Pista chaqar baliqlar

Falak tusi o'zgardi. Bu guldurakka ishora edi. Osmon ravoqlari qattiq gumburladi. Hayot nafasi ufurgan tog'lar bu ovozdan qalqib ketdi. Chaqmoq chaqib, momoguldurak bo'lib o'tganday, tog'lar ichini gumburlatib yubordi.
Rosti, huru g'ilmonlar girdo girdini o'rab olgan Nurotaning faxri bo'lmish chashmadan bir yorug' nur ko'tariladi. Uni ko'rish hammaga nasib etavermaydi. Menga qolsa, bu chashmani oltin toj, undan sizib chiqayotgan buloq suvini oltin kosaga tushayotgan oy yorug'iga, baliqlarni esa tirik gullarga mengzagan bo'lardim.

Chashma bo'yiga erta tongda yetib keldim. Maqsad, chashmadan osmonu falakka ko'tarilayotgan hovurni, ma­halliy aholi tili bilan aytganda, “Olloh nuri”ni ko'rib, zavqlanish edi. Garchand quyosh yotog'idan endigina bosh ko'tarayotgan bo'lsa-da, “Olloh nuri” ko'zdan yitgandi. Attang, kech qolibman, dedim afsuslanib. Ammo ortiqcha chiranish befoyda edi.

Buloq suvga limmo-lim. Qirg'oqlaridagi qoqigul va boshqa turfa chechaklar sariq boshlarini asta-sekin ko'tarib, bulutlar ortidan ko'rinayotgan, jamol ochayotgan shamsga intizor ko'z tutadilar. Shu mahal qog'oz xaltachamdagi suvi qochgan non xayolimga keldi. Uvatib baliqlarga tashladim. Ular g'uj-g'uj to'planib, rizq-nasibaning “changini chiqara” boshladilar. Bundan qalbim taskin topdi. O'zimcha, baliqlar ham, qushlar ham mo''jizaviy jonivorlardan bo'lsa kerak deb qo'ydim. Hayratimni, holatimni go'yo sezgandek, baliqlar bunga javoban o'zlarining nozik harakatlari, badanlaridan tovlanayotgan ranglari bilan suv yuzida emin-erkin, bamaylixotir raqsga tushardilar. Buloq suvi shifobaxsh. Nega deganda yer osti suvlari turli jinslar orasidan sizib o'tayotganda tog' jinslarini ma'lum miqdorda eritadi, ya'ni o'ziga oladi. Binobarin, uning harorati yozda ham, qishda ham o'n besh darajadan pastlamaydi. Buloq suvi hidsiz, rangsiz, toza, musaffo. Asabni tinchlantiruvchi xususiyatga ega. U ko'pgina kasalliklarga davo, ayniqsa, quturish kasalligiga yo'liqqanlarni tezda sog'aytiradi. Alhol, buloq tubida g'ujg'on o'ynab, u yoqdan bu yoqqa suzib yurgan baliqlarni go'zallik timsollariga qiyos qilsak yanglishmagan bo'lamiz. Aytgancha, el bu baliqlarni “qora baliq” yoki “marinka” baliqlar degan o'zgacha nom bilan ataydi. Rangi, tusi xuddi tundek qora. Zahar to'playdigan pardasi, uvuldiriqlari ham ataylab qilganday zulukday qora rangga moyil. Bu mo''jizagina emas, balki mo''jizalar mo''jizasi. Tabiatda “qora baliq”ning o'zi yo'qolib ketib, kamyoblashgan bo'lsa, uning to'g'risida qanaqa gap bo'lishi mumkin degan fikrga borishingiz turgan gap.  Shu o'rinda bir voqeani eslamaslikning sira iloji yo'q. Bundan qirq yilcha burun Rossiyaning allaqaysi shahridan bir o'ris yigit Nurotaga keladi. U dastlab Nurota ziyoratida bo'ladi, qadim tuproqlarni kezadi. Ittifoqo, u Nurbuloqda suzib yurgan baliqlarni ko'radi-yu, birdan ko'zi o'ynab ketadi. Miyasini suvda suzib yurgan baliqlarni ushlab, qovurdoq qilish fikri band qiladi. Tanish­lari unga buning iloji yo'qligini, baliqlarni iste'mol qilish xavfli ekanini aytishadi. Biroq nafs qutqusiga asir bo'lgan kimsa tanishlari ko'zini shamg'alat etib, o'n besh-yigirmatacha baliqni tutadi. So'ngra ularni tozalab, qizib turgan qozonga soladi. Hash-pash deguncha baliq qovuriladi. Dasturxonga tortilgan taom­­ni paqqos tushira boshlaydi. Bir-ikki bo'lak baliqni yutgach, ishtahasi yanada ochiladi. Ammo oradan yarim soatdan so'ng, ahvoli yomonlashadi. U vafot etadi. Xullas kalom, biz ta'riflagan baliqlarni ilgarilari sehrli deb tanovul etmagan bo'lsalar, o'ris yigitga o'xshab bunga ishonmay, hech balo urmaydi deb iste'mol qilganlar hayot bilan erta xayrlashganlar. Shu voqeadan keyin odamlar baliqlarning karomatli ekanligiga chippa-chin ishonganlar.

