O'zbekcha she'r — qoraqalpoqcha qo'shiq

She'rning qadri va bahosi odamlar yuragidagi og'riqni, ularning dardini – umumbashariy ijtimoiy mavzularni qay darajada badiiy tasvirlagani bilan belgilanadi. Odamlar baxti-saodati uchun fidoyilik qilgan shoirlargina “Bashariyat qo'shig'i”ni kuylay oladi.

Atoqli shoir O'tkir Rahmatning O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Adabiyot” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Mangu ovoz” nomli she'rlar va dostonlar to'plamida bugun zamondoshlarimizni iztirobga solayotgan, dunyoni bezovta qilayotgan muammolar haqida bong urilgan. Kitob debochasida berilgan so'zboshi maqolada O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid O'tkir Rahmat davrimizning dolzarb mavzularini mahorat bilan qalamga olganini munosib e'tirof etadi:

“O'tkir akaning matbuotda e'lon qilingan, zaminu zamonning ogohlik bongi yanglig' jaranglagan “Mangu ovoz” nomli yangi dostonida, jumladan, ustozlar ovozi ham nazarda tutilganki, bu o'lmas sadolar odam bolalarini yaxshilik va to'g'rilikka chorlab turaveradi.

Demakki, haq ovoz dildagi bayot,

Uning bilan uyg'un hattoki taqdir.

Dunyoda ovozni baxtdir tanimoq,

Dunyoda ovozga aylanmoq baxtdir.

O'z xalqini she'rlarida sevib ardoqlagan shoirni nafaqat o'z xalqi, balki boshqa xalqlar ham sevib ardoqlaydi, asarlarni o'z ona tiliga tarjima qiladi, kitoblarini nashr etadi. O'tkir Rahmatning “Oyansaңshы, taң attы, aqыr” (“Uyg'onsang-chi, tong otti, axir”) nomli she'rlar va dostonlar kitobi qoraqalpoq tilida chop etilgani adabiy hayotimizda muhim voqea bo'ldi.

Kitob O'zbekiston xalq yozuvchisi Kengesboy Karimovning “Qosыqlarda tabiyat reңleri” sarlavhali maqolasi bilan ochiladi. “Shoirning she'rlarida tabiat manzaralari muttasil harakatlanib turadi. Ushbu harakatlar tizimi esa shoir yuragini beixtiyor tebrantiradi. U ko'z o'ngimizda sodir bo'layotgan harakatlar silsilasini yuragimizdan o'tkazib, umuminsoniy ko'rinishlarga aylantiradi. U siyqasi chiqqan falsafiy fikrlarni olg'a surmaydi, aql o'rgatmaydi, chaqirib jar solmaydi, she'r satrlaridan pand-nasihat, hikmatli da'vatlar ovozi o'z-o'zidan chiqib kelaveradi”. Kengesboy Karimovning ushbu so'zlari kitobning g'oyaviy-badiiy mazmunini aniq-tiniq ifodalaydi.

“Uyg'onsang-chi, tong otdi, axir” nomli kitobda qoraqalpoq mavzusi, Qoraqalpog'istonda amalga oshirilayotgan islohotlar tasvirlangan she'rlar va dostonlarga keng o'rin berilgan. Ularning asosiy qismini Kengesboy Karimov tarjima qilgan. Iste'dodli shoirlar Jumaniyaz O'teniyazov, Baxitli Saribayev, Anar Jaqsimuratova tarjimalari ham to'plamdan o'rin olgan.

“Orol sog'inchi” balladasini o'qir ekansiz, Kengesboy Karimov tarjimasi orqali qoraqalpoqcha so'zning jozibasini his etasiz:

Nurlы kүn sәo'lesi kѳksinde janar,

Kѳksinde qozg'alar әrmanlar seңi.

