Ulug'lik yo'li

yoki buyuk iqtidorlarning dunyoga kelishiga oid falsafiy mushohadalar

Daholikni irqiy, irsiy omillar bilan bog'lash odati qadimdan mavjud. Tadqiqotchilar negadir ushbu mavzuni chuqurroq o'rganishga jur'at etolmaganlar. To'g'ri, fransuz sotsiologi va elshunosi G.Lebon xalqlarni ibtidoiy irq — quyi, o'rta va oliy irqlarga bo'lib, faqat oliy irqqa mansub hind-evropaliklar buyuk kashfiyotlarga qodir, degan noto'g'ri fikrni ilgari surgan. Aslida dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo'shgan buyuklarning ko'pini Sharq yetishtirib berdi. Yana isbot talab qilmaydigan haqiqat shundaki, buyuk Turon zamini yuzlab donishmandlarga beshik bo'ldi. Demak, dunyoda hech bir millatda bizning xalqimizdan yetishganchalik daholar tug'ilmadi. Albatta, hech bir xalqni kamsitmagan holda yana shuni aytish mumkinki, ulug' iqtidorlar, buyuk shaxslar dunyoga kelishining o'zi ulkan mo''jiza, biz bilib-bilmaydigan sinoatlarga ham bog'liq bo'lishi mumkin ekan. Bu haqda, ayniqsa, ulug' munajjim Mirzo Ulug'bek bobomiz o'zining “Ilmi nujum” asarida betakror fikrlarni o'rtaga tashlagan. Afsuski, hanuzgacha ana shu asar haqida ham to'laqonli tahliliy va talqiniy tadqiqotlar olib borilmagan.

Jahonga mashhur ko'plab mualliflar yozgan manbalarga, bitiklarga  asoslangan fikrlarga ko'ra, ulug' va buyuk vatandoshlarimiz — Beruniy, Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Ulug'bek, Navoiy kabi donishmandlarning hayoti va ijodini o'rganish — daholik masalasiga ko'p oydinliklar kiritishi mumkin. Shuning uchun ham italiyalik mashhur olim Chezare Lomb­rozoning yahudiylardan ko'p “daho shaxslar” chiqqani, “irsiyat ularga behad katta ta'sir ko'rsatgani” haqidagi xulosalariga qo'shilish qiyin. Shuningdek, uning 100 hodisadan 85, hatto 88 tasida irsiyat hal qiluvchi omil hisoblanadi, degan fikrlari hamon bahslidir. Hech qachon daholar haqida gap ketganda, bitta millat urg'ulanmasligi kerak! Xudo yorlaqagan daho shaxslar, tolerantlik — ko'p millatlilik va elatlar chekiga tushadi. To'g'ri, ayrim avlodlar (Motsart, Bax, Veronezi, Karrachchi, Titsian, Darvin, Eyler, Guk, Dyuma va boshqalar)da iste'dod nasldan-naslga o'tgani kuzatiladi. Lekin bu degani mutloq qonuniyat degani ham emasdir.

Shaxs xulqining ma'naviyati ta'sirida takomillashib (ya'ni tabiiy xislatlari qusurdan fazilatga aylanib) borgan sari — uning ahloqi zamima axloqdan (insonni xudbinlik sari tortuvchi tarbiya ko'rmagan xulqdan) hamida axloqqa (ma'naviy kamolot natijasida go'zallashgan xulqqa) aylanib boraveradi.

Shunday ekan, nafs tarbiyasi — ma'naviy kamolot yo'li bo'lib, axloqi hamidaning shakllanish yo'li hamdir. Ammo ma'naviyat faqat nafs tarbiyasidan iborat emas. Ma'naviyat iymondan boshlanadi, ilm-fan bilan mukammallashadi, taqlidiy iymon orqali inson nafs tarbiyasiga o'tadi va oxiri mehr-ma'rifati orqali ma'naviy kamolotga erishadi. “Axloq — ma'naviyatning o'zagi”, degan hikmatning ma'no-mazmuni shundaki, insonning ma'naviy kamolot darajasi uning axloqida eng yorqin shaklda namoyon bo'ladi.

