Yurak tubidagi eng nodir gavhar

O, ota makonim, onajon o'lkam…

Ushbu satrlar jarangidan yuraklar bir qalqib tushadi. Beixtiyor ko'z o'ngingizda jonajon Vatanimizning yorqin suratiyu siyrati namoyon bo'ladi. Ruhiyatingizda Vatan hech qachon ohori to'kilmaydigan mangu bitik ekanini his qilasiz. Alqissa, yuragimizning eng tubida nodir gavhardek asrab yurganimiz, e'tiqod ila sajda qiladiganimiz Vatan bizga til-zabon berdi, aql-idrokli qildi, tafakkurimizni charxladi, milliy e'tiqodimizni tarbiyaladi. Shuning uchun ham Vatan eng ulug' tuyg'u va u onadek qadrli va muhtaram.

Shoir aytganidek, ota makonimiz, onajon o'lkamiz O'zbekistonimiz bugun yana bir yilni yakunlab, yangi orzu va niyatlar bilan Yangi yilga qadam qo'ymoqda. Keling, yoshlarimizning biz barpo qilayotgan Yangi O'zbekistonni qurishga qo'shayotgan hissasi va Uchinchi Renessansga poydevor qo'yish yo'lida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar haqida fikr yuritaylik. Yurtimizning elaro ma'lumu mashhur bo'lib borayotganida, albatta, ilmga intiluvchi, ma'naviyatli va shijoatli o'g'il-qizlarimizning hissasi beqiyos.

Mehr ulashayotgan bola

Ishga shoshib ketayotgandim. Bir bola qo'lini ko'ksiga qo'yib, salom berdi. So'rashdik. Keyin u menga bir dona konfet uzatdi. “Hammaga shirinlik ulashib yuribman” dedi. Bilasizmi, darhol yuzimga tabassum yugurdi.  Yelkamdagi tashvishlar ariganday bo'ldi. Nimadandir quvonib ketdim. Ruhim osmonida go'yo quyosh charaqlayotgandek edi. Bola esa haliyam qo'lidagi konfetni tutib turardi.

— Oling, amaki, hayotingiz shirin bo'lsin!

Notanish bola qo'lidan shirinlikni olar ekanman, u bilan tanishishga ham ulgurdim. Elyor Nurillayev Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumani Tinchlik mahallasidan ekan. Shu yil maktabni bitirib, Toshkent shahridagi “Millat umidi” xalqaro universitetiga o'qishga qabul qilinibdi. U universitetda ingliz tilini yanayam mukammal o'rganish uchun o'qishga kiribdi.

Aytmoqchi, undan kelgusida kim bo'lmoqchisan, deb so'raganimda  “millatning umidi bo'lmoqchiman” degan javobi ko'nglimni tog' yanglig' yuksaltirdi. Keyin u biroz o'ylanib turdi-da, “kim bo'lishimdan qat'i nazar elga nafim tegadigan odam bo'lmoqchiman” dedi. Va nega odamlarga shirinliklar hadya qilib yurganining sabablarini izohlashga tushdi.

— Men shirinlik ulashib, xalqimiz yuzida ozgina bo'lsa-da, tabassum uyg'otishni istayman, — dedi u. — Elning quvonchi biz kabi yoshlarning quvonchi-da. Odamlar qalbidagi bayramona shukuhga mening ham kamtarona hissam qo'shilsa deyman. Shirinliklar bu mehr ramzi. Axir bir-birimizga mehr ulashishdan ham ulug' narsa bormi? Shirinliklar mehr bo'lib,  shu jonajon o'lkaning suvini ichgan har bir kishi yuragini ilitsa, shu emasmi oqibat!

Elyorning ortidan qarab turdim. U yo'lida uchragan har bir kishiga shirinliklar ulashar, hadyani qabul qilib olgan odamlar yuzidagi tabassum esa nihoyatda go'zal edi…

Biz doim yoshlar haqida gap ketsa, salbiy fikrlarni qalashtirib tashlaymiz. Qulog'ida “naushnik”, qo'lida telefon, kitob o'qimaydi, keksalarning gapiga quloq osmaydi deymiz. Biz ko'pincha yoshlar bilan bog'liq salbiy illatlarga ko'proq urg'u beramiz. Aslida esa o'g'il-qizlar orasida Elyor kabi bir nechta xorijiy tillarni mukammal biladigan, shu bilan birga ma'naviyatni, madaniyatni, milliy qadriyatlarni unutmagan, yurt ertasiga daxldorligini yurakdan his qiladigan farzandlarimiz juda ko'p.

