Bu qo'llar…
Qo'llarim – otamdan meros. Mashhur pianinochilarning qo'llariga o'xshaydi. Rubob, dutor, doira chalganda buni o'zim ham his qilaman. Kuyni nozik qochirimlarini chiqarib chalish uchun aynan ingichka, uzun panjalar – kerak-da. Lekin bu qo'llar ketmon bilan belkurak dastasini ham qattiq tutadi. Pichoq, qaychi, pinset, olmos (lezviya) bilan bajariladigan ishlarga ham – juda mos.
Endi ochig'ini ayting: ziyolilarimiz orasida, hattoki, oddiygina tuxum qovurishu sabzi to'g'rashni ham eplolmaydiganlar foizi – qancha? 70-80 foiz bor-ov?
…1969 yili 8-sinfdan keyingi yozgi ta'tilda Buxoro viloyatidagi Vobkent tumanining gazetasi tahririyatida ishga kirib, tez kunda mashinkada yozishni o'rganib oldim. 1971–1976 yillari hozirgi O'zMUning jurnalistika fakultetida bizga mashinkada yozish bo'yicha maxsus dars o'tilgan. Yaxshiligi fakultetda alohida mashinkalar xonasi bo'lardi. Bir nechta mashinka qo'yilgan edi. Xohlagan talaba maqola yo she'rini mashinkada yozib, chiqarib ola bilar edi.
1975 yili otam palto olishim uchun bergan 100 so'm pullariga stipendiyamdan 35 so'm qo'shib, “Moskva” rusumli ixcham (portativ) mashinka sotib olganman. Bayram bo'lgan-ku! 1981 yili nemislar chiqargan “Erika” degan ixcham mashinka oldim. Uning sifatiga gap yo'q. Garchi bugunga kelib oilaviy muzeyimiz eksponati bo'lib qolgan bo'lsa-da, hozir ham kelinchakday turibdi. 1983 yili magazinlarda Yugoslaviyami yo Chexoslovakiyami chiqargan “Yunost” degan undan ham ixcham mashinka paydo bo'ldi. Olmay bo'larmidi?
Lekin bularning bari mexanik mashinkalar edi. Ixcham elektr mashinkalar chiqarilmagan. Undan tashqari, ustaga olib borib, bularga o'zbekcha harflar o'rnatishga to'g'ri kelar edi.
1990 yili Toshkentdagi Markaziy univermagda kutilmaganda “Optima” rusumli elektron mashinka paydo bo'ldi-ku. Uning elektr mashinkadan ko'p afzalliklari bor edi. Birinchisi, siz xohlagancha tezlikda yozib ketaverasiz, u xotirasiga olib qolib, orqangizdan yozib boraveradi. Ikkinchisi, qatordan qatorga o'tish uchun sizdan hech qanday harakat talab qilinmaydi, bu avtomatik tarzda amalga oshadi. Uchinchisi, qog'ozni qo'yib, bir tugmachani bossangiz, bo'ldi, o'zi uni kerakli nuqtaga olib borib, yozishga tayyor qilib qo'yadi. To'rtinchisi, har bir sahifaga faqat bir xil miqdordagi qatorlarni teradi. Beshinchisi, tugmachalar orqali xato ketgan harf ustiga yangisini yoza olasiz. Oltinchisi, bir tugmachani bossangiz, kerakli so'zlarni qora (jirnыy) qilib yozadi. Yettinchisi, yana bir tugmachani bossangiz, siz xohlagan so'zlarni harflarini ajratib-ajratib (razryadka qilib) yoza oladi. Va hokazo va hokazo. Xullas, u mashinka emas, yarim kompyuter edi.
Muhimdan muhimi shu ediki, mashinka zavodning o'zidan ruscha, o'zbekcha va tojikcha harflar o'rnatilgan holda, maxsus bizning mintaqa uchun ishlab chiqarilgan edi. Tarixda ilk va so'nggi bor mashinka zavoddan o'zbekcha chiqqaniga guvoh bo'lganmiz.