Endi bir mulohaza qilib ko'raylik: buyuk kishilar daho darajasiga qanday ko'tarilgan? Bunday savollar ko'pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. Kashfiyotchi, ixtirochi, shoir, yozuvchi yoki rassom bo'lmoq uchun tug'ma qobiliyatga ega bo'lish kerak, degan fikr hukm surib keladi. Ammo buning uddasidan chiqmoq uchun ko'proq vaqt va g'ayrat hamda harakat talab etiladi. Bu sohada yutuqlarni qo'lga osongina kiritishdan umidvor bo'lmaslik lozim. Hammasi o'zingizga bog'liq. Bordi-yu, qaroringizdan chekinsangiz, uning amalga oshishidan umid uzsangiz, o'zingizga o'zingiz yordam berishni istamagan bo'lib chiqasiz!

Daho — bu odatiy inson aqli doirasidan chetga chiqish, inson aqlining anomaliyasi. Binobarin, daho — bu inson miyasida mavjud tabiiy imkoniyatlarning yuksak darajada to'liq yuzaga chiqishi, jamol ko'rsatishi, ochilishidir! Kishilik jamiyati daholarni shartli ravishda ikki qutbga ajratgan. Bu ikkisining oralig'ida esa qobiliyatning, iste'dodning turli xil tadrijiy pog'onalari mavjud: birinchi qutb vakillarini, an'anaga binoan, xudo yarlaqagan daho, geniylar deb, ikkinchi qutb vakillarini esa o'zining intilishi, mehnati tufayli daho, iste'dodlar deb atash o'rinlidir.

Daho shaxslarda o'zining bilimiga, kuchiga, salohiyatiga, qobiliyatga, iste'dodiga, boshqalarga nisbatan dovyurakligiga, muvaffaqiyat qozonishiga ishonish hamda jangovarlik tuyg'usi yuqori bo'ladi. Ushbu xislatlar bu yorug' olamda Aleksandr Makedonskiy, Yuliy Sezar, Chingizxon singari jahongirlarda tojparastlik, shuhratparastlik va dunyoga yakka hukmronlik qilish, Napoleon va Stalin kabi shaxs­larda nekrofillik bilan chatishib ketadi. Shu bois ular kurashishni, yovlar bilan olishib yashashni hayot tarziga aylantirganlar.

Shunday qilib, davrlar o'taveradi, zamonlar o'zgaraveradi. Biroq xalqona dunyoqarash, inson va shaxsning ma'naviy-ruhiy qiyofasi, mohiyat va mazmuni avloddan-avlodga o'tib, yangi bo'yoqlar, mo''jizalar kasb etgan holda davom etaveradi. Bu boqiy va uzluksiz jarayon O'zbekiston fenomeni sifatida fuqaro his-tuyg'ulari, aqidalari va munosabatlari hamda ilohiy-ruhiy olami — daholigini o'zida ifoda etadi.

Darvoqe, inson va shaxsning jamiyatdagi o'rni ularning mushtarak holati, ya'ni faqat Insonga atrof-voqelik hamda odobu axloq qoidalari haqida bilim berishning o'zi, uning ma'naviy-axloqiy tarbiyasi uchun yetarli bo'lmaydi. Unda iroda qudrati, mas'uliyat tuyg'usini shakllantirish, ko'nglida atrof-tabiatga, mehnatga, kasbga, ilmga, o'zga insonlarga mehr uyg'otish, dilida ulug' maqsadlar tug'ilishiga erishish lozim. Masalan, tan olib aytish kerakki, Vatan, Millat yoki Adolat tuyg'usi haqida kitoblarda yozilganlarni o'qib chiqqan odam darhol Vatanning qadriga yetadigan yoki adolatga xiyonat qilmaydigan bo'lib qoladi, deb tasavvur qilish o'ta soddalik bo'lur edi. Har bir insonda Vatan, Millat, Adolat timsol tuyg'ulari ruhidagi poydor ma'naviy qadriyatlarga aylanishi uchun o'zgalar ibratida sinashi, bu yo'lda riyozat chekishi, ularga nisbatan ko'nglida mehr uyg'onishi zarur. Bunga turli yo'llar, turli vositalar: birinchi navbatda yosh avlod tarbiyasiga samimiy tarzda; ikkinchidan, izchil yondashuv va tinimsiz izlanishlar bilan, ya'ni tinimsiz mehnat bilan erishiladi.