Darvoqe, bugun o'g'il-qizlarimiz orasida chet tillarni o'rganishga qiziqish oshib bor­yapti. Bu dunyo bilan integratsiyalashib borayotganimiz va o'zbek yoshlari hech kimdan kam emasligini ko'rsatadigan omillardan biridir. Birgina misol, so'nggi 3 yilda til o'rganayotgan yigit-qizlar soni 2 million nafardan oshgani ularning zehni o'tkir va qobiliyatli ekanidan dalolat berib turibdi. “IELTS” imtihoni til o'rganishning muhim mezoni. Bu imtihondan yuqori ball olgan yoshlarimiz soni 5 karra oshgani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlab turibdi. Bilasizmi, yurtimizdagi yoshlar siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e'tirof etilayotgani kishini bir quvontirsa, O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy olgani yanada ko'ngillarni o'stiradi.

El-yurt orzu qilayotgan jamg'arma

Ilmga chanqoqlik bugungi yoshlarimizga xos eng ulug' fazilatlardan biriga aylanib bormoqda. Farzandlarimiz qalbida o'qishga, ilmli bo'lishga ishtiyoqni uyg'otayotgan omillardan biri — yurtimizda ta'lim-tarbiyaga e'tibor nihoyatda kuchayayotgani, davlat tomonidan rag'bat va qulaylik yaratilayotgani desak, mubolag'a emas. Aytaylik, Avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga o'qishga ketgan bo'lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg'armasi orqali so'nggi 7 yilda 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega bo'ldi.

Axir dunyoning manaman degan universitetida o'zimizning qorako'zlarning ajnabiy tilda burro-burro gapirib, zo'r talaba bo'lib o'qiyotgani har birimizda g'urur uyg'otgani barobarida ota-onalarda o'z farzandini ular qatorida ko'rishni istayotgani ham bor gap. Demak, bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg'armasi orqali xorijda tahsil olayotgan farzandlarimiz kelgusida ular safi yanada ko'payishiga turtki bo'lishi tabiiy bir hol. Quvonarli tomoni shundaki, 110 ming nafar o'g'il-qizimiz xorijdagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgani Istiqlol bergan shirin mevalar, desak sira xato bo'lmaydi.

Mavridi kelganda bir eslaylik, huv, o'sha bobolarimizning bobolari xorijga o'qishga borganida boshiga ne-ne kulfatlar tushgani haliyam yuraklarni zirillatadi. Millatning oydinlari yurtni taraqqiy ettirish uchun ilmli kadrlarga ehtiyoj sezilayotganini anglab, o'sha paytda “Ko'mak” uyushmasini tuzib, mablag' to'plab, qorako'zlarni Germaniyaga o'qishga yuborishgan. Ammo… 1922 yilda Turkistondan ilk o'g'il-qizlar guruhi Germaniyaga o'qishga yuborilgani, ular orasida bor-yo'g'i 2 nafar qiz — Maryam Sultonmurodova va Xayriniso Majidxonovalar borligini tariximiz qatlarida o'qishimiz mumkin. Afsuski, ular tahsil olib yurtga qaytgach, mislsiz qiynoq, qamoq jazosi, ba'zilari esa otib tashlangani kishini dahshatga tushiradi.

Mustaqillik, O'zbekiston suvereniteti xalqimiz uchun qanchalik qadrli ekanini o'sha davrlardagi xunrezliklardan ham anglab olish qiyin emas. Gohida gugurtning bir tiyinligini ro'kach qilib, o'sha kunlarni qo'msayotganlar, millat or-nomusi, qadr-qimmati bir tiyin bo'lganini nahotki o'ylab ko'rishmaydi? Bugun davlatimiz tomonidan farzandlarimizni ilmli, ma'rifatli va yetuk professional kadrlar bo'lib voyaga yetishi uchun qilinayotgan g'amxo'rliklarni ko'rib, o'sha mash'um kunlarni bir esga olib qo'ysak, xato bo'lmas, axir.

Ustoz, siz haq ekansiz…

Gulchehra opa tandirdan qip-qizarib pishgan nonlarni uzib olayotgan paytda mobil telefoni jiringlab qoldi. U nonlarni savatga joylar ekan, qo'ng'iroq uzoq Yaponiyada tahsil olayotgan shogirdidan ekanini ko'rib shoshib qoldi.