Ana endi uylarida 6 – 7 ta mashinkalari bor atoqli tarjimashunos G'aybulla Salomovning shogirdlari bo'lmish kaminaning ahvolini tasavvur qilavering! Bu yarim kompyuter mashinkani ko'rganimdan keyin tinch uxlay olarmidim?! Qayoqda? Ammo narxi– o'sha paytdagi 8 oylik maoshimga teng edi-da, qurg'ur!
Nechta mashinka turganida ustiga yana shuncha pulga yangisini olishga uydagilar osongina ko'nadi, deb o'ylaysizmi? Yo'q, albatta. Bor diplomatik mahoratimni ishga solishga to'g'ri kelgan o'shanda. Rahmatli ammasini “elchi” qilganman. Ziyoli, mansabdor ayol edilar. Ko'ndirdilar. Ehe, yillar nimalar yozilmadi bu “jonivor”da!
1975 yili ishlab chiqarish amaliyoti davrida “Buxoro haqiqati” (hozirgi “Buxoronoma”) gazetasi tahririyatida maosh olib ishladim. Taniqli shoir Toshpo'lat Ahmad endi tahririyatdan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limiga mas'ul kotib bo'lib o'tgan, tez-tez kelib turar edilar. Bir kelganlarida qo'llarida ruchka bilan bitilgan she'riy turkum bor ekan. Mashinistka tahririyat ishidan uncha-bunchaga ortavermadi. Bezovta bo'la boshladilar. Bo'limimizda tayyor mashinka turar edi. Lekin xodimlardan hech kim uni ishlatmas edi.
– Shuni terib berish kerakmi? – dedim.
– Ha-da. Shoshib turibman-da, – dedilar.
Mashinkaga o'tirsam, diktovka qila boshladilar.
– Yo'q, – dedim. – Men ko'chirib yozishga o'rganganman.
Qatorlarda adashmaslik uchun qo'lyozma ustiga lineykani qo'yib olib, shapirlatib terib tashladim.
– Erkak kishining mashinkada yozishini birinchi ko'rishim, – desalar, bo'ladimi! O'sha kezlarda umumiy tasavvur shunaqa bo'lgan-da.
Uyda shuncha mashinka tayyor turgani bilan o'zim ham avvallari matnni qo'lda yozar, keyin ustidan qayta-qayta ishlab, tahririyatga jo'natish uchungina mashinkada oxirgi variant sifatida terar edim. Shu qadar ham sodda bo'lamanmi?! 1986 yildan: “Endi nima yozsam ham, to'g'ridan-to'g'ri mashinkada yozaman!” – deb “qasam” ichdim. Tahrir qilinsa, yana qayta terilaveradi-ku. 1995 yildan beri esa ruchka bilan biror narsa yozganimni eslay olmayman: faqat kompyuterda bitiladi.
Gapni buncha cho'zishdan ko'zlangan muddao bor. 1969 yildan buyon avvallari yozuv mashinkasida, keyinchalik kompyuterda matn teradigan mutaxassislari mavjud idoralarda ishlab kelaman. Oz bo'lsa-da, dahshatli darajadagi tezlik bilan harf teradiganlarni ko'rganman. O'zi kompyuterda tez terishning usullarini o'rgatadigan maxsus dastur ham bor. Unga ko'ra, o'nta barmoqning o'z qiladigan ishi mavjud. Har barmoqning o'z harflar “hudud”i bo'ladi-da.
Tashqi ishlar vazirligida bir muddat taniqli shoir, tarjimon va jurnalist Nasriddin Muhammadiyev bilan birga ishladik. Kompyuterdagi harflarni faqat ko'rsatkich barmoqlari bilan, o'shanda ham juda sekin terar edilar. Oraliq (probel) tugmasini bosh barmoq, chiziqchani lilichoq, boshqa harflarni o'ziga yaqin barmoqlar bilan bosishni o'rgatmoqchi bo'ldim. Shu kunlari ishxonamizga bir nemis diplomati xizmat safari bilan kelib qoldi. Kompyuterda shunday tez matn terar ekanki, bunaqasini boshqa hech ko'rmadim. Hatto, kompyuterga qaramay, televizorda futbol o'yinini tomosha qilib turib ham yozaveradi-ey. Bu darajaga chiqolmadim, albatta. Lekin har holda, 7 – 8 daqiqada bir sahifa matn tera olaman. Ishxonalardagi matn terishi uchun maosh oladigan mutaxassislarning ko'pi shu tezlikka ham chiqa olmaganini ko'zim bilan ko'p ko'rdim.