 

“Nurafshon kunlarga yo'l olgan sekin, Ko'ngliga ming turli orzular joylab” satrlari qoraqalpoq tilida Orolning ko'ksida kun shu'lasining yonishi, yuragida armon sengi – armon muzlarining erib qo'zg'alishi obrazlari bilan jonli va ta'sirli ifodalangan.

She'r o'qib, qo'shiq kuylaganida, so'zlaganida turkiy xalqlarning, aynan qoraqalpoqlarning tilini tushunamiz, biroq badiiy matnni qoraqalpoqchadan o'zbekchaga yoxud o'zbekchadan qoraqalpoqchaga tarjima qilish anchayin murakkab ijodiy mehnat ekanini alohida ta'kidlash zarur. Ayniqsa, fonetik farqlar, xalqona iboralar va boshqa lisoniy xususiyatlar yangi qofiyalar topishni, she'r kompozitsiyasini o'zgartirishni talab qiladi. Ana shu jarayonda tarjimonning badiiy mahorati, topqirligi, aynan xalq tilini chuqur va mukammal bilishi zarur bo'ladi. Bu ish ancha-muncha tarjimonlarning qo'lidan kelmaydi.

Solishtiramiz.

Nogahon avzoyi buzildi ko'kning,

Birdan yetib keldi darg'azab shamol.

Ertayu bugundan umidi yo'qning

O'yin boshlagani shudir, ehtimol.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, she'r turkiy tillarning biridan ikkinchisiga tarjima qilinganda “yo'q”ni “jo'q”, “oy”ni “ay”, “bo'ston”ni “bo'stan” shaklida o'girib, sartlardagi so'zlarni joy-joyida qoldirib, aynan so'zma-so'z tarjima qilish bilan ish bitmaydi. So'zma-so'z tarjima badiiy tarjima hisoblanmaydi. Masalan, “Nagahan qыyalы buzыldы kѳktiң, Birden jetip keldi darg'azap samal. Yerte hәm bүginnen үmiti joqtың Oyыn baslag'anы soldur itimal”, deb qoraqalpoq tiliga o'girsak, bu tarjima sifatida tan olinmaydi.

Yuqoridagi matn o'zbek tilidan qoraqalpoq tiliga quyidagicha tarjima qilingan:

Tosыnnan tүnerdi әjayыp aspan,

Qaydan jetip keldi qutыrg'an samal?

Bultlar dizilisip kѳshti qay taman,

Sahranың g'azebi qozdы itimal.

Osmonning tunarishi – tund bo'lishi, shamolning quturishi orqali alg'ov-dalg'ov holat bo'rttirilib tasvirlanadi. “Qutыrg'an samal” frazeologik birikmasi she'r badiiyligini kuchaytirgan. “Bultlar dizilisip kѳshti qay taman”, “Sahranың g'әzebi qozdы” satrlari esa tarjimon topilmasi. Tarjimada she'rning mazmuni va ruhi chiroyli ifodalanmoqda. Qofiyalarning “aspan”, “taman” shaklida o'zgarishi yangi obrazlar yaralishiga asos bo'lgan.

Shu dam xayolimda jonlanar moziy,

U ham shular haqda o'y surar chog'i:

Changalin soldimi g'alamis osiy,

Qaylarga yo'qoldi yashil gulbog'i?

She'riyatda ko'chim nomli sehrli hodisa bor. U metafora deb ham ataladi. Ana shu san'atning afsuni bilan jonsiz narsalarga jon bitadi, gapirmaydigan o'simliklar, suvlar va boshqa narsalar gapiradi. “Orol sog'inchi” balladasida ham ana shunday badiiy hodisalar bor. Ular tarjimon mahorati bilan qoraqalpoq tiliga nihoyatda go'zal va betakror ko'rinishda ko'chgan.

Sonda qыyalыmda ѳtmis janlanar,

Magar Araldag'ы oy sүrer tag'ы:

Sыrqыrag'an yaңlы yeski jaralar,

Yadыna tүskendey jasыl gүlbag'ы.