— Va alaykum, assalom, Jahongir, — deya oldi, xolos. Ko'zlaridan oqayotgan shoshqator sevinch yoshlari unga gapirishga izn bermasdi. O'zi ta'lim bergan o'quvchisi Yaponiyadagi nufuzli universitetda o'qiyotganidan  quvonmay bo'ladimi?  Shogirdning muvaffaqiyati ustoz uchun katta mukofot-ku! Shuning uchun ham Gulchehra muallimning quvonchi ko'z yoshlarga ko'milib ketdi. Buni sezib turgan Jahongir ham birpas tin oldi.

— Ustoz, aytgan gaplaringiz to'g'ri chiqdi, “odamzodning imkoniyati cheksiz, hamma narsaga erishsa bo'ladi” degan fikringiz o'zini oqladi. Men Yaponiyada eng iqtidorli talabalar ro'yxatiga kirdim. Bularning hammasi sizning mehnatingiz, sizga ta'zim, aziz ustoz!

Nishon tumanida boshlang'ich sinflarga saboq berib, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan muallima Gulchehra Bozorova mukofot olgandek quvondi. Uning har bir xorijda o'qiydigan shogirdini unga berilgan mukofot deb hisoblasak, uni sanashga barmoqlar yetmaydi. O'qituvchi aslida shunday fidoyi bo'lsa, shunday shogirdlar tayyorlasa, kasbiga sadoqati, muhabbati shu bilan baholanadi. Bugun yurtimizdagi maktablarda ana shunday fidoyi o'qituvchilar safi tobora kengayib borayotganini bitiruvchilarning nufuzli oliygohlar talabasi bo'layotgani misolida kuzatish mumkin. Yoki o'tgan yili maktablarni 14 mingdan ziyod o'quvchi oltin va kumush medallar bilan bitirgani zamirida o'qituvchilarning zahmatli mehnati mujassam emasmi? “Katta beshlik” fan olimpiadalarida qo'lga kiritilgan medallar oxirgi to'rt yilda 2 karra ko'paygani-chi? Ana shu raqamlar ortida yotgan zahmat va uyqusiz tunlar millat uchun qayg'urish va mamlakat taraqqiyoti uchun mas'ullik sharafi desak, sira yanglishmaymiz.

Gohida eshitib qolamiz: “institutni muvaffaqiyatli bitirib, qo'limga diplomni oldim, lekin ish topa olmayapman…” “Ha, ish o'rni yo'q, shuning uchun yoshlarimiz xorijga chiqib ketgan” deya ularning fikrini ma'qullaydigan kishilar ham topiladi. Agar muammoga chuqurroq nazar tashlaydigan bo'lsak, aslida ayb o'sha yosh mutaxassisning ishga layoqati bilan bog'liq. Chunki yaxshi mutaxassisga doim kompaniya va korxonalar eshigi lang ochiq. Ular yetuk va zarur bilimga ega mutaxassisni jon-jon deb ishga qabul qilishadi. Ko'rinib turibdiki, ishli bo'lish uchun o'z kasbini chuqur bilish va katta salohiyatga ega bo'lish talab etiladi. Masalan, hozirgi kunda biznesdagi aylanma mablag'ini million AQSh dollaridan oshirgan yosh tadbirkorlar soni 1,5 ming nafardan oshib ketdi. E'tiborlisi, qanday mutaxassis o'z aylanma mablag'ini million dollarga yetkaza oladi? Albatta, o'z sohasini mukammal bilgan, ilmu salohiyati o'tkir mutaxassis bunday ulkan natijani qayd etadi. Diplom uchun emas, ilm uchun o'qish davri keldi. Sandiqda chang bosib yotgan diplomlarning esa hech kimga keragi yo'q.

Duo bilan el ko'karar…

Otalar choyxonasida gurung qizigandan-qiziydi-da. “Instagram” yoki “YouTube” dan ham bunday ajabtovur gapni topa olmaysiz.  Mahallaning u boshidan kirib, bu boshidan chiqishadi bu gurungchi keksalar. G'iybatu kin-adovat yo'q bu suhbatlarda. Yurakdan aytiladi hamma gaplar. O, Ne'mat ota, uning gapi juda keskir, hammani og'ziga qaratadi. Yuzing-ko'zing demay, tarbiyasi yomon bolalarning ota-onasini gap bilan savalaydi, kibrdan kerilib ketgan zamonaviy boyvachchalarni bir gap bilan o'tirg'izib qo'yadi. Polvon bo'lmaganmi, salomlashsangiz, qo'lingiz uch kun og'rib yuradi. Bugun Ne'mat ota yangi gap topib keldi.

— Shu deyman, mahallamizda bir tadbirkor yigit savob ishga qo'l uribdi, — dedi otaxon soqolini tutamlab.