Kompyuterda tez yozish uchun ham pianinachining panjalari kerak-da!
Buyuk adib Gabriel Markes ulug' yoshida kompyuterda yozishni o'rganganidan keyin: “Agar buni ilgariroq o'rganganimda bundan ko'ra ko'proq asarlar yozib, bundan ko'ra mashhurroq adib bo'lar edim”, – degan ekan. Hech kimga tegib ketmasin-u, ochig'i, ayrim tengdosh hamkasblarimiz ana shu kompyuterda ijod qilishga o'ta olmagani uchun ham zamondan ko'p orqa qoldi, deb hisoblayman.
Stolda o'tirib ishlaydiganlar orasida G'aybulla Salomov domladek o'ta mehnatkash kishini boshqa ko'rmaganman. Afsuski, shuncha mashinkalari bo'la turib, bu ustozimiz ham avval qo'lda yozar edilar-da (Xatlari bag'oyat chiroyli edi lekin). Agar shuncha mehnat kompyuter yordamida qilinganidami, ehe, bu allomadan yana qanday-qanday kitoblar meros qolarmidi.
Ustozim, atoqli sharqshunos Najmiddin Komilovni mashinka sotib olishga da'vat qilaverib, zo'rg'a ko'ndirganman. Baribir, qo'lda yozishdan to'la voz kechmadilar. O'zbekiston xalq yozuvchisi Ne'mat Aminovdan o'zlari uchun kompyuter sotib olishlarini iltimos qildim. “Bir asarni to'g'ridan-to'g'ri kompyuterda yozib, tarjima qildim. Bo'lar ekan-ey”, – dedilar bir kuni mamnuniyat bilan.
Kompyuterda ijod qilishning faqat matn terish bilan bog'liq jihatlarigina gapirilyapti. Ehe, buning yana qanchadan-qancha yo'lingizni yaqin, yukingizni yengil qiladigan tomonlari borki!..
“Biznes” sirlarining barchasini oshkor qilish niyatim yo'q-ku-ya, baribir, kompyuterning ilmiy-ijodiy ish yozishdagi ba'zi qulayliklarini aytib o'tmasam, bo'lmas.
Maqola, risola yo monografiyada boshqa asarlardan parcha keltirasizmi? Busiz iloji yo'q-ku. Ularning elektron variantlarini topasiz-da, ko'chirib o'tirmasdan kerakli joyini kompyuterda ajratib olib, zarur yerga qo'yasiz, vassalom.
Yoki qay bir tahririyat sizga 1 ming 200 so'zdan iborat maqola buyurtma qildi, deylik. Chunki uning an'anasiga ko'ra, maqolangiz A3 bichimdagi bir sahifaga sig'ishi – kerak. Nima, endi erinmay so'zlarni sanab chiqasizmi? Shunga ketgan vaqtning o'zida yana shunchalik boshqa bir narsa qoralasa bo'ladi-ku. Yo'q, kompyuterda yozsangiz, pastda o'zi matningiz nechta so'zdan iborat bo'lganini ko'rsatib turaveradi. Shu tariqa nechta so'z qo'shishingiz yoki aksincha, nechta so'z qisqartirishingizni aniq bilib, ishlaysiz.
Faraz qilaylikki, sizda: “Navoiy XIV asr mashhur o'zbek adibi Burhoniddin Rabg'uziyni yoki uning “Qisasi Rabg'uziy” asarini bilganmikan, uni biror-bir asarida tilga oldimikan?” – degan o'ta muhim ilmiy savol tug'ildi. Albatta, buning uchun uning barcha asarlarini ko'rib chiqish – shart. Bu aslida – qanchalar mushkul bir mashg'ulot. Lekin kompyuterda uzog'i bilan ikki soatda hal qilsa, bo'ladi buni. Navoiy “Mukammal asarlar to'plami” 20 jildligining elektron varianti – ijtimoiy tarmoqlarda bor. Har jildni alohida-alohida topib, savolni o'rtaga tashlaysiz. Kompyuter o'ta “aql”li “jonivor”: yo “yo'q” deb javob qaytaradi, yo adib yoxud uning asari tilga olingan yerni topib beradi.
Yoxud aytaylik, sizni Navoiy “sarv” so'zini jami asarlarida necha bora qo'llagani qiziqtiryapti. Marhamat, kompyuter ham umumiy sonini chiqarib beradi, ham uning har bir asarda qo'llangan aniq joyini ko'rsatadi.
Kompyuter yozayotgan asaringizning nechta varianti bo'lsa, hammasini alohida-alohida xotirasida saqlayveradi ham. Bu ham juda kerak-ku!
O'quvchilaringiz tasavvurini tiniqlashtirish uchun maqolangizda tilga olinayotgan har bir tarixiy shaxsning tug'ilgan va vafot etgan sanasini qavsda berib ketish niyati tug'ildi, deylik. O'zimizning buyuklar haqidagi bunday ma'lumotlarning ko'pini yoddan bilishingiz, bunda ishingiz oson kechishi mumkin. Lekin kutilmaganda buyuk xitoy allomasi Konfutsiyni ham qo'shdingiz. Nima, buning uchun endi yostiqday-yostiqday ensiklopediyani titib o'tirasizmi? Yo'q. Kompyuter orqali GOOGLEga kirasiz, u donishmandning miloddan oldingi 550 yil atrofida tug'ilib, 479 yili vafot etganini chiqarib beradi.
Bu gaplarni, ochig'i, yoshi ulug'lar va ayrim o'rta yoshdagilarni hisobga olib turib yozyapman. Chunki hozirgi o'qimishli yoshlarimizning aksariyati bularni yaxshi biladi.
Shunday yuksak tamaddun zamonida hamon ruchka bilan asar yozib yurganlarga rahm qilmay hech iloj yo'q. 28 yildan buyon ruchkani majlislardagi ba'zi muhim fikrlarni yozib olish, kompyuterda terilib, qog'ozga chiqarib olingan matnni tahrir qilish, o'qilayotgan kitob hoshiyasiga tug'ilgan mulohazalarni qayd etish, hujjatlarga, ayniqsa, maosh qaydnomasiga imzo chekish paytidagina ishlataman. Aytsam, ehtimol, ishonmassiz, kompyuterdan uzoq yerda fikr tug'ilib qolsa, qo'ldagi telefondan kompyuter sifatida foydalangan holda bitilaveradi ham. Ayrim maqolachalar yoki ularning parchalari shu tariqa bitilgan.
Axir, zamon o'ta tezkor-da.
Bir o'tirganda kattagina bir materialni shitirlatib yozib tugatib, o'rnimdan turganimda bolalarimning onasi: “Dadangning “odamcha”lari – bor, o'zlari emas, o'shalar yozib beradi bu kishiga”, – deydi hazillashib farzandlarimizga. Yo'q, “odamcha”larim emas, barmoqchalarim yozadi.
Darvoqe, hangomamiz qo'l haqida edi-ya? Tabiiyki, mushtim ham ko'p katta emas. Ba'zilar: “Har kimning yuragi mushtining hajmicha keladi”, – deyishadi. Mayli. Yurak kichkina bo'lsa ham, duo qiling, uzoq yillar ishlab bersin. Keyin yurakning katta-kichikligi ikkiga bo'linadi: jismonan va ruhan. Ya'ni, jismonan kichkina yurak ham ruhan katta, ya'ni qo'rqmas, yuragi jismonan katta yurak ham ruhan kichkina, ya'ni qo'rqoq bo'lishi mumkin. Maqtanchoqlikka yo'ymasangiz, bir gapni ochiq aytaman: yozgan ba'zi narsalarimni o'qib: “Yurak ham otning kallasiday ekan-da”, — deganlar ko'p bo'lgan.
Odamzod shug'ullanadigan har qanday ish uchun aql, qo'llar (ba'zan oyoqlar ham) ishlashi kerak. Aqli bilan qo'llarini o'stirmagan odamlarga rosti, juda qiyin. Bu ularning o'zlariga qanchalik ziyon keltirishini bilmadim-u, ammo jamiyatni yomon orqaga tortadi-da. Jabrini, tabiiyki, aqli bilan qo'llarini haddi a'losida rivojlantirganlar ko'proq ko'radi.
Masalan, Turkiya Respublikasini g'arbliklar nega Yevropa Ittifoqiga qabul qilishni hech-hech xohlamaydi? Ehtimol, har kim har xil sabab yo omil keltirar. Ammo mening sodda o'ylashimcha, Turkiya xalqining aqli va qo'lini rivojlantirishi darajasi hali Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi aholi darajasiga yetganicha yo'q. Turkiya Yevropa Ittifoqiga qo'shilsa, bundan, albatta, yutadi, ammo Yevropa Ittifoqi yutqazadi-da. Holbuki, bu 83 millionli eng rivojlangan turkiy tilli davlatning umumiy iqtisodiy ko'rsatkichlari bizdan 5 – 6 barobar yuqori.
Chinimni aytdim.
Shubhalanib o'tirmang.
Har kuni ertalab turib birinchi qo'llarimga qarayman. Shu kichkina qo'llarim ko'zlarimga katta-katta, baquvvat-baquvvat bo'lib ko'rinsa, bilingki, bugun soppa-sog'man. Ming afsuslar bo'lsinki, unda-munda qo'llarim ko'zlarimga kichkinadan-kichkina bo'lib ko'rinadi-da. Bilamanki, bugun burovim – yo'q. Yo vrachga ko'rinishim, yo “boshidan o'tkazgan tabib” qoidasi bo'yicha, ya'ni tajribalarimga suyanib o'zimni o'zim davolashim kerak.
Hatto so'rashganda har qanday kishining qo'lidan sog'mi-kasalmiligi darajasini bilsa, bo'ladi. Xuddi buni ovozidan, qadam tashlashidan, ko'zlaridan bilib bo'lgani kabi.
Tobim qochgan kezlari bilaklarim, barmoqlarimning bo'g'imlari zirqirab og'riydi. Bilagimdagi tomirimni ushlasam, odatda bir daqiqada professional sportchilarnikidek 56 – 59 marta uradigan yuragim zarblari tezlashib qolganini sezaman. Kompyuterlashtirilgan maxsus soatni taqib o'lchasam, 75 tadan ham oshgan bo'ladi ba'zan.
Bu maqola qo'llarim ko'zlarimga kichraygandan-kichrayib ko'ringan kunda tabiiy bir tuyg'u hosilasi sifatida qog'ozga tushdi.
Ey Yaratgan Egam!
Har kuni ertalab ko'zlarimga qo'llarimni katta-katta, baquvvat-baquvvat qilib ko'rsat!
Darvoqe, bu maqola, asosan, jurnalistlar o'qiydigan “Hurriyat”dan boshqa gazetada bosilsa, hayf ketadi. Nima dedingiz?
Ushbu fikrlardan so'ng talabalarga ko'p aytadigan bir gapimni yana takrorlagim kelyapti: bu kasb egasi shaxsiy avtomobilsiz ham yashayverishi mumkindir (chunki kamina ham 54 yoshidagina ilk bor bir eski avtomobil sotib olgan edi), lekin shaxsiy kompyuteri bo'lmagan jurnalist — jurnalist emas.
Sultonmurod OLIM,
O'zbekiston Yozuvchilar va
Jurnalistlar uyushmalari a'zosi