Daholar, odatda, izzattalab va shuhratga o'ch shaxslardir. “Odam hayvonlar ichida eng shuhratparastdir”, — deb yozgan edi G.Geyne. Yuksak qobiliyat va noyob iqtidor hamda ulkan iste'dod dahoni ko'pincha viqorli, ziddiyatli shaxsga aylantiradi. Uning yon-atrof va tartiblardan qoniqmasligi, noan'anaviy fikrlarni ilgari surishi turli ziddiyatlar keltirib chiqaradi. Natijada agar daho o'zini zabun, ojiz sezsa, yon-atrofdan o'zini olib qochadi, kishilarga, hatto xesh-aqrabolariga ham qandaydir shubha bilan qaraydi, hatto u odamzodni, insoniyat yaratgan boyliklarni rad etish darajasiga boradi. Masalan, buyuk nemis faylasufi Shopengauer qo'l­yozmalarini kitob holida chop ettirishga tayyorlagan bo'lsa-da, ularni oila a'zolaridan berkitib yurgan. U falsafa bilan shug'ullangan va o'zini faylasuf deb tan olsa-da, falsafa professorlarini jinidan battar yomon ko'rgan. Donishmand Fridrix Nisshe esa o'zi shakllangan va mahsuli bo'lgan ikki ming yillik G'arb, ayniqsa, xristianlik madaniyati, dini, axloqiga qarshi jang qiladi. Yangi axloq, madaniyat va Alpodam (“Sverxchelovek”) yaratishni o'ylaydi. R.Dekart, F.Bekon, D.Yum kabi donishmandlar o'zidan oldingi faylasuflarga qarshi chiqdilar, hatto ular merosiga shubha bilan qarashdi!

Ibn Sino va Beruniy kabi zotlar ham hayotda ziddiyatli taqdir kechirgani ma'lum. Xususan, Ibn Sino tibbiyotga oid buyuk kashfiyotlar qilgan bo'lsa-da, umrining ikkinchi yarmini o'z kashfiyotlariga qarama-qarshi hayot tarzini tanlaydi… Beruniy o'z qarashlari uchun quvg'inda yashadi. Rus adibi Lev Tolstoy oilaviy hayotga, farzandlar tarbiyasiga oid didaktik asarlar, darsliklar yozdi, biroq umrining oxirida xesh-aqrabolaridan bezib, ulardan qochdi. Hayratli hol shundaki, dohiyona fikrlariga muvofiq har qanday nizoni, to'qnashuvni tinch, “sen-men”siz hal etish­lari mumkin bo'lgan buyuk shaxslar arzimagan sababni chuqurlashtiradilar. Ularning qalbi, ruhi mutlaq hurlik istaydi, ming afsuski, jamiyatda mutlaq hur yashash mumkin emas.

Chinakam daho ijodkorlar dabdabalarni, o'zini ko'z-ko'z qilib yig'inlar to'rida o'tirishni, unvon va nishon tilab saroyga egilishni yoqtirmaydilar. Ular uchun yuksak mukofot — ijod, kashfiyot… Ijodning zavqli daqiqalaridan, olamshumul ixtirolardan serzavq narsaning o'zi yo'q ular uchun. Erkin ruhning turmush tashvishlaridan, fisqu fujurlardan, aldoqchi sharaflashlardan xoli parvozi — ular top­gan yuksak unvon, mukofotdir. Yana yuksak iqtidor, talant  noyoblikda, betak­rorlikdadir. O'rtamiyona iqtidor egalari bir-birlariga o'xshaydilar, bir-birlariga monand hayot kechirishlari mumkin. Chunki undaylar an'analarga qarshi chiqishmaydi, jamiyat bilan murosa-madora qiladi. Demak, ularning ideallari ham aynandir!

Ammo ulug' ijodkorlar fikrlashda ham, yashashda ham, ideallar izlashda ham betakrordirlar. Agar noyob iqtidor egasi — siyosiy muhitni, borliqni o'zgartirmoqchi bo'lsa, uni ulkan fidoyilik, ulug' bir maqsadga o'zini bag'ishlash, kishilarni birlashtirish o'yi chulg'ab oladi, u xaloskorlik rejalarini ishlab chiqadi, hatto novator g'oya va innovatsion e'tiqod hamda ta'limot yaratishdan qaytmaydi. U ichki bir tuyg'u bilan sezadiki, aynan o'zi kishilarni g'ofillik botqog'idan olib chiqishi, ularning ongini, hayotini o'zgartirishi mumkin; agar inqilobiy bunyodkorlik imkoniyatidan foydalanmasa, bor kuchi va aqlini ishga solmasa, bir so'z bilan aytganda, “o'zining yangi jamiyati” — inson kapitalini topqirlik bilan omilga aylantira olmasa, istiqbolli, oydin kelajak uni kechirmaydi!