Ulug'vor, mahobatli tog'larning yuragi, qalbi bo'lmish — Nurbuloq… U kecha-yu kunduz bir maromda, jimirlaganicha munis oqadi. U hovuchidan tutqazgan obihayot, tiriklik suvi bog'u rog'larni, baxmal vodiylarni, oromijon qishloqlarni yayratib yashnatadi. G'uj-g'uj baliqlarni o'z qo'ynida gard yuqtirmay asraydi, avaylaydi.

Nurbuloq bo'yida uzoq qolib, baliqlar harakatini qiziqish ila kuzatdim. Faqirning bu holati qovun paykaliga qo'yilgan, so'ppayib turgan qarotqiga juda ham o'xshardi. Buni qarang, tabiat o'zining shafqatli, ajoyib va go'zallik taratuvchi qo'llari ila vujudga keltirgan ekan-a bu kabi g'aroyibotlarni! Baliqlar tip-tiniq buloq tubida bemalol, emin-erkin o'ynab, suzib yuribdilar. Behisob darajada nozik, chiroyli, g'iz-g'iz etib harakatdan tinmaydilar. Tashqarida bitta yorug'lik, ya'ni yaqinlashib kelayotgan faslning kechki, ertalabki yorqin yog'dulari hukmron edi. Ayniqsa, tongda baliqlar oqqushdek yorqin beg'uborligi, topqirligi, nafis shitirlovchi ovozi ila maftun etadi, behisob shodlantiradi kishini. Men bularni ko'rib bir joyda muqim o'tirolmasdim. Zilol suvli buloq, unda suzib, ko'zni quvontiradigan farishtamonand baliqlar tag'in o'ziga tortardi. Havo go'zal tovushlarga to'liq. Anglashimcha, o'sha go'zallikni ko'rmoq uchun musaffo xayol va bokira idrok talab etiladi. Yuzimdan hayrat arimay, buloq bo'yida baliqlarni kuzatar ekanman, ularning bittasida qiziq bir belgini, halqani ko'rib qoldim. Va darhol bu halqa, belgi kimning tashabbusi va sa'y-harakati ila bog'langanini payqadim. Baliqqa bog'langan halqalar uni bu yerdan o'ttiz chaqirim naridagi G'azg'on dahasidagi buloq “fuqarosi” ekanligini dalillaydi. O'tgan asrning yigirmanchi yillaridan boshlab odamlar baliqlarga shunday halqa bog'lab qo'yar edilar. Nazarimda, ular o'n sakkiz va o'ttiz olti chaqirim naridagi olis va mashaqqatli yo'lni oppa-­osongina, qiynalmay bosa olardilar. Darvoqe, sinchkovlik bilan tiniq suv­ning sokin tubiga termulsangiz noxush o'ylar, xayollar sizni tark etadi, ruhingiz qush qanotiday yengillashib qoladi. Simobday yaltillayotgan shaffof suvning osti sumalakday qaynagani-qaynagan. Qum yuzidagi qoramtir hoshiyalar ming xil shaklda chiziladi. Aytishlaricha, eng pokdil, halol, toza insonlarga biz ta'riflagan sirli nur ko'rinar emish. Kamina ariq ichida g'uj-g'uj suzib yurgan, raqqosadek harakatlanayotgan marinka baliqlarni nozanin dilbarning qirq kokiliga o'xshatgim keldi.