— Kim ekan, aniqroq gapiring, — deyishdi davradagilar.

— Ahrorjonni aytyapman, o'z mablag'idan qishloqqa asfalt yo'l tortib kelyapti.

— Ey, shu yigitning otasiga, — dedi-yu, Ne'mat otaning gapi uzilib qoldi…

Davrada Ahrorjonning otasi Nusratulla ham mulzam bo'lib o'tirgan edi. U har kuni ichib yurishi, gohida ko'chalarda mast holda qolib ketishini hamma biladi. Shuning uchun “tadbirkorning otasiga rahmat” degan gapni aytishga otaxonlar ikkilanib qolishdi. Nusratulla o'rnidan turdi-yu, jo'ralarining hoy-hoylashiga qaramay chiqib ketdi. Keksalar uning hamiyatiga tegishgan edi. Uning ori keldi. O'zi dunyoga keltirgan, o'qitgan, odam qilgan o'g'ilga munosib ota bo'la olmayotgani uchun o'ksindi.

Gohida o'g'il ham otaga ibrat bo'ladi, desak, xato emas. Shu voqeadan so'ng Nusratulla ichishni butkul tashladi. Boshqa odamga aylandi. Hovlisida bog' yaratdi, uning ishkomida yetilgan sarxil uzumlarni ko'rib, odamlar havas qiladigan bo'ldi. Bir kuni o'g'li unga: “Dada, sizga rahmat!” dedi. Ota esa: “Yo'q bolam, senga rahmat, sen ibrat ko'rsatding”, dedi. Endi davralarning eng to'ri Nusratullaniki bo'ldi.

Demak, gurungchi otalar davrasiyam yoshlaru kattalar uchun ham ibrat maktabi vazifasini o'tayapti. Yoshlar ruhiyatini ko'tarishda, ularga mehnatga rag'bat berishda keksalardan o'tadigani yo'q. Qaysi mahallada keksalari donishmand, oqil va dono bo'lsa, o'sha hududda baraka bor, oqibat bor.

Mana, birgina misol, shahrisabzlik yosh tadbirkor Mahliyo Mannonova bundan to'rt yil oldin mahalla keksalaridan duo olib, turmush o'rtog'i Nodir Mannonov bilan iroqi kashtachilik, zargarlik buyumlari, milliy liboslar kabi bir necha turdagi hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan edi. Buni qarangki, to'rt yil ichida mahsulotlar 50 turdan oshib, Turkiya va Yevropa davlatlariga eksportga chiqarish ham yo'lga qo'yilibdi. 200 nafar mahalliy yoshlarning doimiy ish bilan band etilganini aytmaysizmi? Hozir ular Qamashi tumanida 250 nafar xotin-qizni kasbga o'rgatishayotgan ekan.

— Albatta, men nuroniy keksa otaxonlardan duo olib shunday muvaffaqiyatlarga erishdim, — dedi “Shahrisabz hunarmandlar klasteri” MChJ rahbari Mahliyo Mannonova. — O'tgan yili qilgan ozgina mehnatimiz davlatimiz rahbari tomonidan e'tirof etilib, “Faol tadbirkor” ko'krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu yil Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog'ida u kishi bilan uchrashish baxtiga muyassar bo'ldim. O'zimning yangi loyihalarim haqida ma'lumot berdim. Yaqinda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan uchrashuvida ishtirok etish asnosida, yanada yangi ruh, shijoat oldim.

Jonajon yurtimizda bayram shukuhi kezib yurgan shu munavvar kezlarda chuqur mamnuniyat bilan baralla ayta olamizki, yoshlarimiz bizning faxrimiz, g'ururimiz va ko'zimizning oqu qorasi. Ularning butun dunyoda fan, ta'lim, madaniyat va sport sohalarida qo'lga kiritayotgan olamshumul yutuq va g'alabalari yurtimiz sha'ni, g'ururi va obro'-e'tiborini yanada yuksaklarga ko'tarib, O'zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini oshirmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida aytilganidek, “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamolga yetishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”. Jonajon va qadrdon yurtimizni, muqaddas tuprog'imizni sevish,  ardoqlash, unga sodiq farzand bo'lish har bir yosh avlodning muqaddas burchidir. Shoir aytganidek:

O, ota makonim,

Onajon o'lkam,

O'zbekiston, jonim to'shay soyangga.

Senday mehribon yo'q,

Seningdek ko'rkam,

Rimni alishmasman bedapoyangga…

Faxriddin BOZOROV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + nineteen =