Nima bo'lganda ham ulug'lik belgisi — noyob iste'dod. Bu ulkan imkoniyat faqat uning mahsuligina, xolos. Xuddi ana shu jihati bilan ham buyuk shaxs o'ziga xos ijtimoiy mohiyatga ega bo'ladi. Albatta, ana shu yerda Beruniy yoki Navoiy tasodifiy hodisami, degan savol ham tug'ilishi mumkin. Yo'q! Beruniyning ham, Navoiyning ham buyuk kashfiyotlari va hayratomuz ijodiy mahsullari ayni ana shunday ilmiy va ijodiy asos mavjudligidan kelib chiqqan. Agar ular iste'dodining rivojlanishiga, kamolga yetishiga, umuminsoniy qadriyat darajasiga chiqishi uchun yetarli ilmiy va madaniy-ma'naviy muhit bo'lmaganida, ehtimol, ular o'z davrining oddiy odamlariga aylanib qolishlari ham mumkin edi. Ana shu yerda ijtimoiy muhitning roli ko'zga yaqqol tashlanadi va bu muhit daholik qudratining, buyuk iste'dodning beqiyos rivojlanishiga muhim asos bo'lib xizmat qiladi.

Shaxs tushunchasini “arbob” so'zi bilan izohlash mumkin. Zotan, arbob qaysi sohada bo'lmasin, madaniyat, fan, ishlab chiqarishdami, baribir, o'zining keng ko'lamli qarashlari, qat'iy va asosli xulosalari, o'zi boshqarayotgan tashkilot yukini osonlik bilan ko'tara olgan, uning istiqbolini ravshan ko'ra bilgan, barchaning tashvish-u quvonchlariga sherik bo'la oladigan fazilatlarga ega bo'lmog'i lozim. Rahbarlik darajasi kursining katta-kichikligi bilan o'lchanadi, arboblik esa bulardan ancha baland turadi. Rahbarlik xizmat vazifasi doirasida ko'zga tashlanadi, arboblik esa keng ijtimoiy mohiyatga ega. Boshqacha qilib aytganda, har qanday insonning kasbiy mahorati, bilimi va tajribasi, odamlar bilan tillasha olish qobiliyati tufayli, bir qaror yo buyruq bilan rahbar bo'lishi mumkin. Lekin har qanday rahbardan arbob chiqmaydi. Ya'ni u to'laqonli yetuk shaxsga aylana olmaydi!

Insondagi ichki ruhiy kuch-qudrat, jasorat rag'bat, intilish va hissiyot daholik kurtaklarini rivojlantiradi. U inson fenomenidagi zaruriy asos, istiqbolni belgilovchi omil hisoblanadi. G.Paskalning fikricha, insonning daholik qudrati — uning mantiqiy mushohada qila olishi hamda tafakkur kuch-qudratida chuqur fikrlash tarzida namoyon bo'ladi. Uning kashfiyotchilik qobiliyati, ijodiy-ilmiy salohiyati, topqirligi har qanday tashabbuslarni sub'yektiv tarzda boyitish zamirida namoyon bo'ladi.

Har bir odamda o'ziga xos ma'lum darajada daholik quvvati bo'ladi, kimdadir ko'proq, kimdadir kamroq, ayrimlarida “Xudo yarlaqagan” darajada cheksiz-chegarasiz ko'zga tashlanadi. Natijada har bir insonning kamolot quvvati va daholik qudrati doirasidagi turmush tarzi va hayoti shakl­lanadi.

Xudo yarlaqagan iste'dodlar — Motsart, Rafael, Bedil, Navoiy, Pushkin, Avraam Linkoln, Sharl de Goll, Amir Temur, Bobur va boshqa ayrim donishlar bamisoli bulbul kabi yonib navo qilganidek, ehtirosdan jo'shib, borlig'ini unutib, ayni paytda mutlaqo tabiiy, erkin ijod qilishgan. Chunonchi, yurtimizdan taniqli iste'dodlar ozmuncha chiqmagan! Birinchi va ikkinchi Renessans bunyodkorlari, jadidchilik harakati namoyandalari, XX asrning ko'p­lab yorqin kashfiyotchilari, shoiru yozuvchilari Habib Abdullayev, Sa'di Sirojiddinov, Sobir Yunusov, Ibrohim Mo'minov, Yahyo G'ulomov, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Usmon Nosir, G'afur G'ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya, Odil Yoqubov, Said Ahmad, so'nggi yillarda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O'tkir Hoshimov, Uchqun Nazarov, Rauf Parfi, Botir Zokirov, Muhammad Yusuf, Xayriddin Sultonov, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo kabi va boshqa ko'plab iste'dod egalari namoyon bo'ldi.