Ha, tabiat ishiga qoyil qolasan. Bo'lmasa, baliqning pista chaqishiga hech kim ishonmagan bo'lardi. …Ayol o'g'ilchasi bilan buloq yoqalab sayr qilib yurardi. Qarasam, ular sal enkayib turganicha kaftidagi pistalarni oz-ozdan suv yuziga socha boshladilar. Bolakay bundan battar zavqlanar, tinmay qiqirlardi. Shu chog' g'uj-g'uj baliqlar galasi suv yuzida paydo bo'ldi. Ular bolakay tashlagan pistalarni hash-pash deguncha chaqib tashladilar. So'ngra “Pista po'chog'ini bu yerda qoldirib bo'lmaydi”, degan ma'noda yuzaga chiqardi. Chindan ham bunga befarq, shunchaki qarab bo'lmasdi. Qiziqishim ustun kelib, men ham kaftimdagi pis­talarni suv yuziga sochib yubordim. Suv tiniqlashib, birdan yana pistachaqar baliqlar to'dasi hoziru nozir bo'ldilar. Suv tezob oquvchan bo'lgani uchun pista po'choqlari obihayot bilan shaharga chiqib ketarkan. Ochig'i, pis­ta chaqib, ajoyib, g'oyat antiqa tomosha ko'rsatayotgan baliqlarga tikilib, mo''jiza-ku deyishingiz turgan gap. Qolaversa, ular suvning sofligi, billurdek tiniqligini ta'minlashni ham qoyilmaqom uddalar ekanlar.

Ustiga belgi qo'yilgan bir baliqni Nurota chashmasidan qo'yib yuborishganda, o'sha baliq Dehibalanddagi buloqdan chiqqanligini aytishadi. Aytgancha, u ortidan o'n ikki chog'li shirmohi baliqni ham boshlab kelgan ekan. Bundan chiqdi, Dehibalanddagi uchta va Nurotadagi mavjud buloqlarni bog'lab turuvchi yer osti yo'li mavjud ekan-da? Rostdan ham elning bu gapida haqiqat uchqunlari mavjudday.

…Tog' bag'ridan sizib chiqayotgan Nurbuloq… Ana shu buloq ichida g'ujg'on o'ynayotgan baliqlar chunonam hayratimni oshiradi. Garchand dunyo­­da buloqlar son-sanoqsiz, serob bo'lsa ham, ammo ularning hammasida bunday baliqlarni uchrata olmaysiz. Shu tobda qodir tabiatning o'zi sizni adoqsiz, intihosiz savollarga g'arq etadi.

Aslida purviqor va mahobatli tog'lar silsilasida qo'nim topgan buloqlardan biri — Nurbuloq, ya'ni nur taratuvchi chashmadir. Tarkibida oltin, kumush zarrachalari mavjud shifobaxsh chashma suvi odamlar ko'ziga mo''jiza bo'lib ko'ringan. Tog' etagidan shivirlarini yutib, jimib oqayotgan chashma, hayratimga sabab bo'lgan baliqlarga tikilib, uzoq o'ylarga toldim. Suvga termulganim sayin sehrgar, jilvagar dunyo og'ushiga g'arq bo'laman. Sehrli va o'ta chiroyli baliqlarning harakatlari ayricha, o'zgacha. Ular xuddi baxmal monand tovlanadilar. Chashma oqishi, baliqlar suzishi Nurota vohasining go'zalligiga qo'yilgan haykal edi go'yo!

Ulug'bek JUMAYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + seven =