayotgan faol, jonkuyar jurnalist va ijodkorlarning fidokorona mehnatlarini alohida e'tirof etdi.
Ko'rik-tanlov so'ngida san'atkorlar tomonidan ijro etilgan dilbar kuy-qo'shiqlar bayramona shukuh baxsh etdi.
O'z muxbirimiz.