Bunday iste'dodlar o'z-o'zidan kelavermaydi. Ulardagi iqtidorni Yaratganning o'zi beradi. Ulardagi ulug' xislatlarni esa hayot, jamiyat ko'zgusi o'zida aks ettiradi. Bu — eng muhim jihat, albatta.

Shunday qilib, davrlar o'taveradi, zamonlar o'zgaraveradi. Biroq xalqona dunyoqarash, inson va shaxsning ma'naviy-ruhiy qiyofasi, mohiyat va mazmuni avloddan-avlodga o'tib, yangi bo'yoqlar, mo''jizalar kasb etgan holda davom etaveradi. Bu boqiy va uzluksiz jarayon, ya'ni O'zbekiston fenomeni sifatida fuqaro his-tuyg'ulari, aqidalari va munosabatlari hamda ilohiy-ruhiy olami — yuksak iqtidorlikni u yoki bu ko'rinishda o'zida ifoda etadi.

Bugun xalqaro ekspertlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshqaruvidagi o'ta betakror uslublarni tahlil qilmoqda, o'rganmoqda va O'zbekiston tajribasini boshqa davlat rahbarlariga o'rnak qilib ko'rsatmoqda.

Haqiqatan ham O'zbekiston Prezidenti siyosiy arbob sifatida xalqaro miqyosdagi global masalalarni ko'tarayotganini butun dunyo siyosatchilari e'tirof etmoqda, tan olmoqda. Uzoq yillardan buyon davom etayotgan Afg'oniston mojarosi va ekologik fojiaga aylangan Orol muammosini BMT minbariga olib chiqish, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari birdamligiga da'vat kabi jahon siyosiy maydonida paydo bo'lgan mutlaqo yangi qarashlar… Barcha-barchasida O'zbekiston rahbarining o'tkir pozitsiyasi muhim ahamiyat kasb etmoqda, hal qiluvchi o'rin tutmoqda.

O'zbekistonning xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi o'rni va nufuzi ham tobora yuksalmoqda. Natijada manfaatlar muvozanati yaratilmoqda. O'zbekistonning tutgan yo'li va qarashlari bilan hisoblashilmoqda. Bularning barchasiga tarix uchun qisqa davr — so'nggi yetti yil ichida erishildi. Demak, Prezidentimiz nafaqat xalq saylagan yo'lboshchi, balki butunjahon e'tirof etayotgan yetuk siyo­siy namoyanda hamda  Yangi O'zbekiston asoschisidir. Bu esa ko'p millatli xalqimizda faxr-iftixor tuyg'usini uyg'otmoqda.

Bugun dunyo o'zgardi. Dunyo uzra O'zbekiston o'z o'rnini top­­di. INSON qadr-qimmati davlat siyosati darajasida e'zoz­lanmoqda. O'zbekiston fuqarosi ruhiyatida Vatanga muhabbat, davlatga, Prezidentga mutlaqo ishonch paydo bo'ldi. Eng muhimi, bu tarixiy jarayon davom etayotir, takomillashyapti, boyimoqda.

O'tgan yetti yil O'zbekistonda inson qadrini, sha'nini, huquqlarini tiklash va ulug'lash davri bo'ldi. Shundan bo'lsa kerak, bunday o'zgarishlarni ba'zan noto'g'ri talqin qiluvchilar, noshukrlar ham uchrab turadi… Lekin bu davlat rahbari uchun muhim emas. Uning insonga qaratilgan islohotlari, insonga mehri, muhabbati hech qachon so'nmaydi. Aksincha, insonni tinglash, inson bilan muloqot, insonni anglash muhim ekanligini tushunib yetgan Yurtboshimiz  bu boradagi harakatlarini yanada rivojlantirmoqda. Davlat boshqaruvida asosiy e'tiborni inson omiliga qaratmoqda. El-yurt taklif-mulohazalaridan foydalanmoqda. Bu yurtimizda davlat bilan xalq o'rtasidagi jarlik yo'qolishiga olib keldi. Darvoqe, bir tanu bir jon bo'lib harakat qilish, bu esa yangi O'zbekistonni barchamiz birgalikda bunyod etishga yo'naltiradi.

Zero, oliy maqsad aniq: Yangi O'zbekistonni dunyoaro o'z o'rnida bo'lishiga erishmoq, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkam qurish. Bunday ulug'vor maqsadni qo'yish katta jasoratdir.

Karim NORMATOV,

tarix fanlari doktori,

Qurolli Quchlar Akademiyasi

professori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =