“Intelligent”

Ishga kirganimga ikki yil bo'lsa ham vaqtida kelishga odatlana olmadim. Bir kun yo'l tirband bo'lsa, bir kun qish­log'imdagi qaysidir qo'shnimni vokzaldan kutib olishim kerak. Mana bugun ham bir tanishimni vokzaldan olib, to'g'ri uyga olib borib qo'ydim-da, “tushlikkacha kutib o'tirishini” uqtirgancha, oyog'imni qo'limga olib, ishga yugurdim.

Kotiba qo'lida tabelini olib, birma-bir xodimlarning ishga kelgan vaqtini aniq-tiniq yozib, rahbar kelgandan keyin “imzo” uchun xonasiga kirgizadi. Yana kechikkanimni rahbar bilsa, har doimgi gapini — “Nima, sen Dehqonobodning Toshkentdagi vakilimisan, doim qishloqdosh­laringning keldi-ketdisiga qarab yurasan? Yo Dehqonoboddan faqat senmi Toshkentda?”  – deb urishadi. Rahbarimizning o'zi poytaxtdan. Viloyatdan kelib yashash yukini bilmaydi-da.

Soatga qarasam, bir yarim soat kech qolibman. Aksiga olib, bugun yig'ilish bor edi. Sekingina zinadan chiqib xonaga kirsam, bilganimday  kotiba kutib o'tiribdi.

— Mana, rahbar Xalilov keldilar, — deb darrov chaqib oldi. — Xalilov, soat o'nda yig'ilish. Ikki xona nariga kechikmasdan borarsiz, — deb chiqib ketdi.

Xonadagi  sherigim bilan salomlashib ishga kirishdim.  Vaqt o'tib hisobchi Sa'dulla: “Sizlar bormaysizlarmi? Qani ketdik”,  deya kirib keldi. Yo'l-yo'lakay yig'ilishda har doimgidek nima gap bo'lsa ham yerga qarab yo'l chizishimni o'ylab, yig'ilish bo'ladigan xonaga kirdim. Bo'lim mudiridan tortib, haydovchigacha hoziru nozir edi. Xullas, mashvarat bosh­landi.

— Qadamlariga hasanot, Xalilov, — dedi piching bilan rahbar birinchi menga qarab. — Bugun yana viloyatdan kim keldi? Nima, o'zini-o'zi eplolmaydimi yo ishini bitirishga yordamlashganingiz uchun pul olasizmi? Rahbariyat sizga hayfsan e'lon qiladi. Sal ishga mas'uliyat bilan yondashing-da. Bu oxirgi ogohlantirish! – bo'lim mudiri Tohir akaga qarab davom etdi. – Uyaling ozroq bo'lsa ham. Mana, Tohir Azizov soat sakkizda ishga keladi. Birgina masala uchun bir kunda yetti martalab, hattoki o'n martagacha xonamga kiradi, — deb Tohir akadan minnatdorligini bildirdi. Bunga javoban Tohir aka  o'rnidan turib:

— Rahmat, rahmat, xo'jayin, — dedi  mamnun ohangda. — Biz ish uchun yaratilganmiz. Qirq yil davomida biror marta kech qolganimiz yo'q, – deydi qo'lini ko'ksiga qo'yib. Rahbar yana menga qarab:

– Tohir Azizov haqiqiy intelligent. Sodiq odam. Shu odamni uctoz deb biling, — deb yig'ilishning asosiy maqsadiga o'tdi.

Tohir aka haqiqatan ham ideal kishi. Shu bilan birgalikda juda injiq odam. Ishlari joy-joyida. Ertalab ishga  vaqtida keladi. Oddiygina ruchkani bir soatga deb olib, unutib qo'ysangiz, siz bilan qaytib oldi-berdi qilmaydi. Aksincha, har ko'rganda qaytib menga biror narsa bermasligini aytib xunob qiladi.  Soat kechki olti bo'ldi deguncha narsalarini yig'ib uyiga otlanadi. Ortiqcha bir daqiqa ham xonada o'tirmaydi.

Ertasiga ishxonaga vaqtli kelib, kotibamiz Kumushni hayron qoldirdim. Meni ko'rib:

– Xalilov, tinchlikmi? Nima, bugun Lab­zakning xo'rozlari erta qichqirishdimi? — deb kulib qo'ydi.

— Shunaqa shekilli, — dedim gapdan qolmaslik uchun.

Chekish uchun balkonga chiqayotganimda birdaniga Tohir akaning ovozi eshitildi. Kotibaga qarab:

– Kumushxon, hozirgina uydan qo'ng'iroq bo'ldi, “rodnoy” akam o'tib qoptilar, birrovga o'tib kelsam maylimi? – deb ruxsat so'rayapti. Hayron bo'ldim. Nega akasi o'tib qolgan bo'lsa, kotibadan ruxsat so'raydi? Shunday bo'pti, men ketdim desa bo'ladi-ku. Yana “birrovga” deydimi? Yo, tovba!

Kotiba hayrat bilan:

– Iya, nega turibsiz, tezda bormaysizmi? Akangiz ekan, yuguring. Rahbarga o'zim aytib qo'yaman, – deb Tohir akani tezlatdi.

Tushlikdan keyin xona telefoniga qo'ng'iroq bo'ldi. Go'shakni ko'tarsam:

– Xalilov, ishxonadamisiz? – rahbarning ovozi eshitildi. – Yarim soatda tayyor bo'ling, janozaga o'tib kelamiz, tushundingizmi? – deb go'shakni qo'ydi.

Tohir akaning uyiga borguncha ancha vaqt ketdi. Topolmaganimizdan oxiri rahbarning o'zi telefon qildi.   Tohir aka  telefon bo'lishini kutib o'tirganday darrov javob berdi.

– Allo, o'rtoq Shernazarov, tinchlikmi? Xonangizga kiraymi? – deb hayratga soldi.

Keyin bilsak, janoza peshin vaqtida bo'lib o'tgan ekan.  Tohir aka akasini yerga qo'yiboq, tezda ishxonaga qaytibdi. Biz esa amallab uyini topib, duo-fotiha qilib qaytdik.

Qaytishda rahbar menga qarab:

– Ko'rdingmi, Tohir Azizov intelligent odam demaganmidim? O'z akasi bo'lsa ham janozani o'tkaziboq ishga boribdi. Mana, odam qanday bo'ladi! Ishga sadoqatiga qoyil qolish kerak, –  dedi.

Bo'ynimdagi bo'yinbog'ni bir bo'shatib, bir siqib qo'yaman. Mashina torlik qilib, yuragimni siqib boshladi.

Xayolimda esa Tohir aka qanday qilib shunday “intelligent” odam bo'lgan ekan?” degan o'y g'ujg'on o'ynay boshlagan edi.

O'tkir HOShIMOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 11 =