Asliyatda birinchi satrdagi “moziy” so'zi bilan uchinchi satrdagi “osiy” so'zi, ikkinchi satrdagi “chog'i” so'zi bilan to'rtinchi satrdagi “gulbog'i” so'zi qofiyalangan. Tarjimada asliyatdagi to'rtinchi satrdagi so'nggi so'z “ gulbag'i” qolgan, xolos. Qolgan satrlarda qofiyalar o'zgargan, satrlar yangilangan. Tarjimon topgan “Sыrqыrag'an yaңlы yeski jaralar” degan satr odamning yuragini o'rtab yuboradi. Mana, tarjimon mahorati nimalarga qodir.

Orolning to'lib-toshib oqqan zamonlari tasviri bilan birga ishoralar vositasida yovuz zamon haqidagi ijtimoiy fikrlar ham ifodalanadi:

Bir payt moviy edi, qanday zo'r edi,

Mavjlangan to'lqini sachrar osmonga.

Biroq hardamxayol, ancha g'o'r edi,

U sig'may qolgandi manfur zamonga.

Bu satrlar qoraqalpoq tilida o'ziga xos so'zlar, xalqona iboralar va ohanglar bilan tarjima qilingan:

Bir o'aq bul atirap ko'k tengiz yedi,

Aqbas tolqinlari tiygen aspang'a.

Bazda qiyalparaz, sal tentek yedi,

Bazda siymay qaldi sol tar zamang'a.

Asliyatda birinchi satrdagi “zo'r” so'ziga uchinchi satrdagi “g'o'r” so'zi qofiya qilingan, “edi” so'zi qofiya ortidan takrorlanib kelgan. Demak, “edi” so'zi qofiya hisoblanmaydi. Qoraqalpoqcha matnda ham “edi” so'zi asliyatdagidek takrorlanadi. Unda birinchi va uchinchi satrlarda “edi” so'zidan avval kelgan “tengiz” va “tentek” so'zlari shaklan qofiyadosh bo'lmaydi.

Biroq bu ikki so'z bir-biriga mantiqan bog'lanadi. Dengizni tentak dengiz deb sifatlash jo'yali bo'ladi. Shunga qaramay, tarjimadagi “Aqbas tolqыnlarы tiygen aspang'a” satri tasavvurni zavqlantirib, shuurni kengaytirib yuboradi. Tentak dengizning tor zamonga sig'may qolishi iborasida ham go'zal sifatlar, so'zning ma'no tovlanishlari mujassam.

Sho'rlik yig'lab-yig'lab yana kichraydi,

Ahvolin so'rarga kimsa bo'lmadi.

Baxtsizning yo'lida kim ham uchraydi,

Qirg'og'i chekindi, vale o'lmadi.

Ushbu satrlar tarjimasida tarjimonning yana bir betakror mahorati, so'z boyligi va tajribasi namoyon bo'ladi. U birinchi satrdagi “kichraydi” so'zining mazmunini to'rtinchi satrga olib o'tib, she'r ruhiga singdirib yuboradi.

Teңiz tolqыp-tolqыp shegine berdi,

Dadыn yesitio'shi kimse bolmadы.

Sheksiz aydыnlarы kѳmile berdi,

Kishireyip qaldы, biraq ѳlmedi.

Bir qarasang, hech nima o'zgarmagandek, hamma so'z o'rni-o'rnida qolgandek tushunarli, aniq va yorqin. San'atkorona tarjima qilingan va qaytadan yaratilgan obrazli ifodalar va tasvirlarga nazar tashlasangiz, bir hofiz qo'shiq aytayotib, avjiga chiqqanda tinglovchilar “Voydod!” deb hayratga tushgan holatdagidek hayajonlanasiz. “Sheksiz aydыnlarы kѳmile berdi, Kishireyip qaldы, biraq ѳlmedi” – dengizda suv to'lqinlanib, poyonini ko'z ilg'amas cheksiz kengliklar oydinlar deb ataladi. “Aydinlar” qo'shig'idagi “Aydinlar, aydinlar, shalqar aydinlar” degan manzara dengizning bepoyon sathini tasvirlaydi. Orolning ana shunday cheksiz oydinlari qumlarga ko'milaverdi, degan ifoda bilan tarjimon dengiz fojiasini yaqqol ifodalaydi, alamdan ko'zlarga yosh keladi.

