Virtual olamda yo'qolayotgan yoshlik
XXI asr — axborot va texnologiyalar asri. Mana shu ibora qulog'imga ko'p chalinadi. Ha, haqiqatan ham shunday. Aynan shu asrda axborot texnologiyalari rivojlanishi eng yuksak bosqichga ko'tarildi. Ammo shu rivojlanish yoshlarning, bolalarning eng qimmatli boyligini – vaqtini o'g'irlamoqda. Hayotini zaharlamoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar bugunning eng xavfli quroli bo'lib qoldi. Shu sababli doim o'zimga chegara qo'yib yuraman: “Instagramga kuniga buncha soat, Telegramga shuncha, “YouTube”ga shuncha…” Lekin yashirmayman, ba'zida bu chegaralarga amal qilmaydigan vaqtlarim ham ko'p bo'ladi. Ammo butunlay chegara nimaligini bilmaydigan, telefon bilan uyg'onib, telefon bilan uxlaydigan o'smirlarning son-sanog'iga yetib bo'larmikan? Afsuslar bilan aytish joizki, bugun hayot tarzi “storis”lar bilan ko'rsatiladigan, niqob ostidagi baxtli hayot, muammosiz ish tizimi, faqat siqilgan insonlar yoki faqat kulgili “vayn”lardan iboratdek. Bu kabi misollarni yana ko'p keltirish mumkin. Faqat anglanmayotgan bir narsa bor, bugun o'qish, axborot olish bahonasida, ota-onalarga farzandlari jim bo'lishi uchun, kimlargadir kayfiyat ko'tarishi, kimlarningdir dardiga malham izlayotgan bu tarmoqlarda umrimiz o'tyapti. Juda ozchilik anglab yetgan sirni aytmoqchiman. Bugun bizni xursand qilayotgan shu qisqagina, ammo nazdimizda, ma'nolarga to'la ko'rinayotgan “reels”lar aslida quruq qopga o'xshaydi, xolos.
Ular vaqtimizni, to'g'rirog'i, umrimizni o'g'irlamoqda. Hayot esa qisqa. Nahot ayni sodda shu haqiqatni anglash juda qiyin bo'lsa?!
Darmonjon RUSTAMOVA,
O'zbekiston Milliy universiteti
talabasi.
