Qaro kechalardan izlaysiz ziyo
Dildora ABDUNAZAROVA
Muallif haqida:
Dildora Abdunazarova — 1979 yil Shahrisabz tumanida tug'ilgan. Tumandagi 77-umumta'lim maktabda tahsil olgan.
She'rlari Respublika matbuotida chop etilgan. “Allohning omonati” nomli ilk she'riy to'plami nashr etilgan.
Toshkent Farmatsevtika institutini tamomlagan.
* * *
Yo'q, ular e'zozga arzimas ekan,
Yurak chinqirganin eshitmas — kardir.
Dunyoning etagin mahkam tutmishlar,
Sening kuymog'ingga xo'p xaridordir.
Yo'q, mehring hayf ekan, muhabbating xor,
Gina qilar bo'lsam, noshukurlikmas.
Yolg'iz bir taskin bor yurak qa'rida,
Bu Haqning rizosi… boshqa narsamas.
Odamdan odamlik kutmoq — odamlik…
Men ham bandachilik xatosidaman.
Labda tabassum-la yurganim bilan
Asli shu yurakning nidosidaman.
Aslida…
Sizga yordam kerak emas, aslida,
Bezdim noliyvergan so'zlaringizdan.
Ko'rasiz-u, ammo bog'lab qo'yilgan
Bog'ichni yechmaysiz ko'zlaringizdan.
O'zingiz urasiz turli so'qmoqqa,
Qaro kechalardan izlaysiz ziyo.
Umringiz berasiz toshdek to'qmoqqa,
Eshitganingizga bo'lib mahliyo.
Sizga yordam kerak emas, aslida,
Boshingiz silagan qo'lni kesasiz.
Suyushib ozodlik etishsa hadya,
Qafasga qaytishni reja tuzasiz.
“Ezilgan, bechora, qurbon”siz go'yo,
Uloqtirib tashlab mas'uliyatni.
Zuluksiz, istaysiz: kimdir siz uchun
Yashab o'tsin olib majburiyatni.
Sizga yordam kerak emas, aslida…
Iltijo
Ruhimda kurashib tolmas ikki jon,
Biri farishtadir, birovi shayton.
Gohi quvonaman, goh chekkum anduh,
Biri-birisiga bermaydi imkon.
Bu dunyo yutmasin meni domiga,
Jannatdan uzuvchi yo'llardan asra.
Alloh hamdam bo'lsin har qadamimda,
Shaytonga qul bo'lgan qullardan asra.
Men g'olib bo'lmoqlik yo'liga chiqdim,
Yolg'izim! Qo'llagin, O'zing ber to'zim.
Nafsimni xor aylab, iymonim g'olib,
Engishni istayman o'zimni o'zim.
Mayl…
Meni aldash mushkul, aldamoq qiyin,
Har so'zing ma'nosin anglayman bir-bir.
Aldaysan, avraysan, qilib so'z o'yin,
Ammo ishontirar meni nimadir…
Aqlim yuz bursa ham sendan teskari,
Qalbim talabiga ojiz turaman.
Bilaman… so'zlaring yolg'ondir, ammo
Senga aldanishni yaxshi ko'raman.
Tafovut
Odamzoddan ko'mak tilandim,
Boshim egib, misoli g'arib.
Yaratgandan yordam so'radim,
Egik boshim baland ko'tarib.
Odamzoddan qo'rqdim-u, qochdim,
O'zdan qochmoq tobora qiyin.
Haqdin qo'rqib, ko'nglimni ochdim,
Yaqinlashdim qo'rqqanim sayin.
Jim suydim…
Men seni jim suydim, jim ardoqladim,
Gohi qo'llaringdan kelardi tutgim.
Izhori dil qilmay jim yiroqladim,
Sevgimni, sirimni kelmadi to'kkim…
O'zimdan qizg'ondim tuyg'ularimni,
Avaylab asradim g'uborsiz, gardsiz.
Bildirmay termuldim, bildirmay sevdim,
Hech qanday talabsiz, hech qanday shartsiz.
Senga baxt tiladim, quvonch tiladim,
O, hajr iloni buncha chaqmasa?
Bunday og'irligin qaydan bilardim,
Yonsang-u, charsillab uchqun chiqmasa…
Sen tomon bormoqqa bosmadim qadam,
Dunyo bexabardir — ko'nglimda kim bor.
Sen esa bilmasdan sevilgan odam,
Men esa sezilmay bo'lganman tor-mor…
Men seni jim sevdim, jim ardoqladim…