Mardum orasida bordir begona,

Bu fitnani ana shular chiqardi!

Bir kunda ming yoshga qaridi ona,

Bir kunda otaning sochi oqardi.

Ushbu satrlarni balladaning eng ta'sirchan, kulminatsion nuqtasi deyish mumkin. Ushbu to'rtlikda Orol fojiasiga tabiat emas, odamlarning o'zi sababchidir, degan fikr badiiy ifodalangan. Bu satrlarning g'oyaviy-badiiy mazmuni teran. Vatan, xalq boshiga tushgan kulfatlarning asosiy sababchisi xalq orasidan chiqqan sotqinlardir. Ozodlik yo'lida qurbon bo'lgan vatanparvar ota-bobolarimizning ham boshini yegan shular. Millat boshiga tushgan bu sinovlar qoraqalpoq xalqini ham chetlab o'tmagan. Bu dard qoraqalpoq tiliga shunday tarjima qilingan:

Biygana barmeken kѳp arasыnda,

Magar bir pitneni olar shыg'ardы?

Bir kүnde mың jasqa qartaydы ana,

Bir kүnde atanың shashы ag'ardы.

“Biygana barmeken kѳp arasыnda” degan obrazli ifoda xalqonaligi bilan ko'ngildan joy oladi. Ohangning o'zgarishi, shubha-gumonning mantiqiy tasdiqlangan ma'nosining berilishi she'riyatdagi “bilib bilmaslikka olish” – “tajohilu orifona” san'atining ajoyib ifodasidir.

Asarda zamon ruhining aks etishi badiiy tasvir san'atining muhim va eng zarur talablaridan biridir. Zamon ruhi bor asar doimo yangi va zamonaviy bo'lib qolaveradi. Oradan necha yillar o'tsa ham, bu asar dolzarb mazmun kasb etaveradi. Quyidagi satrlarga singdirilgan zamon ruhi o'tmishga ham, bugungi kunga ham, kelajakka ham daxldor.

Ey do'stim, ogoh bo'l, yo'lingda tuzoq,

Chalg'itib qo'ymasin g'anim tikkan g'ov.

O'zingni asragin, qadrdon Mo'ynoq,

Ko'k qadar yuksalgin, aziz Bo'zatov.

Kengesboy Karimov O'tkir Rahmat she'rlari haqida alohida ta'kidlab aytgan “hikmatli da'vatlar ovozi”, ya'ni ogohlikka chorlovchi nido qoraqalpoq tilida shunday yangraydi:

Hey dostыm, abayla, jolыңda duzaq,

Adastыrmag'ay-de jolыңnan bir jao'.

Ѳziңdi qolg'a al, qәdirdan Moynaq,

Gүllenip bara ber, janыm Bozatao'.

“Adastыrmag'ay-de jolыңnan bir jao'”, “Gүllenip bara ber, janыm Bozatao'” singari satrlar samimiyligi, beg'ubor ko'ngilning haroratli izhori bilan ta'sirchan.

“Mangu ovoz” “Mәngilik hao'azы” deb, “Nidosini tinglay oldingizmi hech” “Ahыo'-zarыn tыңlap kѳrgensiz be hesh”, “Aks-sado berar” “Jaңg'ыrыq beredi” deb tarjima qilingan. Ushbu so'zlarning rangi, jilosi va ohangi o'quvchini rom etadi.

O'zbekiston Qahramoni, xalqimizning ardoqli shoiri, ustoz Abdulla Oripov O'tkir Rahmat she'rlaridagi tabiatga muhabbat mavzusi haqida shunday ta'rif bergan edi: “Shoir tabiat bilan bamisoli qadrdon do'sti kabi sirlashadi, eng muhimi, u tabiat bilan til topisha oladi. Shu sababli u tom ma'noda “tabiat oshig'i” sifatida fikr uyg'otadi”.

Lirik qahramonning hassos yuragi, uning tabiatga bo'lgan otashin muhabbati  “Oyansaңshы, taң attы, aqыr” kitobida qoraqalpoq tilida ham yaqqol namoyon bo'ladi.

Bevaqt uvol bo'lgan mevalarga kuygan ko'ngil yarasi suvi qurigan Orolni ko'rib, o'rtangan yurak jarohati bilan bir xil:

Qurt darыg'an almalar jerde –

Jaralang'an – jatar ѳksinip.

Tabiat manzaralarining fusunkor tasviri, o'zgacha tashbeh o'quvchi ko'z o'ngida sharqiroq irmoqlarni namoyon etadi:

Jыlan kibi jыljыp ag'ar suo'…

Fasllar almashinuvining tasavvurdagi tasviri ruhni yayratadi:

Bәhәr jasыl kѳylek kiydirip,

Sheshindirip jiberedi gүz.

Suvni qismlab tutib bo'lmaydi, shamolni ham hovuchlab eltish mumkin emas, lekin shoirona tasavvur va xayol quchi bilan jazirama yoz tabiatni barmoqlari bilan qisimlab siquvga oladi, o'shanda soyalar ham bir tutamgina bo'lib qoladi:

Saratan hәm alar qыsыmg'a,

Sayalar da bүgin bir tutam.

Osmonni suluv ayolga o'xshatish kimning ham xayoliga kelibdi, deysiz? U sochlarini silkitsa, shovullab yomg'ir yog'ar emish:

Shashlarыn bir silkitse aspan,

Jamg'ыr bolыp shuo'ыldar birden.

Qoraqalpoqlar shudringni “shыq” deydi. “Yuzini shabnamga yuvar subhidam” iborasi qoraqalpoq tilida ham nafis ifodalangan:

Jүzin shыqqa shaymaqta sahar…

Umuman, tabiat hodisalarining tasavvurdagi manzaralari jonlantirish, sifatlash, o'xshatishlar bilan tasvirlanishi badiiy so'z harorati, kuchini namoyon etadi. Bahor osmonida momaqaldiroq gumburlab, yashin chaqnashi so'z bilan quyidagicha chiziladi:

Tѳmenlegen aspan jүzinen

Shashыrap-shashыrap ketedi otlar.

Jalt-jult yetken jasыn izinen

Janыp keter qap-qara bultlar.

“Tѳmenlegen” pastga tushgan, pasaygan, yerga engashgan degan ma'nolarni anglatadi. Pasaygan osmonning yuzidan sachrab-sachrab ketar alanga, deb o'giradi tarjimon. Takrorlar, juft so'zlar, tovushlar uyg'unligi ifodani yanada yorqinlashtirgan. “Janыp keter qap-qara bultlar”…

Biz qoraqalpoqcha matnlarni Kengesboy Karimov tarjimalaridan oldik. Boshqa tarjimonlar o'girgan she'rlarda ham misol keltirib, maqtaydigan obrazli tasvirlar bor ekanini e'tirof etamiz.

She'rni qozoqlar “o'lan”, qoraqalpoqlar “qo'shiq” deb ataydi. Shoir she'rlari jozibasi, tarjimonlarning mahoratidan kelib chiqib, O'tkir Rahmatning o'zbekcha she'rlari qoraqalpoqcha qo'shiqqa aylangan, deyish ayni haqiqat.

Rustam MUSURMON,

Qoraqalpog'iston xalq shoiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 5 =